ALAMZADA… (28-qism)

0

 

 

* * *

 

Mashina chayqala-chayqala borib qaerdadir to'xtadi. Shu zahoti barzangi dast o'rnidan turdi-da, eshik mahkamlangan uzun temirni zulfindan sug'urib oldi.

— Qani, tush pastga! — buyurdi u Haydar suvchiga. — Imillama! Vaqt juda kam, bo'l tez!

Haydar suvchi emaklab borib mashinadan pastga sakradi va ko'z o'ngida keng, haybatli daryo namoyon bo'ldi.

Bu orada mashinaning old tarafidan yana ikki erkak tushib keldi. Ular barzangining qulog'iga nimadir deb, o'zlari nari ketishdi.

Bu harakat yana suvchining yuragiga g'ulg'ula sola boshlagandi. Erkaklarning nimanidir sir tutishayotgani Haydar suvchini gumonsirashga, shubhalar botqog'iga botishga majbur etdi. Bir qarshisidagi barzangiga, bir daryo sohiliga qarab ketgan ikki erkakka javdiradi.

— Tushir anavini! — to'ng'illagancha mashinadagi Sevinchga ishora qildi barzangi. — Ko'tarvolgin-da, daryo tomonga olib bor!

— Sevinchnimi? — talmovsirab so'radi suvchi. — Uni… Nima qilmoqchisizlar, inim? Tinchlikmi?

Haydar suvchiga javoban barzangi yaqinroq kelib ikki yelkasini siqimladi.

— Senga boya aytmaganmidim? Tilingni tiyib yur demaganmidim? Tezroq qimirla!

Dastlab Sevinchni mashinada ko'rgach, Haydar suvchi butkul boshqacha xayolga borgandi. «Boshqa kasalxonaga olib borib tashlashmoqchi, shu yo'l bilan ayblarini yashirishmoqchi» deb o'ylagandi. Endi esa… Daryo bo'yiga kelganlarining boisini to'liq angladi. Demak, bu yaramaslar Sevinchning ham boshiga yetishni mo'ljallashibdi. Lekin nega? Qanday og'ir ayb qilibdiki, begunoh qizni suvga cho'ktirishsa?..

Na iloj? Hech kim jonini garovga qo'ya olmaydi. Shaytoni lain shu ishga undaganda ham baribir jonini o'ylaydi, qayg'uradi, undan voz kechishni xohlamaydi.

Haydar suvchi itoat bilan hanuz dori ta'sirida pishillab uxlayotgan Sevinchni yelkaladi-da, barzangi ko'rsatganidek, daryo sohiliga olib bordi.

— Endi uni o'zing daryoga cho'ktirasan, — dedi barzangi sheriklariga qarab qo'yib. — Tezroq bo'laqol! Bo'shashma, boboy! O'rtarog'iga obor, tezroq cho'kadi!..

Bu buyruq Haydar suvchini ado qilayozdi. Mana shu qo'llari bilan jonidan aziz qizni, do'stining yolg'izini ajal changaliga itqitishi lozimligini his etgani sayin o'layozdi. Baxtga qarshi orqada uch birdek barvasta, sovuqqon, shafqat neligini bilmas kimsalar tish qayrab turibdi. Basharti ortiqcha harakat sodir etishga, qochishga, yo qarshi so'z aytishga moyilligini sezishsa, suvchining o'zi mana shu tubsiz daryoga g'arq bo'ladi.

«Munday olib qaraganda, — ko'nglidan o'tkazdi asta-sekinlik bilan bo'lsa-da, shayton yo'rig'iga kira boshlagan Haydar suvchi. — Otasiyam nogiron, qizining ahvoli manavinaqangi chatoq. Melini ko'ramanmi-yo'qmi, xudo biladi. Ko'rmasligim tayinroq. Shunday bo'lgandan keyin ikkilanib nima qildim? Har kimning joni o'ziga shirin. Bu qizni cho'ktirmay, anavilar bilan olishgan taqdirimdayam, Meli kelib menga rahmat demaydi. Kelgandayam meni topolmaydi. Chunki o'zim mana shu daryo tubida bo'laman… Yo'q, yaxshisi, buyruqni bajaraman-u, jonimni asrab qolaman. Meniyam bola-chaqam bor. Bolalarimning onasi yo'limga ko'z tikib o'tirgandir. Kallakesarlarning ishini bitirib beraman-u, hayyo-huy deb qishloqqa jo'nayman. Shaharlarini yelkamning chuquri ko'rsin!..»

