20 mart — Xalqaro baxt kuni

0
Insoniyatning asosiy maqsadi baxtdir. BMT Bosh Assambleyasining 2012 yil 28 iyun kuni qabul qilgan rezolyutsiyasiga binoan sayyoramizdagi har bir insonning baxtga intilishini qo'llab-quvvatlash maqsadida har yili 20 mart kuni Xalqaro baxt kuni (International Day of Happiness) nishonlanadi. 
Butan, Birlashgan Arab Amirliklari, Venesuela, Ekvador va Shotlandiyada Baxt vazirligi bor. “Baxtga intilish dunyodagi barcha odamlarning umumiy tuyg'usi” degan fikrni Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma'qulladi. Butan qirolligi taklif qilgan mazkur g'oya BMT Bosh Assambleyasida xalqaro hamjamiyatga a'zo barcha 193 ta mamlakat tomonidan qo'llab-quvvatlandi. Shu tariqa A/RES/66/281 raqamli rezolyutsiya qabul qilindi. Hujjatda barcha mamlakatlarni har bir odamning farovonligini yaxshilashga chaqiriladi.
Bayramdan ko'zlangan asosiy maqsad har bir inson baxtli bo'lishga haqli ekanini ko'rsatishdan iborat. Buning uchun faqat harakat, harakat va yana harakat zarur. Baxtli bo'lish esa juda ham osondir.
Xalqaro Gallup International WIN tadqiqot agentliklari mustaqil uyushmasi har yili sayyoramiz aholisi o'rtasida “Yil yakuni” (End of the Year) mavzuida ijtimoiy so'rov o'tkazadi. Respondentlarga beriladigan savollar orasida ananaviy tarzda baxtli ekani haqida ham so'raladi. So'rov natijalarini tahlil qilgan mutaxassislarning fikricha, sayyoramiz aholisining 66 foizi, to'g'rirog'i har uch insonning ikkitasi o'zini baxtli hisoblaydi. O'zini baxtsiz hisoblovchilar atigi 10 foizni tashkil qiladi. Respondentlarning 23 foizi baxt nimaligini his qilmasliklarini, shaxsiy hayotlarida baxt yo'qligini aytishgan.
Qaerda taraqqiyot va umid bo'lsa, o'sha yerda baxt mavjud bo'lishi o'z isbotini topmoqda. O'zini baxtli hisoblovchi insonlar asosan Osiyo va Janubiy Amerikada istiqomat qilishi aniqlandi. G'arbiy Yevropa aholisi esa tushkun kayfiyatda ekani oydinlashdi. Kuzatuvchilarning fikricha, aholining qo'lidagi boylik baxtni anglatmaydi. Baxtga tinchlik va xotirjamlik hukm surgan yurtdagina erishiladi. Daromadi yuqori bo'lgan mamlakatlarga nisbatan daromadi pastroq bo'lgan davlatlarda yashayotgan insonlar o'zlarini baxtli sanashi baxt pulda emas degan maqolning nechog'li to'g'riligini isbotlamoqda.
AQShning Prinston universiteti olimlarining fikricha, baxt mutlaqo pulga bog'liq emas. Chunki baxtni pulga sotib olib bo'lmaydi. Bu tadqiqotni eng taniqli ikki olim – psixolog, Nobel mukofoti sovrindori, professor Daniel Koznman hamda iqtisodchi Alan Kryuger amalga oshirgan. Ularning xulosasiga ko'ra, boylar boshqalarga nisbatan baxtliroq emas va bo'lolmaydilar ham!..
Gallup International WIN vitse-prezidenti va Romir tadqiqot xoldingi prezidenti Andrey Milexinning aytishicha, baxtga erishish tushunchasi u yoki bu millatning madaniyatidan dalolatdir. Ya'ni qaerda ertangi kunga ishonch va umid bo'lsa, o'sha yerda eng baxtli insonlar istiqomat qiladi.
So'nggi yarim asr mobaynida dunyo mamlakatlari iqtisodiyoti sezilarli darajada yuksalgan bo'lsa-da, “Baxt ko'rsatkichi” hamon o'zgarmay qolyapti. Daromadi juda oshib ketgan kishilar o'zlarini boshqalarga nisbatan baxtliroq his etishmayapti. Aksincha, boylarning ishlari boshlaridan oshib-toshib yotibdi va ular o'zlari uchun yashash vaqtiga egalik qilolmayapti.
Baxt faqat mol-dunyo, amal, martaba yoki o'tkinchi his-tuyg'ulardan iborat emas. Insonga berilgan har bir ne'mat baxtdir. Kishining oilasi, bola-chaqasi tinch-xotirjam bo'lsa, tanasi sog'-salomat bo'lib, ovqatlangani taomi bo'lsa, bunday inson o'zini baxtli hisoblasa bo'ladi.
To'g'ri baxtga osonlik bilan erishilmaydi. Buning uchun mehnat qilish va unga intilish kerak. Donishmandlardan biri aytganidek, insonlar baxtli bo'lishga haqli va shu bilan birga baxtli bo'lishga majbur.

 

478
Sharofiddin To'laganov, O'zA
loading...

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here