ALAMZADA… (21-qism)

0

 

 

* * *

 

Ertasi kuni kechgacha Sevinch xayolan turli rejalar tuzish bilan band bo'ldi. Avvalo Tolibni ko'rsa, pinagini buzmaslikka, xotirjam bo'lishga, qalbiga quloq tutmasdan, jiddiy turishga ont ichdi. Shunday qilsa, o'ylab qo'ygan rejasini amalga oshirish oson kechishi muqarrardek tuyuldi.

Rejasi esa odatiy rejalardan deyarli farq qilmasdi. Birinchi bo'lib Tolibga yolg'ondakam ishqiy maktublar bita boshlaydi. Shubhasiz, Tolib maktublarni o'qiydi-yu, yuragiga o't tushib uni qidirish payida bo'ladi. Ro'baro' bo'lishganda esa Sevinch tonib turaveradi. Xuddi Tolibning o'zi yong'indan so'ng yozgan xatidan tongan kabi so'zida turib oladi. Sevinch dushmanni ruhan qiynashning ajoyib usuli shu ekaniga amin bo'ldi. Qolgan ishlarni yo'l-yo'lakay puxtalashtirishga qaror qildi-yu, vaqt xuftonga yaqinlaganda, xonaning bo'g'iq havosidan dimiqib hovli aylanish ilinjida tashqariga chiqdi.

Tolib kelmabdi. Hovlida shotirlar, uy yig'ishtirish, ovqat pishirish uchun kelib ketadigan qiz-juvonlar ham ko'rinmadi. Faqat darvozaxona ro'parasidagi gulzorda pakana, qorindor, cho'qqisoqol qorovul chol cho'nqaygan ko'yi oy shu'lasida nimadir terardi. Uni ko'rib beixtiyor Sevinchning kulgisi qistadi. Chunki chol har cho'nqayib qaddini ko'targanda pastga osilib tushayozgan qorni chayqalib-chayqalib qo'yardi. Bu Sevinchga bo'sh qorilgan xamirdek tuyulib ketdi.

«Tavba, — ko'nglidan o'tkazdi kulib yuborishdan arang o'zini tiyib. — Balo bormikan bu semiz cholga bu yerda? Turishidan rosa xo'raga o'xshaydi. Yo'qsa, qorni bunaqa kattarib ketmasdi. Non sexida qorovullik qilsa bo'larkan. Chala pishgan bo'lka nondan ko'p yeb qo'yib, dumalab-dumalab yuraverardi…»

Bir mahal ko'cha tarafda mashinaning cho'zib signal chalgani qulog'iga chalindi. Kutganidek qorovul chol dumalagudek pildirab harsillagancha o'sha yoqqa chopdi. Sevinch esa birdan yuragi g'ash tortib o'zini ikki qadam orqaga oldi-da, qulog'ini ding qildi.

Zum o'tmay darvoza ochilib, besh-olti shotir yetagida Tolib hovliga kirdi. Sevinch chiroq yorug'ida aniq ko'rdi. Uning yuz-ko'zlari, kiyimlarigacha qonga botgan, qon ba'zi shotirlarning kiyimida ham ko'zga tashlanardi. Qorovul chol ham bir chetga o'tib rangi bo'zargancha turardi.

Bu holatni ko'rib Sevinchning joni chiqib ketayozdi. Qanday Tolib tomon otilganini sezmay qoldi.

— Sizga nima bo'ldi, Tolib aka? — qichqirdi unga yaqinlashiboq Sevinch. — Qaysi maraz sizni bu ahvolga soldi, qaysi?

Tolib to'xtashga to'xtadi-yu, momotaloq yuz-ko'zlarini kaftlari bilan berkitishga tutindi va boshini eggancha chayqala boshladi.

— Sen… Xonangga kir, — dedi shu holatini yo'qotmagan ko'yi Sevinchga. — B-bizning ishga aralashma! Bor, kir!..

— Nega? — qaysarlarcha Tolibga qattiqroq tikilib so'rashda davom etdi Sevinch. — Nega kirishim kerak? Axir… Ahvolingizni qarang!.. Men…

Bu gal Tolibning o'rniga barzangi shotirlardan biri Sevinchning so'zini kesdi.

— Bor, singil, aytganni qil, — dedi u sovuqqonlik bilan. — Sen aralashma bizning ishga! Kir xonangga, damingni ol, kech bo'lib qoldi!..

Shunday dedi-yu, sheriklariga «ketdik» ishorasini qildi. Ular Tolibni qo'li bo'sh paytlarda istirohat qiladigan xonasi tomon yetaklay ketishdi.