Shularni xayolidan kechirib, Haydar suvchi to'satdan bardam tortdi va Sevinchni qaytadan yelkasiga ortdi-da, daryoga tushdi.

Haydar suvchi picha ichkarilab borgach, tomog'iga qadar suvga botdi. Sohilda notanish kimsalar tayinlashgandi. Suv iyagigacha yetsa, Sevinchni tashlab yuboraversa bo'larkan. To'lqinning o'zi uni ichkariga tortib ketarkan.

Suvchi yelkasidagi Sevinchni pastga tushirishga shaylandi-yu, yuragini vahm bosdi. Qaysidir tomira tortishib ketgandek qisinib-qisinib oldi. Nimalar qilayotgani, qanday qabih ishga qo'l urib qo'yganini so'nggi bor chuqur his etdi. Afsuski, vaqt ziq. Agar tezroq yelkasidagini tashlab ortga qaytmasa, o'zi ham oyog'i toyib daryo domiga kirishi hech gap emas. Haydar suvchi sohilga yaqin bo'lsa-da, oqimning tezligidan ado bo'lay deb ehtiyotkorlik bilan paypaslana-paypaslana bir oyog'ini qirrali toshga tiradi. Shunday qilsa, qur-qur og'zi aralash urilib qaytayotgan kichik to'lqinlar zug'um qilmaydigandek tuyuldi.

Shu mahal sohil tarafdan kimlarningdir baqir-chaqiri qulog'iga chalindi. Kimdir kimnidir haqorat qildi. Kimlarningdir ingragani atrofni tutdi. Haydar suvchi yuragi taka-puka bo'lib Sevinchni qayta yelkaladi-da, asta ortga bosh burdi. Qorong'ida hech kimni aniq ko'rib bo'lmasdi.

Hali xayolini bir joyga jamlab ulgurmay, allakimning qichqirig'i quloqlari ostida jarangladi.

— Qayt qirg'oqqa! Vey, qayt dedim, iflos! Kimsan o'zi? Itday otib tashlayman! Qaytar Sevinchni, qaytar, it!

Haydar suvchi bir muddat nima qilishni bilmay garangsib qoldi. Tahdid takrorlanavergach, yana ehtiyotkorlikni qo'ldan bermagan holda inqillay-inqillay qirg'oqqa yurdi.

Holdan toygan ekan. Arang qirg'oqqacha yeta oldi. Suvdan bir oyog'ini yuqoriga chiqardi-yu, Sevinchni yerga qo'ydi. O'zi esa tepasidagi kimsalarga-da qarashga holi yetmay yuztuban yotib oldi.

— Tur o'rningdan! — kimdir biqiniga tepdi-mi, nafasi ichiga tushgan kabi xirillab boshini ko'tardi. Ne ko'z bilan ko'rsinki, qarshisida Tolib gezargancha turardi. — Katta xolangning uyimi bu yer yastanib olding? — qichqirishda davom etdi u. — Tur!

Haydar suvchi qo'rqa-pisa o'rnidan qo'zg'aldi. Sal narida mashina chiroqlari yorug'ida o'zini olib kelgan notanish kimsalarning dumalab yotganini ko'rdi. Atrofda izg'iyotgan to'rt yigit Tolibga tegishli ekanini ham tushunib yetdi.

— Men… Meni… — deya oldi Haydar suvchi titrab. — Majburlab… Qo'rqitib opkelishdi… Anavilar… O'ldirmoqchi bo'lishdi.

Tolib suvchining so'zlariga quloq tutmadi. Baqira-baqira yigitlarga Sevinchni mashinaga joylashni buyurdi. Shundan keyingina Haydar suvchiga yuzlandi.

— Ie, haliyam o'lmaganmiding? — so'radi Tolib shundagina suvchini tanib. — Hali sen dushmanlarimning yugurdagiga aylanganmiding?

— Y-yo'-o'q… Meni… Majburlashdi, ha, majburlashdi!..

— Shunaqami? Sen, iflos, Sevinchni tanirding-ku! Otasi og'ayning edi shekilli adashmasam-a?

— H-ha, shunday. Men…

— Nonko'r! Tuzimni yeb tuzlig'imga tupurdingmi hali? Sevinchda nima ayb bor edi? Uning o'rniga o'zing cho'kib o'la qolmadingmi? Jon shirinlik qilgan-da-a? Shunaqami?..

