ALAMZADA… (24-qism)

0

 

 

* * *

 

Tolib uni tuman markazidagi allakimning shohona uyiga olib bordi. Bu uyni Sevinch umri bino bo'lib ko'rmagandi. Egalarini ham tanimadi.

Faqat alohida xonaga kira boshlashganda, yuragi beixtiyor g'ash tortdi.

Qandaydir falokatni ko'ngli oldindan sezgan kabi eti jimirlab ketdi.

Sevinch tahlika iskanjasida yer ostidan Tolibga boqdi. Uning ko'z qarashlari, o'zini tutishida hech qanday o'zgarish sezmagach, picha tinchlangandek bo'ldi.

Xona o'rtasiga xontaxta qo'yilib, turli noz-ne'mat, ichkiliklar bilan bezatilibdi.

Tolib uni to'rga taklif etdi.

— Qani, o'tir, — dedi hamon sovuqqonlik bilan. — Mana shu yerda hammasini gaplashib olamiz!

Sevinch battar hayrati ortib itoat bilan ko'rsatilgan joyga cho'kdi.

Tolib esa shosha-pisha egnidagi kostyumni yechib, shkafga ildi-da, ortga qaytib, shampan sharobi to'la shisha qopqog'ini juda ustalik bilan ochdi va ikkita qadahga quydi.

— Ma, buni qo'lingga ol! — qadahni Sevinchga uzatdi Tolib. — Olaver, qo'rqma! Bu shampan vinosi xolos.

— Yo'-o'q, men… Ichmayman unaqa narsalarni! — gavdasini orqaga tashladi Sevinch. — Y-yo'q…

— Xo'p, qo'lingga ol hech bo'lmasa!

Sevinch majburan qadahni qo'liga olib xontaxta ustiga qo'ydi.

— Sen bir gapimni yaxshilab yodlab ol, — dedi Tolib qovoq uyib. — Qo'lga olgan narsani hech qachon qaytib yerga tashlashga odatlanma! Bu baxtsizlik, omadsizlik belgisi! Shuni bilasanmi?

Sevinch yelka qisib bosh egdi.

— Unda ol, — tezlashda davom etdi Tolib. — Qadahni qo'lingga ol!

— Yo'q, — dedi Sevinch yer chizib. — Men… Siz o'ylagan qizlardanmasman.

— Meni sevasanmi?

Bu savol quloqlari ostida jaranglagani hamono Sevinch to'satdan boshini ko'tarib, Tolibga boqdi. Ammo shu zahoti nigohlarini tortib olib, qaytadan bosh egdi. Yuzlari lov-lov yonib, yonoqlarigacha qizarib ketdi. Tolib esa javob kutardi. Axir… Qanday aytsin? Qay yuz bilan to'g'ri javobni bersin? Nima desin? Bunday lahzalarda odobli qizlar qanday yo'l tutadilar? Yuragi to'kilay deyapti-ku! Tolibning bir og'iz savoli a'zoyi badanini titratib yubordi-ku! Bu savol ko'ngliga moydek yoqib tushdi-ku! Qaniydi ixtiyori qo'lida bo'lsa, shartta rostini aytsa! «Ha, sevaman» desa-yu, yovvoyi, qaysar muhabbatining ko'ksiga bosh qo'yib olsa! Afsuski, unday qila olmaydi. Ibo, andisha sira yo'l bermaydi. Biroq «yo'q» deyishga-da, cho'chimoqda. Chunki bu savolni juda uzoq kutgan…

Sevinch aytajak javobini tiliga ko'chirmay, amalda ko'rsatishga qaror qildi. Qadahni tavakkal qo'liga oldi-da, sharobni ichdi.

— O', rahmat, rahmat! — sharobning achchiq ta'mi ko'nglini buzgan qizning o'qchiganiga e'tibor qilmay, chapak chalib yubordi Tolib. — Bilardim, ishonardim! Barakalla!

Shunday dedi-da, o'zi ham qadahni oxirigacha bo'shatdi. So'ngra bir chetda turgan konyakni qo'liga olib qadahlarga quydi.

