Kambag'al va ishsiz fuqarolarni o'qitishga qaratilgan umummilliy tizim joriy etiladi – Prezident qarori loyihasi

0

Kambag'al va ishsiz aholini tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o'qitishga qaratilgan chora-tadbirlar qabul qilinadi

Prezidentning “Kambag'al va ishsiz aholini tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o'qitishga qaratilgan chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Quyidagilarni nazarda tutuvchi Kambag'al va ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga hamda tadbirkorlikka o'qitishga qaratilgan umummilliy tizim joriy etiladi:

Qoraqalpog'iston Respublikasi Nukus shahri, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida joylashgan “Ishga marhamat” monomarkazlari;

Qoraqalpog'iston Respublikasi va viloyatlar tuman (shahar)larida joylashgan ishsiz va band bo'lmagan aholini kasb-hunarga o'qitish markazlari;

Toshkent shahrining tumanlarida Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi huzuridagi o'rta maxsus ta'lim muassasalarida ishsiz yoshlar, xotin-qizlar hamda o'z malakasini oshirmoqchi bo'lgan fuqarolar uchun tashkil etiladigan qisqa muddatli kasb-hunarga o'qitish kurslari;

mahalla guzarlarida, mahalla hududlaridagi o'quv muassasalar, korxona va tashkilotlar, tashabbuskor tadbirkorlik sub'yektlari binolarida, boshqa bo'sh turgan joylarda ishsiz va band bo'lmagan aholini kasb-hunarlarga o'qitish markazlari huzurida tashkil etilgan mahalla aholisini kasb-hunarga o'qitish maskanlari.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ikki oy muddatda ishsiz va kambag'al aholini “mahalla aholisini kasb-hunarga o'qitish maskanlari – kasb-hunarga o'qitish markazlari – “Ishga marhamat” monomarkazlari” mexanizmi asosida o'qitish tartibini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi:

a) Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2020 yil 1 oktyabrga qadar “Ishga marhamat” monomarkazlarining to'liq ishga tushirilishini ta'minlaydi. Bunda:

“Ishga marhamat” monomarkazlari kasb-hunar, tadbirkorlik, xorijiy tillar, kasbiy malakani baholash, ishga joylashtirish va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga yuborish yo'nalishlarini o'z ichiga oladi;

qurilish, rekonstruksiya va ta'mirlash ishlari buyurtmachisi sifatida tegishli hududlar “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi etib belgilanadi, shuningdek, qurilish, rekonstruksiya va ta'mirlash ishlari qonunchilikka muvofiq tartibda amalga oshiriladi;

o'quv jarayonida foydalanish uchun asbob-uskuna va jihozlarni xarid qilish “Ishchi kasblarni ommalashtirish va rivojlantirish Words Skills Uzbekistan assotsiatsiya”si buyurtmasi asosida belgilangan tartibda Vazirlik tomonidan amalga oshiriladi;

b) Qoraqalpog'iston Respublikasi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda tuman (shahar)lardagi ishsiz va band bo'lmagan aholini kasb-hunarga o'qitish markazlarida fuqarolarni kasb-hunarga o'qitishni tashkil etadi. Bunda:

kasb-hunarga o'qitish jarayonida mahalliy mehnat bozorida talab yuqori bo'lgan kasblarga, shuningdek, tadbirkorlik va xorijiy tillarga qisqa muddatli o'qitish qamrab olinadi;

kasb-hunarga o'qitish markazlari uchun tasdiqlangan yo'nalishlar bo'yicha o'quv jarayoni uchun asbob-uskuna va jihozlarni xarid qilish tegishliligi bo'yicha Bandlikka ko'maklashish davlat jamg'armasi hamda Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligining Oliy ta'lim muassasalarini rivojlantirish jamg'armasi mablag'lari hisobidan moliyalashtiriladi;

v) Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda qisqa muddatli kasb-hunarga o'qitish kurslarida fuqarolarni kasb-hunarga o'qitishni tashkil etadi. Bunda:

kasb-hunarga o'qitish kurslari ular joylashgan tumanlarda ehtiyoj yuqori bo'lgan ishchi kasb-hunarlarga, ayniqsa xizmat ko'rsatish, qurilish, kommunal sohalar bo'yicha qamrab olinadi;

o'qitish kurslari muddati 3 oy bo'lib, kurslar kechki payt yoki aholiga qulay bo'lgan boshqa vaqtlarda o'tkaziladi;

kasb-hunarga o'qitish kurslari Toshkent shahridagi oliy ta'lim muassasalari rektorlari tomonidan doimiy nazorat qilib boriladi, kurslarda o'qitish jarayoniga oliy ta'lim muassasalari o'qituvchilari keng jalb qilinadi;

kasb-hunarga o'qitish kurslarining moddiy-texnika bazasini ta'minlash, shu jumladan zamonaviy asbob-uskunalar, o'quv-metodik qo'llanmalar bilan jihozlash Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligining Oliy ta'lim muassasalarini rivojlantirish jamg'armasi mablag'lari hisobidan moliyalashtiriladi;

kasb-hunarga o'qitish kurslarida ishsiz fuqarolarning o'qishi uchun to'lov Bandlikka ko'maklashish davlat jamg'armasi mablag'lari hisobidan amalga oshiriladi;

g) Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda mahalla aholisini kasb-hunarga o'qitish maskanlarida ishsiz va kambag'al aholini kasb-hunarga o'qitishni tashkil etadi. Bunda:

kasb-hunarga o'qitishning tikuvchilik, oshpazlik, qandolatchilik, sartaroshlik, kompyuter savodxonligi, tadbirkorlik asoslari va boshqa murakkab asbob-uskunalar talab etilmaydigan yo'nalishlar bo'yicha qisqa muddatli (ko'pi bilan 3 oy) o'quv kurslari tashkil etiladi;

Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari mahalla aholisini kasb-hunarga o'qitish maskanlarini tashkil etish uchun mahallalarda joylashgan mahalla idoralari, guzarlar, mahalla hududlaridagi o'quv muassasalari, korxona va tashkilotlar, tashabbuskor tadbirkorlik sub'yektlari binolari hamda boshqa bo'sh turgan joylar ajratilishini va zarur asbob-uskunalar bilan jihozlanishini ta'minlaydi;

kasb-hunarga o'qitadigan kasbiy-ta'lim ustalari odatda hunarga o'qitish maskanlari joylashgan hududda istiqomat qiluvchi fuqarolar tarkibidan tanlab olinadi hamda ishsiz va band bo'lmagan aholini kasb-hunarga o'qitish markazlari bilan shartnoma asosida ish faoliyatini olib borishi belgilanadi;

mahalla aholisini kasb-hunarga o'qitish maskanlarining kasb-hunarga o'qitadigan kasbiy-ta'lim ustalarini o'qitish ishsiz va band bo'lmagan aholini kasb-hunarga o'qitish markazlari tomonidan amalga oshiriladi;

Vazirlik Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi bilan kelishgan holda mahalla aholisini kasb-hunarga o'qitish maskanlari o'quv dasturlarini tasdiqlaydi;

mahalla aholisini kasb-hunarga o'qitish maskanlarida ishsiz va kambag'al aholini kasb-hunarga o'qitish bilan bog'liq xarajatlar, shu jumladan zarur xom ashyo va materiallar bilan ta'minlash Bandlikka ko'maklashish davlat jamg'armasi mablag'lari hisobidan amalga oshiriladi;

mahalla aholisini kasb-hunarga o'qitish maskanlarida kasb-hunarga o'qitiladigan shaxslarga mehnat stajini hisoblash uchun vaqtinchalik mehnat guvohnomasi rasmiylashtirib beriladi.

Moliya vazirligi “Ishga marhamat” monomarkazlarini, ishsiz va band bo'lmagan aholini kasb-hunarga o'qitish markazlarini qayta ta'mirlash, asbob-uskuna va jihozlar bilan ta'minlash uchun Bandlikka ko'maklashish davlat jamg'armasiga Respublika byudjetidan 2020 yil uchun ajratiladigan mablag'larga qo'shimcha ravishda 200 milliard so'm mablag' ajratadi.