— Axir…

Haydar suvchi shundagina barchasini anglab yetgandek bo'ldi. Olib kelganlar, Sevinchni o'ldirib yubormoqchi, ukol qildirib haqiqiy telbaga aylantirmoqchi bo'lganlar aslida Tolibga tegishli emasligini tushundi. Ammo kech edi. Shu tobda nima demasin, qanday yo'l tutmasin, o'zini oqlay olmaydi. Sababi, qilar ishni qildi. Shaytonning yo'liga yurdi. Hammasiga ko'z yumdi. O'z jonini, halovatini deb bir tuproqda o'sib-ulg'aygan qizni mana shu qo'llari bilan suvga cho'ktirishga urindi. Agar Tolib vaqtida kelib qolmasa…

Haydar suvchi ko'zlari endi-endi ochila boshlagan kabi beixtiyor o'kirib yig'lagan ko'yi Tolibning tevaragini aylana boshladi. Bu harakatlarini ko'rdi-yu, Tolib shartta ikki bilagidan tutib o'ziga qaratdi.

— Hoy, Sarvar! — qichqirdi u yerda yotgganlarni astoydil tepkilayotgan shotiriga qarab. — Tez kel oldimga!

Hash-pash deguncha Sarvar Tolibning qarshisida hozir bo'ldi.

— Aka, xizmat bormi yana?

— Manavini nima qilamiz? — so'radi Tolib aftini bujmaytirib. — Sevinchni tamom qilayozibdi-ku! Cho'ktirmoqchi bo'libdi-ku!

— O'zini o'sha suvga cho'ktirvorish kerak, vassalom! — dedi Sarvar pinagini buzmay. — Bunaqalarning jazosi shu, aka!

— Axir, jinoyat qilib qo'yamiz-ku tag'in?

— Aka, — so'zlash asnosida Haydar suvchining beliga musht tushirdi Sarvar. Suvchi musht zarbidan bir muddat yana nafasi qaytib, qayta-qayta entikib oldi. — Qanchasini kechirdingiz! Birontasi bildimi? Tuzingizni oqladimi? Hecham. Buning o'rniga sizni sotaverishdi, sotaverishdi. Endi bo'lsa…

— Sen haqsan, — dedi Tolib asabiy lab tishlab. — Bunaqalar yaxshilikni bilmaydi. Agar qishloqdoshi, yaqin do'stining ko'ziga cho'p tiqmoqchi bo'libdimi, ertaga meniyam sotadi.

— To'ppa-to'g'ri, — uning gapini ma'qulladi Sarvar. — Sotqinlarni kechirib o'tirish ahmoqlikdan bo'lak narsamas.

— Unda chaqir Mo'ydinni! Cho'ktirsin bu it emganni!

Sarvar imi-jimida mashinada Sevinchni qo'riqlab o'tirgan shotirni Tolibning oldiga jo'natdi. O'zi esa uning o'rnida qoldi.

Haydar suvchi qorong'ilikda o'ziga yaqin kelgan barvasta, shop mo'ylovli yigitga javdirab boqdi. U qo'lidagi to'pponchani suvchiga to'g'rilagancha Tolibning so'nggi buyrug'ini kutardi.

— Obor bu nonko'rni! — daryo tomon ishora qildi Tolib nari ketarkan. — Agar o'z xohishi bilan cho'kmasa, otib tashla!

Bu so'z Haydar suvchi uchun o'limdan-da qo'rqinchliroq edi. U o'limni qalban his etgani sayin dag'-dag' titrar, mashina tomon ketayotgan Tolibga nimadir degisi kelib shaylanar, shop mo'ylovlidan tirik qoldirishini so'rab yolvorishga chog'lanardi. Ammo tili aylanmasdi. Halitdan go'yo murda qiyofasiga kirib qolgandek edi. Faqat tik oyoqda turardi xolos.

— Qani, tush suvga! — buyurdi yigit Haydar suvchiga o'qrayib. — Yo'qsa itday otib tashlayman, tush dedim!

Haydar suvchi itoatkorona daryoga tushdi va istar-istamas ichkarilay boshladi.

Daryo tobora chuqurlashib borgani sayin Haydar suvchining vujudiga chirmashgan qo'rquv negadir tumandek tarqalgan kabi hiyla erkin nafas oldi. Hatto suv tomog'ini o'pgach, birdan to'xtab, ortga o'girilishga-da o'zida kuch topa bildi.

Shop mo'ylovli barvasta hanuz to'pponchani u tomon to'g'rilagancha tek turardi.

