O'ylab ko'rdingizmi? 2020 yil 11 mart kuni yulduzlar sizga nimalarni va'da qilarkin?

0

 

 

 

 

QO'Y (21. 03 — 20. 04)

 

Kuningiz hazil-mutoyibaga boy bo'lishi kutilmoqda. Ammo sizning ko'nglingizga hazil sig'maydi. Ishingiz ko'paygandan ko'payadi. Shunga yarasha atrofingizdagilar sizning ish usulingizni ko'rib hayratdan yoqa ushlaydi. Yirik loyihalarni xamirdan qil sug'urgandek oson hal eta bilasiz. Firibgarlardan nihoyatda ehtiyot bo'ling. Ular har lahzada sizni chuv tushirish payida bo'ladi. Pullaringizni o'marmasligi mumkin. Ammo yangi g'oyalaringizni albatta mo'ljalga oladi. Kechqurun toza havoda sayr qiling.

 

BUZOQ (21. 04 — 20. 05)

 

11 mart kuni ishingizga yarasha moddiy manfaat ko'rasiz. Ish og'ir, biroq sizni qo'rqita olmaydi. Aksincha sizga ilhom beradi. Ayrimlar kun davomida antikvar buyum sotib olishi kutilmoqda. Bu azaliy orzuingiz edi. Demak, orzu haqiqatga aylanadi. Asosiysi, bu buyum yaqin atrofdagi siz bilgan-taniganlarning hech birida yo'q. Muhabbatda juftingiz bilan munosabatlarga yangi estetika va yangilik olib kiring. Ijobiy natijasini albatta ko'rasiz.

 

EGIZAKLAR (21. 05 — 21. 06)

 

Bugun zinhor dangasalikka erkinlik bera ko'rmang. Aks holda har bir vaziyat sizning ziyoningizga ishlay boshlaydi. Rahbarlarning diqqat markazida bo'lasiz. Ishlaringizdan ular mamnun tortadi. Bundan chiqdi siz mukofotga loyiq deb topilasiz. Tadbirkorlar kunning ikkinchi yarmida raqobatchilar ta'qibiga uchrashi mumkin. Katta daromad keltiradigan ishga qo'l urgandingiz. Endi daromadni ular bilan bo'lishishingizga to'g'ri keladimi? Aslo bunga yo'l qo'ya ko'rmang. Omad sizga yor bo'lsin!

 

QISQIChBAQA (22. 06 — 22. 07)

 

11 martda anglashilmovchiliklar, rashk qurshovida qolishingiz xavfi bor. Lekin sizdagi kuch va imkoniyatlar bu ikki negativni yengishga yetadi. Nafaqat o'zingizni, balki yoningizdagilarni ham ulardan himoya qila bilasiz. Demak, sizdan yaxshi ruhshunos ham chiqishiga shubha yo'q. Biroq moliyaviy muammolar bilan bas kela olmasligingiz mumkin. Xudo ko'rsatmasin, azart ta'sirida bor pullaringizni bo'lar-bo'lmasga sarflab qo'ysangiz, inqirozga yuz tutishingiz tayin.

 

ARSLON (23. 07 — 23. 08)

 

Arslon burji ostida tug'ilganlar uchun bugungi kun og'ir kechadi. Afsuski, uni o'zgartirib ham bo'lmaydi. Hatto, boshqa davlatga qochib ketganingizda ham baribir bu mushkulotlardan qutula olmaysiz. Ruhan o'zingizni qo'lga olib kurashga otlanishingiz kerak, vassalom. Kun mobaynida ishda ham, shaxsiy hayotda ham faqat intuitsiyaga suyangan holda harakatlar sodir eting. Ba'zilar kimlar bilandir sudlashishi mumkin. Lekin bu kurashda siz g'olib bo'lasiz.

 

PARIZOD (24. 08 — 22. 09)

 

11 mart kuni juftingizning injiqliklariga chidashingiz talab etiladi. Murosai madora. U qancha injiqliklar qilmasin, bardosh qiling. Hammasi yaxshilik bilan tugaydi. Ishxonadagi yumushlarni bajarishda tezlikka alohida e'tibor qarating. Muhim hujjatlar, hisob-kitob bilan mashg'ul bo'lsangiz, tartibga, ehtiyotkorlikka zo'r bering. Kechqurun surunkali xastalikka chalinganlar ko'proq toza havoda sayr qilib yurishlari lozim bo'ladi. Olloh sizga yor bo'lsin!

