Olimlar axloqi

0

O'tgan uch bo'limda olimlik uchun shart bo'lgan omillar haqida so'z yuritdik. Birinchi omil – olimlar qadrini bilish; ikkinchisi – olim bo'lish uchun borini sarflash; uchinchisi – vaqtni qadrlash edi.

Mazkur uch omil musulmonga ham, g'ayridinga ham tegishlidir. Ushbu omillar taqvodor olimga ham, fosiq olimga ham aloqador edi. Ammo shunday omillar borki, u faqat musulmonlarga tegishli bo'ladi, g'ayridinlar uni tushunolmaydi.

Islom vahiy dinidir. Alloh bu dinni qiyomatga qadar davomiy qildi. Bu din olimlari payg'ambarlar merosxo'rlaridir. Demak, ular Payg'ambar axloqi bilan ziynatlangan bo'lishi lozim.

Muayyan xulqlar, o'ziga xos sifatlar borki, musulmon olim ularni o'zida mujassam etishi kerak. Qisqacha aytganda, ular islomiy axloqdir. Ulamo shunday bo'lsinki, odamlar unda Islomni ko'rsin.

Avvalo, ixlosli bo'lmoq lozim. Ixlos ilm hosil qilishdagi birinchi qadamdir. Barcha amallarimiz, jumladan, ilmimiz ham ixlosimizga qarab baholanadi. Ixlos bilan yuqori martabaga ko'tarilamiz.

Ixlos inson qalbidagi Alloh taolodan boshqa hech kim bilmaydigan sirdir. Biz ilmni nima uchun o'rganamiz? Ilm olishdan maqsad nima? Olim bo'lishimizning boisi ne? Maqsad Alloh taoloni rozi qilib, do'zaxdan saqlanish va jannatiga doxil bo'lishmi yoki pul topish, odamlarga maqtanish, dunyoda yaxshi yashashmi?!

Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan ushbu hadisga e'tibor bering: “Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: “Qiyomat kuni birinchi bo'lib hukm o'qiladigan kishi (odamlar ko'zicha) Alloh yo'lida shahid qilingan kishidir. U olib kelinadi, Alloh taolo unga bergan ne'matlarini eslatadi, u eslaydi, Alloh unga: “Shu ne'matlarim shukri uchun nima qilding?” deydi. “Sening yo'lingda jang qildim va shahid qilindim”, deydi. Alloh: “Yolg'on aytding, sen “falonchi zo'r ekan” deyishsin uchun urishgansan, shunday deb aytildi”, deydi. So'ngra u yuzi bilan sudralib do'zaxga tashlanadi”.

Mana, jang maydonida eng qadrli narsasi bo'lmish jonini bergan kishining ahvoli: yuztuban do'zaxga sudralish. Alloh uning ko'nglidan o'tganini bildi, u odamlar ko'zida eng oliy darajaga ko'tarilgandi, insonlar u haqida “botir, pahlavon, mard” deyishi uchun jang qilgan edi. U o'ylaganday bo'ldi, odamlar gapirdi, dunyoda nasibasini oldi, lekin oxiratda benasib bo'ldi. “Albatta, Alloh odamlarga biror narsada zulm (nohaqlik) qilmaydi. Lekin odamlar o'zlariga zulm qiladilar” (Yunus surasi, 44-oyat).

Ikkinchi bo'lib hukm o'qiladigan kishi ilm o'qib, Qur'on o'qib boshqalarga ham o'rgatgan kishi. U olib kelinadi. Alloh taolo unga bergan ne'matlarini eslatadi, u eslaydi, Alloh unga: “Shu ne'matlarim shukri uchun nima qilding?” deydi. U ilm o'rganib odamlarga ham o'rgatdim, Sen uchun Qur'on o'qidim”, deydi. Alloh: “Yolg'on aytding, ilmni odamlar seni olim deyishi uchun o'rganding, Qur'onni zo'r qori ekan, deyishlari uchun o'qiding, mana, aytildi ham», deydi, so'ngra buyruq beriladi va u do'zaxga yuztuban sudraladi.

