ALAMZADA… (29-qism)

0

 

 

* * *

 

Ko'z ochib yumguncha qish kirdi. Shaharni oppoq qor qopladi. Qishli-qirovli kunlarda odamlar yana tancha atrofini to'ldirgancha gurungbozlik, choyxo'rlik qiladigan bo'ldi. Erta tongda ishga, o'qishga qatnaydiganlar qaytadan yomg'irpo'shlarni qo'lga oldi. Kimdir yoshi o'tibroq qolgan qariyaning muzda sirpanib yiqilganini ko'rsa, darrov yordamga chopdi. Yana birov qo'rquvdan titray-titray, sirpanchiq ko'cha bo'ylab xuddi go'dak kabi ehtiyotkorona qadam bosayotgan kampirlarning qo'ltig'iga kirdi. Barchasi shu davr odamlarining pok qalbi, diyonatidan darak bo'lsa, ajab emas…

Shu qish Sevinch uchun ham yomon boshlanmadi. Tolib cho'rtkesarligiga bordi. Duoxon domla juftakni rostlab qolgach, o'sha kuniyoq Sevinchni shahardagi eng nufuzli kasalxonaga olib keldi. Atayin o'zi chetda turgan holda Sevinchni davolatdi. Xabarini shotirlari orqali bilib turdi. Mana, xudoga aytgani bor ekan, anchadan beri tushlari bulg'anmay qo'ydi. Uyqusizlik, vahima, vasvasalardan azoblanmayapti. Faqat ko'nglini qamragan alam nari ketay demaydi. Otasini sog'inganda, Tolibga aytib-aytib tashlagisi keladi. Qarg'anib-qarg'anib, xumordan chiqishga oshiqadi. Ammo zo'ravon qorasini ko'rsatmayapti. Ikki oydan beri kasalxona derazasidan tashqariga mo'ltiraydi-yu, biroq niyati amalga oshmaydi. Tolib go'yo izsiz g'oyib bo'lgandek…

Sevinch o'tira-o'tira aslida nimalar bo'lganini eslashga urindi. Tasavvurida zulmat qa'ridan, bo'shliqdan bo'lak hech narsa namoyon bo'lmadi.

Ne sababdan bu kasalxonada yotganini anglashga harakat qildi. Tumbochka ustidagi ukol-dorilarga sinchiklab tikildi. Qaysi kasalga qarshi mo'ljallanganini idrok eta bilmadi.

«Hushimdan ketibman shekilli, — ko'nglidan o'tkazdi u boshini changallab. — Meni bir kishilik palataga joylashtiribdi Tolib. Lekin nega? Nahotki, kamqon kasalim tag'in qo'zg'algan bo'lsa? Axir, «tuzalib ketding, endi kasaling qaytalanmaydi», deyishgandi-ku!.. Nima bo'ldi o'zi? Esimda, Tolib meni olis manzilga yubordi. Yonimda Sarvar bor edi. Hushimdan ketgach, tashlab qochdimi u sherigi bilan? Yo'q, Tolibdan o'lguday qo'rqadi. Unday qila olmaydi Sarvar. Unda meni kasalxonaga kim olib keldi? Nima uchun har kuni Sarvarning o'rniga begona kishilar mendan xabar olyapti? Nega Tolibning o'zi yuz ko'rsatmaydi? Sababi nimada? Yoki tashlab ketdimi? Endi hech qachon qaytmaydimi? Nomusim-chi? Kimga kerakman? Qaerga boraman?.. Xudoyim, dadajonim-chi?.. Ha-ya, dadam qani? Nimaga kelmayapti meni ko'rishga? Tolib haydab yuborganmikan uniyam? Nogiron ahvoli bilan qaerga boradi? Kimlarning ko'ziga mo'ltiraydi? Kim uni parvarish qiladi?.. Dadam… Dadamni ko'rishim shart!..»

