ALAMZADA… (30-qism)

0

 

 

* * *

 

Sevinch Tolibning uyidagina o'ziga keldi. Ruhan zo'riqish tufayli holsizlangan ekan. «Tez yordam» vrachi kerakli ukollarni tomiriga yuborgach, ko'zini ochdi. Biroq qalbi hanuz aza tutardi. Yuragiga qil sig'masdi. Ayriliq alami vujudini kemirardi. Tepasida mag'rur nigoh tashlab qo'yayotgan Tolibga hissiz razm solardi-yu, xayolan qarg'anardi. Qismatiga la'nat o'qirdi. Tafakkuri faqat shunday kechinmalar bilangina band edi.

Sevinch kelgusi taqdiri xususida qayg'urmasdi. Hech narsani o'ylamasdi. Hatto g'ash tortgan, xuddi qon aylanuvchi tomirlari yanglig' tortishib borayotgan yurak nolalariga quloq tutishga begonadek edi. Tolib unga hamdardlik bildirish, dardiga sherik bo'lish o'rniga paytdan unumli foydalandi. Go'yo Sevinchni ovutish, zo'rma-zo'raki taskin berish bahonasida sochlarini hirs bilan silay boshladi. So'ngra yuzlari, tomog'i ostidan harsillab-harsillab bo'salar oldi. Nihoyat lablar tutashdi. Vujudlarni chirmab olgan qaynoq tuyg'ular junbushga keldi. Sevinch yanada bo'shashib, ixtiyorini butkul Tolibga topshirib qo'ydi…

Oradan bir soat vaqt o'tib, muhabbatga qongan jism nihoyat tafakkurga majburan bo'ysundi. Sevinch ancha sergak tortdi. O'ylashga, fikrlashga o'zida kuch, toqat topa bildi. Garchi otadan ayrilish balosi qalbini tark etmasa-da, zo'ravonni xohishlariga bo'ysundira olishiga amin bo'la bordi. Unga faqat muloyim, shirin so'zlash lozimligini qayta angladi. Shu niyat kuchli kelib, achchiq xotiralar, alam, nafratning yo'lini to'sib qo'yish harakatiga tushdi. U o'ch, intiqom ko'chasiga faqat tafakkur so'qmog'i orqali kirib borish mumkinligini idrok etdi.

— Tolib aka, bir iltimosim boridi, — dedi kiyimlarini to'g'rilash asnosida zo'rma-zo'raki jilmayib Sevinch. — Yo'q demaysizmi?

Tolib ham o'rnidan qo'zg'aldi-da, derazadan tashqariga qaradi. Xizmatchilar, qo'riqchilar o'z yumushlari bilan bandligiga ishonch hosil qilgach, ortga qaytdi.

— Nimani iltimos qilmoqchisan? — so'radi u Sevinchning sochlariga qo'l yuborib.

Aslida Sevinch ayni damda bundan yarim soatcha oldingi o'tli tuyg'ularga allaqachon begona edi. Yana ko'nglini ayriliq dardi kemira boshlagandi. Alamlarini arang jilovlar, yig'idan bazo'r tiyilar, tafakkurga quloq tutgan holda to'g'ri fikrlardi. Shuning uchun o'zini bosib olishga, Tolibdek beshafqat, kallakesarni ranjitib qo'ymaslikka, uni ishontirishga urindi. Buning uchun o'zini telbanamo qiyofaga kiritishi shartligiga aqli yetdi.

— Tolib aka, meniyam ishxonangizga oboring, — dedi yasama erkalik bilan atayin kipriklarini pirpiratib. — Menam sizga o'xshab yomon odamlarni qo'rqitay!

— Jinni bo'lganmisan? — to'ng'illab berdi Tolib. — Balki odam o'ldirishgayam qiziqib qolgandirsan?

— Ha-da, — kulimsirab Tolibga yaqin bordi Sevinch. — Birontasini ko'rsatsangiz, o'ldiraveraman.

— Qanday qilib?

— Masalan, qorniga pichoq tiqib qochishim mumkin. Ros-sayam qattiq tiqaman-da pichoqni! Bo'g'ili-ib o'ladi o'sha odam.

