O'ylab ko'rdingizmi? 2020 yil 8 mart kuni yulduzlar sizga nimalarni va'da qilarkin?

0

 

 

 

QO'Y (21. 03 — 20. 04)

 

AYYoMINGIZ MUBORAK BO'LSIN, AZIZ OPA-SINGILLAR!!!

 

8 mart siz uchun yuz foiz yorqin hodisalarga boy va optimizm kuniga aylanadi. Yo'q, bayram bo'lgani uchun emas, shunchaki kayfiyatingiz a'lo darajada bo'ladi. Yolg'izlarga maslahat shuki, sevganingizni o'zingizga yanada yaqinlashtirish uchun unga bolaligingizdagi qiziqarli voqealardan gapirib bering. Shunda uchrashuvingiz ham romantiklar romantigiga aylanadi. Tadbirkorlar hamkorlariga o'zining qanchalar diplomatik xususiyatlarga egaligini namoyish etishsa foydadan xoli bo'lmasdi.

 

BUZOQ (21. 04 — 20. 05)

 

Bugun nimani orzu qilgan bo'lsangiz, orzularingiz qisqa fursatlarda haqiqatga aylanishi kutilmoqda. Sizga boobro' kishilar hatto moddiy ko'mak ham berishadi. Vaholanki, siz ulardan moddiy ko'mak so'ramagan chiqasiz. Oilasizmisiz? Bo'lg'usi juftingizga aylanishi lozim bo'lgan insonning qalbiga yo'l topa olmayapsizmi? Ayollar bunday lahzalarda go'zallik saloniga borib kelishlari talab etiladi. Balki shu yo'l bilan suyganingizni o'zingizga mahliyo qila olarsiz?

 

EGIZAKLAR (21. 05 — 21. 06)

 

8 martda bayramligiga qaramay, tirikchilik ilinjida ishga qo'l uradiganlar boshliq bilan bo'lib o'tadigan suhbatdan so'ng qattiq ranjishlari kutiladi. U sizning unib-o'sishingiz masalasiga befarq qaraydi-yu, siz bundan qattiq norozi bo'lasiz. Muvaffaqiyatsizlikka uchrasangiz, taqdirga bor aybni to'nkashdan tiyiling. Qiladigan ishingizda, shaxsiy hayotingizda tub burilishlar yasash vaqti keldi. Harakatingizni qiling. Shunday qilingki, burilishlarning barchasi ijobiy bo'lsin.

 

QISQIChBAQA (22. 06 — 22. 07)

 

Bugun muhabbatda ko'z ko'rib quloq eshitmagan muvaffaqiyatlarni qo'lga kiritasiz. Bunga bayram zavqi qo'shilsa, yana yaxshi. Juftingiz yoki bo'lg'usi juftingiz qarshisida tajribali psixologga aylanasiz. Qo'lingizdagi mavjud pullarni tejab ishlatishga e'tibor qaratmasangiz, sizga muhabbat ham yordam bera olmasligi mumkin. Salomatligingiz haqida ham o'ylash fursati yetdi. Bahor kirib keldi. Endi organizmda uzilish holatlari yuzaga keladi. Ko'proq vitaminlar iste'mol qiling.

 

ARSLON (23. 07 — 23. 08)

 

8 mart kuni kimlargadir qaysidir masalada haqligingizni isbotlamoqchi bo'lsangiz, oldin bunga ishonchli dalillarni topishingiz kerak. Aks holda sizni ko'rolmaslar otini qamchilashga tushadi. Kim bugun kun davomida olis safarga chiqsa, bilsinki, azaliy orzularidan biri ushaladi. Nafaqat miriqib dam olasiz, balki o'zingizga bo'lgan ishonch hissi ham bir necha barobarga ortadi. Muhabbatda juda ehtiyotkor bo'ling. Asabni asrang. Kechqurun uxlashga yotishdan oldin sut yoki qatiq ichib yotsangiz, tushlaringiz yorqin kechadi.

 

PARIZOD (24. 08 — 22. 09)

 

Bugun ko'pchilik xarakteringiz og'irligini yuzingizga aytishi kutilmoqda. Ammo siz sira ranjimaysiz. Aksincha ijobiy xislatlaringizga yana bir bor e'tibor qaratasiz. Moddiy ahvolingizni yaxshilash masalasi ham ancha chigal ko'rinmoqda. Harakatlar ko'p bo'lishi lozim. Tafakkurni ishga solmasangiz, pulingizga pul qo'shishingiz amri mahol bo'lib qoladi. Juda do'ppi tor kelsa, badavlat tanishlarga murojaat eting. Ayrimlar yangi manzilga ko'chishi ehtimolga yaqin. Olloh sizga yor bo'lsin!