Sevinch esa hamon bir yerda qotib turar, alamdan dodlagudek bo'lardi.

Unga Tolibning rad javobi, shotirning sovuqqon muomalasi alam qilmasdi. Sevinchning qalbi yum-yum yig'lardi. Tolibning kaltaklanganini ko'rgan lahzadanoq, joni og'riyotganini chuqur his etib unsiz faryod chekardi.

Aksiga olgandek, xona eshigiga yetmay, Tolib jazava aralash shotirlarga qichqira boshladi. Uning qichqirig'i Sevinchning jonini uzib-uzib olar bo'ldi.

— Meni berkitlaring, — derdi Tolib xirillab. — Yerto'lagami, yerning tagigami ko'mib, yashirib tashlalaring! Hozir mentlar yetib keladi, mentlar! Tezroq bo'llaring! Meni topa olmasliklari kerak! Men g'oyib bo'lishim shart!

Shotirlar uni o'rtaga olgancha yerto'laga tushib ketishdi. Sevinch esa nimalar bo'layotganini, Tolib qaysi militsiya haqida gapirganini sira idrok eta olmasdi.

Hali xayollarini bir nuqtaga jamlab ulgurmay, haqiqatan hovliga yuzlariga qora niqob tortgan, qo'llarida avtomat, fonarlar tutgan olti-etti nafar barvasta-barvasta militsionerlar chopib kirdi.

— To'xtalaring! — buyurdi ulardan biri qorovul chol va Sevinchga. — Tez yerga yuztuban yotlaring, tez!

Sevinch umri bino bo'lib begona erkaklar qarshisida cho'zilib yotib ko'rmagandi. Yuragi qo'rquvdan to'xtagudek bo'lsa-da, ikkilanib qoldi. Devdek yigitlar oldida yotib olishga istihola qildi.

— Senga nima deyildi? — o'shqirdi unga yaqin kelib militsionerlardan biri bilagini mahkam siqqancha yotishga undarkan. — Bo'l dedim!

Sevinch buyruqqa bo'ysunishga majbur edi. Ko'zlarini chirt yumdi-yu, qorovul choldan sal nariroqqa yuztuban yotdi.

— Uy ichlarini titib tashlalaring! — buyurdi Sevinchni yotishga majburlagan melisa. — Birontayam kovak-teshik qolmasin! U shu yerda! Qochib ketolmaydi!..

Shu tobda huv naridagi xona eshigi ochilib, Meliboy mirob aravachasini qo'llari yordamida g'ildiratgan ko'yi chiqib qoldi. Qizining yerda yuztuban yotganini, militsionerlar qurshovida qolganini o'sha yerdan turib bo'lsa-da, ko'rib ikki qo'lini baland ko'tardi-da, uv torta boshladi.

— Kim u pes? — dag'dag'a aralash yerda yotgan Sevinchdan so'radi melisalar kattasi. — Gapir, kim u?

— O-otam, — deya oldi zo'rg'a Sevinch. — U… Kasal… Kasal.

— Bu yerda nima qilyapti kasal bo'lsa? Pishirib qo'yganmidi o'g'rinikida?

— Davolatishga opkelgandim, — javob qildi Sevinch tavakkal. — Kuni kecha keldik.

— Shunaqami? — melisalar kattasi mirob tomonga mensimaygina qarab turgach, Sevinchga buyurdi. — Tur o'rningdan!

Sevinch turdi va unga savol nazari bilan boqdi.

— Davolatishga kelgan bo'lsang, bu uyda nima qilyapsanlar? — so'rashda davom etdi melisalar kattasi. — Yo meni chalg'itmoqchimisan? Gapir!

— Y-yo'q, bizga bir odam shu uyni ijaraga topib berdi.

— Talmovsirama! — jerkib berdi militsioner. — Vey, meni ahmoq deb o'ylayapsanmi? Shu battol o'g'ri uyiga ijarachi qo'yarkanmi?

U Sevinchga yaqin kelib iyagini siqimladi.

— Ayt, qaqajon qiz, Tolib kim bo'ladi senlarga, kim? Agar rostini aytsang, qo'yvoraman!

— Tolib? — rostakamiga talmovsirayotgan kabi yelka qisdi Sevinch. — Tanimayman unaqa odamni. Bizni-chi, Haydar suvchi degan qishloqdoshimiz shu yerga opkelgandi. Joylashtirdi-yu, o'zi jo'nab ketdi.

