ALAMZADA… (27-qism)

0

 

 

* * *

 

Yigit hamshira chiqib ketgani hamono bir necha marta karavotlardan birining chetiga mushtlab-mushtlab oldi. Aftidan qattiq asabiylashdi. Haydar suvchiga yuzlanib nimadir demoqchi bo'ldi. Lekin fikridan qaytdi. U tomon bir qadam tashladi-yu, darhol ortga tislandi.

Oradan besh daqiqacha vaqt o'tib hamshira palataga kirdi. Uning rangi oqarinqiragan, yer ostidan dori olib kelgan yigitga xo'mrayardi.

— Xo'sh, qachon qilasiz ukolni? — so'radi yigit betoqatlanib. — Nega jim turibsiz? Emlamaysizmi bemorni?

— Uka, — dedi hamshira iloji boricha o'zini bosib. — Kimligingizni, qanday odamligingizni bilmadim-u, ammo bu ukolni Sevinch Meliboy qiziga sira qila olmayman. Haqim yo'q.

— Nima? — yigit bu gapni eshitiboq bir hatlab hamshiraning tepasida hozir bo'ldi. — Nima dedingiz? Haqim yo'q? Nimaga? Kim aytdi? O'ylab gapiryapsizmi, opa?

— Iltimos, tashqariga chiqaylik, — dedi muloyimlik bilan hamshira. — Bemorlarimizni qo'rqitib yubormaylik! Yuring!

Yigit battar jahli qo'zg'ab, hamshiraga ergashgancha yo'lakka chiqdi.

— Xo'sh, opa, nima gap? Nima xalal beryapti sizga? Biror muammo bormi?

— Muammo bo'lgandayam qanaqa muammo! — shivirladi hamshira yo'lakning ikki tarafiga ehtiyot shart qarab olib. — Axir, ukolingiz bemorni battar qiladi-ku! G'irt jinni qilib qo'yadi-ku! Umrining oxirigachayam odam bo'lmay o'lib ketadi-ku! Nima qasdingiz bor bu qizda, baraka topkur?

Yigit lab tishlagancha hamshiraga yeb qo'ygudek tikildi.

— Men sizni boshida ogohlantirdim-a? — dedi u dag'dag'a aralash. — Dori kimdan ekaniniyam aytdim shekilli. Yo yo'qmi?

— Xo'sh, nima bo'pti?

— Unda bajaring aytilgan ishni! Agar Tolib akaning o'zi keladigan bo'lsa, sizga jud-dayam yomon bo'ladi, opa! Hoynahoy, oilangiz, bola-chaqangiz bordir. Ularning yetim qolishini xohlamassiz?

— Nima? — hamshira yigitning so'nggi tahdididan rostakamiga qo'rqib ketgandi. Buni rangi oqarishi, lablarining gezarishi oshkor qilib qo'ydi. — N-nimaga?.. Sizlar…

— Qo'rqmang, — uni ovutgan kabi bilagidan ohista tutdi yigit. — Hamma narsaning iloji bor. Buni bilasiz. Nima qilay? Xo'jayin shunaqa jiddiy odam. Buyrug'ini bajarmaganlarni ayab o'tirmaydi. Lokigin kelishib ishlaganlarni quruq ham qo'ymaydi.

Yigit shunday deb kissasini kovladi-da, ikkita elliktalik chiqarib hamshiraning xalati cho'ntagiga soldi.

— V-voy, bu… Nima qilganingiz? — hamshira battar vahimasi ortib shosha-pisha cho'ntagidagi pulni oldi-da, yigitning qo'liga tutqazishga urindi. Ammo ra'yi qaytarildi. Yigit pullarni olib qaytadan xalat kissasiga joyladi. — Bu xamir uchidan patir, xolos, opa, — dedi u sovuqqonlik bilan. — Kelishib ishlasak, Tolib aka hali ko'-o'p marta rozi qiladi sizni. Ayting, bekorga o'lib ketgandan, manavinaqangi pullarni kissaga solgan ma'qul-ku! To'g'rimi? Bu pulni-chi, bir oy burningizni yerga ishqab ishlagandayam topolmaysiz. Xo'sh, kelishdikmi?

