ALAMZADA… (26-qism)

0

 

 

* * *

 

Bu so'qmoq o'z qilmishlarini melisalardan berkitish, shu yo'l bilan harom pul orttirish ilinjida bo'lgan qora niyatli kimsalar uchun atayin barpo etilgandek edi. Tutzor oralab borasan-u, nazorat postidagi melisalar, mashinalar uzoqdan aniq ko'rinib turadi. Ammo so'qmoqning vahimasi yetarlicha. Tun sokinligi boismi, har bir tiq etgan tovush qulog'ingni qomatga keltiray deydi. Bu ham yetmagandek, so'qmoq ancha uzun, zulmat qa'ridan go'yo ajina yo arvoh chiqib qoladigandek odamni titrashga, yurak hovuchlashga majbur qiladi.

Sevinch qo'rqa-pisa yurib borardi-yu, o'zi bilmagan holda bolaligida bobosidan eshitgan bir qaltis hazil voqeani eslardi. Bobosining aytishicha, elliginchi yillar ekan. Mahallada Mo'min kal degan odam bor ekan-u, hadeganda odamlarga «Men balodanam qo'rqmayman! Yuragim otning kallasiday! Meni qo'rqitaman deganning o'zi erta-kunda labiga uchuq toshib ado bo'ladi» deyaverarkan. Bir-ikki hazilkashlar atayin Mo'min kalni qo'rqitib, popugini pasaytirib qo'ymoqchi bo'lishibdi. U har kuni yarim tunda dalaga yaxob berib bo'lgach, shoshilmasdan ikki yon bag'ri manavi kabi tutzordan iborat so'qmoq bo'ylab uyiga qaytarkan. Ikki tengquri shu kecha uxlamabdi. Tutning yo'g'onroq novdalaridan tobut yasashibdi va ustini oppoq mato bilan yopishibdi. So'ngra tobutni ayni Mo'min kal yurib keladigan so'qmoqqa ko'ndalang qilib qo'yishibdi. O'zlari esa bir chetda poylab o'tirishibdi…

Mo'min kal o'shanda shu qadar qattiq qo'rqqan ekanki, bir hafta mahalla imomi tepasida o'tirib kuf-suf qilib chiqqan ekan. Tuzalishga tuzalibdi-yu, suvchiliginiyam tashlabdi, qaytib birovga maqtanmaydigan, bemahalda uydan ko'chaga chiqmaydigan bo'libdi…

Xotirasiga o'rnashib qolib, aynan shu lahzalarda xayoliga chippa yopishgan bu voqea Sevinchning qalbidagi qo'rquvni ming chandon oshirib yubordi. Hatto qadam tashlashga-da cho'chib qoldi va vujudi dag'-dag' titragancha ortga o'girildi.

Ne ko'z bilan ko'rsinki, o'zidan taxminan besh metrcha narida oppoq kiyimli, sochlari to'zg'ib ketgan bir ayol turardi.

Sevinchning jon-poni chiqib ketayozdi. Lablari ko'karib, tutlarning biriga mahkam yopishib oldi.

Ayolning turqi sovuqligini qorong'ilikda ham ilg'ash mushkul emasdi. U turgan yerida tez-tez jussasini qimirlatib-qimirlatib qo'yar, har qimirlaganda, yoyiq sochlari dengiz to'lqini yanglig' chayqalardi.

Sevinch daraxtga yopishgancha nima qilishni bilmay tek turaverdi. Oq kiyimli ayol ham hadeganda ketay demasdi. Faqat Sevinchga tikilgan ko'yi sukut saqlardi.

Sevinch azbaroyi qo'rqqanidan tut ustiga chiqib olishga urindi. Endi bir oyog'ini daraxat tanasiga qo'ygandi, oq kiyimli ayol beo'xshov, lekin baland ovozda kulib yubordi. Kulgi butun chor atrofni tutib ketgandek bo'ldi. Biroq bu shovqinga javoban tiq etgan tovush eshitilmadi. Agar haqiqatan shovqin ko'tarilsa, Sarvar hamtovoqlarini yoniga olib Sevinch tomon chopqillashi tayin edi. Shunga qaramay, Sevinch jazavaga tushdi. Uv torta-torta kaftlari bilan ikki qulog'ini mahkam bekitib oldi.