Olim harakatchan va odamlarga ta'lim beruvchi bo'lsa-da, jahannamga yuztuban sudraldi. Sabab unda ixlos yo'q edi, niyati shaxs manfaati, xalq oldida mashhur bo'lish edi, niyatiga erishdi ham. Odamlar u xohlaganday gapirdi, dunyoda nasibasini oldi, oxiratda benasib bo'ldi.

Uchinchi bo'lib hukm o'qiladigan kishi – Alloh rizqini keng qilib, unga mol-dunyoning barcha turlarini bergan kishi. U olib kelinadi, Alloh unga bergan ne'matlarini eslatadi, u eslaydi. Alloh unga: “Shuncha ne'matlarim evaziga nima qilding?” deydi. U: “Sen ehson qilinishini yaxshi ko'radigan hamma joyga ehson qildim”, deydi. Alloh “Yolg'on aytding, odamlar “saxiy boy” deyishlari uchun ehson qilding, aytildi ham”, deydi. So'ngra u ham do'zaxga yuztuban sudraladi (Muslim rivoyati).

Bu jiddiy masala. Xalq orasida kofirlar, munofiqlar, katta gunoh egalari, halok qiluvchi amal qilib qo'yganlar bo'la turib, olamlar Rabbisi shu uch toifani birinchi bo'lib hisob qiladi. Axir dunyo shular bilan qiziqarli emasmidi?!

Ushbu hadis bizga muhim bir haqiqatni anglatadi. Haqiqat shuki, ixlos ila Alloh roziligi uchun qilinmagan amallar qiymatsizdir. Alloh taolo aytadi: “Darhaqiqat, Sizga va Sizdan oldingi (payg'ambarlarga shunday) vahiy qilingan edi: “Qasamki, agar mushrik bo'lsang, albatta, qilgan amaling behuda ketur va albatta, ziyon ko'ruvchilardan bo'lib qolursan” (Zumar surasi, 65-oyat).

Ixlos birinchi va doimiy qadamdir. Ixlos ham ilm kabi qadri baland, qimmatbaho narsadir. Ixlos bir-ikki kunda erishiladigan xislat emas. Ilm yo'lida boshdan oxirigacha ixlos sari intilishdir.

Inson nafsi vaqt o'tishi bilan o'zgarib turadi. Qalb o'z nomi bilan qalb: goh u yoqqa, goh bu yoqqa og'adi. Inson gohida yaxshi niyat bilan bir ishni boshlasa, kimdir uni maqtasa yoki ulug'lasa, lutorlar yoqib ketadi. Natijada xolis niyatiga putur yetishi, shu tariqa inson ixlosini yo'qotib qo'yishi mumkin.

Sufyon Savriy aytadi: “Hech bir amalda niyatni to'g'rilashda qiynalganimdek qiynalmaganman. Chunki niyat aylanib kelaveradi” (Ibn Rajab Hanbaliy. “Jome'ul ulum val hikam”).

Yahyo ibn Muozdan so'rashdi: “Banda qachon ixlosli bo'ladi?” U javob berdi: “Qachon xulqi chaqaloqning xulqiga o'xshasa. Chaqaloq birov maqtasa ham, yomonlasa ham parvo qilmaydi”.

Yusuf ibn Husayn aytadi: “Dunyoda eng aziz narsa ixlosdir. Qalbimdan riyoni ketkazish uchun qancha harakat qilsam ham u yana boshqa rangda o'sib chiqaveradi” (Ibn Rajab Hanbaliy. “Jome'ul ulum val hikam”).

Imom Abu Yusuf rahimahulloh aytadi: “Men qachon majlisda Allohni zikr qilib, kamtarin bo'lib o'tirsam, majlis ahlidan oliy bo'ldim. Qachon majlisda hammadan zo'rman, olimman deb o'tirsam, sharmanda bo'ldim” (Navaviy. “Bo'stonul orifiyn”).