— Qishloqdanmisan? — so'radi militsioner. — Qaysi…

U savolini oxiriga yetkazmay, sheriklari Tolib va shotirlarini qo'llari kishanlangan holda yerto'ladan yuqoriga olib chiqishdi. Militsioner ular tomonga nafrat aralash qarab turdi-da, qorovul chol va Sevinchga dag'dag'a qildi.

— Daf bo'llaring! Ichkariga kirlaring! Kerak bo'lsang, o'zimiz olib ketamiz! Tez bo'llaring dedim!

Sevinch bir balodan xalos bo'lganiga xayolan shukr qilib yugurgancha bordi-yu, otasi o'tirgan aravachani imi-jimida ichkariga xonaga olib kirib ketdi.

Ammo baribir yuragidagi g'ashlik tarqalmadi. Tolibning boshiga ne ko'rgilik tushganini anglashga urinaverdi. Shu haqda har o'ylaganda to'kilay deyaverdi.

Xavotirlar uni yana deraza qarshisiga yetakladi. Tashqarida Tolib militsionerlarga haqligini isbotlamoqchi bo'lardi.

— Biz hech qanday ayb qilmadik, — derdi u boshini hiyla egib. — Anavilarning o'zi narivatsa qildi-ku, kamandir! Nima qilsin bizning og'aynilar? Jahli chiqib ketdi, urib tashlashdi!

— Bozor-chi, bozor? — do'q aralash uni savolga tutdi militsioner. — Katta xolang bormidi bozorda senlarga? Nima qilib o'ralashib yurgandilaring? Nimaga bozorchilardan ulush talab qildilaring? Kim huquq berdi senlarga?

— Xo'p, — sovuq tirjaydi Tolib. — Kelishib ketamiz, kamandir! Yecha qoling endi kishaningizni!

— Bo'limga boraylik, o'sha yerda yechamiz! Qani, ortlaring hammasini mashinaga!..

 

* * *

 

Oradan yarim soat o'tdimi-yo'qmi, darvoza sharaqlab ochilib, hovliga Tolib shotirlarini ergashtirgancha kirib keldi. Kiyimlarini ham almashtirib olibdi. Yuzidagi tilingan, shilingan joylarga lekoplastir yopishtiribdi.

Sevinch uni ko'rdi deguncha o'zi sezmagan holda hovliqib tashqariga otildi. Meliboy mirobning qo'l siltab qaytarishiga-da qarab o'tirmadi. Bir necha marta kiprik qoqgulik vaqt ichida hovlida — Tolibning qarshisida hozir bo'ldi. Tolib eson-omon qaytganiga, melisalar ta'qibidan qutulganiga shukr qildi. Tolib esa uni ko'rib negadir aftini bujmaytirib oldi. Garchi yurishdan to'xtagan bo'lsa-da, bir og'iz shirin so'z demadi. Aksincha bir necha marta mirob o'tirgan xona tomon ko'z tashlab olgach, shotirlardan biriga yuzlandi.

— Vey, manavilarni ertalab otasi bilan birga Sho'rtepadagi fermamizga oborib qo'ylaring, — dedi u og'ir xo'rsinib. — Ferma ja ifloslanib ketibdi. Itdan tarqagan qorovulam ichkilikka berilib mollarga qaramay qo'ygandi.

— Cholniyam-a? — javdirab Tolibga boqdi shotir. — Axir…

— Obor, ko'p gapirma, — dedi Tolib shotirning gapini kesib. — Fermaga borsa, qishlog'ida yurganday bo'ladi. Kasal bo'lmaydi.

Tolibning kutilmagan qarorini eshitib, Sevinch sal qursa dodlab yuborayozdi. Shu zahoti yuragini vahm bosdi. Alami keldi. Otasi ikkovi bularning oldida hech kim emasligini yana bir karra his etib, boyagina qalbini chulg'ab turgan yoqimli hislardan judo bo'ldi.

— Singil, sen meni to'g'ri tushun, — hiyla o'zini bosib uqtirdi Tolib Sevinchning norozilana boshlaganini darrov payqab. — Fermada tinch bo'lasizlar. Boboy ham toza havodan nafas olib, ancha o'ziga kep qoladi. Qo'rqma, sizlardan xabar olib turishadi.

— Men siz o'ylaganchalik qo'rqoqmasman, — javob qildi qaysarlik bilan Sevinch. — Faqat bu shaharga o'qish va otajonimni oyoqqa turg'azish uchun kelgandim. Umuman tushunmay qoldim, oldiniga majburlab bizni uyingizga opkeldingiz, endi bo'lsa, qandaydir fermaga jo'natishni xohlab qopsiz. Bizdan nima istaysiz o'zi?

