ALAMZADA… (22-qism)

0

 

 

* * *

 

Sevinch hovli bo'ylab Tolib o'tiradigan xona tomon yurib borardi-yu, yuragi potirlab unga sira tinchlik, xotirjamlik bermasdi. Yovvoyi hayajon qizni qizarishga, titrashga majbur etardi. Hozir kirib Tolib bilan yuzma-yuz bo'lishini, yolg'iz qolishini tasavvur etgani sayin ko'nglidagi bezovtalik yuz chandon ortar, qalbi ko'ksini qitiqlab kulgisini qistatardi.

Xonaga yetay deganda, eshik sharaqlab ochildi-da, ichkaridan Tolibning Sarvar degan uzun bo'yli, mo'ylabi sabza urgan shotiri chiqib qoldi. Sevinch endi undan chaqiriq ma'nisini so'ramoqchi ham ediki, Sarvarning o'zi oldini to'sdi.

— Sen hoziroq men bilan bir joyga borishing kerak ekan, — dedi u zarda bilan. — Tez bo'l, kechikamiz!

— H-ha… Tolib aka-chi? U meni…

— Tolib akayam o'sha yerdalar, — so'zini kesdi Sarvar. — Bizni kutyaptilar. Ketdik!

Sevinch hech narsaga tushunmadi. Yigitga ergashishni ham, turaverishni ham bilmay tosh qotdi. Lekin bu maskandagilar uzoq kutishni yoqtirmasliklari Sevinchga deyarli yod bo'lib ketgan. Iloji boricha o'zini tutib, Sarvarning ortidan yurdi…

Sarvar hadeganda aytilgan manzilga olib bora qolmadi. Mashinasini shahar bo'ylab g'izillatib juda ko'p binolarga kirib chiqdi. Sevinch u har kirib ketganda xayolning ming ko'chasini kezaverdi. O'ylayverdi, bosh qotiraverdi. Tolibning nima sababdan, qaerga, ne niyatda chaqirtirganini, nima uchun otasiga qarashga hamshira yollaganini idrok qilishga urindi. Aqli yeta qolmadi. Nimani taxmin qilmasin, boshi berk ko'cha yuz ko'rsataverdi.

Nihoyat Sarvar so'nggi bor qaysidir bozorga chopqillab kirib chiqqach, mashinani ortga burdi va noma'lum tomonga hayday ketdi. Chamasi o'n daqiqacha yo'l yurgach, rulni pastqamlikdan iborat tor ko'chaga burdi.

Ko'cha oxirida ancha hashamdor bir hovli bor edi. Shu hovli ro'parasida tormozni bosdi.

— Mana, yetib keldik, — dedi zulmatga joy bo'shatish harakatiga tushgan osmonga bir qarab olib. — Qani, qizaloq, yuraqol endi! Kutib qolishgandir!

Sevinch qarshi so'z aytmay mashinadan tushdi-da, Sarvarga ergashib ichkariga kirdi.

Ayvon boshida ikki nafar qorachadan kelgan, ozg'in erkak oldiga fartuk tutgancha tutunga belanib kabob pishirardi. Ularni ko'rishdi-yu, darhol qo'llarini ko'ksiga qo'yib qulluq qilishdi.

Sarvar xonalarning biri eshigini ochdi-da, Sevinchni imladi. U qo'rqa-pisa ostona hatlab ichkariga kirdi.

Xonada olti chog'li erkak o'tirardi. Ularning biri, shubhasiz Tolib edi.

Sevinchni ko'rib Tolib yanada kerilgan bo'ldi va ulfatlariga ko'z qisib olgach, istamaygina o'rnidan turdi-yu, Sevinchga yaqin bordi.

— Bular mening eng yaqin okaxonlarim, — dedi u o'tirganlarni ko'rsatib. — Sen bilan yaqindan tanishgilari kelibdi, singil!

Bu gapni eshitgani hamono Sevinchning rangi o'zgardi. Lekin sezdirmaslikka, sir boy bermaslikka urinib boshini bir bahya baland ko'tardi.

— Men bilan tanishib nima maza topisharkan? — so'radi u Tolibga tik boqib. — Gapingizga tushunmadim, aka!

Sevinchning gapidan o'tirgan ulfatlar gurr kulib yubordi. Tolib esa kulish o'rniga yanada jiddiylashib biroz dag'alroq ohangda so'z qotdi.