Talaba avvalo niyatini to'g'rilashi lozimligi Ibn Umar roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisida ta'kidlanadi: “Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim ilmni Allohdan boshqasi uchun talab qilsa yoki ilm bilan Allohdan boshqasini istasa, do'zaxdan joyini tayyorlayversin” (Termiziy, Ibn Moja rivoyati).

Ibn Umar roziyallohu anhumo rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim ilmni esi pastlar bilan tortishish uchun o'qisa yoki olimlarga maqtanish, odamlarni o'ziga qaratish uchun o'qisa, u jahannamdadir” (Termiziy, Ibn Moja rivoyati).

Bir kuni Fuzayl ibn Iyoz va Sufyon Savriy rahimahullohlar birga o'tirib iymonlashdi, qalblari erib ko'zyosh to'kdi. Sufyon Savriy: “Bu majlis bizga Allohning rahmat va barakasi bo'ladi, deb umid qilaman”, dedi. Fuzayl ibn Iyoz: “Men bizning zararimizga bo'lmasa edi deb qo'rqaman, chunki ikkimiz ham bir-birimizga chiroyli gaplar gapirdik, bir-birimizni xursand qilishga urindik”, dedi. Sufyon Savriy yig'lab: “Alloh qalbingizni bundan-da tirik qilsin, qalbimni tiriltirdingiz”, dedi (Zahabiy. “Siyaru a'lamun nubalaa”).

Imom Shofe'iy rahimahulloh aytadi: “Qaniydi, odamlar mendan ilm o'rganishsa-yu, menga nisbati berilmasa” (Ibn Rajab Hanbaliy. “Jome'ul ulum val hikam”).

Olimlarning yana bir go'zal xulqi – dunyoga kamxarjligidir. Dunyoga qiziqmaslik ixlosning natijasi va mevasidir. Olim o'qigan ilmida xolis, maqsadi dunyoga yetishish bo'lmasa, u zuhd (dunyoda kamxarj bo'lish) xulqi bilan ziynatlana olmaydi. Olim ilmi bilan mol-dunyo izlamasin, ko'pchilik shu nuqtada qiynaladi, ayniqsa, hayotiy ilmlar olimi asosiy daromadni ilmdan qiladi. Natijada ilm omonat ekanini unutib qo'yadi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Allohga qasam, sizlarning kambag'alligingizdan qo'rqmayman, lekin avvalgilarga keng qilingani kabi keng qilinishidan qo'rqaman. Avvalgilar dunyoda musobaqalashganidek musobaqalashib, ular halok bo'lganday halok bo'lasiz, deb qo'rqaman” (Buxoriy, Muslim rivoyati).

Ilmni faqat pul uchun o'rganishimiz juda xatarli ishdir. Undan-da xatarlirog'i Alloh taolo keng rizq eshigini dunyoga ochib qo'yishi, dunyo bizni o'z domiga tortib ketishidir. Pul berishsagina ilm tarqatamiz-u, pul yo'q joyda biz ham bo'lmaymiz!

Afsuski, ilmni daromad manbai qilib olish hayotiy ilm egalari bilan birga, diniy ilm egalarida ham kuzatiladi. Mening bir tanishim G'arb davlatlarining birida imom xatib edi. Masjid bilan shartnoma muddati tugagandan so'ng boshqa ish izladi. Uning maqsadi pul topish edi, nima ish qilishidan qat'i nazar (ilmi tarqalmay qolsa ham, diniga xizmat qilmasa ham, masjidlar yopilib ketsa ham), uning shaxsiy manfaati ustun edi.

Afsuski, tanishimning uyi masjidga juda yaqin bo'lsa-da, jamoatga kelmay qo'ydi. Maosh bermay qo'yilgani sabab jamoat namozi ham yo'q bo'ldi. Ajabo, o'sha tanishim o'tgan ulamolar din uchun qanday fidoyilik qilganini ma'ruza qilardi. Endi esa oylik yo'qligi uchun o'zi masjidga kelmayapti?!
Yana bir imom dam olish kunlari masjidga kelmas ekan. Ajablanarlisi, u masjid yaqinidagi uylardan birida yashar ekan! Mo'min hech qachon fitnadan kafolatlangan emas. Allohdan dinda sobitqadam qilishini, fitnalardan salomat qilishini so'raymiz.