— Senlar bekorga mening boshimga yetyapsanlar! — beixtiyor baqirib yubordi suvchi alam aralash. — Qishloqda bola-chaqam yetim qoladigan bo'ldi. O'shalarning uvoliga qolasan. Mening qarg'ishim seniyam boshingni yeydi, xonasalot! Haliyam bu niyatingdan qayt! Baloga giriftor bo'lmagin! Juvonmarg ketmagin!

Shop mo'ylovli suvchining hayqirig'iga javoban to'pponchani osmonga qaratib, bir marta o'q uzdi. O'qning varanglagan ovozi olamni buzayozdi. Shu zahoti tahlika iskanjasida qolgan suvchining miyasiga shayton o'rlab, yo'l-yo'riq ko'rsatishga tushdi.

«To'pponchaning o'qi badaningni teshib o'tsa, — dedi shayton. — Joning do'zax azobini tortadi. Ko'zingdan go'yo o't chaqnaydi. Behuda joningni og'ritib zarilmi senga? Undan ko'ra, oldinga yur. Baribir boshqa yo'l yo'q. Cho'kishing shart! Ishon, daryo domiga tortdimi, tamom, ichingga suv to'ladi-yu, nafas olishdan to'xtaysan. Hech narsani sezmay qolasan. Bir necha daqiqa ichida uyoqlarda bo'lasan. Ahmoqlik qilma! Qaysar fe'lingni tashla!..»

Haydar suvchi ko'zlari to'la yosh bilan yo'l-yo'lakay xudoga nola qila-qila yana oldinga yurdi. To'lqinlar darhol boshi osha urildi. Zum o'tmay suvchi ko'rinmay qoldi. Shamol sabab sohilga pishqirib yaqinlashgan kuchli to'lqin uni daryoning o'rtasiga surib ketgandi.

 

* * *

 

Suvchining cho'kib ketganiga to'liq amin bo'lgan zo'ravonlar baravariga yuzlariga fotiha tortishdi-da, Tolibning navbatdagi buyrug'ini kuta boshlashdi.

Tolib esa gapirishga shoshilmasdi. Pishillab uxlayotgan Sevinchning yuzlariga g'amgin tikilgancha o'tirardi. U hatto yana bir qotillikka qo'l urganidan seskanay demasdi. Bo'lib o'tgan ishlar xayoliga ham kelmasdi. Aksincha Sevinchni endi qaerga olib borish, qanday o'ziga keltirish xususida bosh qotirardi. Shu ko'yi o'tira-o'tira, oxiri ilkis boshini ko'tardi.

— Sarvar, — dedi sal narida o'tirgan shotiriga. — Bosh qotdi, uka. Sevinchni qaerga olib boramiz? Axir, uni oyoqqa turg'azish kerak! Nima qilamiz endi?

— Farg'ona shahriga olib keta qolaylik, — Tolibga yaqinroq o'tirib so'z qotdi Sarvar. — Mo'ydinning aytishicha, o'sha yoqda zo'r duoxon tabib bor emish. Balki o'sha tuzatvorar Sevinchni?

— Haqsan. Qo'l qovushtirib o'tirishdan naf chiqmaydi. Qani, o't oldirlaring motorni! Jo'naymiz. Tavakkal qilib ko'ramiz.

Meni yo'lda qoldirib ketasanlar. Kirib-chiqadigan joylarim bor. Orqalaringdan yetvolaman. Bo'llaring!

Mashina joyidan jildi. Tolib oynaning bir qatini ochdi-da, cho'ntagidan sigaret chiqarib tutatdi. Tutunni tashqariga puflash asnosida bo'lib o'tgan ishlarni bir-bir xayolidan o'tkazdi. Pushaymon zo'r kelganda og'ir-og'ir xo'rsinish bilan kifoyalandi. Ora-sirada Sevinch tomon o'girilib, qayta-qayta bosh chayqab oldi…

Ular bir soatga yaqin yo'l yurishdi. Tolib o'zi tayinlagan manzilda mashinadan tushib qolgandi. Sevinch esa yaqindagina uyg'ondi. Uyg'ondi-yu, hech narsaga tushunmay xiyol qaddini ko'tardi va atrofida notanish kimsalar o'tirganini ko'rib, qaytadan boshini bolishga qo'ydi.

