ALAMZADA… (25-qism)

0

 

 

* * *

 

… Mana, shaharga kelganlariga ham bir haftadan oshdi. Biroq bu tashrif Sevinchga quvonch baxsh etmadi. Tolib unga nisbatan yanada sovuqqon bo'lib qoldi. Deyarli e'tibor ham bermay qo'ydi. Qaerlargadir chiqib ketib, yarim tunda qaytsa-da, birinchi palladagi kabi deraza qarshisida to'xtamadi, sigaret tutatmadi, qalbi muhabbat olovida kuyayotgan qizning vujudiga titroq solmadi.

«U boshqasini topib olgan! Ablah! Aytganlari, va'dalari, ovutishlari bekor ekan-da! Nima bo'ladi endi? Kimga dodimni aytaman? Qay devorga bosh urib yig'layman?..»

Sevinchning miyasini faqat shunday o'ylar band etgandi. Turli vahimalar bag'rini ezib, ich-etini yerdi.

Shu ahvolda yarim kechasi derazadan tashqariga hissiz tikilib o'tirganda, to'satdan tashqarida Tolibning qorasi ko'rindi. U darvozani tambalab, atayinmi, yo o'zi sezmagan holdami, Sevinchlar joylashgan xona derazasi tomon yurdi.

Qizning yuragi potirlab dast o'rnidan turdi va hiqillay boshladi. Qo'yib berishsa, deraza oynasini sindirib, o'zini tashqariga otar bo'ldi.

Tolib asta yurib keldi-da, qorong'ilikda ichkaridagi Sevinchni tanib tashqariga imladi.

Qanday rad etsin?!. Bir zumda yana ko'nglidagi tumanlar tarqab, beixtiyor jilmaydi-yu, ehtiyot shart otasi uxlayotgan karavotga nazar tashlab qo'yib o'zini tashqariga urdi.

— Mendan xafamisan? — so'radi Tolib qorong'ilikda Sevinchning ikki yelkasidan tutib. — Nega jimsan?

— Y-yo'q, xafamasman, — deya oldi arang Sevinch bu gal negadir Tolibning yelkasiga bosh qo'yishga iymanib. — Sizni kutayotgandim, xolos.

— Senga zo'r topshiriq bor, — dedi Tolib endi qizni qo'yib yuborib. — Ayt, bajarasanmi?

— Nimaykan? Tinchlikmi?

— Tinchlik bo'lsa qaniydi?!. Bilasan-ku, hamma og'aynilar yuz o'girgan. Mana, bugun uy darvozasiniyam o'zim yopdim. Eshityapsanmi, o'zim yopdim!?. Hayotda darvoza yopgan odammasiydim. Nima qilay? Hozir shunday qilishga majburman. Bo'pti, buni qo'yib turaylik. Sen o'zingdan gapir. Bajarasanmi topshiriqni?

— Albatta bajaraman, — dedi Sevinch yer chizib. — Siz aytasiz-u, yo'q derkanmanmi?.. O'zi nima ish, Tolib aka?

— Barakalla, — dedi Tolib Sevinchning yelkasiga qoqib. — Bu javobing zo'r bo'ldi. Qani, yur endi mening xonamga!

— Voy, nega? — Sevinch savol berishga berdi-yu, yuragi shuv etdi. Ishongan, suyangan muhabbatini ranjitib qo'yishi xayoliga kelmaganini anglab qo'rqib ketdi. Shosha-pisha gapini to'g'riladi. — Kechiring, xayolim joyidamasiydi. Boshlay qoling, Tolib aka!

Tashna ko'ngillar visol lazzatiga qondi. Lekin xavotirlar, hadik, nomus azobi yana Sevinchning bag'rini tig'lay boshladi. Har Tolibga yer ostidan qaraganda, o'zidan nafratlanaverdi. Farishtadek pok otasiga boqishni xayollagani sayin to'kilaverdi. Shunga qaramay, qalbi sokin tortdi. O'ziga shunday sherkelbat yorni yo'llagani uchun yaratganga xayolan shukr qildi. Qalban dunyodagi barcha oshiq-ma'shuqlar ular kabi baxtli onlarga oshno bo'lishlarini tiladi. Ikki yuzini kaftlari orasiga olgancha qayta-qayta xo'rsindi. Bu kabi xo'rsiniqlar ham faqat sevgi ummonini makon tutgan ma'shuqalargagina xos edi.