Shunga o'xshash holatlar imomlardan boshqa ahli ilmlarda ham uchraydi. Urdunda bo'lgan kezlarim bir tanishim mashhur da'vatchidan nolidi. Aytishicha, shayx radioga da'vat uchun taklif qilinganda, avval hisob-raqamiga faloncha pul o'tkazish shartini qo'yibdi. Axir shayxlarga payg'ambarlar ishini davom ettirish imkoniyati berilmaganmi? Katta jamoatga Allohning amrini yetkazish fursati yuzaga kelgan bir paytda dunyoga bo'lgan muhabbatini namoyon etdi! Ummat og'ir kunlarni boshidan kechirayotganda shayx shaxsiy manfaati bilan ovora! Astag'firulloh..!

Qur'oni Karimdagi payg'ambarlar qissalarini o'qir ekanmiz, ular doim bir gapni qaytarganining guvohi bo'lamiz. “Sizlardan uning (payg'ambarlik xizmati) uchun haq so'ramayman” (An'om surasi, 90-oyat), “Ey, qavmim! Sizlardan u (payg'ambarlik xizmati) uchun mol-dunyo so'ramayman. Mening mukofotim faqat Allohning zimmasidadir” (Hud surasi, 29-oyat), “Ey, qavmim! Sizlardan (elchilik xizmati uchun) haq so'ramayman. Mening ajrim (mukofotim) faqat meni yaratgan Zot zimmasidadir” (Hud surasi, 51-oyat), “Men sizlardan uning ustidan (hech qanday) haq so'ramayman” (Furqon surasi, 57-oyat), “Men sizlardan bu (da'vatim) uchun mukofot so'ramayman. Mening mukofotim faqat  olamlarning Parvardigori zimmasidadir” (Shuaro surasi, 109-oyat).

Ushbu oxirgi oyat “Shuaro” surasida beshta payg'ambar tilida takrorlangan. Ular Nuh, Hud, Solih, Lut, Shuayb alayhimussalomlardir.

(Ey, Muhammad, ularga) ayting: “Men (Payg'ambarligim uchun) sizlardan haq so'ramayman va men (payg'ambarlikni o'zimcha) da'vo qiluvchilardan ham emasman” (Sod surasi, 86-oyat).

Ibn Kasir rahimahulloh oyat tafsirida aytadi: “Alloh taolo Payg'ambariga aytadi: “Ey, Muhammad, anavi mushriklarga “payg'ambarlikni yetkazganimga, nasihat qilganimga pul so'ramayman”, deb ayting, yana: “Alloh buyurganini aytaman, undan ziyodini aytmayman va undan kamaytirmayman, bu ishim bilan Allohning yuzini va oxirat hovlisini maqsad qilaman”, deb ayting!” (Ibn Kasir. “Tafsiru Ibn Kasir”).

Demak, olim ilmini va da'vatini mol-dunyoga bog'lab qo'yishi to'g'ri yo'l emas, agar shunday qilsa, qiyomat kuni o'ziga qarshi ko'rsatma bo'ladi.

O'z davrida shahzodalardan biri Ibn Haysamdan ilm o'rganmoqchi bo'ldi. Alloma shahzodaning vaqtini bekorga o'tkazib yuborishidan qo'rqdi, uning ilmga muhabbatini sinash uchun har oy undan yuz dinor talab qildi. Shahzoda rozi bo'ldi. Uch yildan so'ng dars nihoyasiga yetdi. Xayrlashish chog'i ustoz uch yillik oylikni shogirdiga qaytarib berib, shunday dedi: “Bu pul yurtingga qaytganingda, senga ko'proq kerak bo'ladi. Seni sinash uchun shu narxni aytgandim. Sen haqiqiy talaba ekanligingni bilganimdan keyin astoydil o'qitdim. Bilginki, yaxshilikni amalga oshirish uchun xizmat haqi, pora, hadya olinmaydi”.