Hamshira boshqa yo'l qolmaganini qayta anglagan kabi bosh irg'ab yigitning savoliga ma'qul javobini berdi-da, yer chizgan ko'yi so'radi:

— Uka, menga… Hech nima bo'lmasmikan ishqilib?

— Xotirjam bo'ling, — shivirladi yigit. — Tolib akam sizni hech kimga xafa qildirib qo'ymaydi. Xo'sh, qachon emlaysiz bemorimizni?

— H-hoziroq, — dedi hamshira xiyol titrab. — K-kiraman-u…

— Juda soz. Qani, bora qoling unda! Men Tolib akamga xushxabarni yetkazay! Ko'rishguncha, opa!

Hamshira zo'rma-zo'raki jilmayish qilib, palata tomon yurdi. Yigit esa birpas uning ortidan masxaraomuz tikilib turdi-da, tashqariga yo'l oldi.

Hamshira palataga kirdi-yu, bemorlarga hissiz nazar tashlab olgach, bir chetda mung'ayibgina o'tirgan Haydar suvchiga yuzlandi.

— Amaki, siz ketaversangizam bo'ladi, — dedi u qo'lidagi dorilar joylangan xaltachani ko'rsatib. — Mana, qizingizni hozir emlab qo'yaman. Tez kunda tuzalib ketadi, xudo xohlasa!

— Qizim, aldamayapsizmi? — suvchi dast o'rnidan turdi-da, shiftga tikilgancha tek yotgan Sevinch tomonga ishora qildi. — Qizalog'im tuzaladimi rostdan?

— Ha dedim-ku, — sal jerkiganroq ohangda javob berdi hamshira. — Tuzaladi. Meni tanimasangiz tanivoling. Ismim Dilnura. Yuz foiz kafolot beraman tuzalishiga.

— Iloyo qo'lingiz dard ko'rmasin, Dilnuraxon, — duoga qo'l ochdi suvchi. — Qizim tuzalib ketsa, sizni o'zim rozi qilaman, ha! Albatta rozi qilaman.

— Endi palatadan chiqing! — dedi Dilnura toqati toq bo'lib xaltacha ichidagi dorilarni chiqarib olarkan. — Menga xalal beryapsiz!

— X-xo'p, xo'p, — deya yo'lak tomon yurishga chog'landi Haydar suvchi. — Men… Kasalxonangiz hovlisida yura turaman! Har holda xavotir olaman-da! Lekin… Siz sira siqilmang, umuman xalal bermayman, boshingizni qotirmayman, ko'zingizga ko'rinmaymanam!

Dilnura indamadi. Shaffof idishchadagi dorini qo'liga oldi-da, bir muddat tikilib qoldi. Bu orada suvchi yo'lakka chiqib ulgurgandi.

— Hoy amaki, — turgan yerida qichqirdi Dilnura. — Qayting!

Suvchi qaytadan palata eshigini ochib, ostonada hozir bo'ldi.

— Labbay, qizim, biror nima demoqchidingiz?

— Buyoqqa kiring, — dedi Dilnura namlangan ko'zlarini katta-katta ochib. — Sizda gapim bor, amaki!

Haydar suvchi unga yaqin keldi-da, savol nazari bilan boqdi.

— Manavini ko'ryapsizmi, — Dilnura xalati kissasidagi ikkita elliktalik pulni chiqardi-da, suvchiga ko'rsatdi. — Pullarni ko'ryapsizmi?

— Albatta ko'ryapman. Nimaydi?

— Buni boya kelgan yigit tashlab ketdi. Bilasizmi nimaning evaziga?

Haydar suvchi hayron bo'lib yelka qisish bilan cheklandi.

— Mana bu dorini Sevinchga berishim kerak ekan. Bilasizmi bu qanaqa dori? Zahar, zaqqum. Agar shu dorini tomiriga yuborsam, qiz sho'rlik umrining oxirigachayam odam bo'lmaydi. Rostakamiga jinni bo'ladi-yu, shu ko'yi o'lib ketadi. Mana shu ishim uchun menga yuz so'm pora berib ketishdi.