Ayol yana bir karra kulgisini takrorladi va asta Sevinch tomon yurdi.

— Yo'qol, ajina, yo'qol! — xirillab, qo'llarini oldinga cho'zdi Sevinch. — Yaqinlashma!..

Bu gapidan so'ng kulgi qatorasiga uch-to'rt marta takrorlandi. Shu galgisi xuddi ukki tovushini eslatardi. Ayniqsa, oxirgi kulgi Sevinchning miyasiga misoli xanjar kabi urildi. Boshdan kechirilgan alamli, armonli, asabiy lahzalar qo'zg'olon ko'tardi. Qizning asab tomirlari toraygandek, birdan eti uvishdi. Tanasi qizib, miyasi lo'qillab borayotganini his etdi. Ikki-uch marta o'qchib-o'qchib oldi. Sal o'tmay, qalbidagi qo'rquvlar qayoqqadir g'oyib bo'ldi. Kayfiyati ko'tarilib ketdi. Ayolning turish-turmushi, hatto o'zi yopishib olgan tut daraxti, novdalar shitirlashi ham kulgisini qistataverdi.

Sevinch kuch bilan ko'ylagi yoqasini yirtib tashladi-da, boshidagi ro'molni yechdi. Sochlari to'zg'ib, yuz-ko'zlariga qadar yopdi. Shu ahvolda yerga o'tirib oldi.

— Ajinamisan, kel, kel, — deya ayolni chorlay boshladi Sevinch yerni shapatilab. — Birgalashib «loypishtalak» o'ynaymiz! Yo «to'ptosh» o'ynaymizmi-a? Menga o'rtoq bo'lasanmi? Ayt, bo'lasanmi? E, to'ptoshga danak yo'q-da! Nima qilamiz? Tosh topibam o'ynayveramizmi? Kel, o'rtoqjon, kelaqol!..

Ayol gavdasini u yondan bu yonga tashlab, o'zicha Sevinchni masxaraladi. Keyin esa to'satdan yerga egilib, nimanidir qo'liga oldi-da, unga qarata irg'itdi. Bu toshmidi, temirmidi, noma'lum, to'ppa-to'g'ri Sevinchning peshonasiga kelib tegdi. U dodlagancha peshonasini changalladi-yu, jon achchig'ida o'rnidan turib ketdi.

— Voy boshi-im!..

Sevinch turgan yerida aylana-aylana beixtiyor yerga yuztuban yiqildi va hushidan ketdi…

Shu mahal nazorat posti tomondan kimlardir kelayotgandi. Kela solib baravariga behush yotgan Sevinchning tepasiga engashishdi.

Ularning biri Haydar suvchi edi. Meliboy mirobga qo'shilib Rossiyaga poezddagi yog'ochlarni qo'riqlab kelish uchun ketib, kuchli yong'in sodir bo'lgach, amal-taqal qochgan, jonini saqlagan va shu yerlargacha yetib kelib, yarim kechalari bekitiqcha tirikchilik qilardi. Ko'p bora qishlog'iga bormoqchi, yaqinlari, bola-chaqasini ko'rmoqchi bo'ldi. So'nggi qilmishlari tufayli fikridan qaytdi. Qishloqdagilar qilib yurgan ishidan xabar topgan chiqsa, sharmanda bo'lishdan cho'chidi.

— Ie, to'xta, bu Sevinch-ku, — dedi Haydar suvchi hovliqib sherigiga. — Ha, xuddi o'zi. Og'aynimning qizi bu! Sevinch, ko'zingni och! Senga nima bo'ldi? Bu yoqlarda nima qilib yuribsan? Ko'zingni ochsang-chi!..

— Shu qizmikan bizdan «mol» oladigan? — so'radi sherigi Haydar suvchidan. — Hali judayam yosh-ku!

— E, qaydam? Kallam ishlamay qoldi, — dedi Haydar suvchi asabiy lab tishlab. — Bu qiz qishloqdoshim bo'ladi. Otasi yaqin do'stim edi. Nima qilib bu yerlarga kelib yuribdiykan? Vey, vaqtni o'tkazmaylik, qizni kasalxonaga oborish kerak, Malik!