Uning alahsirashlari, qo'rquv, hadik biroz nari chekingandek edi. Shu gal talmovsirashdan o'zini tiya oldi. Faqat ko'zlarini yumdi deguncha sochlari yoyiq alvastining siymosi gavdalana boshlar, Sevinch bu basharadan qo'rqib, lablarini qattiq tishlashga majbur bo'lardi. Ammo unini chiqarmasdi. O'zini hanuz kasalxona xodimlari yoki qaysidir begona odamlar qurshovida his etib, og'iz ochishga cho'chirdi.

Mashina shahar bo'ylab o'n daqiqacha aylangach, tor ko'chalardan biriga burildi-da, ko'rimsiz, darvoza o'rniga taxtali eshik o'rnatilgan hovli ro'parasida to'xtadi.

Agar birov qo'ltig'idan olsa, Sevinch oyoqda tik tura oladigan ahvolda edi. Ammo xayoliga chirmovuq kabi chirmashgan alvastini qiyofasi tik turishga yo'l bera qolmasdi. Go'yo yura boshlasa, qaerdandir noma'lum tarafdan kelib tomog'iga chang soladigandek tuyulardi. Shuning uchun atayin ko'zlarini yumgancha yotaverdi. Barzangilar ham, Sarvar ham uning uyg'onganini allaqachon payqashgan. Shunga qaramay, bezovta qilishni xohlashmadi. Tolib tayinlaganidek, Sarvarning o'zi uni dast ko'tarib olib, hovliga kirdi-da, uy bekasini chaqirdi.

— Tez bu qizni alohida xonaga yotqizing, Jannat opa, — dedi u jikkakdan kelgan, sochlariga oq oralagan o'rta yashar ayolga do'q aralash. — Tolib akam hali zamon yetib keladi. Bo'ling tez!

Jannat opa pildiragancha borib xonalardan birining eshigini ochdi.

— Mana shu xonaga yotqiza qoling, o'rgilay!

Oradan ikki soatcha vaqt o'tib Tolib yetib keldi. U hovliga kira solib Sarvar orqali uy bekasini chaqirtirdi.

— Xo'sh, bizning qiz qanday? — so'radi u jiddiy va tahdidli ohangda. — Qaerga joylashtirdingiz?

— M-mehmonxonaga, uka, mehmonxonaga, — qo'rqa-pisa javob qildi Jannat opa qisinib. — S-sizgayam… Joy solib beraymi?

— Yo'q, — dedi Tolib yerga chirt etib tupurib. — Hozir uxlaydigan vaqt emas. Sarvar, qani aytgan o'sha duoxoning? Nimaga ko'rinmayapti?

— Aka, ertalabgacha kutaylikmi devdim. Harqalay…

— E, bu nima deganing? — uni jerkib berdi Tolib. — Ertalabing nimasi? Sevinch shu kecha tuzalishi shart. Senga aytgandim-ku!

— Xo'p, hozir yest qilamiz. Bir og'iz gapingiz.

— Tez yetkazib kellaring o'sha odamni! Bilib qo'y, o'n daqiqa vaqt beraman.

— Xo'p, xo'p! Jamshid, hov Jamshid! — Sarvar ichkari xonada o'tirgan shotirlardan birini chaqirdi.

— Nima deysan? — shotir norozilangancha kavshanib tashqariga chiqdi-yu, Tolibni ko'rib birdan yuvosh tortdi. — Ie, uzr, aka, uzr! Kelganingizni bilmabman.

Tolib indamadi. Qovoq uyib Jamshidga boshdan oyoq nazar soldi-da, nari ketdi. Sarvar esa uning qulog'iga nimalardir deb shivirladi. Shotir shu zahoti ko'chaga otildi.

Hech qancha o'tmay, pakana, cho'qqisoqol, yoshi oltmishlarga borgan, bir oyog'i oqsoq tatar domla kirib keldi. Yurganda ham uning iyagi titrab qo'yardi.

Hoynahoy, Tolibni tanimasa kerak, kira solib qichqirdi:

— Hoy «bratishka», oq echki qani, oq echki? Nimaga serrayib turibsan? So'rashmaysanmi «brataning» bilan?

Tolib domlaning esi kirdi-chiqdiroqligini darhol payqab beixtiyor kulgisi qistadi. Lekin sezdirmadi. Shosha-pisha so'rashish uchun qo'l uzatdi-da, yonidagi yuzini ters burib kulishga chog'langan Sarvarni turtdi.

— Echki so'rayapti, «bratan»! Qani echki?

Sarvar xojasiga javoban deraza qarshisida turib qolgan Jannat opani qoshiga chorladi.

— Jannat opa, oq echkingiz bormi? Sotvolamiz!