— N-nima-a? — Haydar suvchi rangi bo'zargancha Dilnuraga yaqin keldi va qo'lidagi dori to'la idishchani tortib oldi. — Axir… Shunday zamondayam gunoh ishlar qilinarkanmi? Axir, Sevinchim kimga yomonlik qilibdi? K-kim beribdi bu dorini o'zi?..

— O'zingizam bilasiz-ku kim berganini! Tolib degan odam-da! Kim bo'lardi? Ammo shu go'dakda nima qasdi borakan, sira kallam yetmay qoldi, amaki!..

— Xo'sh, qilasizmi shu ukolni qizimga? — javdirab so'radi suvchi. — Ayting, bilib-ko'rib turib shu ishga qo'l urasizmi?

— O'zingizam qon qilib yubordingiz odamni! — Dilnura zarda aralash nari ketdi. — Shu ishni qilsam, sizni to'xtatib o'tirarmidim? Indamay ukolimni qilib chiqib ketaverardim-da! Amaki, sizni maslahatga chaqirdim, axir! Nima qilamiz endi? Agar aytganini qilmasam, o'ldirib yuborisharmish meni, tushunyapsizmi? Meniyam ikki bolam bor! Qo'rqib ketyapman!

Haydar suvchi hamshiraning titrab ketayotganini ko'rdi-yu, pildiragancha borib ikki bilagini siqimladi. Ko'z yoshlarini qo'lidagi chit ro'mol chetiga artib qo'ydi.

— It emgan-ey, — nari ketdi suvchi labi uchib. — Shunday qizni badnom qilmoqchi bo'libdi-da! Otasini nogiron qilgani yetmasmidi?

— Nogiron? — Dilnura ajablanib suvchiga qattiqroq tikildi. — Q-qanaqasiga?

— E, qishloqdagilarning biridan eshituvdim. Do'stimning uyiga o't qo'yib ketishibdi bachchag'arlar. Meli olov orasidan chiqolmay qolgan. Ikkala oyog'iyam kuyib ketgandan keyin do'xtirlar kesib tashlashibdi-da, qizim! Endi bunisi… Padaringga la'nat sendaqa hezalaklarning!

— Ishoning, men qo'rqib ketyapman, — dedi Dilnura vujudidagi titroqlar kuchaygandek. — Demak, o'sha Tolib degani yomon odamakan-da! Unaqalardan hamma narsani kutsa bo'ladi.

— Qo'rqmang, — Haydar suvchi yelka uchirib olib deraza qarshisiga bordi. — Bizam qarab turmaymiz. Bir boshga bir o'lim-da endi!

— Iltimos, amaki, meni qo'rqitmang, — deya yugurib borib suvchining yelkasiga yopishdi Dilnura. — Hozir…

— Yo'q, yo'q, xotirjam bo'ling, o'zingizni bosing. Biz bir yo'lini topishimiz kerak. Shunday qilaylikki, six ham, kabob ham kuymasin.

— Nima qilamiz? — yelka qisdi Dilnura. — Bilmasam…

— Unda menga quloq soling! — Haydar suvchi endigina hamshiraga nimalarnidir uqtirishga chog'langandi, o'rta yashar bemor ayol uyg'onib, asta o'rnidan turib o'tirdi-da, suvchiga baqraygancha qarab qoldi. Haydar suvchi uning bejo tikilishini ko'rib, beixtiyor bezovtalana boshladi. Bir ayolga, bir hamshiraga boqdi. Dilnura uning holatini payqadimi, bemor tomon ko'z tashlab oldi-da, bosh chayqadi.

— Xavotirga tushmang, amaki, — dedi u ayolni ko'rsatib. — Men palatada bo'lsam, sizga hech narsa qila olmaydi. Bemor-da, nimayam qilardik?..

— Unda eshiting, — dedi suvchi yana bir karra ehtiyot shart bemor ayol tomonga o'g'rincha ko'z tashlab. — Menam ja o'qimishli odammasman o'zi. Lokigin unaqa bachchag'arlarni aldash qo'limdan kelarov! Nima deysiz?

— Qaydam?