— Endi asosiy gapga o'tamiz, — kutilmaganda o'rnidan turib kelib Sevinchning yonidan joy oldi Tolib. — Tayyormisan?

— Tayyorman, — soddalarcha kulimsirab javob qildi Sevinch. — Aytavering!

— Sen bugunoq qo'shni davlatga jo'nashing kerak.

— N-nima? — Sevinch Tolibning nima demoqchiligini tushunmay, baqraydi. — Jo'nash? Nimaga?

Tolib javob berishdan oldin uning iyagini siqimladi. Shu asnoda boshini o'ziga yaqinlashtirdi-da, qalin qoshlariga bir necha marta «puf»lab qo'ydi.

— Uyoqda mijozlar kutishyapti.

— Qanaqa mijoz? Nima qilishim kerak o'zi?

— Juda bilging kelyaptimi?

— Albatta. Judayam bilgim kelyapti, Tolib aka.

— Unda qulog'ingga quyib ol. Qo'shni davlatdan sen yashirincha narkotik olib o'tasan.

— Nima? Narkotigi nima o'zi?

Tolib Sevinchning bu qadar soddaligidan ensasi qotgan ko'yi boshini changallagancha sovuq kulimsiradi. Ammo darrov qaddini rostlab davom etdi.

— Bunisi bilan ishing bo'lmasin. Men aytgan ishni qil. Axir… Sevgan odam yaqin kishisiga yordam qilishi kerak-ku! Yo noto'g'rimi?

— To'g'ri-ku-ya, lekin o'sha narsaning nimaligini aytmadingiz-ku! Men… Bilmasam…

— Qo'lingga olgandan keyin bilasan. U yerda seni kerakli odamlar kutib olishadi.

— M-meni qanday tanishadi? Men-chi?

— Uyog'i gaplashilgan. Chegaraga borsang, bas, o'zlari seni topishadi.

— Siz-chi? Siz bormaysizmi?

— Vey, Sevinch, keyingi paytda ja sergap bo'p ketyapsan-da! Bu gaping nimasi? Men boradigan bo'lsam, sening nima zarurating bor? Qaaranglar, men-a, men! Men borishim kerakmish! Haliyam kimligimni bilmadi-ya bu qiz! O'ylab gapiryapsanmi? Men kimman o'zi, kimman? Namuncha g'alcha bo'lmasang?

— Xo'p, xo'p, tushundim, boshqa savol bermayman! — dedi Sevinch majburan jilmayish qilib. — Sizning kim ekaningizni juda yaxshi bilaman! Siz-chi, dunyodagi eng zo'r odamsiz! Sizga teng keladigani yo'q! Endi ketsam bo'ladimi?

— Ha, tayyor bo'lib tur, yarim kechasi mashina keladi. Seni chegaragacha olib borib qo'yadi. Uyog'iga ko'ramiz, qanday abjir ekansan. Bilib qo'y, basharti qo'lga tushsang, meni sotish yo'q. Mening ismimni umuman og'zingga olma!

Sevinch bu gapdan so'ng yanada ko'ngli cho'kib asta tashqariga yurdi. Biroq hovliga chiqqach, biroz yumshadi. Xayolida Tolibning tunda erkalab aytgan so'zlari, sevgi izhorlari jonlanib, kulimsirab qo'ydi.

 

* * *

 

Sevinch bo'shishibgina xonaga kirdi. Otasi yana yig'lashga tushibdi. Uning ahvolini ko'rib, ko'ngli buzildi. Ilk bor qanday yupatishni, ko'ngliga taskin berishni bilmay garang bo'ldi. Tiz cho'kib otasining ikki qo'lini mahkam ushladi-da, yuzlariga bosdi. Bu holat Sevinchga o'tgan kunlarni eslatdi, uni kelajak haqida qayta qayg'urishga majbur etdi. Qalbidagi armonlar ko'z yoshlarga evrilib, yuzlarini yuvib tushdi. Vujudida mudray boshlagan nafrat ko'z ochdi. Xayolan qismatga, taqdir charxpalagiga la'natlar o'qidi. Xudodan otasiga yana til, oyoq ato etishini yolvorib so'radi. Meliboy mirob esa qizining ezilayotganini payqab, asta boshini ko'tardi va ko'z yoshlarini ters burilgan holda yengiga arta-arta yonboshdagi qog'ozni oldi-da, Sevinchga tutqazdi.