— Sevinch, — dedi yarimlatib konyak quyilgan qadahni tutqazarkan Tolib. — Javobing negadir ishonarli chiqmadi. Ochig'i, unchaligam ishonqiramadim. Masalan… Menga kelsak, seni sevaman, ishon! Agar sevmasam, shuncha joydan seni qidirib kelmasdim. Fe'limni bilasan-ku!..

Eh, bunchalar totli bo'lmasa sevgi izhori? Sevinch uchun ikki qultum sharob kuchidan sarxushlar dunyosida keza boshlagani bir taraf, Tolibning ko'ngil izhori sababli go'yo yettinchi osmoniga parvoz qila boshlagani bir taraf bo'ldi. Yarim, nozik, o'ksik ko'ngli shu qadar tez fursatda erib ketdiki, Tolib tutqazgan konyakdan ham ho'plab qo'yganini sezmay qoldi. Ho'pladi-yu, tag'in o'qchib, boshini pastga egib oldi. Shunda uzun sochlari ichra chumoli kabi ohista o'rmalayotgan barmoqlar taftini tuydi.

Bu Tolib edi. U Sevinchni mahkam quchgancha sochlarini siypalar, hirs bilan o'pardi…

Tong asta-sekinlik bilan yorishib kela boshladi. Dunyo uyg'onganidan quvonib, daraxt, butalardagi inidan chiqqan qushlar chug'urlab qoldi.

Shu tobda Sevinch azador ayol kabi sochlari yoyilgan, yuzlari siniqqan, qovoqlari shishgan, qaddi egilgan holda karavotda pishillab uxlayotgan Tolibga alam bilan termilardi. Vujudiga chippa yopishgan qora dog' a'zoyi badanini qiynoqqa solar, hali zamon joni chiqib ketishi muqarrar bemor kabi nuqul chor atrofga javdirab, iyak qoqardi.

Bu o'tirishi uzoqqa cho'zilmadi. Tong bilan hamnafas qalbi beixtiyor uyg'onib, qayta-qayta entikdi. Kutilmaganda o'pkasi to'lib keldi. Unsiz yig'lamoqchi bo'ldi. Vujudini chirmab turgan qora dog' bo'g'ziga tiqildi.

Sevinch telbalarcha o'rnidan qo'zg'aldi-da, Tolibning tepasiga bordi. Shayton amriga bo'ysunmoqqa, baxtining, kelajagining kushandasini bo'g'ib o'ldirmoqqa shaylandi. Ammo qo'rquv ustunlik qildi. Uni bo'g'ishga, jon taslim qilayotganiga guvoh bo'lishga yuragi dov bermadi.

Nima qilishni, qanday yo'l tutishni idrok eta olmay, xona ichini aylana boshladi. Qur-qur xona devorlariga boshini ura-ura yorishni, qora qonga bo'yalishni xohladi. Bu fikridan ham qaytdi. Aylana-aylana yana Tolibning tepasiga bordi. Qaqshagancha bir muddat unga tikilib turdi-da, jahd bilan ustidagi ko'rpachani yulqib oldi. Tolib seskanib uyg'ondi va ko'zlarini ishqalay-ishqalay, Sevinchga hayron bo'lib boqdi. Aftidan hammasini tushunib yetdi. Lekin sezdirmadi. O'zini anqovlanganga olib bosh irg'agan ko'yi «Nima qildi senga?» demoqchidek bo'ldi. Sevinch esa hanuz qaqshardi. Uzun sochlari yoyilgandan yoyilib bergandi. Ular yuzlariga qadar to'sib, bekasining nafratini, alamini, armonlarini oshkor etib turardi.

— Iflo-os!!! — to'satdan, qichqirib yubordi Sevinch. — Nimalar qilib qo'yding? Nega? Qaysi gunohim uchun? Bet bormi o'zi senda, maraz? Endi nima qilaman? Kimga dod deyman? Otajonimning ko'ziga qanday qarayman? Kimga kerakma-an, kimga-a???

— Jim! Jim! Sekinroq! — Tolib uning qichqirig'idan cho'chib uyg'ondi-yu, shartta o'rnidan turdi-da, hovliqib Sevinchning og'zini kaftlari bilan yopib, majburan karavotga o'tqazdi. — Eshitib qolishmasin! Hammasini hal qilamiz! Hammasi yaxshi bo'ladi, jonim!