Tolib Sevinchning mardona javobiga qoyil qoldimi, qur-qur og'riq berayotgan jarohatlarni ham unutib, unga yaqinroq keldi.

— Juda dadilsan-u-a? — Sevinchning qulog'iga shivirladi Tolib. — Menday odam bilan shunaqa ohangda gaplashyapsan. Tag'in ko'ngilchangni og'ritib qo'ymaymin!

— Ko'ngilcham og'rib-og'rib charchagan, — dedi Sevinch sal o'zini orqaga olib. — Bemalol aytaversinlar aytadiganlarini! O'rganibam qoldim do'qlaringizga!

— Malades, — deya sovuq kulimsiradi Tolib. — O'rganganing maqtovga loyiq. Sendaqa qizlar uzoqqa boradi, ishon… Mayli, xonangga kiraqol! O'qishingga tayyorgarlik ko'r, otangga qara! Faqat… Bo'pti, qolganini keyin gaplashamiz. Aytgancha, ferma haqidagi gaplarimni unut! Shunchaki seni sinash uchun aytgandim. Aslida u yer sen boradigan joymas. Bor, singil, bor!

— Perevyazka kerakmasmi mabodo? — so'radi Sevinch Tolibning jarohatiga ishora qilib. — Hamshiralik keladi qo'limdan. Agar…

— Shunaqami? Zo'r-ku! Xo'p, agar kerak bo'lib qolsa, do'xtir chaqirib yurmaydigan bo'pmiz. Boraqol!

Sevinchning ko'ngli yorishib ketdi. Tolibning bir og'iz yumshoq so'zlagani, unga yosh qiz emas, kattalardek munosabatda bo'lishi kayfiyatini ko'tarib yubordi. Bir muddatga bo'lsa-da, vujudiga mo'ri malax kabi o'rlashni bas qilmayotgan alam nari surilib, yugurgancha xonaga kirdi.

Sevinch shu kecha boshqa kunlardagiga nisbatan ancha tinch uxladi. Otasi ham hadeb bezovtalanavermadi chog'i. Shu uxlagancha ertalab soat to'qqizlarga yaqin uyg'ondi. Qarasa, xona eshigi yonida Meliboy mirob aravachasi tutqichlarini changallagancha o'tiribdi. Ko'z qarashlaridan, rangi oqarinqiraganidan uning asabiyligini, nimadandir ranjiganini ilg'ab olish mushkul emasdi.

Sevinch tura solib tiz cho'kkan holda otasiga termildi.

— Ha, dadajon, kim sizni xafa qildi? — so'radi mehr bilan otasining jonsiz tizzalarini silab. — Nega xafasiz? Nima bo'ldi? Yomon tush ko'rdingizmi?

Mirob yuzini ters burib oldi. Lekin darrov qizi tomon yuzlanib, qo'li bilan yozuv ishorasini qildi.

— Qog'oz, ruchka beraymi? — so'radi Sevinch uning nima demoqchiligini darhol anglab.

Mirob boshi bilan qizining savolini ma'qullab qo'ydi.

— Voy, dadajon-ey, — dedi Sevinch ma'yus kulimsirab. — Xasta bo'lganingizdan beri qo'lingizdan ruchka tushmay qoldi-ya! Imlasangizam tushunadi-ku qizingiz! Hozir… Hozir olib beraman!

Sevinch istar-istamas o'rnidan qo'zg'aldi-da, javon ichidan ruchka va bir dona oq qog'oz, ostiga qo'yish uchun qalin kitob keltirib mirobga tutqazdi.

— Qaramay turaymi? — so'radi ehtiyotkorlik bilan ruchkani oliboq yozishga taraddudlangan otasiga tik boqib. — Yo tashqariga chiqib turaymi?

Meliboy mirob bosh chayqab norozilandi va qo'li yordamida «huv narida o'tira tur» ishorasini qildi.