Vazirlik:

Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida, Qoraqalpog'iston Respublikasi va viloyatlardagi “Ishga marhamat” monomarkazlarida 2020-2021 yillarda ish qidiruvchi shaxslar, xorijga mehnat migratsiyasiga ketmoqchi bo'lgan fuqarolar, nodavlat o'quv markazlari bitiruvchilari va boshqa aholi toifalari uchun WorldSkills standartlari asosida Ishchi kasblar bo'yicha kasbiy malakani baholash markazlarini tashkil etadi;

2020 yil davomida “Ishga marhamat” monomarkazlari, ishsiz va band bo'lmagan aholini kasb-hunarga o'qitish markazlari, qisqa muddatli kasb-hunarga o'qitish kurslari, mahalla aholisini kasb-hunarga o'qitish maskanlari va boshqa nodavlat ta'lim muassasalari o'qituvchi va ishlab chiqarish ta'lim ustalarini xalqaro standartlar asosida malakasini oshirish maqsadida xalqaro ekspertlar yordamida nodavlat ta'lim muassasasi shaklidagi “Worldskills Akademiyasi”ni tashkil etadi;

2020 yil 1 sentyabrdan boshlab “Ishga marhamat” monomarkazlari bitiruvchilarining kasbiy malakasini Worldskills standartlari asosida baholash, shuningdek, baholashdan muvaffaqiyatli o'tgan bitiruvchilarga mamlakatda va Rossiya Federatsiyasi hududida tan olinadigan Skills pasporti berilishini yo'lga qo'yadi va kasbiy malakasi tasdiqlangan bitiruvchilarning Yagona reestrini shakllantiradi;

Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi tarkibida ishsiz va band bo'lmagan aholini kasb-hunarga o'qitish markazlari uchun o'quv dasturlari, o'quv qo'llanmalari va metodik materiallarini ishlab chiqish bilan shug'ullanuvchi “Metodik ta'minlash markazi” tashkil etilishini ta'minlaydi.

Belgilanishicha, “Ishga marhamat” monomarkazlari hamda ishsiz va band bo'lmagan aholini kasb-hunarga o'qitish markazlari:

davlat muassasalari hisoblanadi hamda bevosita Vazirlik, shuningdek joylashgan hududiga ko'ra Qoraqalpog'iston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar Bandlik bosh boshqarmalariga bo'ysunadi;

faoliyati yo'nalishlari hududlardagi mehnat bozorining ehtiyojlari, aholi murojaatlaridan kelib chiqqan holda Vazirlik tomonidan belgilanadi, ularning faoliyati bilan bog'liq xarajatlar, ya'ni moddiy-texnik ta'minlash va saqlab turish hamda boshqa xarajatlar Bandlikka ko'maklashish davlat jamg'armasi mablag'lari, xo'jalik faoliyati natijasida topilgan mablag'lar va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;

rahbar, o'qituvchi va boshqa barcha xodimlarining tarkibiy tuzilmasi, shtat tarkibi va mehnatga haq to'lash miqdori Vazirlik tomonidan tasdiqlanadi;

o'z bitiruvchilariga bergan o'qishni tamomlaganligini tasdiqlovchi hujjat hamda Words Skills standartlari asosida topshirilgan imtihon natijasi bilan berilgan Skills pasporti o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi diplomi darajasiga tenglashtirilib, egallagan bilimlarini mehnat faoliyatida amalga oshirish huquqini beradi, biroq, ta'limning keyingi turini davom ettirish uchun asos hisoblanmaydi;

o'quv faoliyati uchun zarur bo'lgan, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha miqdoridagi ehtiyot qismlar va xom ashyo materiallarini yetkazib beruvchi va chakana savdo tashkilotlari orqali xarid qilishi mumkin;

o'quv jarayonida ishlab chiqarilgan yarim tayyor, tayyor mahsulot (tovar, ish, xizmat)larni ushbu markazlar hududida joylashgan ko'rgazmali pavilonlar va yarmarkalar hamda elektron tijorat (E-commerce) yo'nalishida namoyish qilishi va sotishi (tushgan tushumlarni o'quv jarayoni uchun zarur bo'lgan ehtiyot qismlar va xom ashyo materiallarini xarid qilish, xodimlar malakasini oshirish va ularni rag'batlantirish uchun sarflashga yo'naltirish sharti bilan) mumkin.