— Meni jonim dema! — og'zi yopiq bo'lsa-da, alamini amal-taqal Tolibga socha oldi Sevinch. — Q-qo'yvor!..

— Baqirmasang, qo'yvoraman! Baqirmaysanmi? Axir, yosh bolamassan-ku! Kap-katta qizsan-ku! O'zingni bosgin!

Sevinch ortiq kuchi qolmaganidanmi, yo Tolibning ovutishi ta'sir qildimi, jim bo'ldi. Shundan keyingina Tolib uning og'zidan kaftlarini tortib oldi.

— Tushungin, — uqtira boshladi Tolib Sevinchning tinchlanganidan foydalanib. — Biz sen o'ylaganchalik qo'rqinchli ish qilmadik. Erkak bilan ayol o'rtasida bo'lishi kerak bunaqa ish. «Tem bolee» biz bir-birimizni sevamiz. Yo noto'g'rimi? Ayt, sevasanmi meni? Sevmaysanmi?

— Siz meni rasvo qildingiz, — dedi yig'i aralash Sevinch. — Sharmanda bo'ldim! Abgor bo'ldim! Xudoyim, senga nima yomonlik qilgandim? Nimaga nuqul sho'rimga sho'rva to'kaverasan? Undan ko'ra jonimni olib qo'ya qolsang bo'lmaydimi?

— Bo'ldi, bo'ldi, tinchlan! — uning yelkasidan quchib oldi Tolib. — Mana ko'rasan, hammasi yaxshi bo'ladi. Men sening yuzingni qora qilib qo'ymayman, ishon!

— Siz-a? — Tolibga yalt etib boqdi Sevinch. Bu boqish ortidan qahratondan-da qattolroq nafrat ufurardi. — Siz yuzimni qora qilmaysizmi? Qora qilib bo'ldingiz-ku!

— Senga uylanaman, — dedi Tolib gavdasini xiyol orqaga tashlab. — Ishonmaysanmi uylanishimga?

Shu birgina gap Sevinchning darz ketgan qalbiga malham surgan kabi juda yoqimli kechdi.

Ko'zlari katta-katta ochilib, Tolib tomon bosh burdi. Uzun kipriklari tezroq pirpiray boshladi. Yig'lashdan to'xtadi. Yurak urishi yanada tezlashdi. Ko'nglining allaqaerida yovvoyi umid uchqunlagandek bo'ldi.

To'pori tasavvurida bir zumdayoq bo'y yetgan qizlar orzusidagi oppoq kelin ko'ylak, ko'rganga ko'z-ko'z qilsa arzigulik sersavlat kuyov, o'zgacha havas bilan boqib turgan olomon chir-chir aylanaverdi. Hatto, vujudini chirmagan vahima, tahlika, tushkunlik, nafrat azobi nari chekindi.

— Rostdanmi? — so'radi soddalarcha ko'z yoshlarini artib. — Rostdan uylanasizmi?

— Qiziqsan-a, Sevinch, — dedi Tolib uning ko'zlariga tik boqib. — Albatta uylanaman. Shuning uchun haligiday… Umuman, maqsadim ham shu edi. Mana, hammasi ravshan bo'ldi. Faqat… Bir «no» tarafi bor-da!

— U nima degani? Tushunmadim.

— Muammo bor demoqchiman.

— Qanaqa muammo? Nimaykan?

— Dadangdan xavotirdaman. U bilsa, xabar topsa, nima derkin? Rozi bo'larmikan?

— Rozi bo'ladi dadam, — dedi Sevinch ishonch bilan boshini baland ko'tarib. — Dadam bebaho odam. Hech qachon menga yomonlik tilamaydi.

— Shunday-ku-ya, lekin hozir vaziyat boshqa-da! Men otdan tushganman, boyliklar ham joyini topib ketdi hisob. Qisqasi, ilgarigi Tolib emasman. Agar oldingi holim bo'lganda, ishonishim mumkin edi. Chunki boboy ilojsiz rozi bo'lardi.