— O'lib qolmaganmikan ishqilib?

— E, nafasingni yel olsin! Hushdan ketgan. Ana, nafas olyapti-ku! Ma, manavi xaltani ushla, o'zim ko'tarvolaman uni!

Haydar suvchi qo'lidagi xaltani sherigiga tutqazdi-da, Sevinchni dast ko'tarib Sarvarning mashinasi to'xtagan tarafga jadal yurib ketdi…

 

* * *

 

Bandasining qismati qora, manglayi sho'r bo'lsa, har qadamda qoqilishdan tiyila olmaskan.

Sevinchning bu safargi qat'iy qarori — Tolibdan otasi va o'zi uchun o'ch olish niyati ham sarobga aylangandek edi.

Vrachlar tekshirib ko'rib kuchli ruhiy zo'riqishga uchraganini aytishdi. Sevinchni shu atrofdagi ruhiy xastaliklar shifoxonasiga yotqizib qo'yishdi…

Palatada Sevinch bilan qo'shib hisoblaganda to'rt ayol yotardi. Mana, vaqt tongga yaqinlabdiki, Haydar suvchi hanuz qishloqdoshining tepasidan jilmadi. Hushiga kelishini kutdi. Do'stining qizi tuzalib ko'z ochishiga, bo'lib o'tgan ishlarni aytishiga, otasi haqida gapirib berishiga umid bog'ladi. Shu taxlit ancha o'tirdi. Charchoq yengibdimi, yo yosh keta boshlaganidanmi, ko'zi ilingan ekan. Allakimning qichqirig'idan uyg'onib ketdi.

Narigi karavotdagi cho'pdek ozib ketgan, o'rta yashar, yuzlari shilingan bemor ayol o'rnidan turib shundoq suvchining tepasida hozir bo'libdi. Ayol ko'z qarashlari bejoligini aytmasa, tuppa-tuzuk xonadonning bekasiga o'xshardi. Haydar suvchi hayron bo'lib, yelka qisgancha ayolga boqdi.

— H-ha, singlim, sizga nima bo'ldi? — so'radi tutilibroq asta o'rnidan qo'zg'alib. — Biror yeringiz og'riyaptimi?

Ayol suvchining savoliga javoban ikki qo'lini beliga tiradi-da, lab burib tirjaydi.

— Ha-a, otajonisi, haliyam mendan xafamisiz? — dedi u. — O'shanuchun boshqasiga o'tvoldingizmi?

Shunday dedi-yu, ayol beixtiyor yig'lamsirab, ko'z yoshlarini yengiga artib-artib oldi.

— Men… Tushunmadim, — Haydar suvchi battar hayrati ortib ehtiyotkorlik bilan ortga tislandi. — B-birovga o'xshatdingizmi deyman, singlim?

— Voy-bo'-o', — deya karavotda hanuz behush yotgan Sevinchga nafratli nigoh tashladi ayol. — Shu megajinning mendan qanday ortiq yeri borakan? Uyalmaysizmi qartaygan chog'ingizda yosh qizlarga iliqishga?

Ayolning hayqirig'idan qolgan ikki bemor ham uyg'onib ketdi. Ular baravariga o'rinlaridan turib o'tirishdi. Ammo negadir darhol boshlarini ko'rpa bilan mahkam yopib olishdi.

— Axir, men mushukchamni erkalayotgandim! — endi rostkamiga yig'lab suvchi tomon talpindi ayol. — Eshityapsizmi, otasi, mushukchamni erkalayotgandim xolos!?.

Ochig'i, Haydar suvchi umri bino bo'lib ruhiy xastalar bilan tillashib ko'rmagandi. Bir tomondan kulgisi qistab, kafti bilan arang og'zini yopar, ikkinchi tomondan bu bemor ayolga ich-ichdan achinardi.

Achchiq ko'z yoshlari ko'nglini buzdimi, suvchi ayolga hazillashgisi keldi. Shunday qilsa, ayolning ko'ngli ko'tarilarmikan, tinchlanarmikan, deb xayol qildi.