«Qizim, boshingga tushgan tashvishlar menga ayon, — deyilgandi bitikda. — Nima qilay? Xudoyim meni tildan, oyoqdan qisib qo'ydi. Seni xo'rlagan, nomusingni yer bilan bitta qilganlarga qarshi qo'l ko'tara olmayman. Biroq haliyam seni jonimdan yaxshi ko'raman. Shuning uchun aytib qo'yay, Tolibga ishonma. U seni sevmaydi, qizim, sevmaydi. Sen sho'rlik nafs va nahs qurboniga aylanding xolos. Mana, bugungi gapi, topshirig'idan ham niyatini anglab olsang bo'ladi. Narkotik degani oq og'u, qizim! Qo'lga tushsang, qamalib ketasan. U iflosga esa buning qizig'i yo'q. Sening panangda boyishni, berkinishni, sendan quldek foydalanishni istaydi. Birdan bir maqsadi shu.. Jon qizim, ko'zingni och, hali juda yoshsan. Intiqom payti yetganini idrok et. Bu safar sen uchun rostakamiga imkon eshigi ochildi. Fursatni qo'ldan berma! O'zingni ehtiyot qil!..»

Sevinch maktubni o'qib bo'ldi-yu, bo'shashgancha polga o'tirib qoldi. Qaytadan Tolibning birga vaqt o'tkazgandagi tashqi qiyofasi, o'zini tutishi, gap-so'zlarini esga oldi. Negadir unga ishongisi kelaverdi. Otasining bitiklarini alamga yo'yaverdi. «Dadam mana bunday ahvolga tushib qolganiga kuyadi, Tolibni kechira olmaydi. Shu sababli mening u bilan turmush qurishimni xohlamaydi», degan o'y miyasida aylanaverdi. Lekin qalb aldamaydi. Sevinchning qalbi uyg'onish pallasida edi. Bu galgi uyg'onish hali oqni qoradan ajrata olmaydigan hurkak qizni butkul boshqa qiyofaga kiritishi, yo'lga otlantirishi, mirob tayinlaganidek, intiqom sari undashi tayin edi. Shunday bo'ldi ham. Sevinch da'fatan sergak tortdi. Qizlik nomusi boy berilganini so'nggi bor tasavvur etdi. Alam va xo'rlik tufayli to'kilgan ko'z yoshlari boshqatdan kipriklariga qo'ngandek bo'ldi. Dast o'rnidan turdi-da, deraza qarshisiga bordi. Shu tobda dunyo ko'zlariga juda-juda tordek ko'rinib ketdi. O'zini hech kimga keraksizdek his etdi. Qiz boshi bilan mushtlari tugilib keldi. Yuragi tezroq urdi. Lablari qimtindi. Bo'g'ziga tiqila boshlagan xo'rsiniqlar unsiz faryodga aylandi. Oh tortish bahonasida Tolibning asl basharasini bir necha marotaba chamalab ko'rdi. Hech qachon to'y bo'lmasligi, u faqat ko'ngilxushlik uchun, shaxsiy maqsadi yo'lida birga bo'lish tarafdori ekaniga amin bo'la bordi. Bora-bora ichki tug'yon kuchaygandan kuchaydi. Sevinch qo'liga qurol olish, oldinga intilishga shay askar kabi beixtiyor eshik tomon talpindi. Ammo darhol ortga qaytib otasining aravachasiga yaqinlashdi. Mirobning ko'zlaridan qalbi bergan sadolar haqiqat ekanini uqmoqni istadi. Ota bu niyatini payqadimi, qiziga xomush tikilgancha bosh irg'ab qo'ydi.