 

TAROZI (23. 09 — 23. 10)

 

8 martda negadir dangasalikka zeb bera boshlaysiz. Asosiy majburiyatlarni bajarishga ham erinib qolasiz. Ammo shaxsiy hayot bilan bog'liq masalalarni hal etish muhim. Ularga ko'p narsalar bog'liq. Hamkasblardan biri bilan telefon orqali janjallashib qolishingiz ehtimoli bor. Lekin bu janjal sizga to'g'ri xulosa chiqarishda yordam beradi. Olis safarga chiqishni ortga surib turganingiz ma'qul. O'zingizni ehtiyot qiling. Omad sizga yor bo'lsin!

 

ChAYoN (24. 10 — 22. 11)

 

Bugun erta tongdan vujudingizda katta kuch zohirligini aniq his etasiz. Kayfiyatingiz ham pozitivda bo'ladi. To'g'ri, bayram kunlari xuddi shunday kayfiyatda bo'lishingiz shart. Suyukli insoningiz bilan shirin suhbatlar qurish uchun ham shu narsa kerak. Tadbirkorlar bugun o'zlari ishlab topgan pullarni raqobatchilardan ehtiyotlash bilan band bo'lishadi. To'g'ri qilasiz. Harakatingizni qilmasangiz, ular boshingizga jiddiy muammolarni yog'dirishdan toyishmaydi. O'zingizni asrang. To'g'ri ovqatlaning. Oshqozoningizga shafqat qiling.

 

O'QOTAR (23. 11 — 21. 12)

 

8 mart kuni notanish odamlarga bergan yordamingiz sho'ringizga sho'rva bo'lib to'kilishi hech gap emas. Shuning uchun birovlarga ko'maklashishdan tiyiling. Buguncha shunday yo'l tuting. O'zgalarning shaxsiy hayotiga ham aralashmang. Moliyaviy muammolaringiz a'lo darajada ijobiy hal bo'ladi. Kechqurun kimdir qo'lingizga bir dasta pul tutqazadi. Kechqurun sevganingizni olib kinogami, teatrgami, konsertgami chiqib kelsangiz ham ziyon qilmaydi.

 

TOG' EChKISI (22. 12 — 19. 01)

 

Bugungi kun siz uchun moliyaviy masalada omadli kechadi. Bayram bahonasida qo'lingizga mo'maygina pul kelib tushadi. Kuch va imkoniyatlar ham yetarli bo'ladi. Demak, yangi olamshumul ishlarga bemalol qo'l uraversangiz bo'ladi. Gripp bilan og'rib qolishingiz xavfi sezilmoqda. Nihoyatda ehtiyot bo'ling. Niqobda ko'chaga chiqqaningiz ma'qul. Imkon topsangiz, malinali qaynoq choy iching. U yordam beradi, sizni tashqi xavflardan himoya qiladi.

 

QOVG'A (20. 01 — 18. 02)

 

8 martda kimningdir shaxsiy hayotiga aralashib jiddiy xatoga yo'l qo'yishingiz ehtimoli bor. Bu oilada katta janja yuzaga keladi va sizni ayblashadi. Shaxsiy hayotda optimizmni yo'qotmaslikka harakat qiling. Uxlashga yotishdan oldin yotog'ingizdagi havoni almashtirishni unutmang. Bahor shamollashlar va allergiyalar fasli. Salomatligingiz haqida qattiqroq qayg'uring. Kechqurun toza havoda sayr qilib kelishni unutib qo'ymasligingiz so'raladi.

 

BALIQ (19. 02 — 20. 03)

 

Bugun baliq burji ostida tavallud topganlarning kayfiyatida salbiy o'zgarishlar saqlanib qoladi. Kuni kecha mehnat ta'tiliga chiqa olmasligingiz haqida aytishganda, ranjigan bo'lsangiz, shu ranjish davom etadigan bo'lib turibdi. Biroq hayotga real ko'z bilan boqishda davom etaverishingiz kerak. Juda bo'lmasa sevimli xobbingiz bilan band bo'ling. Shunda chalg'iysiz. Ijodkorlar ilhom parilarini chaqirishga harakat qilib ko'rsinlar. Og'ir ish bajarib charchaganlar ma'lum muddat dam olsalar ham yarashadi. Faqat dam olish pallasi cho'zilmasligi lozim.

Xushvaqt bo'ling! Hammavaqt bo'ling!

Olimjon HAYIT tayyorladi

loading...