— Yo'g'idi-ya, — dedi Jannat opa battar qisinib. — Uyimda umuman echki yo'g'idi. Rinat og'a, qora echki bo'lmaydimi? Qo'shnimda boridi. Erkagiydi.

— E, miyang suyulib qopti sen xotinning! — dag'dag'a qildi Rinat domla. — Qora echkini boshimga uramanmi? Oq echki kerak menga, oq!

— Sarvar! — hovlini boshiga ko'targudek qichqirdi Tolib. — Tezda oq echki topib kelinglar! Yerning tagidan bo'lsayam topinglar!

— «Bratan», oq echki nimaga kerak o'zi? — atayin domlaning jig'iga tekkisi keldimi, Sarvar ijikiladi. — Biror karomati bormi?

— Ha, oq echkini so'yib, go'shtidan bemorga yediramiz. Keyin qonini yuz-ko'zlariga surtamiz. Irimi shunaqa, bo'tam, irimi!

— Yaxshi, — dedi Sarvar battar kulgisi qistab. — Hoziroq topib kelamiz o'sha oq echkingizni! Kuting!

Baribir ana-mana deguncha tong otdi. Sarvar tongga yaqingina oppoq echkini qassobga yetaklatgancha hovliga kirib keldi. Uni kutaverib Tolibning bo'lari bo'lgandi. Lekin alamini ichga yutdi. Nima bo'lmasin, Sevinchning tezroq tuzalishiga umid bog'lab, Rinat og'a boshchiligidagi harakatlarni tek turib kuzatdi.

Hamma ish bitgach, Rinat og'a Sevinch yotgan xonaga kirdi. Oq echkining suvda qaynatilgan bir bo'lak go'shti, piyolaga quyilgan qonini Sevinchning tepasiga qo'ydi-da, bir Tolibga, bir Jannat opaga o'qraydi.

— Magnitofon kerak, — dedi u zardali ohangda. — Tezda menga magnitofon topinglar!

— Ie, ja oshirvordingiz-ku, «bratan»! — Tolib asabi qo'zg'ab Rinat og'aga kinoya aralash so'z qotdi. — Hali u deysiz, hali bu… E, boshlamaysizmi seansingizni?

— Magnitofonsiz qanday boshlayman? — yelka qisdi domla. — Ayt, qanday boshlayman? Hali bu xonaga erga tegmagan qizlardan besh-oltitasini olib kirishlaring kerak! Hay Jannat, bor, sen qo'shni qizlardan yetaklab chiq! Sen-chi, «bratishka», hadeb mahmadonalik qilavermay, magnitofon topib kel! Bor, bor, boshimni qotirmalaring! Yo'qsa, ketib qolaman! O'zi shundog'am jahlim chiqib turibdi!

Na iloj? Tolib yana hovliga chiqishga va Sarvarga topshiriq berishga majbur bo'ldi.

Jannat opa esa qo'rqqanidan oyog'ini qo'lga olib qo'shni qizlarni chaqirish uchun chiqib ketdi.

Taxminan o'n daqiqa vaqt o'tib, domlaning talabi qondirildi. Sarvar kattakon tasmali magnitofonni sandiq ustiga qo'yib, tokka uladi. Jannat opa uzun-qisqa bo'y qizlarning olti nafarini Rinat og'aning qarshisida saf torttirdi.

— Xo'sh, «bratan», endi ko'nglingiz to'ldimi? — masxaraomuz kulimsirab so'radi Tolib. — Yo tag'in biror nima kerak bo'ladimi?

— Endimi? — Rinat og'a xonadagilarga bir-bir qarab oldi-da, qo'l siltadi. — Erkaklarning hammasi bu yerdan chiqib ketsin! Ha, aytgancha, sen bizga xorij ashulalaridan qo'yib ber! Sakratadiganidan bo'lsin! Haligi… Nimaydi?.. Klublarda manavinaqangi yosh-yalang sakrab o'ynaydi-ku! O'shanaqasidan bo'lsin!

— Ie, — Tolib hayron bo'lib domlaga yaqin bordi. — Tushunmadim, nima, bu yerda diskoteka uyushtirmoqchimisiz? «Kuf-suf»ingizni boshlasangiz-chi boshni qotirmay! Indamagan sari…

— Sen o'ch! — dedi Rinat og'a Tolibga yeb qo'ygudek tikilib. — Nima qilayotganimni o'zim bilaman. Qizlar o'sha ashulaga sakrab-sakrab o'ynaydi. Xonaning changi chiqadi. Ana shunda anavi bemor qizga yopishgan jinlar tiraqaylab qochadi. Uf-f!.. Nima, bu yerga «atcho't» berishga kelibmidim? Bor, bor, chiqlaring! O'ldirdilaring-ku bo'lar-bo'lmasni so'rayverib! Menmi domla bu yerda, yo senmi? Chiq dedim!..