— Dadam hech qachon birovning zo'rligi, boyligiga qarab ish tutmagan, — gapni kesdi Sevinch. — Mening dadam mag'rur odam. Birovdan qo'rqmaganam.

— O'zing-chi? O'zing qanaqasan? Boylikka o'chmisan?

— Meni haqorat qilmang!

— Uzr, bir so'radim-da!.. Mayli, endi gapni eshit, xullas, to'yni yanagi yilga qoldirib turamiz.

— Nega? Tinchlikmi?

— Bu yil o'tib bo'ldi hisob. Nari borsa, uch oy qoldi-da! Vaqt juda qisqa. Men shu muddat ichida o'zimni qaytadan o'nglab olishim kerak. Tushunyapsanmi? Mavqeimni qaytarmasam bo'lmaydi.

— Men-chi? — qoshlarini chimirib Tolibga boqdi Sevinch. — Men nima qilaman? Axir…

— Senmi? — Tolib birpas bosh qashib turdi-da, Sevinchning ikki yelkasidan tutdi. — Dadang bilan birga menikiga ketasizlar. O'sha yerda yashab turasizlar. Bahor kelishi bilan to'yni boshlaymiz. Ungacha menam ishlarimni yo'lga qo'yvolaman.

— Aldamaysizmi?

Tolib bu savolni eshitib, Sevinchni qo'yib yubordi-da, o'rnidan turib ketdi.

— Haddingdan oshma, Sevinch, — dedi u bosh chayqab. — Haliyam meni tanib ololmadingmi?

— Tushundim, bo'ldi, boshqa so'ramayman! Ishondim, ishondim!

Sevinch beixtiyor erib o'rnidan qo'zg'aldi va Tolibning bo'yniga osildi.

— Bilib qo'ying, boshqa qizlarga qarash yo'-o'q!

Tolib unga javoban zo'rg'a tirjayish qildi va og'ir xo'rsinib nari ketdi.

 

* * *

 

Sevinch Tolibga qattiq ishonardi. Ammo ichidan zil ketardi. Muhabbatning bu taxlit tugashini sira kutmagandi. Hadeganda ko'z o'ngida otasining ma'yus va dardli chehrasi, sinfdosh, tengqur qizlar gavdalanardi. Ular nuqul Sevinchga uzoqdan barmoq o'qtalishar, o'zaro pichir-pichir qilishar, shu yo'l bilan uni masxaralashardi. Qo'shni xotinlar esa Sevinchni qoralab, tanbeh berib, ayblab charchashmasdi.

Tasavvuri qishloq ko'chalarini kezishga majbur etardi. Kezardi-yu, go'yo hech kim u tomonga qarashni, salomlashishni, dardlashishni xohlamayotgandek tuyulardi. Tasodifan duch kelgan jajji qizaloq ham xuddi Sevinchning fojiasidan xabardordek shartta yuz o'girib ketardi…

«Endi nima qilaman? — yana xo'rsiniq aralash qayg'uga botgancha o'ylay boshladi Sevinch. — Enam rahmatli xabar topgandir qilmishimdan. Go'rida tik turgandir. Qanday qabih ekanman-a! Nomusimni o'z qo'llarim bilan poymol qildim. Qishloqdagilarning ko'ziga qanday qarayman? Rang-ro'yimdan sezib qolishsa, bu sharmandalikka qanday chidayman? Yo'q, qolmayman qiщloqda, qolmayman. Dadamga yalinaman, yolvoraman, nima qilib bo'lmasin, Tolib akanikiga ketishga ko'ndiraman. Bundan boshqa yo'l yo'q. To yuzim yorug' bo'lmaguncha qaytmayman. Shaharda yuraveraman. Tolib akam aytdi-ku, ishontirdi-ku! Tashlab qo'ymaydi. Meni sevadi, ha, sevadi. Aks holda rostdanam shuncha joydan meni qidirib kelmasdi. Demak, sevadi, sevadi, sevadi!!!»

— Tolib aka, bizni tezroq olib keting, — dedi da'fatan Sevinch. — Iltimos, tezroq ketaylik shaharga!

