Aktam Xaitov: «Paxtaning boshlang'ich narxi shakllanishida qo'llanilayotgan 10 foizli chegirma bekor qilinadi»

0

Mamlakatimizda agrar sohani intensiv rivojlantirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etishga qaratilgan islohotlarda Prezidentimizning 2019 yil 23 oktyabrdagi “O'zbekiston Respublikasi qishloq xo'jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo'ljallangan strategiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi farmoni yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.

Kuni kecha davlatimiz rahbari qabul qilgan paxtachilikda bozor tamoyillarini joriy etish haqidagi qaror esa shubhasiz, sohada yangicha islohotlarni boshlab berdi.

Mazkur qaror paxta yetishtirish sohasida ko'p yillardan buyon davom etib kelayotgan ma'muriy boshqaruv usullaridan voz kechish va bozor tamoyillarini qaror toptirishni qo'llab-quvvatlashi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Zero, paxta xomashyosi ishlab chiqarish hajmini keskin kamaytirmagan holda sifatni yaxshilash chuqur qayta ishlash asosida qo'shilgan qiymat zanjirini hosil qiladi va pirovardida daromadni ko'paytiradi.

Paxtachilik sohasida bozor tamoyillarining keng joriy qilinishida bir qator muhim jihatlarni alohida e'tiborga olish shart. Misol uchun, joriy yil hosilidan boshlab, paxta xom-ashyosi yetishtirishda davlat buyurtmasi bekor qilinadi va xarid narxini belgilash amaliyotidan voz kechiladi. Bunday bo'lishi yillar davomida “paxtakor” nomini olib, hovlisida paxta yetishtirgan xalqimizning “tushiga ham kirmagan” edi.

Yana bir yangilik shundan iboratki, nomi yillar davomida bir necha bor o'zgargan bo'lsa-da, har safar paxta so'zi qolgan “Paxtasanoat” uyushmasi tugatiladi. Endi mavjud 25 mingga yaqin paxtachilik fermer xo'jaliklari shartnoma asosida paxta to'qimachilik klasterlari, kooperatsiyalarga mahsulot yetishtirib berishadi. Kooperatsiyalar va klasterlar tashkil etilmagan hududlarda paxta tozalash korxonalari negizida fermer xo'jaliklarining ixtiyoriy birlashmasi tashkil etiladi.

O'rnatilgan tartibga ko'ra, Qishloq xo'jaligi vazirligi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, “O'zto'qimachiliksnoat” uyushmasi birgalikda jahon bozori narxlari tahlili asosida har yili 1 dekabrga qadar kelgusi yil hosili uchun paxta xom ashyosiga kutilayotgan minimal narxlarni e'lon qilib boradi.

Shu maqsadda Jahon bankining “Qishloq xo'jaligini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida tumanlarda qishloq xo'jaligi mahsulotlari, jumladan paxta va g'alla maydonlarida, ekinlarning rivojlanish holati va kutilayotgan hosil prognozi bilan shug'ullanuvchi axborot-maslahat markazlari tashkil etiladi.

Yana bir muhim yangilik bu respublikada ishlab chiqarilgan paxta tolasi uchun birjada boshlang'ich narx shakllanishida amalda qo'llanilayotgan 10 foizli chegirma bekor qilinishidir.

Paxtachilikda bozor tamoyillari joriy etilishi bilan paxta yetishtiruvchi fermer xo'jaliklari va qayta ishlovchi korxonalarning o'zaro munosabatlarini tartibga solish yuzasidan amaliy choralar ko'riladi. Bunda moliyalashtirish tizimida jiddiy o'zgarishlar bo'ladi. Xususan, yangi tartibga ko'ra 2021 yil hosilidan boshlab paxta xom-ashyosi yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun imtiyozli kreditlarni fermer xo'jaliklarining talabi asosida ajratish tizimi joriy etiladi.

Bunda mulkdor agrotexnik tadbirlardan kelib chiqib, kredit mablag'larini erkin tasarruf etadi hamda moddiy resurslar yetkazib beruvchilarni ixtiyoriy tanlaydi. Bu fermerlarni tejamkorlik va ajratilgan mablag'lardan samarali foydalanishida qo'l keladi.

Paxtachilik sohasini intensiv rivojlanish yo'liga o'tkazish mavjud mehnat, yer, suv va boshqa moddiy resurslardan foydalanish samaradorligini oshiradi, agrar sohada barqaror o'sishni ta'minlashga sharoit yaratadi.

Eng muhimi, paxtachilikda chuqur qayta ishlash orqali qator ijtimoiy masalalar ham yechim topadi, qishloqda ko'plab ish joylari ochiladi, eksport salohiyati oshadi. Shuningdek, tarmoqdagi tub o'zgarishlar paxta yetishtiruvchi fermerlar, agroklasterlar va kooperatsiyalarning iqtisodiy manfaatdorligini oshirishga xizmat qiladi.

Aktam Xaitov,

Qonunchilik Palatasi spikeri o'rinbosari,

O'zbekiston fermer, dehqon xo'jaliklari 

va tomorqa yer egalari kengashi raisi

loading...