Sevinch dast o'rnidan turdi-da, kasalxonadaligini ham unutib buyumlarini yig'ishtira boshladi. Shu payt palata eshigi ohista ochildi va ichkariga davolovchi vrach — bo'ydor, sochiga oq oralagan, qirq yoshlar atrofidagi erkak kirib keldi. U Sevinchning narsa yig'ishtirishga tushganini ko'rib miyig'ida jilmaydi. So'ngra yaqin bordi.

— Ha, singlim, qaerga otlandingiz? — so'radi vrach muloyimlik bilan. — Tinchlikmi?

— Men… Dadamni ko'rishim kerak, — dedi Sevinch vrachga u qadar e'tibor qilmay. — Dadam kasal. Undan xavotir olyapman.

— Hali sizga ruxsat berilmadi-ku ketish uchun! — kuldi vrach bosh qashib. — Nimaga buncha shoshilyapsiz?

— M-men tuzukman, — dedi Sevinch yer chizib. — Mana, sog'aydim, do'xtir!

— Mayli, mayli, — vrach xalati kissasini kovlab, kasallik varaqasini chiqardi-da, Sevinchga uzatdi. — O'zi bugun sizga ruxsat bermoqchiydim. Hazillashdim-da, singlim! Endi hech qachon kasal bo'lmang, xo'pmi?! Aytgancha, manaviniyam olib qo'ying! Omonat!

Vrach boshqa kissasidan bir dasta pul olib Sevinchga tutqazdi.

— Akangizmi, qarindoshingizmi, berib ketuvdi boya. Aytdiki, ko'chaga chiqaverarkansiz, mashina kutib turarkan. Sizni uyingizga olib ketarkan.

Sevinch darrov ilg'adi. Bu Tolib. Demak, yana o'zi kelishni xohlamagan. Gumashtalarini yuborgan. Ammo nega? Bu nimasi? Shu yerga opkelib yotqizibdi, davolatibdi. Endi qochib yurishini qanday tushunsa bo'ladi? Balki qochib yurmagandir? G'ururi balandlik qilgandir? Sevinchni mensimayotgandir? Yo o'sal yotganida bilib-bilmay uni ranjitib qo'yganmikan? Biror bema'ni gap aytib yuborganmikan? Shunday bo'lgan taqdirda ham tushunishi kerak edi-ku! Kasal, goh hushli, goh behush yotgan odam nima deyotganini o'zi bilmaydi-ku! Shuni tushunmadimi?..

«O'lib ketsin hammasi, — o'yladi Sevinch asta yurib katta ko'chaga chiqarkan. — Dadajonimni tezroq ko'rsam, tizzasiga bosh qo'yib tin olsam bas. Boshqasi qiziqtirmaydi. Dadamni judayam sog'indim. Ishqilib, kasallanmagan bo'lsin. O'zining ahvoli yetarli edi. Shuning ustiga xastalansa, ko'tara olmayman…»

Sevinch ko'chaning narigi yuzidagi qora «Volga»ga ko'zi tushib taqqa to'xtadi. Mashina Tolibga tegishli edi.

Haydovchi ham uni ko'rdi va shosha-pisha mashinadan tushdi-da, peshvoz chiqdi.

— Singlim, oposhmisiz? Tolib akam uyda betoqat kutyapti sizni! Keta qolaylik!

Tolibning hovlisida odatdagidek sukunat hukmron edi. Hovli o'rtasidagi so'rini qor bosibdi. Negadir qorni hech kim tozalamabdi. Hatto, hovliga did bilan terib chiqilgan qora marmarlar qor ostida qolibdi.

Bu manzarani ko'rib Sevinch battar hayratlandi. Chunki Tolib hech qachon o'z hovlisiga nisbatan bu qadar e'tiborsiz emasdi. Yerda bir dona daraxt yaprog'ini ko'rsa, xizmatchilarini siquvga olardi. Hech qachon uyida noorastalik bo'lishiga yo'l qo'ymasdi.

Shularni xayolidan kechirsa-da, otasiga bo'lgan sog'inch hissi zo'r kelib Sevinch o'zlari uchun Tolib ajratgan xona tomon shoshildi. Avvalo uy egasiga uchrashi lozimligi, hol so'rash, kerak bo'lsa hisob berish zarurligi haqida o'ylab o'tirmadi. Buni shart emas deb bildi.