— Nima bo'ldi? Nega paytavangga qurt tushib qoldi? — so'radi Tolib masxaomuzroq ohangda. — Tinchlikmi? Yo o'ylab qo'ygan rejalaring bormi?

— Yo'q, shunchaki… Qishloqdan tezroq ketgim bor. Odamlardan… E, siz qishloq odamlarini bilmaysiz. Gap-so'z qilib yuborishadi!

— Tushundim, — dedi Tolib birdan jiddiylashib. — Sen haqsan. Olib ketaman, albatta ketamiz. Qani, uyoq-buyog'ingni to'g'rilab ol! Tezroq bo'l! Hoziroq borib boboyni olamiz-u, jo'naymiz! Qolgan gaplarni yo'l-yo'lakay gaplashib olaveramiz. To'xta, anavi nusxaga qo'ng'iroq qilay-chi!

Tolib zalga o'tdi-da, go'shakni ko'tarib Farg'ona shahridagi eski hamtovog'iga qo'ng'iroq qildi. Baxtga qarshi javob bo'lmadi.

— Iflos! — tizzasiga mushtlab so'kindi Tolib. — Ko'rdingmi, otdan tushsang, tamom ekan!?. Kechagina yalog'imni yalashga shay turganlarga endi go'shakni ko'tarisham malol kelyapti. O'zicha mensimayapti. Itdan tarqagan, marazlar! Hali qarab tursin bular! Oyog'imni o'ptirmasammi!?.

— Qo'yavering, — Sevinch o'tirgan yerida Tolibga dalda bergan bo'ldi. — Odamlar o'zi shunaqa bo'lishadi. Parvo qilmang! Ikkimiz ittifoq bo'lsak, bas, hammasi joyiga tushadi.

Tolib ilkis bosh burib Sevinchga sovuq boqdi. Nimadir demoqchi, aftidan koyimoqchi bo'ldi. Lekin tiliga ko'chirmadi. Alamini mushtlari yordamida oshkor etmoqchidek, deraza tokchasini zarb bilan mushtlab-mushtlab oldi. Shundan keyingina tashqariga yurdi. Sevinch ham bir so'z demay unga ergashdi.

Hovlidagi manzara Sevinch tasavvur qilgandan-da beshbattar edi. Tok ostiga qo'yilgan so'ri ro'parasidan Meliboy mirob joy olibdi. Uning ko'zlari jiqqa yoshga to'lgan, peslik nuqsi urgan qo'llarini oq chit ro'mol bilan yopib, tasbeh o'girar, qur-qur xo'rsinib olardi.

So'rida esa yaqin qarindosh, qo'shni ayollar davra qurib o'tirishardi. Sevinch Tolibga ergashib kirib kelganini ko'rishdi-yu, birinchi bo'lib Faxrinisa xolasi so'ridan tushdi. U Sevinchning oldini to'sdi-da, ikki qo'lini beliga tiradi. Ayolning ko'zlaridan yosh dumalar, ko'ksi bilinar-bilinmas titrardi.

— Qay go'rda sang'ib yuribsan? — dag'dag'a aralash so'radi xolasi lab burib. — Gapir, sayoq, gapir!

Shu orada Meliboy mirob aravachasini sekin g'ildiratib keldi-da, xola-jiyanning orasiga kirdi va Faxrinisaga javdirab, g'o'dirlagancha qizini urishmaslikka unday boshladi.

— Pochcha, siz tek turing, — asabiy shivirladi Faxrinisa. — Qizingizning boshida tegirmon tosh yurgizmayapman-ku! Yo so'rab ham bo'lmaydimi? Axir, o'zingizam tuni bilan mijja qoqmadingiz! Nega endi himoya qilyapsiz?

Mirob boshini eggan ko'yi yer ostidan Tolibga g'azabnok nigoh tashladi-yu, Faxrinisani tushungan kabi aravachasini ortga surdi.

— Xo'sh, gapirmaysanmi? — jiyanini tergashda davom etdi Faxrinisa. — Qaylarda yuribsan? Bizni o'ylamadingmi? Sen hali shunaqa behayomiding?

— Siz, kennoyi, o'zingizni bosvoling, — Tolib kutilmaganda Sevinchning oldini to'sdi. — Namuncha qichqiraverasiz? Shallaqilik ham evi bilan-da! Sevinch men bilan birgaydi! Xo'sh, gap bormi?