— Dadajon, siz haqsiz, — dedi nihoyat Sevinch yig'lamsirab. — Bu zo'ravon ikkimizniyam badnom qildi. Biz hech kimga keraksiz bo'ldik. Biroq u chuchvarani xom sanabdi. Uyimiz yongan kuni aytgan gaplarim gap, dada! Faqat meni duo qilib turing! Shunday duo qilingki, men ifloslar qurshovida qolmay, pastkashlarga tutqun bo'lmay, zo'rlar qo'ygan to'siqlarga qoqilmay! Mensiz xafa bo'lmay o'tiring, jon dada! Men albatta g'olib bo'laman! Enam rahmatlining arvohi hurmati, siz va o'zim uchun Tolibdan albatta o'ch olaman. O'shanda u itday xor bo'ladi, poyingizga tiz cho'kib bir burda non so'ratmasam, odam emasman, dada!

Shunday dedi-yu, Sevinch yig'lab yubordi. Otasining qo'l cho'zib yupatishlari, sochlarini asabiy silashlariga-da e'tibor qilmadi. E'tibor qila bilmadi. Shu ko'yi uzoq vaqt yum-yum yig'ladi. Keyin esa hushyorlanib, otasining ko'ksiga birpas bosh qo'yib o'tirgan bo'ldi-da, o'rnidan turdi va yo'l tadorigini ko'rish ilinjida boshqa xonaga o'tdi…

Tun cho'kdi. Tashqarida mashinaning bir marta cho'zib signal chalgani quloqni qomatga keltirayozdi. Sevinch uchun bu tovush go'yo qiyomatdan darak beruvchi yoqimsiz va sovuq sasni eslatardi. Shu sabablimi, eshitgani hamono bir necha marotaba seskanib qo'ydi. Keyin esa Tolibning talabiga ko'ra bir to'pga yig'ilib, ustidan ro'mol tang'ib o'ralgan sochlarini so'nggi bor ko'zguda tekshirib oldi-da, aravachada javdiragancha o'tirgan otasiga dardli nigoh tashladi. Shu tobda otasi bilan oxirgi marotaba ko'rishib turgandek bo'ldi. Bir muddat tek qotib turgach, yugura kelib mirobning bo'ynini quchib oldi. Shu ko'yi unsiz xayrlashdi. Kipriklarini namlay boshlagan ko'z yoshlari sirni ochib qo'ymasligi uchun dast o'rnidan turdi-da, tashqariga o'zini urdi.

Chiqib ketayotib, otasi qolib ketgan xona derazasiga qayta-qayta qaradi. Shu yo'l bilan bezovta, o'ksik qalbini ovutdi. Tashqariga zipillamoqchi edi, to'satdan xona eshigi ochildi-yu, mirob ko'rindi. U tovush chiqarmagan holda qizini qoshiga chorlardi.

— Ha, dadajon, nima bo'ldi? — Sevinch otasiga yaqin borib tiz cho'kdi-da, ko'zlariga umidvor termildi. — Biror gap aytmoqchimidingiz?

Javob o'rniga mirob bir parcha qog'ozni orqasiga qo'yilgan yostiq orasidan chiqardi va qiziga uzatdi. Chamasi, bu xayrlashuv maktubi edi.

— Odam bolasi azaldan mushkul ahvolda qolganda o'tganlarni yodga oladi, — deyilgandi maktubda. — Sen ham xuddi shunday vaziyatdasan, qizalog'im. Yolvorib so'rayman, yo'lda albatta onang rahmatlini yodga ol, undan oydin yo'l so'ra, ko'mak berishiga umid bog'la! Onajoning bezovta, go'rida tik turgan ko'rinadi, erkam! Boshing toshdan bo'lsin!

Sevinch bu satrlarni o'qidi-yu, yalt etib otasiga boqdi. Boqish asnosida vujudidagi jami mehrini padariga hadya qilgan bo'ldi.

— Otajonim-ey, — deya shivirladi u. — Hammaning otasiyam shunaqa mehribonmikan? Qaniydi shunday bo'lsa! Beboshlik qildim, yuzingizni yerga qaratguday yomon ishlar qildim, baribir boshimni silayapsiz-a, dada! Buning o'rniga qarg'ab yuborsangiz, qarshingizdan haydab solsangiz bo'lmaydimi? Nega bunaqa mehribonsiz? Men… Arziymanmi shunga?..

