Musulmonman deyishga hayo qilsin…

0

Rasululloh davrlarida, g'azotlarning birida musulmonlarni juda qattiq ocharchilik, qurg'oqchilik ushladi. Narx-navo nihoyatda qimmatlab ketdi. Bir qancha vaqt shu ahvol davom etganidan keyin Rosululloh alayhissalom shunday dedilar:
«Allohga qasam, bugun kun botguncha Alloh bizga rizq yetkazadi.»
Usmon ibn Affon bu so'zlarni eshitib, «Ha, bugun kelarkan, qayoqdan kelarkin?» deb o'tirmadilar. Shart turib, oziq-ovqat, boshqa kerakli narsalar yuklangan 14ta tuyani sotib olib, musulmonlarga tarqatdilar. Rosululloh bu mollar Usmondan ekanini eshitib, nihoyatda xursand bo'ldilar va uning xaqiga uzoq duo qildilar…

Shunga o'xshash voqea Umar roziyallohu anhu xalifalik davrlarida ham bo'lgan. Musulmonlar ocharchilikdan qiynalib, xalifaga shikoyat qilishdi. Umar:
«Allohga istig'for aytinglar, inshaalloh ertaga kun botguncha rizq yetkazadi», dedilar.
Xaqiqatdan ertasi kuni Madinaga Usmon ibn Affonning tijorat karvoni kirib keldi. Savdogarlar shoshib borib, bizga soting-bizga soting deyishdi.
«Xo'p, sotaman. Qancha bera olasizlar?»
«Bir dinorga ikki dinor».
«Yo'q, oz »
«Bir dinorga uch dinor».
«Yo'q, oz».
«Bir dinorga besh dinor.»
«Yo'q, oz. Bundan ko'p beradigan bilan va'dalashib qo'ydim.»
«Madinada bizdan boshqa savdogarlar yo'q,qolaversa biz birinchi keldik. Kim bilan va'dalashdingiz?»
«Biriga o'n bera olasizlarmi? Biriga yuz bera olasizlarmi?»
«Yo'q, buncha berolmaymiz.»
«Guvoh bo'linglar, bu tuyalar ustidagi oziq-ovqatlari bilan Madina ahliga sadaqa.»

Usmon ibn Affon ana shunday saxovatli, birovning qiyin kunlaridan foydalanishni ko'zlamaydigan kishi edilar. Ana shu xislatlari sabab rosullohdan bir necha marta Jannatni sotib oldilar.

Xalqning qiyin holatidan foydalanib, narxlarni oshirayotganlar musulmonman deyishga hayo qilishsin.

@fozilmuslim

loading...