Haydovchiga eslatma: 2021 yilgacha yangi haydovchilik guvohnomasini olishni unutmang!

0

Yo'l harakati xavfsizligini ta'minlash, sohani yanada takomillashtirish, haydovchi va piyodalarga turli qulayliklar yaratish maqsadida, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 2 mart kuni imzolangan “Milliy haydovchilik guvohnomasining hamda avtomototransport vositasi ro'yxatdan o'tkazilganligi to'g'risidagi guvohnomaning yangi namunalarini joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi 116-sonli qaroriga asosan respublikamiz hududida 2017 yil 1 oktyabrdan boshlab o'rnatilgan tartibda milliy haydovchilik guvohnomasining yangi namunalari berilishi yo'lga qo'yildi.

Yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasi 10 yil muddatga beriladi. Haydovchi undan foydalanganidan so'ng har o'n yilda almashtirib turishi kerak. Chunki o'n yilda insonning tashqi ko'rinishi o'zgaradi. Bu esa uning hujjatlarini tekshirish jarayonida turli tushunmovchiliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Qarorda amaldagi milliy haydovchilik guvohnomalarini yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalariga almashtirish muddatlari ham belgilab berilgan.

Unga ko'ra, 2017 yil 1 oktyabrdan boshlab 2020 yilning 31 dekabr kuniga qadar eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalari yangisiga, ularning berilgan sanasidan qat'i nazar egasining yozma arizasiga ko'ra ixtiyoriy ravishda almashtirib beriladi. Shundan keyin, ya'ni 2021 yil 1 yanvardan boshlab eski namunadagi barcha haydovchilik guvohnomalari haqiqiy emas, deb topiladi va bu haydovchilik guvohnomalari bilan avtomototransport vositalarini boshqarish, haydovchilik guvohnomasisiz avtomototransport vositalarini boshqarish bo'lib hisoblanadi. Fuqarolarimizni ushbu yangi, milliy haydovchilik guvohnomasini olish va hozirda foydalanishda bo'lganlarini qay tartibda almashtirish kabi savollarning javobi qiziqtirishi tabiiy.

Bu o'rinda shuni ta'kidlash lozimki, ushbu yangi hujjat 2017 yil 1 oktyabrdan boshlab haydovchilar tayyorlash kurslarini tamomlaganlarga nazariy va amaliy imtihonlardan o'tganlaridan so'ng berila boshlandi. Shuningdek, biror-bir sabab bilan eskirgan, yaroqsiz holga kelib qolgan haydovchilik guvohnomasi va uning taloni yangisiga hududiy yo'l harakati xavfsizligi boshqarmalarining ro'yxatga olish va imtihon bo'limlarida almashtirib beriladi. Eski namunadagi haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalariga almashtirish bo'yicha davlat xizmatlarini ko'rsatishning ma'muriy reglamenti ishlab chiqildi. Ushbu reglament jismoniy shaxslarga haydovchilik guvohnomasini yangi namunasiga almatirish tartibini belgilaydi.

Eski namunadagi haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish uchun fuqarolar doimiy yashash joyidagi hududiy davlat xizmatlarini ko'rsatish markazlariga haydovchilik guvohnomasi va uning taloni hamda fuqarolik pasportining nusxasini taqdim etadi. Bu yerda tegishli ariza namunasini to'ldiradi.

Davlat xizmatlarini ko'rsatish markazlari shu hududda doimiy ro'yxatda turuvchi fuqarolarga haydovchilik guvohnomasini almashtirish xizmatlarini ko'rsatadi. Davlat xizmatlari markazlari, hududiy YHXB ro'yxatlash imtihon olish bo'limlari bilan elektron bog'langan holda fuqarolarning haydovchilik guvohnomalari to'g'risidagi ma'lumotlardan foydalanadi.

Ariza beruvchilar haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasiga almashtirish uchun Davlat xizmatlari markazlariga o'zi kelib murojaat etadi yoki O'zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (YaIDXP) davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun ro'yxatdan o'tadi.

O'zi kelib murojaat etgan taqdirda Davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan, YaIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa ariza beruvchi mustaqil ravishda so'rovnomani elektron tarzda to'ldiradi.

Haydovchilik guvohnomasi va uning talonini yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasiga almashtirish uchun eng kam oylik ish haqining 70 foizi miqdorida yig'im undiriladi.

Zafar NASRITDINOV,

Samarqand viloyati IIB YHXB 2-TRIB boshlig'i, mayor

loading...