 

TAROZI (23. 09 — 23. 10)

 

Bugungi kuningizdan ko'p narsa kutsangiz bo'ladi. Buning uchun xudoga beadad shukrlar qilishingiz kerak. Ishda, shaxsiy hayotda deyarli to'siqlarga uchramaysiz. Ammo pulni tejashingiz shart. Negaki, bugun siz kutgan mo'may daromadlar bo'lmaydi. Oila qurmaganlar muhabbatda olamshumul ehtiroslarga do'st tutinishadi. Tadbirkorlar biznesdan har lahzada xabardor bo'lib turishlari talab etiladi. Har holda do'stdan ko'p dushman deganlar. Kechqurun ayrimlarning xonadoni mehmonga to'lishi, ba'zilarnikida chaqaloq yig'isi jaranglashi mumkin.

 

ChAYoN (24. 10 — 22. 11)

 

11 martda ishxonangizdagi rahbarlar sizga nisbatan g'azabnok kayfiyatda bo'lishlari ehtimoldan xoli emas. Aslida ayb o'zingizda. Ishni yig'ib olgansiz-u, aytilgan muddatda yakunlay olmagansiz. Tushdan keyin sizni yoqimli lahzalar kutib turadi. Ko'chadami, ofisdami, qachonlardir birga o'qigan sinfdoshingizni uchratib suhbatlashasiz. Suhbat uzoq davom etishi mumkin. Biroq uni nazoratda ushlang. Taqiqlangan xabarlar, sirlarni gullab qo'ymang.

 

O'QOTAR (23. 11 — 21. 12)

 

Bugun birinchi navbatda basseynda cho'milishingiz, sportning faollik talab qiluvchi turlari bilan shug'ullanishingiz, yogaga e'tibor qaratishingiz zarur bo'ladi. Salomatligingiz pand berish arafasida qolgan. Uni qayta tiklamasangiz, holingiz og'ir kechishi hech gap emas. Ishda tartibga alohida e'tibor bering. Ayniqsa, tadbirkorlikni yaqinda boshlaganlar uchun tartib juda zarur. Pul masalasida muammo chiqsa, albatta huquqshunos yordamiga suyaning.

 

TOG' EChKISI (22. 12 — 19. 01)

 

11 mart kuni ertalabdayoq yaqin do'stlaringizdan biri asabingizga tegadigan harakatlarni sodir eta boshlashi mumkin. Lekin siz unga to'g'ri yo'lni ko'rsatib qo'ya olasiz. Tajribasi kam, yaqinda ishga joylashgan hamkasblar xatoliklarga yo'l qo'ysa, ularni tanqid ostiga ola ko'rmang. Yaxshisi, ularga yordam qo'lini cho'zing. Bir kun yaxshiligingiz albatta qaytadi. O'sha hamkasb bir umr sizdan minnatdor bo'lib yashaydi. Kechqurun yoqimli xabarlar eshitishingiz kutilmoqda. O'zingizni ehtiyot qiling.

 

QOVG'A (20. 01 — 18. 02)

 

Kuningiz safarlar va uchrashuvlardan iborat bo'lishi kutiladi. Ular kechga qadar oyog'ingizdan oladi. Lekin boshqachasiga ezgu maqsadlarga yetishingiz qiyin kechadi. Muhabbatda shu paytga qadar tumanli osmonlar ostida edingiz. Endi yorqinlik sari intiling. Juftingiz yoki bo'lg'usi juftingizga yanada realroq ko'z bilan boqa boshlang. Tuyg'ularingizni chig'iriqdan o'tkazing. Kechqurun sizni oilaviy mehmonga taklif etishlari mumkin. Mehmondorchilik kayfiyatingizga pozitiv hadya etadi.

 

BALIQ (19. 02 — 20. 03)

 

11 martda shaxsiy hayotingizda kattadan-katta tanaffuslar yuzaga keladi. Ular hayotingizga favqulodda kirib keladi. Biroq siz mamnun tortasiz. Bolalikdagi do'stlaringizdan biri o'zining bo'lar-bo'lmas, sovuq hazillari bilan jig'ingizga tegishi mumkin. Undan qutulishning birdan biri yo'li shuki, unga quloq tutib o'tirmay, ters o'giriling va nari keting, vassalom.

Xushvaqt bo'ling! Hammavaqt bo'ling!

Olimjon HAYIT tayyorladi

loading...