Xo'sh, unda ahli ilmning tirikchiligi nima bo'ladi?

Haqiqiy ulamolar rizq haqida o'ylamaydi. Chunki ular taqdiriga bitilgan rizqdan boshqasi bo'lmasligini yaxshi biladi. Rizqning o'zi egasini izlab keladi. Rizqni ko'paytirib ham, ozaytirib ham bo'lmaydi.

Olim ilm o'rganadi va o'rgatadi. Ilmi sabab keng rizq kelsa, shukr qiladi. Agar rizqi toraysa, sabr qiladi, Allohdan ajr kutadi. Rizqi torayishi ilm tarqatmaslikka vaj bo'lolmaydi.

Olim o'z ishi bilan mashg'ul bo'lishi, ilm tarqatishi va xalqqa xizmat qilishi lozim. Mol to'plash, dunyo rohati ortidan quvish ularga yarashadigan ish emas. Payg'ambarlar sunnati – dunyoga parvo qilmay Allohning jamoli uchun harakat qilishdir. Agar olimning maqsadi mol-dunyo bo'lsa, katta fitna bo'lishi mumkin. Shayton insonni boy bo'lsang, ko'p ehson qilasan, deb aldaydi. Boylik bilan fitna ham keladi. Ko'pchilik bundan saqlana olmaydi, faqatgina Alloh rahm qilgan bandalargina omon qoladi.

Biz salafi solihlarimiz mol-dunyo bilan qanday munosabatda bo'lganini o'rganishimiz kerak. Abu Bakr Siddiq, Usmon ibn Affon, Abdurrahmon ibn Avf, Talha ibn Ubaydulloh, Sa'd ibn Uboda kabi boy sahobalarning maqsadi dunyo to'plash bo'lmagan. Ular bor vaqtini pul topishga sarflamagan.

Aksincha, ko'plari din yo'lida bor mol-mulkidan voz kechgan.

Yunus ibn Maysara aytadi: “Zohidlik – halolni harom qilib olish yoki molni zoe qilish bilan bo'lmaydi, balki Allohning qo'lidagi narsa qo'lingdagidan ishonchliroq ekaniga ishonmog'ing, garchi senga yetmasa-da, musibat savobiga rag'bat qilmog'ingdir” (Ibn Rajab Hanbaliy. “Jome'ul ulum val hikam”).

Katta boylikka ega bo'lgan inson o'zgarmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Alloh yo'lida dunyosini sadaqa qilish tugul, hatto zakot berishiga ham kafolat yo'q.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Dunyo – yam-yashil holvadir. Alloh taolo sizlarni o'tganlarning o'rniga qoldirdi, sizlar qanday amal qilishlaringizni ko'radi, dunyodan ehtiyot bo'linglar” (Muslim rivoyati).

Ahli ilmlar shubhali narsalardan, pastkashliklardan, makruhlardan o'zini saqlashi lozim. Imom Shofe'iy rahimahulloh aytadi:

Ta'magirlikni o'ldirib qutuldim,
Chunki nafs ta'magir ekan, xor bo'ladi.
O'lib yotgan qanoatni tiriltirdim,
Qanoat tirilsa, hurmat saqlanib qoladi.

Olimlar zohid bo'lsin, degani – ular dunyodan uzilib qolsin, degani emas. Hamma olimlardan ixtiro va kashfiyotlar kutadi. Bu esa o'z-o'zidan olimga boylik keltiradi. Har bir jamiyat ilmda o'zib ketishni, ilmiy texnikalarga ega bo'lishni xohlaydi. Gap olimning niyati to'g'ri bo'lishida. Pul yo boylik to'plash emas.

Ahli ilmlarning haqiqiy boyligi undagi aql-salohiyatda. Ahli ilmlar bu boyliklarini hech qachon dunyo moliga almashmaydilar. Axir ular payg'ambarlar merosxo'rlaridir!

“Islom va olam” kitobidan

azon.uz

loading...