— Mening hurmatim uchun ulfatlarimga raqs tushib berishing kerak bo'ladi! — dedi Tolib. — Xo'sh, meni hurmat qilasanmi? Raqs tushishni bilasanmi? Qiyib qo'ya olasanmi?

Tolibning so'nggi savollari Sevinchning miyasiga go'yo gurzi kabi urildi. Tizzalaridan lablariga qadar titroq turib bir muddat garangsib qoldi. O'tirganlarga, Tolibga javdiradi. Javdirashi bilan xuddi avf etishlarini, sharmanda qilmasliklarini so'rayotgandek bo'ldi. Keyin esa beixtiyor baqirib yubordi.

— Nimalar deyapsan, maraz? Meni kim deb o'ylayapsanlar, kim? Qo'yvorlaring meni! Chiqarvorlaring!.. Dadamga aytib beraman! Hammangni sharmanda qilaman!..

Shunday dedi-yu, jonholatda ortga o'girilib tashqariga otildi.

Baxtga qarshi orqasida Sarvar shay turgandi.

Sevinchni mahkam ushlab qoldi.

Sevinch ko'z yoshlari yuzlaridan tomog'iga qadar yuvgan ko'yi bir siltanib Sarvarning qo'lidan chiqdi-da, ehtiyotkorlik bilan ortga tislandi.

Uning bo'zargan rangi, telbanamo harakatlarini ko'rgan mehmonlar nuqul irshayardi. Tolib esa, kulishdan o'zini tiya oldi. Sevinchga qandaydir faxr va mamnunlik bilan boqdi. Ammo nimadir deyishga, qizni to'xtatish, tinchlantirish, yoki aksincha po'pisa qilishga shoshilmadi. Kafti bilan iyagini siqimlagancha Sevinchga tikilib turaverdi.

— Tolib, bu hurkak kiyikni qaysi o'rmonda tutgansan? — hazil aralash luqma tashladi mehmonlardan biri hiringlab. — Nuqul depsinadi-ya, vey! Qopqon ko'rmaganmi nima balo?

Tolib luqma tashlagan mehmonga o'qrayib qarab qo'ydi-da, asta borib Sevinchning bilagidan tutdi.

— Yur, tashqariga chiqaylik, — dedi eshitilar-eshitilmas tovushda. — Gap bor.

— Kerakmas, kerakmas! — Tolibning qo'llarini siltab tashladi Sevinch jazava aralash. — Qo'yvorlaring meni! Ifloslar! Hozir…

— E, yur degandan keyin yur-da! — jerkigancha uni tashqariga sudradi Tolib. — Namuncha tipirchilaysan? Arpangni xom o'rdimmi men? Yur tez!

Sevinch Tolibning jerkishi ta'sir qildimi, arang o'zini bosib tashqariga chiqdi.

Tolib esa gap boshlashga shoshilmadi. Avval kissasidan sigaret chiqarib tutatdi. Uch-to'rt marta cho'zib-cho'zib tortdi. Ora-sirada kabob pishirayotgan fartuklilarga nafratli nigoh tashladi. Shundan keyingina Sevinchga yuzlandi.

— Kechirasan-u, — deya gap boshladi bosiqlik bilan. — Seni bu yerga bekorga opkeltirmagandim. Shuni bilasanmi?

— Hech narsani bilishni istamayman, — dedi Sevinch hanuz yuzini ters burgan holda ko'z yoshlarini yengiga artarkan. — Meni qo'yvoring! Bu nahs bosgan yerda bir sekundam qolish niyatim yo'q.

— Qo'yvoraman. Faqat gaplarimni oxirigacha eshitgin-da! Xullas, seni bir tekshirib ko'rmoqchi bo'ldim. Qanaqa qizligingni nazardan o'tkazishni xohladim. Barakalla, ishonchimni oqlading! Ochig'i-chi, agar so'zimga kirib raqs tushib ketganingda, sendan juda xafa bo'lardim. Barakalla! Sen juda hayoli, qaysar, pokiza ekansan!

— Sizga nima issiq sovug'i bor qanaqaligimning? — endi Sevinch Tolibga yuzlandi-da, asabiy lab tishladi. — Sizga baribir emasmi?

