Karantin vaqtida o'quvchilar uchun telekanallar orqali beriladigan darslar sanasi ma'lum qilindi

0

Avvalroq, joriy yilning 18 mart kunidan e'tiboran koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish va ta'lim muassasalarida sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta'minlash maqsadida O'zbekistondagi barcha umumta'lim maktab o'quvchilari uchun ta'til e'lon qilingani haqida xabar bergan edik.

Ta'kidlanganidek, maxsus tashkil etilgan Hukumat komissiyasi o'quvchilarning ta'til paytida bilim olishi uchun O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tarkibidagi telekanallar bilan hamkorlikni yo'lga qo'ydi. Endilikda ta'tilda bo'lgan maktab o'quvchilari dars mashg'ulotlarini turli telekanallarda kuzatsa bo'ladi.

“Ta'til vaqtida o'quvchilarning bilim olishlari uchun “Oilaviy”, “Ma'rifat va madaniyat”, “Dunyo bo'ylab” va “Yoshlar” telekanallarida 30 martdan boshlab videodarslar namoyish etib boriladi”, deyiladi Xalq ta'limi matbuot xizmati taqdim etgan ma'lumotda.

Videodarslarni namoyish etib borish vaqtlari to'g'risidagi ma'lumotlar Xalq ta'limi vazirligining rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali berib boriladi.

Ma'lumotlarga ko'ra, darslar 1-11 sinflar uchun o'zbek, qoraqalpoq va rus tillarida 15 daqiqadan olib boriladi. Darslarning mazmuni mavzuning asosiy mohiyati, amaliy darslar va uy vazifalari bo'ladi.

qalampir.uz

loading...