Ammo xonagacha yetib borolmadi. Mehmonlar uchun ajratilgan alohida xona eshigi ochilib, oldin Tolib, ketidan Sevinchni olib kelgan haydovchi tashqariga chiqdi.

— Ie, Sevinch kelibdi-ku! — deya u tomon yurdi Tolib hech narsa bo'lmagandek tirjayib. — Qani, kel, jonim, ko'rishaylik! Sog'intirib yubording-ku odamni!

Sevinchning yuragi beixtiyor g'ash tortdi. Negadir ijirg'angisi kelib o'zini orqaga oldi.

— Dadam qani? — salom-alik o'rniga qovoq uyib so'radi u. — Dadamni ko'rishim kerak.

— Bu nimasi? — Tolib birdan rangi o'zgarib Sevinchga yaqinlashdi. — Oldin salomlashishadi odat bo'yicha. Bu qanday tarbiyasizlik, asalim?

— Menga paxta qo'ymay qo'ya qoling, — zardali ohangda so'z qotdi Sevinch. — Nima qilsangiz, qilib bo'ldingiz. Endi xushomadlar nimasi? Undan ko'ra dadamning qaerdaligini ayting!

— Hali shunaqami? Men bilan ko'rishmaysanmi? Oxirgi marta so'rayapman!

Sevinch xomush tortib qoldi. Aftidan ko'z o'ngida Tolib bilan o'tkazgan eng baxtli va mazmunli onlar gavdalangan kabi bosh egdi. Qarshisidagi Tolibning qaynoq nafasini dimog'ida tuyib, vujudi bilinar-bilinmas titradi. Boyagi zardalari, shashtidan asar qolmadi. Qalbini tanish va qadrdon iliqlik chulg'adi. Qo'yib bersa, hoziroq Tolibning ko'ksiga bosh qo'yishga tayyor turdi. Andisha ustun kelib o'zini tiydi.

— Meni qiynamang, Tolib aka, — shivirladi u yig'lamsirab. — Rostdanam dadamni sog'ingandim.

Tolib Sevinchning past tusha boshlaganini darhol payqab, ikki yelkasidan tutdi. Shu ko'yi imi-jimida haydovchiga «ket» ishorasini qilgan bo'ldi-da, Sevinchning mayin va qop-qora, uzun sochlarini to'yib-to'yib hidladi. Bir necha marotaba chuqur xo'rsindi.

— Ahmoqqinam, ovsarginam, — uni erkalab yuzlaridan bo'sa oldi Tolib. — Sen birinchi navbatda meni sog'inishing kerak! «Dada»lashing nimasi chaqaloqlarga o'xshab?

— Yo'-o'q, kerakmas, — o'zini olib qochishga tutindi Sevinch. — Dadamni ko'rishim shart. Qo'yvoring!

Tolib uni qo'yib yubordi-da, bir qadam ortga tislandi.

— Shunaqami? Dadangni ko'rishing kerakmi? Yaxshi, bor, boraqol! Kirmaysanmi?

Sevinch Tolibga bir muddat alang-jalang qarab turdi-da, xona tarafga chopdi. Lekin sal o'tmay yig'lamsiragancha qaytib chiqdi.

— Ha, yo'g'akanmi dadajoning? — so'radi Tolib masxaraomuz kulimsirab. — Balki berkinib olgandir?

— Masxara qilmang! — beixtiyor baqirib berdi Sevinch alamini jilovlay olmay. — Topib bering dadamni, topib bering!

— Yaxshi topib beraman, — dedi Tolib sovuqqonlik bilan. — Qachon topib beray? Hozirmi?

Sevinch javob o'rniga Tolibga yaqin keldi-da, ko'zlariga tik boqdi. Bu boqish zamirida uzoq yillik nafrat va yovvoyi muhabbat qorishiq edi. Nigohlarga yashiringan ikki qarama-qarshi tuyg'u o'zaro kurash olib borar, bir-biriga yo'l bermaslikka, birinchi bo'lishga intilardi. Baribir nafrat muhabbatga vaqtincha bo'lsa-da, yo'l berma qolmadi. U birinchi bo'ldi.