— Yo'-o'q, Sevinch, — dedi Tolib bosh chayqab. — Baribir bo'lganda, seni otangga qo'shib uyimda olib o'tirmasdim. Nima bo'lgandayam menikida kimlar o'tirganini bilishim shart edi.

— Shundan boshqa yo'l topmadingizmi tekshirishga?.. Lekin-chi, sizam meni qattiq ranjitdingiz! Sizdan ko'nglim qoldi. Judayam shafqatsiz va sovuqqon ekansiz.

Tolib uning bu gaplaridan so'ng xuddi aybdor kabi ohista bosh egdi.

— Sovuqqonligimni o'zim ham yaxshi bilaman, — dedi mushtlarini tugib. — Sovuqqon bo'lmasam, balki boshqalarday tinchgina yasharmidim… Bilmadim, tabiatim shunaqa shekilli… Xullas, menga e'tibor qilma. Do'qlasam, xafayam bo'lma. Bo'lganim shu mening! Endi ketaver! Seni Sarvar oborib qo'yadi.

Tolib shunday deb go'yo qafasdan ozod bo'lgan qushdek endigina oldinga intilgan Sevinchning oldini to'sdi va boshini sarak-sarak qila-qila pichirladi:

— Kechir!..

Bu uzrlar Sevinchning qulog'iga kirmadi. Tezroq katta ko'chaga chiqish, otasining yoniga yetib olish ilinjida tashqariga otildi.

Darvozadan o'tib ne ko'z bilan ko'rsinki, yo'l chetida qizil «Jiguli» turardi. Mashinaning old o'rindig'i olib tashlanibdi. O'rindiq o'rnida esa Meliboy mirob javdiragancha o'tirardi. Sevinch uni ko'rib sal qursa dodlab yuborayozdi. Jonholatda borib mashina eshigini ochdi-da, mirobni mahkam quchoqlab oldi.

— Meni qanday topib keldingiz, dadajon? — yig'lash asnosida otasining ikki yuzidan o'pa-o'pa so'rardi Sevinch. — Axir… Qaerga ketganimni bilmasdingiz-ku!

Mirob uning ikki yuzini kaftlari orasiga oldi-da, ko'zlariga boqib boshi bilan nimalargadir ishora qildi.

— Otajon, bashoratchi bo'p keting-e, — dedi endi yig'lashdan to'xtab Sevinch. — Bunaqada meni qo'rqoq qilib qo'yasiz-ku!.. Mayli, mayli, bas, ketamiz, ketamiz!

Sevinch ilkis boshini ko'tardi-da, haydovchiga yuzlandi.

— Amaki, bizni otam kelgan joyga oborib qo'ying, iltimos! Yo'l haqini to'laymiz!..

Afsuski, haydovchi hali javob berishga ulgurmay, darvoza ochilib Sarvar chiqib qoldi. U begona mashina, mirob va Sevinchga bir muddat tikilib turdi-da, ildam yurib kelib haydovchiga o'shqirdi:

— Ho'v, boboy, pishirib qo'yibdimi bu yerda? Nimaga mashina qo'ydingiz? Suring bettan! O'zingizga yomon bo'ladi! Otaxonni mashinadan tushirib hov anavi «Volga»ga o'tqazing! Bo'ling tez-e!

Shundoq ham hovlining hashamatini, atrofdagi shohona mashinalarni ko'rib ado bo'layozgan haydovchi Sarvarning xezlanishidan so'ng shoshib qoldi. Hatto, pastga tushayotib boshini mashinasi temiriga urib ham oldi.

— X-xo'p, o'g'lim, xo'p, hozir yest qilamiz-da! — haydovchi pildiragancha mashinani aylanib o'tib mirobni aravachasi bilan dast ko'tarib oldi va darhol Sarvar ko'rsatgan «Volga»ga o'tqazib qo'ydi.

Qaytgandan keyin ham uzoq qolib ketmadi. Bir necha marta Sarvarga qulluq qilib, mashinasiga o'tirdi-yu, gazni bosdi. Meliboy mirobni olib kelgani uchun yo'l haqi olishni-da unutdi…

Mashina Tolibning hovlisiga olib boriladigan serqatnov yo'lga burilgandanoq, mirob bezovtalana boshladi. Boshini orqaga burib Sevinchga nimalardir demoqchidek g'o'ldiradi. Keyin esa Sarvarga «Mashinani to'xtat» ishorasini qila boshladi.