Tolib ko'zlarini yumgan ko'yi jimgina yotgan Sevinchga dardli boqdi-da, qo'l siltay-siltay xonani tark etdi.

— Qani, qaqajonlar, — deya qizlarga yaqin bordi domla. — Manavi go'shtdan bir chimdim, bir chimdim yeysizlar! Sen, Jannat, hov anavi piyoladagi qondan bemorimizning yuz-ko'zlariga surib chiq! Jinlar jazavaga tushsin! Jazavaga tushishi bilan ashulani qo'yvorasan!..

Buyruq bir zumda ado etildi. Domlaning ishorasi bilan Jannat opa Tolib qo'yib ketgan tasmani bir ko'zdan kechirgan bo'ldi-da, magnitofonning tugmachasini bosdi. Xonada sho'x xorij qo'shig'i yangray boshladi.

— Qani, sakrab-sakrab o'yna! — bir-bir qizlarning tirsagiga turtib raqs tushishga chorlay ketdi domla. — Ha-a, ikki qo'lingni xuddi chet el artistlariday baland ko'tarib o'ynalaring! Senam, Jannat, qo'shil bularga! Uyalma! Jinlar jazavaga tushyapti, ana! Qo'zg'alyapti!..

Rinat og'aning o'zi qo'liga qamchini oldi-da, xonani aylanib chopa boshladi.

— Ho'v yallo, ho'v yallo! Qoch-ey, qoch, qoch! Qarg'ayman-o, qarg'ayman! Uyingni kuydiraman, jinvachchalar, qoch! Ho'v yallo-yu, ho'v yallo! Hay-yo-huv-o, hay-yo, huv! Hov yallo! Qochsin jinlar, qochsin-o, domlaga yo'l ochsin-o! Ho'v yallo-yu, ho'v yallo!..

Yoshi o'tib qolgan emasmi, Jannat opaning a'zoyi badani qora terga botgan, sakrashga xoli qolmagandi. Lekin domladan qo'rqqani sababli to'xtashga haddi sig'mas, yiqilay deganda qaysidir qizning tirsagidan mahkam ushlab qolardi.

Sevinch bo'lsa, allaqachon ko'zlarini ochib, tepasida uyoqdan buyoqqa telbalarcha chopayotgan Rinat og'aga, diskotekadagi kabi berilib raqs tushayotgan qizlarga hayratli nazar tashlardi. Hanuz hushi o'ziga kelib ulgurmagani bois, qo'rquv, hadikka qalbi begona edi. Bo'lib o'tayotgan ishlarni sokin kuzatardi.

Rinat og'a kutilmaganda qiyqirishdan tiyilib, qo'lidagi qamchini o'ynatgancha Sevinchning tepasida paydo bo'ldi. Ko'zlari alang-jalang goh u yonga, goh bu yonga telbanamo boqdi. So'ngra qamchini silkitib uch-to'rt karra Sevinchni aylanib yugurdi. Yugurish asnosida raqs tushayotgan qizlarga urilib ham ketdi. Qizlar raqs tushishardi-yu, domlaning beo'xshov harakatlaridan qotib-qotib kulishardi. Ammo Rinat og'a kulgularga e'tibor qilmasdi. Astoydil yugurardi. Yugurish bahonasida tez-tez qamchisini silkitib-silkitib qo'yardi.

Naq bir soatcha davom etgan bu «seans» nihoyat domlaning ishorasi bilan to'xtatildi. Musiqa shovqini tinishi bilan birinchi bo'lib Jannat opa polga o'tirib oldi. Rinat og'a esa Sevinchning tepasiga cho'kkalab shivir-shivir qilgancha nimalardir dedi. Shivirlashdan to'xtagach, Sevinchni o'rnidan turishga unday boshladi.

— Turaver, qizim, turaver, — dedi u boshini silkita-silkita esnarkan. — Jinlar qochdi, qochdi! Tur!

Baxtga qarshi Sevinch tura qolay demasdi. Hamon shiftga tikilgancha sukut saqlardi.