— Keladi. Xullas, munday qilamiz. Sevinchimning ahvolini qarang. Haliyam o'sal yotibdi. Nimalardir deb talmovsirayapti. Siz-chi, uyqu doridan ko'proq berib qo'ying. Uxlasin. Anavilar kelsa, ko'rsatasiz. «Mana, shuning bilan uch kun uxlaydi, uyg'onganda, butunlay tomi ketgan bo'ladi» deysiz. Ungacha xudo poshsho. Ajabmaski, qizim shungacha tuzalib qolsa-yu, gapimga quloq soladigan bo'lsa. Tushuntirardim, uqtirardim.

— Sezib qolishmasmikan? — so'radi Dilnura deraza tarafga ko'z tashlab qo'yib. — Sharmanda bo'lsak-chi, amaki?

— Hammasi risoladagiday bo'ladi. Men Tolibning qandayligini bilaman. Ja siz o'ylaganchalik aqllimas. Menga qolsa, o'ziniyam shu yerga yotqizib adabini berardim… Anchagina tomi ketgan yigit-da, qizim, ishoning!

— Bo'pti, unda men muolaja xonasiga kiray-da, manavi dorilarni to'kib, idishini bo'shatay. Keyin… Sevinchga sal dozasini oshirib uyqu dori beraman.

— Shoshiling! Fursat borida otni qamchilaylik! Bo'la qoling!

 

* * *

 

Hash-pash deguncha kech tushdi. Ish xamirdan qil sug'urgandek silliq bitganidan Dilnuraning ko'ngli ancha ravshan tortdi. Endi bemalol qolgan bemorlarning holidan xabar ola boshladi. Shu orada Haydar suvchini ham bekitiqcha bo'lsa-da, ko'zdan panaroqdagi kimsasiz palataga joylashtirdi…

Haydar suvchi ham yuragi picha sokin tortgan kabi bemorlardan xoli palatada tek o'tirar, buyog'iga qanday yo'l tutish haqida bosh qotirardi.

Shu mahal kutilmaganda chiroq o'chib qoldi. Suvchi hayron bo'lib ehtiyotkorona o'rnidan turdi-da, palata eshigini ochib yo'lakni ko'zdan kechirmoqchi bo'ldi. Ulgurmadi. Tutqichga qo'l cho'zgani hamono eshik ochildi-yu, barvasta erkak bir hatlab ichkariga kirdi va Haydar suvchining tomog'iga pichoq tiradi.

— K-kimsiz? — qorong'ilikda paypaslanib erkakning qo'lidan xalos bo'lishga urindi suvchi. — Q-qo'yvoring!..

— O'ch! — buyurdi noma'lum kimsa tig'ni suvchining tomog'iga sal qattiqroq tirab. — Tovush chiqarsang, so'yvoraman, it! Hozir asta oldimga tushasan-u, ko'chaga chiqasan. Aytib qo'yay, uningni chiqarma! Tushundingmi yo…

— T-tushundim, — dedi xirillab Haydar suvchi. — I-iltimos… Tig'ni oling!..

— Tovush chiqarsang-chi? — so'radi ehtiyot shart noma'lum kimsa. — Balki biror nimani rejalashtirib ulgurgandirsan?

— Yo'q, gap bitta, — dedi suvchi titrab. — Qimir etmay chiqaman. Q-qayga boshlasangiz…

— Unda yur, shoshilmasdan, xotirjam qadam tashla! Kulimsirashni unutma! Go'yoki men yaqin tanishingman, gaplashi-ib asta chiqib ketamiz!

— Xo'p bo'ladi!

Pichoq tomog'idan tortib olindi. Haydar suvchi kimsaning basharasiga qarashga-da qo'rqib, oldiga tushdi-da, yo'lakka chiqdi.

Ular barzangi tayinlaganidek, o'ta xotirjam holatda kasalxona hovlisini tark etishdi. Haydar suvchi shu qadar qattiq qo'rqib ketgandiki, fikrlash, qayg'urish, Sevinchning taqdiri bilan qiziqish xayoliga kelmasdi. Nimalar bo'layotganiga aqli yetmay, tezroq yonidagi kallakesarning qo'lidan qutulishni xohlardi.

Katta ko'chaga chiqishgach, barzangi suvchini qo'ltiqlab oldi. Shu yo'l bilan o'tgan-ketganni chalg'itishga urindi va to'g'ri yo'lning narigi yuzida turgan mashina tomon boshladi.