— Nima bo'ldi, boboy? — mirobning nima demoqchiligini tushunmay savol nazari bilan unga boqardi Sarvar tormozni bosishga shoshilmay. — Hojatga chiqqingiz keldimi? Hozir yetamiz, birpas chidab turing endi!

— Biz huv anavi ko'prik ustida qolamiz, — otasining o'rniga javob qildi Sevinch zarda bilan. — Otam mashinani to'xtatishingizni so'rayapti.

— To'xtatish? — yelka qisdi Sarvar. — Sizlarni uyga olib borishim buyurilgan. Yo'lda qoldirolmayman.

— To'xtatasi-iz! — beixtiyor baqirib yubordi Sevinch. — Haqingiz yo'q bizni olib yurishga! To'xtatmasangiz… Hozir boshimni oynadan chiqaraman-u, dod solaman!

— Vey, vey, jinnimisan? Aqling joyidami? — Sarvar keskin tormoz berib mashinani ko'prik ustida to'xtatdi. — Voy tomi ketgan-ey!.. E, menga tinchlik kerak, bildingmi?.. Dod solarmish! Bor, tushsang tushaver! Menga nima? Tolib akaga hammasini aytaman-qo'yaman! Tushlaring!

Sevinch pastga tushib, Meliboy mirobni aravachasi bilan birga amal-taqal yerga tushirib oldi.

Sarvar atayin o'rnidan jilmay, xo'mraygancha o'tiraverdi.

Ular tushib eshik yopilgani hamono so'kina-so'kina gazni bosdi.

 

* * *

 

Vaqt xuftondan oshib ketgandi. Serqatnov yo'lda mashinalar g'iz-g'izi ham kamayib qolibdi.

Sevinch mirob o'tirgan aravachani bo'shashgan ko'yi g'ildiratib aylana yo'l orqali ko'prik ostiga tushdi.

Buyog'iga xudodan panoh so'rash, otasi ikkovining jonini qismat yetagiga topshirishga majburligini o'ylab yuragi ezildi. Ezginlik tufayli o'pkasi to'lib keldi. Unsiz yig'lab aravachani chetroqda to'xtatdi-da, cho'nqayib, tutqichlarni mahkam quchoqlab oldi. Shu yo'l bilan alamdan chiqishga, o'tgan gap-so'zlarni unutishga, kelajakni o'ylamaslikka umid bog'ladi. Ammo kutilmaganda mirob tinchlikni buzdi. Ortga o'girildi-yu, qizining bilagini mahkam siqimlab oldi.

Sevinch qorong'ilikda otasining ko'zlariga boqdi. Mirobning ko'zlaridan shashqator yosh oqar, ko'ksi bilinar-bilinmas ko'tarilib tushardi.

— Endi nima qilamiz, dada? — dedi nihoyat zulmat qa'riga qo'rqa-pisa nazar tashlarkan. — Ko'chada qolishga qoldik. Kissamizda bir chaqa yo'q. Kimga yalinamiz? Kimlarning ko'ziga mo'ltiraymiz?

Meliboy mirob qiziga javoban ikki qo'lini oldinga cho'zdi-da, nimalardir deya g'o'ldiradi. Uning nima demoqchiligini Sevinch darrov tushundi.

— Uyoqda nima bor? — norozilanib aravachani oldinga g'ildiratdi Sevinch. — Hech kim yo'q-ku! Tamom bo'lamiz-ku, dada!

Mirob unga javoban «yo'q, sen nohaqsan» degan kabi bosh chayqadi.

— Demak, mana shu yo'l chetida, ko'prik ostida tunashimiz kerak-a? — og'ir xo'rsinib uzoq-uzoqlarga umidvor termildi Sevinch. — Bizni kimlarga aylantirib qo'yishdi-ya! Tuppa-tuzuk qishloqda yurgandik, sizam mirobligingizni qili-ib, tinchgina ishlardingiz. Endi-chi? Ahvolingizni qarang, dada, sizga qarab tursam, dodlagim kelaveradi. Dunyolariga o't qo'ysam deyman!