— Ha endi, o'sha kuni biz ichib kelgandik-da, onasi, — dedi Haydar suvchi yolg'ondakam kulimsirab. — Siz bo'lsangiz, ichkarida nuqul «erkam, arslonim» deb allakimga erkalanayotganakansiz. Xafa bo'ldik-da kim ekan bizdan yaxshiroq arsloni deb, pari!

— Haliyam menga ishonmaysiz, meni yomon ko'rasiz, — diydiyo qila boshladi ayol birdan yig'lashni bas qilib. — Bilasiz-ku, mushukchamni yaxshi ko'raman. Kirib kelganingizdayam uni quchoqlab o'tirgandim-ku! Siz bo'lsangiz, «O'ynashingni qaysi derazadan qochirib yubording?» deyaverib holi jonimga qo'ymadingiz. Qarang, yuzlarim ko'karib ketdi, ko'karib!..

Bu gap suvchini boshi berk ko'chaga kiritib qo'ygandek bo'ldi. Sal qursa, qovun tushirib qo'yayozganini anglab, qalban nadomat chekdi. Ayolga javoban nima deyishni bilmay garangsidi. Yaxshiki, shu mahal palataga hamshira kirib keldi va Haydar suvchidan uzr so'rab ayolni karavoti tomon boshladi.

— Keling, jonim, yota qoling! Hozir o'zim sizga ukolcha qip qo'yaman! Maza qilib uxlaysiz! Yota qoling!..

Haydar suvchi hamshiraga o'girilib, bu ayolning kasali sabablarini so'ramoqqa shaylandi. Ammo istihola qildi. Bosh chayqay-chayqay, Sevinch yotgan karavot tomonga yuzlandi.

Ne ko'z bilan ko'rsinki, Sevinch ko'zlarini ochibdi. U lablari xiyol titragancha shiftga termilib yotardi.

Tepasida suvchini ko'rib, miyig'ida jilmaydi.

— Haydar amaki, sizmisiz? — so'radi shivirlab. — Dadajonimning yaqin do'stimisiz?

— Ha, asal qizim, menman, Haydar amakingman, — dedi suvchi yig'lamoqdan beri bo'lib. — Tuzukmisan?

— Jannatdamisiz? — so'radi Sevinch talmovsirab. — Amaki, sizdan so'rayapman, jannatdamisiz?

— H-ha, senam, menam jannatdamiz, — tavakkal qizning ko'ngliga qaragan holda javob berdi suvchi ehtiyot shart boyagi bemor ayol tarafga o'g'rincha ko'z tashlab qo'yib. — Tinchlan, o'zingni zo'riqtirma!

— Men do'zaxdaman, amaki, — dedi Sevinch Haydar suvchining ovutishiga e'tibor qilmay. — Vujudim yonib ketyapti! Meni do'zaxga tashlashdi… Aytgancha, amaki, dadajonim nogiron bo'p qolgan! Qaraydigani yo'q endi! Ko'rib qolsangiz, qishloqqa opketi-ing, jon amaki!

— Xo'p, qizim, xo'p, — dedi suvchi tizzasiga bilinar-bilinmas mushtlab. — Opketaman. Ikkovlaringniyam opketaman. Asosiysi, tirik ekansizlar, menga shunisi katta davlat, qizim!

— Meni malikalikka saylashdi-i, — yana talmovsirashda davom etdi Sevinch. — Tolib akamniyam opkelaman do'zaxga yaqinda. U kishi-chi, hammamizga boshliq bo'ladi, ha!

— Qo'y, unaqa gaplarni gapirmagin, qizim, — dedi Haydar suvchi tepasida kulimsiragancha tek turgan hamshiraga qarab olib. — Sen hali sog'ayib ketasan. O'zim kelib opketaman.

— Men alvastini yengdim! Sochlarini bittalab yulvoldim. Keyin meni do'zaxga opketishdi.

Haydar suvchining toqati yetmadi. Og'ir xo'rsingan ko'yi nari ketdi-da, hamshiraga umidvor tikildi.