Sevinchga javoban mirob ikki qo'lini oldinga cho'zib qizining boshini kaftlari orasiga oldi. Biroq bir og'iz so'z demadi. Jussasi dag'-dag' titragancha peshonasidan cho'lp etib o'pib, Sevinchni yo'lga otlanishga undadi…

Tashqarida qora «Volga»da ikki yigit poylab turardi. Chiqishi bilan yigitlardan biri o'tirgan yerida mashinaning orqa eshigini ochdi. Sevinch so'zsiz mashinaga chiqib o'tirdi. Haydovchi darhol motorga o't qo'yib gazni bosdi.

Sevinch qorong'ilikda haydovchiga, yonidagi yigitga zimdan razm soldi. Haydovchini tanidi. U Tolibning ishongan shotirlaridan biri Sarvar edi. Yonidagisi esa negadir notanishdek tuyuldi.

— Qaerga ketyapmiz o'zi? — ehtiyot shart savol tashladi Sevinch Sarvarga. — Bilsam bo'ladimi?

— Borgandan keyin bilasan, — sovuq javob qildi Sarvar. — Bo'lar-bo'lmas savollar berma, iltimos! Aka shunday tayinlagan…

Sevinch jim bo'ldi. Boshini orqadagi yumshoq charm yostiqchaga qo'ydi-da, ko'zlarini yumdi. Shu ondayoq xayolida onasi rahmatlining g'amgin siymosi gavdalandi. Ikkovlon xayolan dardlasha boshlashdi. Oldiniga onasi qizi tutib qo'ygan ishdan noroziligini sir tutolmay koyindi. Keyin yo'l-yo'riq ko'rsatishga, maslahat berishga o'tdi. Bu mavhum manzara Sevinchni xayolning olis manzillariga olib ketgandek edi.

«Sen juda uzoq yo'l yurasan, — derdi marhuma onasi boshidagi qordek oppoq ro'moli uchini asabiy tishlab. — Charchoqlar tomog'ingdan oladi. So'zlashga holing qolmagan kabi madorsizlana boshlaysan. Yoningdagilar seni xilvat bir ko'chaga tashlab ketishadi. Yaqin atrofda uy-joylar yo'q. Katta ko'cha, vahshati ajdahodek zulmat qo'ynida yolg'iz qolasan. Ana o'shanda sira bo'shashma! Turli bo'lar-bo'lmas tahlika, vahimalarga yon berma! Faqat yodingdan chiqmasin! Bu sen uchun juda muhim, oyim!..»

Bu so'zlar xuddi quloqlari ostida jaranglagandek tuyulib, Sevinch ilkis boshini ko'tardi-da, derazadan tashqariga boqdi. Mashina hali shahardan chiqmabdi. U o'zi sezmagan holda tashqaridan onasini qidirdi. Topa bilmagach, xayolidan kechgan o'ylarni, qalbini kemira boshlagan ona o'gitlarini idrok etishga urindi. Uddasidan chiqmadi. Nimalar bo'layotgani, qay yo'ldan borayotganiga fahmi yetmadi. Birpas alanglab o'tirdi-da, tavakkal qaytadan ko'zlarini yumib oldi. Shunday qilsa, tinchiydigandek, halovat topadigandek ko'rindi.

 

* * *

 

Mashina besh soatga yaqin yo'l yurdi. Tun yarmidan og'ganda nihoyat Sarvar rulni chapdagi qaysidir ko'chaga burdi.

Ko'cha haqiqatan xilvat deyilganicha bor ekan. Bu yerda na uy, na bir bino bor. Ikki yon bag'ir yaydoq dala, chetlari tutzorlardangina iborat. Har bir tut tanasi quloch yetmas darajada yo'g'on. Novdalarning shabada ta'sirida shitir-shitir qilishi uncha-muncha qo'rqoq odamning yuragini tushirishi tayin edi.

— Qo'rqmaysanmi nari borishga? — so'radi Sarvar Sevinchga ancha naridagi nazorat postini ko'rsatib. — Agar qo'rqsang…

Sevinch haqiqatni aytishga negadir cho'chidi. Yonidagilar insofli, diyonatli kimsalar emasligi yodiga tushib, bir qadam ortga tislandi-da, qorong'ilikda Sarvarning ko'zlariga tik boqdi. Shu bahonada qiz bola bo'lsa-da, botirlikda uncha-muncha yigitdan qolishmasligini isbotlamoqchi bo'ldi.