Mashina xuddi «Tez yordam» mashinasiga o'xshash uzun, faqat rangi boshqa, yozuvlardan xoli edi.

— Qani, boboy, mashinaga chiqsinlar-chi, — o'dag'ayladi barzangi orqadagi ikki tavaqali eshikni ocharkan. — Ichkarida yaqin tanishingizam bor. Bo'ling tez!

Haydar suvchi barzangining yordamida mashinaga chiqib oldi. Ichkariga kimnidir yotqizib qo'yishgan ekan. Sal qursa, yotganning oyog'ini bosib olayozdi. Yaxshiki, sal narida boshqa bir erkak o'tirgan chiqdi-yu, suvchining bilagiga chang solib o'zi tomon tortdi.

— Vey, ko'zingga qara, boboy, buyoqqa o'tir! Ko'rmisan?

Haydar suvchi erkakning yoniga o'tirishi bilan mashina joyidan qo'zg'aldi.

— Xo'sh, boboy, ko'ngil joyiga tushdimi endi? — dag'dag'a aralash so'radi barzangi qorong'ilikda suvchining ko'zlariga tik boqib. — Sendan so'rayapman?

O'ziga qolsa, farzandi tengi yigitni «sen»lagani uchun tumshug'iga tushirardi. Afsuski, hozir shuning qo'lida bandi kabi qisinib o'tiribdi. Qaerga olib ketishayotganini, kelgusi taqdiri qanday kechishini ham bilmaydi. Demak, qo'l ko'tarish tugul bir og'iz qarshi so'z aytishga-da haddi sig'maydi. Har holda qarshisidagi nusxa navqiron, buning ustiga bezori va bosqinchilarning hamtovog'i bo'lsa kerak. Kuchi yetarmidi…

— Men… Bilmadim, — dedi Haydar suvchi yelka qisib. — Bizda ko'ngil nima qilsin, inim.

— Tanishingni ko'rging kelyaptimi judayam? — so'radi barzangi yerda yotgan kimsani ko'rsatib. — Ochig'ini ayt, yo'qsa bir urib jag'ingni ezib qo'yaman!

— H-ha, — deya oldi zo'rg'a suvchi qo'rqib. — Ko'rsatsangiz…

— Unda yuzini o'zing och! Faqat ehtiyot bo'l, u yer bu yerini bosib olma dovdirab!

Haydar suvchi juda ehtiyotkorlik bilan yerda yotgan kimsaning yuziga yopilgan matoni ko'tarib oldi. Ne ko'z bilan ko'rsinki, yotgan Sevinch ekan. Qo'rqib ketdimi, yo boshqa sababdanmi, jonholatda o'zini orqaga oldi.

— Xo'sh, qo'rqib ketdingmi? Gapir!

— Axir… Bu Sevinch-ku! — dedi suvchi yig'lagudek bo'lib. — U… Kasal edi-ku, kasal!..

— Menga qara, — barzangi Haydar suvchiga yaqinroq o'tirdi-da, tomog'iga chang soldi. — Ko'p valdirayverma! Gapir, valdiraysanmi-yo'qmi?

— Y-yo'q, albatta, — suvchi barzangining bilagiga yopishib bilinar-bilinmas siltanib qo'ydi. — Tovush chiqarmayman, ishoning! Soqovman, soqov!..

Shundan keyingina barzangi qo'lini tortib olib, nari surildi. Suvchi esa beixtiyor hamshira yodiga tushib beixtiyor bezovtalana boshladi. Barzangining sokin tortganidan unumli foydalangisi keldimi, u tomon o'girilishga o'zida kuch topa bildi.

— Inim, — so'radi u sal dadillangan bo'lib. — Anavi… Nima demoqchiydim-a?.. Ha-a, Dilnura qani? Uni… Olib ketmayapsizlarmi?

— Nima? Kim u Dilnura?

— Haligi… Hamshira-da! Sevinchga ukol qilgan…

— Ha-a, umi? — sovuq tirjaydi barzangi. — Hamshira, boboy, hozir hoynahoy huri g'ilmonlarga ukol qilayotgan bo'lsa kerak, xi-xi-xi-xi!..