— Obbo-o-o! — hafsalasi pir bo'ldi chog'i, Rinat og'a sapchib o'rnidan turdi. — Yuzsiz, qaysar jin ekan jinlaring! Bo'lmaydi, bo'lmaydi!.. Jannat, «bratishka»ni chaqiraver! O'xshamadi! Men bunaqa jinlar bilan tillasha olmayman! Yana bitta oq echki so'ymasa iloji yo'q!

— Voy, og'a, endi echkini qaerdan olaman? — Jannat opa ensasi qotib qo'l siltadi. — Qo'ymasakansiz-da o'zingizam! Bu yer shahar bo'lsa! Boqib qo'ygan qator echkilarim bo'lsaykan…

Shu orada ichkari eshik ochilib, Tolib Sarvar hamrohligida kirib keldi. Ko'rdiki, hech narsa o'zgarmagan. Ustiga-ustak domlaning Jannat opa bilan echki masalasida tortishayotgani qulog'iga kirib, jazavaga tushdi.

— Vey, duoxon, — deya Rinat og'aning tepasiga yaqin bordi Tolib. — Qanaqa «aferist»san-a o'zi? Qani tuzalgani?

— M-men… Menga do'q urmang, ukam, — da'fatan past tushib bosh egdi domla. — Men… Qo'limdan kelganini qildim. Faqat… Bu qizni qaysar jinlar bosibdi. Shunga…

— E, sur-e bettan! — Tolib Rinat og'ani bir tirsaklab yubordi-da, Sevinchga yaqinlashdi. U hech bir harakat sodir etmas, so'z qotishga chog'lanmasdi. Holsizlangan ko'yi Tolibga tikilgancha yotardi.

— Sarvar, — shotiri tomon o'girildi Tolib. — Mashinani chaqir! Senam g'irt anqov ekansan. Qayoqdagi duoxonlarga ishonib, Sevinchni toliqtirding. Bo'l tez, mashina chaqir!

— Q-qaerga boramiz endi? — so'radi Sarvar tutilib. — Balki…

— Boshimni qotirma dedim! — jerkib berdi uni Tolib. — Qo'lingdan kelmadimi, endi ji-im tur! Shaharga olib boramiz Sevinchni!..

Tolibning so'nggi gapi Sevinchni o'rnidan qo'zg'alishga majbur etgandi. U beixtiyor sergaklangandek qo'llarini ikki yonga tiragan holda qaddini ko'tardi. Bu gal uning nigohlari hissiz emasdi. Tolibga nafrat aralash boqardi.

— Ie, turdingmi, Sevinch? — Tolib yugura borib Sevinchning qarshisida tiz cho'kdi. — Yaxshi bo'ldingmi? Oposhmisan endi?..

Sevinch so'zlashga shoshilmadi. Go'yo Tolibning so'zlarini eshitmagan kabi indamay o'rnidan turdi va devorga suyanib oldi.

— Nega indamaysan? — uni so'roqqa tutishda davom etdi Tolib. — Biror nima desang-chi, jonim!..

Shundagina Sevinch tilga kirdi. Garchi hayqira olmasa-da, alamli shivirladi:

— Meni jonim dema, iflos! Joning chiqib bo'lgan sening! Sen… Murdasan! Tirik murdasan!..

— Sevinch! Bu nima deganing?.. — Tolib uning haqoratlariga e'tibor bermay, yelkasidan quchish maqsadida qo'l cho'zdi. Biroq shu zahoti Sevinch o'zini chetga oldi va bir necha marotaba xo'rsina-xo'rsina, to'satdan baqirdi:

— Yo'qol! Ifloslar! Marazlar! Qotillar! Meni tinch qo'ylaring!..

Afsuski, bu qichqirig'i inobatga olinmadi. Tolib asablarini bosish niyatida xonani aylangan bo'ldi-da, Sarvarga yuzlanib, Sevinchdan-da, qattiqroq hayqirdi:

— Nega qarab turibsan! Kuch bilan mashinaga opchiq uni! Shaharga ketadi Sevinch, shaharga! Duoxonni… Nimaydi? «Bratan»niyam topib kel shu yerga! Sevinch tuzalyapti, tuzalyapti! Tezroq domlani topib kel, uka, tezroq! Uyam biz bilan ketadi! Jannat opa, sizam otlaning! Sevinchning tepasida bo'lasiz! E, nega baqrayib turibsiz? Bo'lmaysizmi?

Jannat opa Tolibning do'qlaridan joni chiqqudek qo'rqib apil-tapil boshiga oq ro'molini tashladi va tashqariga zipilladi.

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

loading...