Meliboy mirob jonholatda Sevinchning bilagidan tutdi-da, yuzini bosib oldi va «U-u-u» lagancha o'ksib-o'ksib yig'ladi. Umrida erkak kishining bu qadar kuyinib yig'laganini ko'rib o'rganmagan Sevinch rostakamiga tamom bo'layozgandi. Mirobning yelkalarini siypalab, xuddi go'dakdek ovutishga urinar, ammo otasi hadeganda yig'lashni bas qilay demasdi.

Shu mahal uzoqdan mashina o'qdek uchib keldi-da, ularning ro'parasida to'xtadi.

Sevinchning joni chiqib ketayozdi. «Tag'in Tolib quvlab keldimikin?» degan xayol miyasiga yashindek urilib, beixtiyor qaqshay boshladi.

Baxtiga Tolib emas ekan. Mashinadan bashang kiyingan o'rta yashar erkak tushdi-da, aravachada mung'ayibgina qolgan mirobga, Sevinchga birpas qarab turdi. So'ngra kissasini kovlab bir dasta pul chiqardi.

— Ma, qizim, — pullarni Sevinchga uzatdi erkak. — Shu mahalda ko'chada tilanmanglar! Odam qolmagan-ku ko'chada! Buning o'rniga dadangni uyga olib bor, mazali taomlar pishirib ber! Olaqol, tortinma, ona qizim, ol!

Sevinch shoshib qoldi. Olay desa, hayotda biror marta birovdan sadaqa olib ko'rmagan. Olmaslikka esa ochlik, yo'qsillik yo'l bermasdi.

Nima bo'lsa-da, Sevinch ko'zlarini yerga qadagan holda qizarib-bo'zarib, ming xavotir va xijolatda, nomusdan o'lay deb pullarni erkakning qo'lidan oldi. Olgan zahoti mirob ilkis boshini ko'tarib, ikki qo'lini duoga ochdi. Ko'zlaridan duv-duv yosh oqib erkakni duo qildi. Yana nimalardir deya g'o'dirladi. Erkak unga achinish aralash qarab turgach, Sevinchning yelkasiga qoqa-qoqa, tasikn bergan bo'lib jo'nab ketdi.

Endi ota-bolaga yangi hayot eshiklari ochilgandek edi. Pullarni siqimlagan ko'yi otasiga savol nazari bilan boqarkan, Sevinch xayolan xudoga shukr qildi. Ora yo'lda qo'ymagani, ochlikdan sillalarini quritmagani uchun tashakkur izhor etdi. Keyin esa o'zini qo'lga olib aravachani oldinga g'ildiratdi. Shahar ichkarirog'iga kirishni, otasining qornini to'ydirish, chanqagan bo'lsa, qaerdandir suv topib, chanqog'ini qondirish payida bo'ldi.

 

* * *

 

Oradan ikki kun o'tdi. Tolibdan darak bo'lmadi. Sevinch endi butkul bosqinchi ta'qibidan xalos bo'lishgani, buyog'iga hech kim ularni bezovta qilmasligiga amin bo'la bordi. O'ziga qolsa, otasini olib qilshloqqa jo'nardi. Biroq Meliboy mirob ikki kun ichida ko'pchilikda qiziqish uyg'otib ulgurdi. Sadaqa tashlash ilinjida kelganlarga sinchiklab boqib, ularning muammolari qandayligi, bu muammoni yechish sirlarini qog'ozga yozgan holda aytib bera boshladi-yu, atroflaridan odam uzilmay qoldi. Ota-bolaga bashorat to'g'ri chiqqanidan ruhlangan keksa bir kampir uyining to'rini ham berib qo'ydi. Uy, baribir uy ekan-da, Sevinch shu kecha tiniqib uxlabdi. Ko'ngli sokin tortganidanmi, tush ham ko'rmabdi. Shosha-pisha o'rnidan turdi-da, mirobga nonushta tayyorladi. O'zi ham ul-bul tamaddi qilgan bo'ldi. Keyin otasini aravachaga o'tqazib, ko'chaga yo'l oldi.