— Siz bizni kim deb o'ylayapsiz? — so'z qotdi Sevinch lablari titrab. — Qishloqi deb xo'rlayverasizmi? Ustimizdan qachongacha kulib o'tasiz? Kimsiz o'zi? Xudomisiz, payg'ambarmisiz?

— O', ja dadilsan-ku-a? — Tolib bir tuki seskanmay Sevinchning boshini kaftlari orasiga oldi-da, kuch bilan o'ziga yaqinlashtirdi. — Ahmoqvoy! Bu nima deganing? Sen menikisan! Faqat o'zimnikisan! Aytdim-ku, sen faqat meni sog'inishing kerak, meni! Boshqa hech kimni!

Tolibning kaftlaridan taralgan qaynoq taft nafratni bir zumda yovvoyi muhabbatga almashtirib qo'ygandek edi… U bo'shashdi. Bir muddat lom-mim deyolmay sukutga toldi. Nigohlari yerga qadaldi. Vujudi chumoli o'rmalagan kabi bilinar-bilinmas seskandi. Qalbi esa bu sherkelbat yigit qarshisida ojiz qolishi muqarrarligini qayta tuyib, yumshadi.

— Iltimos, dadamni ko'rsating! Qaerga berkitgan bo'lsangizam ko'rsating! Yo'qsa, o'lib qolaman, Tolib aka! Hazilam evi bilan-da!..

— Ana endi o'zingga kelding! — Tolib uni qo'yib yubordi-da, bir qadam ortga tislandi. — Bo'larkan-ku! Kelar-kelmasingdan do'q qilishing nimasi, jonim? Yaxshilikchasiga aytsang ham bo'ladi-ku!

— Xo'p, xo'p, — Sevinch yanada muloyimlashdi. Boqishlarida mehr jilvalangandek bo'ldi. — Mayli, kechiring! Sal oshirvordim. Endi ko'rsatasizmi dadamni?

Tolib javob berishga shoshilmadi. Og'ir xo'rsingancha nari ketdi. Shu orada xizmatchilarga o'qrayib, allakimlarga tanbeh berdi. Keyin sal nariga borib, Sevinchga ma'noli boqdi. Nimalarnidir o'yladi, o'zicha xomcho't qildi, bosh qashib, turgan yerida bir necha marta aylanib oldi. Aftidan mirobni ko'rsatish yo ko'rsatmaslik haqida bosh qotirdi.

Keyin… Asta Sevinchga yaqin keldi. Ikki qo'lidan tutib, ma'yus jilmaydi.

— Xo'sh, ko'rsatasizmi? — so'radi Sevinch uning hiyla yumshaganidan jonlanib. — Nega indamay qoldingiz?

— Ko'rsataman, — deya yuzini ters burdi Tolib Sevinchning qo'llarini bo'shatib. — Yur, mashinaga chiq! Hozir boramiz o'sha yerga!

— Rahmat sizga! Bilardim, ishonardim! Unutmayman! Hech qachon unutmayman!

— Yur, nega qarab turibsan? — bu gal sal do'qlaganroq ohangda so'z qotdi Tolib. — Maydalashmagin-da, mashinaga chiq!

Sevinch bu gapni eshitiboq ko'ngli yayrab Tolibning oldiga tushdi.

 

* * *

 

Mashina shahar ko'chalari bo'ylab yeldek uchib borardi. Sevinchning quvonchi dunyoga sig'maydi. Azoblar vaqtincha bo'lsa-da, unutilgandek oynadan tashqariga mamnun boqardi. Ko'z oldidan otasining qachonlardir aytgan hazilomuz so'zlari, erkalashlari, maktub bitishlari-yu, dunyoga mag'rur boqishlari marjon kabi tizilib o'tardi. U yo'l-yo'lakay mirobga nimalar deyishni xayoliga jamlardi. «Ishqilib, yig'lab yubormayin» deya xudodan sabr so'rardi.

