Tun…

0

Qo'ng'iroq ovozi jiringladi. Ayolimning telefonidan chiqayotgan ovoz edi. Shubha aralash qo'limga olsam, uyg'otgich ekan. «Tahajjudda eringni duo qil» degan yozuvlarni ekranida ko'rdim. Ovozini o'chirdim. Ayolim sezmadi. Charchoqdan telefon ovozini ham eshitmadi bechora. Miriqib uxlayabdi.

 

Unga biroz tikildim. Negadir rahmim keldi. U:

Ota uyida bekami-ko'st ulg'aygan, o'ynab-kulib o'sgan bir muslima qiz edi.

Bechora qiz aslo tanimagan, bilmagan insoni bilan bir umr yashash maqsadida ota uyidan chiqib kelgan.

Umri davomida degani degan, aytgani aytgan holda o'sgan qiz endi bir erning uyida, erning degani degan, aytgani aytgan holda yashaydi.

Hamma ko'ngliga qarab katta bo'lgan qiz endi erining ko'ngliga qarab yashardi.

Erining barcha achchiq-chuchuk gaplari, kinoyayu-ovozalariga sukut ila sabr qilar, aslo gap qaytarishga botinmasdi.

Tun-u kun qaynona-qaynotaning xizmatida yelib-yuguradigan ayol.

Kamiga erining qarindosh-urug'lariga hurmat-ehtirom ko'rsatib, ularning kesatiq gaplariga parvo qilmaslikka intiladigan bir muslima ayol.

Kun davomida tinimsiz mehnat qilib, yana tun yarmida o'sha jahldor va qo'pol eri uchun shirin uyqusidan kechib, uning uchun Allohga duo qiladigan ayol.

Shuncha qiyinchiligu-mashaqqatlarga sabr qiladigan ayol.

Ust-boshidan nolimaydigan, och qolsa sabr qiladigan, eri olib kelgan bir luqmaga sevinib, Allohga shukurlar aytadigan ayol.

Eridan barvaqt turib, obdastaga suv ilitib, erini namozga uyg'otadigan ayol.

Barcha ishlarini yakunlab, Qur'on o'qibgina yostiqqa bosh qo'yadigan ayol…

 

Unga tikilganim sari o'zimdan nafratlanib ketardim. U esa biron marta nolimagandi. Bu esa meni vijdonimni yanchardi. Naqadar johil va beparvo bo'lgan ekanmana? Rasulolloh sollallohu alayhi vasallamdan ayollarga qanday muomalada bo'lish merosiga amal qilmay, kunduzi esa yaqinlarimni sunnatga amal qilishga chorlagan mendayin notavon bormikin? Yana o'zimni ummat deya kerilib ham yurardima?!

 

Ayolim shirin uyquda uxlardi. Uni bezovta qilmadim. Tahorat oldim va Tahajjud o'qishni boshladim. Biroz vaqt o'tmay xonada qadam tovushlari eshitilardi. Shoshilib bosilgan qadamlar tahoratxona tomon bordi. Birozdan so'ng esa ayolim orqamda turgan holda namozda menga iqtido qildi.

 

Ho'ngrab yig'lagan holda namozni arang yakunladim…

 

– Begim, nega meni uyg'otmadingiz? -, dedi u hijolat ovozda. Bu esa meni battar qiyin ahvolga soldi. Uni bag'rimga bosgancha, yetkazgan jabr-zulumlarim uchun kechirim so'rardim. Bechora ayolim mening jabrimga o'rganib ham qolibdi, menga hayratomuz boqardi. U nima bo'lganini tushunmasdi. Men esa namlangan ko'zda yoshim bilan:

 

– Menga qanday chidayabsan, bilmadim?! Alloh sendan rozi bo'lsin!-, dedim…

 

Shu tundan boshlab hayotim o'zgardi. Yo'q, hayotim emas, men o'zgardim. Ayolim ham avvalgidanda quvnoq va baxtiyor bo'ldi.

 

«Xizmatingizni qilib to'ymayman» derdi tabassum bilan. Ishonasizmi, u qizlik uyidagidanda baxtiyor edi…

Uni ko'rib esa mening ko'zlarim quvnardi…

 

Hurmatli erkaklar!

AYoLINGIZNI SEVING!

loading...