Shoshilmasalar bo'lmasdi. Bugun kechagidan ko'proq odam kelishi, ikkovlarini shoshirib qo'yishlari mumkin…

Kissaga mo'may pul tusha boshlasa, yotar joying tayinligini bilsang, boshqacha ekan. Tilanchilik juda tez fursatda bashoratchilik bilan almashgandan beri Sevinch qo'li qo'liga tegmay pul sanaydi, otasi qog'ozga yozib bergan bashoratlarni mijozlarga o'qib eshittiradi. Bugun ham ahvol deyarli shunday kechdi. Sevinch mayda-chuyda pullarni xaltachaga joylayverdi, qog'ozlarga bitilgan bitiklarni egalariga o'qib beraverdi. Kimdir mamnun kulsa, qo'shilishib kuldi, dardi, qismati og'ir kechishini oldindan eshitib, qaysidir qiz yoki juvon yig'lasa, birga yig'ladi. Biroq charchamadi. Aksincha ruhan yengil tortdi. Atigi uch kunda ko'cha hayotiga ham ko'nikibdi. O'zi hech qachon ko'rmagan, tillashmagan odamlar bilan zumda tanishib, chaqchaqlashaverdi, dardlashaverdi, o'z anduhlarini ichga yutib bo'lsa-da, ularning dardiga malham qidiraverdi.

Nihoyat vaqt shomdan og'ib, ota-bola yolg'iz qolishdi. Shu tobda mirobning ham kayfi chog' edi. Falokatga yo'liqqandan beri ilk bor yarim jon qaddini tik tutib, Sevinchga mayin jilmaydi. Xijolati ortdimi, yuzidagi oqish dog'larni kaftlari bilan yashirib oldi.

Sevinch otasining mamnunligini ko'rgach, yana bir qop semirdi. Tezroq ijara uyga yetgisi, ovqatga unnagisi, yo'q, oldin otasi kulganini aytib uy bekasi Marjon kampirga maqtangisi keldi. Shu niyatda aravachani oldinga yetakladi. Negadir Meliboy mirob bilaklarini mahkam ushlab oldi. U Sevinchning sumkasidagi qog'oz-ruchkaga ishora qila boshladi.

— Uf-f, dadajon, uyga yetvolsak bo'lmaydimi? — norozilandi Sevinch. — Qarang, qorong'i tushib qoldi! Maylimi? Uyga borgandan keyin obersam bo'ladimi qog'oz-ruchkangizni?

Meliboy mirob norozi bosh chayqab, iltimosini ado etishga undayvergach, sumkani kovlashtirib, so'raganlarini qo'liga tutqazishga majbur bo'ldi.

Mirob bu gal juda shoshardi. Atrof nimqorong'i ekaniga qarab o'tirmadi. Bir nechta satrlarni qog'ozga tushirdi-da, qiziga tutqazdi.

U quyidagi jumlalarni qog'ozga tushirgandi:

«Hozir qiyomat bo'ladi. Tolibning holiga maymunlar yig'laydi. Uni quvib kelishyapti. G'animlari Tolibning boshiga yetish harakatiga tushgan. Ketishga shoshilma! Uning ahvolini o'z ko'zing bilan ko'r!..»

Meliboy mirob bitiklariga ishonqiramay javdiray boshlagan qiziga qarab o'z fikrlarini bosh qimirlatish bilan ma'qullab qo'ydi.

Shundan so'ng oradan ikki daqiqacha vaqt o'tdi. Bir mahal ular tomon bir nechta mashina quvlashib kela boshladi. Mashinalar shu qadar tez kelardiki, Sevinch qanday aravachaga yopishib panaga olganini payqamay qoldi.

Oldinda kelayotgan qora «Volga» ko'prik tugagan joyga yetganda, o'ngga qayrildi. Afsuski, katta tezlik xavfsiz burilishga yo'l bermadi. Mashina bir necha marta ag'darila-ag'darila yo'l chetiga chiqib ketdi. Qolgan mashinalar esa birdan to'xtab, chamasi o'n chog'li barzangi pastga tushdi va ag'darilgan mashina tarafga tek qarab qoldi.

«Volga»ning g'ildiraklari motor ishlab turgani bois hanuz g'iz-g'iz aylanardi. Ammo ichidan hech kim chiqa qolmas, tovush ham bermasdi.

— Tolibni xudo rahmatiga olgan bo'lsin! — dedi barzangilardan biri. — Abjag'i chiqib ketgan, xavotir olmalaring! Endi u iflos yo'q, bo'lmaydiyam! Xo'sh, ketdikmi?