Nihoyat mashina sekinlab, o'ngdagi ko'chaga burildi. Ko'chaning chapida uzundan uzun qabriston bor ekan. O'ngiga esa qator maishiy xizmat do'konlari qurilibdi. Sevinch o'tganlar haqiga duo o'qib yuziga fotiha tortdi-da, do'konlar tomon bosh burdi. Shu mahal Tolib mashinani negadir qabriston ichkarisiga haydadi. Sevinch «Biror yaqin kishisining qabri bo'lsa kerak. Ziyoratga kirmoqchi shekilli»,, deb o'yladi-yu, indamay o'tiraverdi. Mashina ohista yurib borib qabriston o'rtasida to'xtadi. Tolib miq etmay pastga tushdi va boshini kaftlari orasiga olgan ko'yi bir nuqtaga tikilgancha turib qoldi.

— Tolib aka, nega bu yerga kirdik? — so'radi Sevinch kuta-kuta toqati toq bo'lgach. — Bora qolmaymizmi?

— Tush pastga! — buyurdi tahdid aralash Tolib. — Anqayma, tezroq tush!

Sevinch yuragi g'ash torta boshlagandek ma'yuslangancha pastga tushdi.

— Endi ortimdan yur, — dedi Tolib oldinga ishora qilib. — Yur, Sevinch! Qo'rqmasdan yur!

— Tinchlikmi? Namuncha sirli-sirli ishlar qilaverasiz? Munday ochig'ini aytsangiz-chi!

— Borganda bilasan. Sen hozir yurishingni bil!

Ular oldinma ketin qabriston oxirigacha yurib borishdi. Chaproqqa kirilgan yerda tepasiga oq marmardan yodgorlik toshi o'rnatilgan qabr bor edi. Tolib ayni o'sha qabr qarshisida to'xtadi. To'xtadi-yu, Sevinchning yo'lini to'smaslik niyatida o'zini nari oldi.

Qiz yodgorlik toshiga birkitilgan suratni, surat ostidagi yozuvlarni ko'rdi. Ko'rdi-yu…

Rangi bo'zardi. Tili tanglayiga yopishgandek bo'ldi. Nafasi qayta boshlagan kabi harsillay boshladi.

Tolib hamon unga yer ostidan o'g'rincha ko'z tashlar, lablarini qattiq tishlab olgandi. Ammo miq etmasdi. Faqat Sevinchni kuzatardi.

— Bu… nima? — ko'zlari kosasidan chiqqudek Tolibga yuzlandi. — Meni… Men tushunmadim. — Sevinch shunday deb turib kutilmaganda qichqirib yubordi: — Dadam qani-i-i, iflos, qani-i-i???

— O'zingni bos! — Tolib yugurib keldi-da, Sevinchni mahkam quchoqladi va nari sudradi. Shu orada nariroqda turgan ikki shotiriga «ket» ishorasini qildi. — Bu yer qanday joyligini unutma, ahmoq!

— Qo'yvor meni, qo'yvor. qotil! Sendan hazar qilaman! Yo'qol!..

— Baqirma dedim, ovsar, baqirma! Qabristonda baqirib bo'lmaydi-i-i!!!

Tolib kuch bilan Sevinchni ancha nariga sudraklab bordi-da, majburan beton to'siqcha ustiga o'tqazdi.

— O'zingni bos, — uni tinchlantirishga tushdi Tolib chor atrofga o'g'rincha ko'z tashlab. — Hozir hammasini tushuntirib beraman! Faqat dod solmagin, iltimos!

Endi Sevinchning dod soladigan holi qolmagandi. Suyukli otasining qabrini ko'rgandan so'ng adoyi tamom bo'layozgandi. Siqib kela boshlagan yuragini changallagancha telbalarcha boshini u yondan bu yonga tashlab yig'lar, bazo'r shivirlab qarg'anar, nima qilib bo'lmasin Tolibning qo'lidan xalos bo'lishga urinardi. Shu tobda bu zo'ravon ko'ziga xuddi ajdahodek qo'rqinchli va jirkanch ko'rinardi. Kuchi yetmagani sababli alamini siltanish va qarg'ishlardan olardi.