Vazirlik Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda har yili 1 aprelga qadar har bir hududda kamida bittadan “Eng yaxshi kasbga tayyorlash dasturi” bo'yicha nodavlat tashkilotlari o'rtasida tanlov o'tkazadi. Bunda tanlov quyidagi shartlarda amalga oshirilishi nazarda tutiladi:

tanlov g'olibi sifatida qonunchilikda belgilangan tartibda ta'lim faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega, hududning barcha tuman va shaharlarini qamrab olgan holda eng ko'p ishsiz va kambag'al fuqarolarni, ayniqsa yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunarga, chet tiliga va tadbirkorlikka o'qitish zimmasini olgan, o'quv dasturi va qo'llanmalariga ega, o'qish jarayonida axborot-kommunikatsiya vositalaridan keng foydalanadigan nodavlat o'quv markazi aniqlanadi;

ajratiladigan grant miqdori har bir o'qitiladigan ishsiz va kambag'al fuqaro uchun o'qish jarayonining har oyi uchun eng ko'pi bilan bazaviy hisoblash miqdorining to'rt yarim baravari miqdoridan oshmasligi kerak.

Moliya vazirligi “Eng yaxshi kasbga tayyorlash dasturi” tanlovi g'oliblari loyihalarini moliyalashtirish uchun Bandlikka ko'maklashish davlat jamg'armasiga Respublika byudjetidan 2020 yil uchun ajratiladigan mablag'larga qo'shimcha ravishda 50 milliard so'm mablag' ajratadi.

Vazirlik tanlov g'olibi aniqlangandan keyin 3 kun muddatda Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga tanlov g'oliblari to'g'risida ma'lumot taqdim etadi.

Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga tanlov g'oliblarini 15 kun muddatda binolar bilan ta'minlash choralarini ko'rib boradi.

Vazirlik Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda:

2020 yil 1 sentyabrga qadar Rossiya Federatsiyasida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O'zbekiston Respublikasi fuqarolarining kasb-hunarga va rus tiliga o'qitishni tashkil etadi;

O'zbekiston fuqarolarining soni ko'p bo'lgan Rossiya Federatsiyasining Moskva, Sankt-Peterburg, Qozon, Yekaterinburg, Novosibirsk shaharlarida va boshqa hududlarda davlat hamda nodavlat ta'lim muassasalari va markazlari bilan muzokara olib borsin, shuningdek, mazkur hududlarda ishlayotgan O'zbekiston fuqarolarini kasb-hunarga va xorijiy tilga, ayniqsa kechki payt (ish vaqtidan keyin) o'qitishni tashkil etish, shu jumladan o'qitish uchun joy, o'quv qo'llanma va o'quv qurollari bilan ta'minlash bo'yicha o'zaro kelishuvlar tuzadi;

O'zbekiston fuqarolarining Rossiya Federatsiyasi hududida kasb-hunarga va rus tiliga o'qitishni tashkil etishda Rossiya xalqlar do'stligi universiteti (RUDN), “Molodie professionalы (Vorldskills Rossiya)” ittifoqi hamda boshqa ta'lim va kasbiy malakani baholash muassasalari bilan keng hamkorlik o'rnatadi.

O'zbekiston fuqarolarini Rossiya Federatsiyasida kasb-hunarga va rus tiliga o'qitish xarajatlarini Vazirlik huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo'llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg'armasi mablag'lari hisobidan qoplash nazarda tutiladi.

kun.uz

loading...

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here