— Qo'rqqanimda kelmasdim, — javob qildi u tap tortmay. — Meni kim deb o'ylayapsiz?

— Bilardim, bilardim, — tirjayib yer chizdi Sarvar. — Gap yo'q, akam bunaqa ishlarga kimni yuborishni biladi!

— Xo'sh, yana savol bormi? — bu gal keskinroq ohangda so'radi Sevinch. — Agar savol bo'lmasa, menga topshiriqni tushuntiring!

— Topshiriqmi? Akam aytmaganmidi? Tushuntirmaganmidi?

— Yo'q, sizlar yo'l-yo'riq ko'rsatishingizni tayinlagan.

— Unda yaxshilab eshit, — Sarvar qaytadan nazorat posti tomon qarab, chumoli kabi g'imir-g'imir qilayotgan odamlar, mashinalar sharpalariga ishora qildi. — Sen huv o'sha mashinalarga yaqin borasan. Tutzor oralab borasan. Mashinalarga yetmasingdan seni ikki erkak kutib oladi. Birining oti Malik, ikkinchisi… Qari bir odam. Uning senga qizig'i yo'q. Shunchaki sherik xolos. Xullas, senga o'sha Malik qog'oz xalta beradi. Xaltachada «tovar» bor. Olasan-u, orqaga qaytasan. Bilib qo'y, bu sen o'ylaganchalik oson ishmas. Kutilmaganda melisalar kelib qo'lingga kishan solishi hech gapmas. Chunki ular har qadamimizni poylab yurishadi. Juda hushyor, dilgir bo'lish kerak bunaqa paytda. Qolaversa, Malik o'zicha seni tekshirib ko'rishi yoki qayoqdagi gaplarni gapirib asabingga tegishi mumkin. Shungayam tayyor tur. Har holda ulargayam ishonib bo'lmaydi. Bizning ish shunaqa qaltis, singlim.

— Xo'sh, o'sha xaltani opkelib sizga topshiramanmi?

— Albatta menga topshirasan. Katta xolangga topshirarmiding?

— Vey, ja og'zingga erk beraverma! — kutilmaganda Sarvarni «sen»lab, jerkib berdi Sevinch. — Kim bilan gaplashayotganingni bilasanmi o'zing? Hali shaharga qaytishingni o'yla, erkak!

— Nima? Shu… Senmi?.. — Sarvar bunday keskin va tahdidli muomalani aynan Sevinchdan kutmagan ekanmi, ko'zlari chaqchaygancha turgan yerida tosh qotib qoldi. Bir necha daqiqa nima deyishni bilmay kalovlandi. Qiz boladan o'zi uchun shunday haqoratli so'zlarni eshitishga odatlanmagan zo'ravon ikki qo'lini musht qilgancha oldinga yurishga, beixtiyor Sevinchni do'pposlab tashlashga taraddudlandi. Ammo nimadir yodiga tushib ilkis ortga tislandi va asabiy hiringladi. — Shu… O'zingmi?.. Sevinch, uzr, «prosto» kutmagandim sendan, kutmagandim!.. Bo'ldi, ortiqcha gap-so'z yo'q! Yarashamiz, yarashamiz!.. Kechirib qo'yasan!

— Shunday bo'lsin! — bo'sh kelmadi Sevinch. — Har bir gapingni o'ylab gapir bundan keyin! Men-chi, jonimni tikib yo'lga chiqqanman! Yo'qotadigan hech nimam yo'q.

— Xo'p dedim-ku, singlim, — past tushib Sevinchning atrofida kapalak kabi bir necha marta aylanib yaltoqlandi Sarvar. — Akaning hurmati baland men uchun! Bo'pti… Boshqa qaytarilmaydi! Bas!.. Iltimos, Sevinch, shu gap oramizda qolsin! Aqlli qiz bo'lgin endi!..

Sevinch unga javoban hech narsa demadi. Bir qovoq uyib oldi-da, ko'rsatilgan tarafga jadal yura ketdi.

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

loading...