Yonidagilar taklifni ma'qullab bosh irg'agach, barcha mashinalarga o'tirdi.

Ular jo'nab ketishdi. Sevinch esa baqraygancha ko'prik ustuni panasida turar, a'zoyi badani dag'-dag' titrardi.

Meliboy mirob to'satdan Sevinch tomon o'girildi-da, qo'li bilan «Bor» ishorasini qila boshladi.

— Y-yo'-o'q, qo'rqaman, dada, — aravacha tutqichini yanada mahkamroq ushlab oldi Sevinch. — Hozir yonib ketadi mashina. Ichida…

— M-m-m-m… A-a-a-a!!! — ladi mirob noroziligini ohang yordamida bildirishga urinib.

— O'lib qolgan bo'lsa-chi? Men… O'liklardan qo'rqaman!

Mirob boshi bilan «O'lmagan» degan kabi belgi berdi. Shundan keyingina Sevinch aravachani ehtiyotkorlik bilan oldinga g'ildiratib ag'darilgan mashinaga yaqin bordi. Bordi-yu, kimningdir mashina ichidan «voy»layotgani qulog'iga chalindi. Bu Tolibning tovushi edi. Eshitib, Sevinchning yuragi entikdi. To'satdan isitmasi ko'tarilgan banda kabi peshonasini marjon-marjon ter bosdi. Entikish bo'g'ziga qadar egallab oldi. Nimadir demoqchi, Tolibga ovoz bermoqchi bo'ldi. Uddalay bilmadi. Tili kalovlanib qolaverdi. Shunda Sevinch g'ildirab ketmasligi uchun aravacha g'ildiragiga tosh tirab qo'ydi-da, tavakkal mashinaga juda yaqin borib, oynalarini mushtlay boshladi.

— Tolib aka, tirikmisiz? — Sevinchning o'zini yig'ishtirib olgach, ilk tiliga ko'chirgan so'zlari shu bo'ldi.

Salondan bir necha kishining baravar ihlagani eshitildi.

Sevinchning yuragi hapriqdi. O'pkasi to'lib hiqillagancha mashina eshigini ochishga urina boshladi. Baxtga qarshi sira kuchi yeta qolmadi. Bir necha o'n karra eshikni o'ziga torta-torta, charchab, yerga o'tirib qoldi.

Mirob ham naridan turib nuqul turli-tuman tovushlar berar, Tolibning tirik ekaniga sha'ma qilardi.

— Dada-a, — deya yig'i aralash qichqirdi Sevinch alamiga chidolmay. — Ocholmayapman eshikni, ocholmayapman! Tolib akam o'lib qoladi hozir, o'lib! Nima qilay-y?

Meliboy mirobning toqati toq bo'ldimi, aravachani zarda bilan o'zi g'ildiratib keldi va Sevinchni turtib o'rnidan qo'zg'alishga undadi.

Qiz ota daldasi ta'sirida qayta o'rnidan turdi-yu, tag'in mashina eshiklarini ochish harakatida bo'ldi.

Bu safar harakatlari zoe ketmadi. Eshikni qiynala-siqtala arang ocha oldi. Tolibni qo'llaridan mahkam changallagancha tashqariga sudradi. Kiyimlari qonga botishiga-da qarab o'tirmadi. Ketidan sheriklarini sudrab yo'l chetiga olib chiqdi. Talvasa ichida ikki shotiri allaqachon jon taslim qilganiga e'tibor qilmadi. Olib chiqqanlarining barchasi tirik insonlar deya tasavvur qildi. Vaziyat bundan boshqacha kechishi mumkin ham emasdi.

— Siz… Siz Tolib akamlarga qarab turing, — otasiga tayinladi Sevinch beixtiyor yo'lga otlanarkan. — Men… Otajon, do'xtir topib kelaman, do'xtir! Tuzukmi? Qarab turasizmi?..

Sevinch ota javobini kutishga sabri chidamay, mirob to bosh qimirlatib rozilik berguncha shahar ichkarisiga yugurib ketgandi. To'xtamasdi. Nuqul yugurardi. Tolibning ko'p qon yo'qotishi, jon berib qo'yishini tasavvur etgani sayin tezroq chopar, qanday bo'lmasin, tezroq vrach topishni xohlardi…

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

loading...