Bu gap quloqlari ostida jaranglagandayoq, suvchining eti muzlab bo'lgandi. Yuragini mo'ri malax kabi bosib olgan tahlika-yu, vahimalar qo'zg'olon qila boshladi. Boyagina bir kulimsirab, bir qovoq uyib so'zlagan Dilnuraning chehrasi ko'z o'ngida gavdalandi. Bu mohichehrani tasavvur etgani sayin o'lganiga, mana bu bosqinchilarning qo'lida jon berganiga sira ishongisi kela qolmadi. Ammo barzangi aldayotganga o'xshamadi. Xabarni jiddiy turib aytdi. Bir tuki seskanmay masxarali hiringladi. Demak…

«Qanday kunlarga qoldim? — o'yladi Haydar suvchi iloji boricha tanasida zohir titroqlarni barzangiga sezdirib qo'ymaslikka intilib. — Sal bo'lmasa olov changalida qolayozganman. Jin urmagan meni. Salomat yurtga qaytib, tirikchilik qila boshlaganman. Qaysi shayton yo'ldan urdi-yu, bularga ilakishdim? Nega Tolibligini bilib turib, o'sha iflos ishga borishga rozi bo'ldim? Bosh tortsam birov meni o'ldirmasdi-ku! Tinchgina bir-ikki so'mimni topi-ib yurgandim. Tag'in picha chidaganimda, bola-chaqamning quchog'iga borardim. Nahotki, peshonamga shunday kunlar yozilgan bo'lsa? Endi manavi it emganlarning qo'lida o'lib ketamanmi? O'ligim-chi? Qaylarda qolib ketadi? Itlarga, quzg'unlarga yem bo'ladimi? Qanday dahshat!.. Yalinsam-chi? Shu barzangining oyog'iga yiqilib yolvorsam, nima derkin? Mashinadan tushirib yuborarmikan? To'xta, kissamda pulim boridi-ku! O'sha pullarning hammasini qo'liga tutqazsam, ko'nar! O'libdimi? Bular pul desa o'zini tomdan tashlaydi-ku!.. Eh, Meli, Meli! Sen falokatga yo'liqding-u, hammayoq ag'dar-to'ntar bo'ldi-ya! Meni sudrab nima qilarding, xonasalot? Mana, o'zing nogiron bo'lsangam issiq uyda o'tirgandirsan. Buyoqda qizing, men sarsonmiz. Hademay o'lib ketsak shaming yonar, bachchag'ar?.. Rasvo bo'ldim, rasvo! Bir vaqtlar oyoq chalishtirib palovxonto'ra yegan choyxonalar, gap-gashtaklarning hammasi qulog'ini ushlaydigan bo'ldi. Xotin-bola-chaqa-yu, qarindosh-urug'laram chapak chalib qolaveradi endi… Peshonam qursin!..»

— Inim, — qo'rqa-pisa savol berishga tutindi suvchi. — Meni o'ldirmanglar! Mana, picha pulim bor, hammasini beraman. O'ldirmanglar, iltimos, jo'jabirday jonman, axir!

— Vey, anqov chol, — dedi barzangi sal qaddini ko'tarib. — Kim seni o'ldiraman deyapti?

— Axir… Dilnurani…

— U aytganni qilmadi. Shuning uchun tinchitib qo'ya qolishibdi yigitlar. Agar senam qaysarlik qiladigan bo'lsang, unda o'lishing aniq.

— Qaysarlik?.. Nega? Nima qilishim kerak o'zi?

Bularning o'ldirish niyati yo'qligini payqaboq Haydar suvchiga da'fatan jon kirdi. Peshonasini qoplagan muz ter qurigandek bo'ldi. Tanasidagi titroqlar aridi. Qalbida qaytadan umid uchqunlay boshladi.

— Ko'p bilgan tez qariydi, boboy, — kulib javob qildi barzangi. — Borgandan keyin bilasan! Hozircha damingni chiqarmay jim o'tir!

— Xo'p, xo'p, — Haydar suvchi harqalay o'lmasligi muqarrarligiga yana bir karra amin bo'lib darrov tilini tiya qoldi. — Indamayman! Jimman!

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

loading...