Sevinch itoatkorlik bilan otasi ko'rsatgan yerga borib o'tirdi. Mirob esa shosha-pisha nimalarnidir qog'ozga tushirdi. Oradan bir necha daqiqa o'tgach, yozishdan to'xtab, Sevinch tomon bosh burdi va «A-a» lagan ko'yi qog'ozni unga uzatdi. Uzatish asnosida mamnun jilmayib qo'ydi. Bundan Sevinchning chehrasi yorishib, tezroq qog'ozga bitilgan bitiklarni o'qishga tutindi. Oppoq qog'ozga mirob shunday jumlalarni tushirgandi:

— Bugun oftobshuvoqning avzoyi buziladi. U qahrini Tolibning yelkasiga ignadek sanchib-sanchib oladi. Uning ishlari orqaga ketish arafasida turibdi. Biz sarson bo'lishimiz, ota-bola tilanchilik qilib kun ko'rishimiz mumkin. Ammo bu vaqtincha bo'lsa kerak. Oldimizda yorug'lik yuz ko'rsatmoqda. Biz sal o'tmay yana shu uyga qaytsak ajabmas. Sen Tolibdan oladigan o'ch muhabbatga qorishiq, qizim. Ehtiyot bo'l, yon berib qo'yma. Sening taqdir yo'lingdayam qora chiziqlar ko'rinyapti. Hushyor bo'l, onam!

Sevinch avvaliga otasining nima demoqchi bo'lganini tushunmay, unga savol nazari bilan boqdi. Biroq qalb sadosi unga darrov bitik ma'nisidan belgi berdi. Qiz otasida bashoratchilikka o'xshash pinhoniy qobiliyat yuz ko'rsata boshlaganini payqadi. Payqadi-yu, qo'rqib ketdi. Ko'z o'ngida burnog'i yili birovlarga fol ochib kun ko'rib yurgan Sojida folchi namoyon bo'ldi. U oxirgi marta qo'shni mahallada yashaydigan uch juvonga fol ochgandan so'ng telba bo'lib qolgandi. Hanuz kasalxonadan chiqarishmaydi. Bir marta ikki kunga javob berishgandi. Uyiga kelgandan so'ng yarim tunda xonalardagi jami qimmatbaho buyumlarni tashqariga irg'ita boshlagan. U sindirmagan chinni idishning o'zi qolmagan.

— Dada, nega unday qildingiz? — qo'rquv aralash so'radi Sevinch mirobga yaqinlashib. — Jinni bo'lib qolasiz-ku! Nega folbinlikka qo'l uryapsiz?

Meliboy mirob qizining qo'lidagi qog'ozni tortib oldi-da, yana nimalarnidir yozib, qaytadan Sevinchga tutqazdi. Bu gal u quyidagilarni qog'ozga tushirgandi:

— Tushimga Xizr buva kiribdi. U meni uzoq vaqt duo qildi. So'ngra bo'ynimga yaltiroq tumor osib: «Sen tengi yo'q bashoratchi bo'lasan. Odamlarning hojatini chiqarasan» dedi…

— Bu nimasi-i? — beixtiyor yig'lab yubordi Sevinch. — Ko'rib turgan kunimiz kammidi, otajon? Qanaqa Xizr buva? Kim sizni yo'ldan ura qoldi? Qaysi duoxon domla oldingizga kirib miyangizni aynitdi? Ayting, men yo'g'imda kim kirdi oldingizga?

Meliboy mirob «Hech kim kirmadi» demoqchidek boshini sarak-sarak qildi. Keyin… Ular so'zsiz bir-birlariga termilgancha uzoq vaqt o'tirib qolishdi. Mirob mudray boshlagandagina, Sevinch hushyor tortib tashqariga boqdi. Vaqt peshinga yaqinlabdi. U shosha-pisha aravachani karavot tomon g'ildiratishga tutindi. Shu mahal xona eshigi ohista ochilib, ichkariga kalta sochli, shahar urfiga ko'ra etagi tizzasigacha tushib-tushmagan ko'ylak kiygan, Sevinchdan ikki-uch yosh kattaroq qiz kirdi.

Meliboy mirob ham qizi bilan baravar o'sha tomonga bosh burdi.

— Salom! — dedi qiz rusiynamo ohangda. — Mening ismim Bernara. Kasbim hamshira. Tolib akam atayin chaqirtirib kelib, sizlarning yoningizga kirishimni tayinlovdilar.

— Nimaga? — dast o'rnidan turdi-da, qizga yaqin bordi Sevinch. — Tinchlikmi?

— Otangizga qarab turarkanman.

— Voy, nega? Men-chi? O'zim qarab turibman-ku!

— Siz hoziroq ularning huzuriga kirarkansiz. Kutyaptilar.

— Nima bo'ldi o'zi? Nimaga kutadi? Ayta qolsangiz-chi!

— Afsuski, u kishi menga hisob bermaydilar. Kirganingizda bilib olarsiz, singlim!

— Shunaqami? B-bo'pti, siz o'ta qoling! Men… Hozir…

Sevinch Bernarani ichkariga o'tkazdi-da, apil-tapil sochlarini to'g'riladi va oyog'iga shippagini ilib tashqariga zipilladi.

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

loading...