Faxrinisa Tolibni o'tgan gal ko'rgani, kimligidan xabardor bo'lgani boismi, hiyla past tushdi. Ammo so'zini ham berib qo'ygisi kelmadi.

— Siz bilan birga bo'lsa, nima qilganini bilsak bo'lar, axir, inim! Har holda jigarimiz! Bu yerda bo'larimiz bo'ldi-ku!

Haqiqatan, hozirgi vaziyat juda qaltis edi. Garchi shaharda ulg'aygan, umrida bu kabi holatlarga duch kelib o'rganmagan, mahalla, qarindosh-urug', nomus neligini bilmay o'sgan bo'lsa-da, Tolib nimanidir tushungandek edi. Hech bo'lmaganda Sevinchning sharmanda bo'lishi muqarrarligini anglab yetgandi. Shu sababli hovlidagilarga sir boy berishni xohlamadi. Avval so'ridagilarga bir-bir sovuq tikilib oldi. Bu bilan vajohatini, qaytmasligini, qudratini qishloqliklarga namoyish qilgan bo'ldi. So'ngra qaytadan Faxrinisaga yuzlandi.

— Nima qilganini bilgingiz kelyaptimi judayam? — mag'rur savol tashladi u. — Ayting, judayam bilgingiz kelyaptimi?

— Ha, — javob qildi Faxrinisa yuzini ters burib. — Bilgimiz kelyapti.

— Sevinch mening yaqin qarindoshlarimnikida qiz oshidaydi. U yerga kazo-kazolarning xotinlari, singillari kelishgan. Menam Sevinchni singlim deb tanishtirdim. Xo'sh, buning nimasi yomon? Ko'ngil yozdi, yayradi, dam oldi. Bir umr shu katalakday hovlida biqinib o'tirmaydi-ku!..

So'rida o'tirgan qo'shni kampirlarning biri Tolibning dag'dag'asidan achchiqlandimi, beixtiyor o'tirgan yerida javrab berdi:

— Bizning qishloq qizlari-chi, duch kelganga singil tutinib ketavermasdi, bildingizmi?! Og'zingizga kelgan gapni gapiraverarkansiz-da!

Tolib kampirning gapini eshitgani hamono so'ri tomon bir qadam tashladi. Uning vajohatini ko'rib yuragi yorilayozgan Faxrinisa bir hatlab yo'lini to'sdi.

— Inim, kechiring enamizni! Bilmay gapirib qo'ydi-da! Nima bo'lsayam qari odam-da, inim! Sizga ishonamiz, ishonamiz! Yaxshiyam siz borakansiz!

Tolib indamadi. Ilkis mirob tarafga burildi-da, aravachaning ikki tutqichini changalladi.

— Boboy, qani, otlaning, — dedi qovog'idan qor yog'ilayotgan mirobga tik boqib. — Sezib turibman, meni Ko'rishga ko'zingiz, otishga o'qingiz yo'q. Ammo hozir ketmasak bo'lmaydi. Menikida yashab turasizlar! Hamma narsa bor. Nimaydi?.. Ha, kasalingizniyam katta do'xtirlarga ko'rsatamiz! Qani, bo'la qoling, boboy!

Meliboy mirob bir necha o'n soniya Tolibga sovuq qarab turdi-da, yonboshdan qog'oz-qalam olib, quyidagi jumlalarni bitdi:

«Inim, mayli, qilar ishni qilib bo'ldingiz! Bu hunaringiz uchun o'la o'lgunimcha sizni qarg'ab o'taman, ha. Ammo taklifingizga yo'q demayman. Qizimning ko'ngli o'ksisa, chiday olmayman. Faqat aytib qo'yay, juda tez fursatda yana qudratingiz o'zingizga qaytay deb turibdi. Basharti shunda qizim sho'rlikning ko'zidan bir tomchi yosh dumalatsangiz, ikki qo'lim yoqangizda bo'ladi! Shu gaplarimni hech qachon esingizdan chiqarmang! Endi bizni boshlang o'sha shahringizga!»

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

loading...