— Iloyo oting o'chsin! Otamning arvohi ursin iloyim! Voy-voy-ey-y, endi nima qilaman? Meni g'aflatda qo'yib ketgan otam! Yolg'iz qizini ko'rolmay ketgan otam! Sizning gunohingiz nimaydi, jon dada? Nega manavi marazlar sizniyam boshingizga yetdi, nega? Nimaga xudo bularning jonini ola qolmaydi? Meniyam yoningizga oling, dada! Bu dunyoga sig'mayman sizsiz, sig'mayman! Chaqira qoling meniyam!

— Bas qilsang-chi! Yosh bola bo'lmasang-chi! — Sevinchni ovutish payida bo'ldi Tolib go'yo hech narsa bo'lmagandek bosiqlik bilan. — Namuncha dunyoga jar solmasang, axir? Yo dodlasang dadang qaytib chiqadimi go'ridan?

Sevinch da'fatan o'rnidan turdi-da, Tolibning tomog'iga chang soldi.

Bunday bo'lishini kutmagan ekanmi, Tolib dovdirab qoldi. Na Sevinchning qo'llarini tomog'idan olib tashlashni, na tek turaverishni bildi.

— Topib ber dadamni, iflos! — telbanamo xirillab Tolibni qattiqroq bo'g'ishga intilardi Sevinch. — Qassob, qotil! Dadajonimni qaytarib ber!

Tolib bir muddat garangsib turdi-yu, nozik bilaklarni mahkam qisib qoldi.

— Chiranaverma hadeb! — tobora Sevinchning bilaklarini mahkamroq siqib shivirladi u. — Haddingdan oshaversang-chi, senam dadangning yoniga yotasan hozir! Yo tushunmadingmi?

— Tiq o'sha go'rga! — bo'sh kelmasdi Sevinch ko'zlari yonib. — Qani, zo'rsan-ku! Odamxo'rsan-ku! Tiqmaysanmi shu go'rga meniyam? Nimaga qarab turibsan? Qo'rqyapsanmi? Bo'laqol!..

Tolib javob o'rniga Sevinchni sudraklagancha mashina qo'yilgan tomonga qarab yurdi. Qizning qarshiliklariga, ingrashlariga-da qarab o'tirmadi. Uni xuddi bir qop buyum kabi sudray-sudray borib mashinaga o'tqazdi.

— Men tushunaman, — dedi o'zi ham Sevinchning yonidan joy olib mashina eshigini yopgach Tolib. — Senga osonmas hozir. Nima bo'lgandayam padaringdan ayrilding. Xudo rahmatiga olsin boboyni! Endi menga qara, quloq sol, o'zingni qo'lga ol, hozir hammasini tushuntiraman! Keyin… Keyin bilganingni qilaver, Sevinch! Xullas, dadang sen ketganingdan keyin janjal ko'tardi. Nuqul «u-u»lab miyamni qotirib tashladi. Indamadim. Qarasam, melisaga otlanibdi. Nimaymish, mening hamma kirdikorlarimni aytib qamatarmish. Shundan keyin… Kechira olmadim uni. Chunki mengayam tinchlik kerak. Qayoqdagi nogironni deb…

— Haqorat qilma dadamni! — uni siltab tashladi Sevinch. — H-hali ko'raman, bir kunmas bir kun o'zingam dadamdan battar ahvolga tushasan. O'shanda seni yetaklaydigan odamning o'zi bo'lmaydi. Xorlanib o'lasan. Xudo joningni olsin, odamxo'r! Men…

Sevinch ortiq so'zlay olmadi. To'satdan boshi aylanayotganini his qildi. Sal o'tmay ko'ngli aynidi. O'qchib-o'qchib, bir necha o'n soniyalardan keyin hushidan ketdi.

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

loading...