— Qo'yavering, e'tibor qilmang, — dedi hamshira uning nima demoqchiligini anglagandek qo'l siltab. — Bu yerni kasalxona deb qo'yishibdi, amaki! Qizingiz tuzaladi, kasali unaqa og'irmas. Qattiq siqilgan shekilli. Ha, aytgancha, og'ir bemorlarimiz boshqa palatalarda yotishadi. Xotiringiz jam bo'lsin!

— Iloyim aytganingiz kelsin, — dedi suvchi ichiga tuflay-tuflay. — Bu qizim eng yaqin do'stimning yolg'izi, tushunyapsizmi?!. Shunaqa aqlli, farosatli, odobli qiz edi. Qaysi yaramas bu ahvolga soldiykin, bilolmay qoldim!

— Ko'rgilik-da endi! Bandasining qo'lidan nimayam kelardi?.. Darvoqe, amaki, anavi opa nima deb boshingizni qotirayotgandi?

Haydar suvchi payqadi. Hamshira juda farosatli, hushyor ekan. Siqilayotganini payqab, atayin chalg'itmoqchi bo'lyapti. Aslida hammasini kirib kelganda o'zi eshitgan, ko'rgan.

«Shularning boriga shukr, — ko'nglidan o'tkazdi suvchi yer chizib. — Yo'qsa, bu palatada bir-ikki kun o'tirib qolgan odam ham g'irt jinni bo'p qoladi… Xudo asrasin!..»

Haydar suvchi endigina hamshiraga nimadir demoqchi bo'lib og'iz juftlagandi, palata eshigi ochildi-da, ostonada o'n to'qqiz-yigirma yoshlar atrofidagi kelishgan bir yigit paydo bo'ldi.

— Sevinch Meliboy qizi shu palatadami? — so'radi u goh hamshiraga, goh suvchiga boqib.

— Xuddi shu yerda, — javob qeldi hamshira yigitga peshvoz chiqarkan. — Tinchlikmi, uka? Kimlari bo'lasiz?

— Yo'q, meni Tolib aka degan odam yubordi. Manavi ukollarni berib yubordi. «Srochno» bemorga shu ukollarni qilish kerak ekan.

Yigit shunday deb qo'lidagi qog'oz xaltachani hamshiraga uzatdi. Biroq hamshira xaltachani olishga shoshilmadi.

— Tushunmadim, — dedi u yanada jiddiy tortib. — Kim u Tolib akangiz? Men… Taniyolmadim. Qolaversa, biz hech kimga ukol olib kelishni buyurmaganmiz. Davlat hamma dori-darmonlar bilan bizni ta'minlab qo'ygan.

— Tanishingiz shartmas, — dedi yigit. — U kishi Sevinch Meliboy qizining yaqin odami. Keyin… Opajon, Tolib aka qarorini muhokama qiladiganlarni xushlamaydi. Shuniyam unutmang!..

Bu gapni eshitgan Haydar suvchi beixtiyor jonlandi. Tolibning kimligini qayta-qayta tasavvur etib og'zining tanobi qochdi. Shu asnoda Sevinchga g'ururli nazar tashlab qo'ydi va hamshiraga yuzlandi.

— Singlim, olavering, — dedi suvchi kulimsirab. — Tolibboy deganlari kattakonlardan, ha! Ja martabali, obro'talab odam. Oling, tezroq oling! Sevinch qizimni tezroq tuzating! Bu yerlarda xor bo'lib yotmasin Sevinchimiz!..

Hamshira ham tabiatan qaysarroq ekanmi, baribir xaltachani qo'liga olishga shoshilmay, bir muddat fikrlagan kabi turib qoldi. Aftidan boshliqlari bilan maslahatlashishni xayol qildi. Buni suvchi hamshira qur-qur yo'lak tomon qarab-qarab olganidan payqadi.

Ammo bu holat uzoqqa cho'zilmadi. Hamshira nihoyat past tushdi. O'ziga yeb qo'ygudek sovuq tikilib turgan yigitga yer ostidan qarab qo'ydi-yu, xaltachani qo'liga olib emlash xonasiga yo'l oldi. Chiqib ketayotib, sovuqqon ohangda luqma tashladi:

— Oldin bu dori nimaligini tekshirib ko'ramiz!

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

loading...