— Menga qara, — Tolib Sevinchga sovuq tikilib, ikki yuzidan tutdi. — Birinchidan, men kallakesarmasman, aksincha ishbilarmon bir odamman. Savdogarman desam, to'g'riroq bo'ladi. Ikkinchidan, mening ayolim hech qachon ishimga aralashmasligi kerak. Uyda o'tirishi zarur. Meni xursand qilishi shart.

— Voy, nega? Meniyam siz bilan birga yurgim kelyapti-i! Xo'p deya qoli-ing!

Tolib javob o'rniga indamay tashqariga chiqib ketdi. Qalbi ayriliq alamidan ado bo'layozgan Sevinch lab tishlagancha uning qaytishini kutdi. Xayoliga kelgan tiniq fikr uni bardosh qilishga, orzu, armonlar ushalishi yo'lida bardam bo'lishga undadi.

Afsuski, bu gal ham istaklari sarobga aylandi chog'i, Tolibdan hadeganda darak bo'lavermadi. Sevinch uning hovlida shotirlariga nimalarnidir uqtirganini ko'rdi. Keyin… U shoshib ko'chaga chiqib ketdi. Shotirlardan biri Sevinch o'tirgan xona tomon yurdi.

Ammo shotir xonagacha kirmadi. Tashqaridan eshikni qulfladi-yu, jo'nab qoldi.

Sevinchning yuragi g'ashlikdan to'kilayozgandi. U qandaydir puxta o'ylangan yovuzlikni his etgandek bo'ldi.

Yugurgancha deraza qarshisiga bordi. Shotir allaqachon darvozaxonaga yetib qolibdi. Jonholatda derazaning bir qabatini ochdi-da, shotirga qarab qichqirdi:

— Nega eshikni qulfladingiz? Tolib aka qani?

Shotir yurishdan to'xtadi. Ortga o'girilib, deraza qarshisidagi yig'lamsirabgina turgan Sevinchni ko'rdi va u tomon qadam tashladi.

— Oching eshikni! — qichqirishda davom etdi Sevinch titrab. — Haqingiz yo'q meni qamashga!

— Singlim, — dedi bosiqlik bilan shotir unga yaqin kelib. — Buyruq shunday bo'ldi. Tolib aka ustingizdan qulflab qo'yishimni buyurdi. Hademay ovqat keltirishadi qizlar! Xafa bo'lmang!..

— Yo'-o'q! — hayqirdi Sevinch jazavasi ming chandon ortib. — Uyiga o't qo'yaman, o't! Otamning qotili, kallakesar! Qo'yvor meni, qo'yvor!

Shotir bu hayqiriqlarga javoban bosh chayqab qo'ydi-yu, yana darvozaxonaga qaytdi.

Sevinch esa azbaroyi jondan to'yganidan nim qorong'i xonani aylanib chopar, nuqul yig'i aralash so'zlanardi.

— Dada-a-a!!! Meni qutqaring, dadajon! Meni o'ldirishmoqchi! Qutqari-ing!!!

Sevinchning hayqirig'iga javoban hech kim xonaga kirmadi. Sal o'tmay, u ko'ngli ayniy boshlaganini his etdi. O'qchiy-o'qchiy, vannaxonaga chopdi. Birozdan so'ng bo'shashgancha xonaga qaytib chiqdi-da, karavotga o'tirib qoldi. Shu ko'yi bir necha daqiqa boshini changallab o'yga toldi. Azbaroyi alami kelganidan tizzalarini chimdib-chimdib oldi. Afsuski, bu qilig'i ham Sevinchga naf bermadi. Joni og'rigani qoldi. Xo'rlik zo'r keldimi, dast o'rnidan turdi-da, deraza qarshisiga bordi va shivirlagancha Tolibni, hovlida go'yo hech narsa bo'lmagandek uyoqdan buyoqqa borib kelayotgan xizmatchilarni qarg'adi. Ana shu tobda xayoliga tasodifiy fikr keldi-yu, birdan hushyor tortdi. Qalbi junbushga keldi.

— Bu o'tirishing nimasi? — deya vujudini qitiqlay boshladi qalbi. Sevinch bu ichki ovoz zamirida otasini tinglayotgandek bo'ldi. — G'am chekish bilan hech kim murodga yetmagan. Oshxonaga o't, uyoq begona ko'zdan panaroq, derazasi tomorqa tarafga qaragan. Agar omading kelsa, tutqundan xalos bo'larsan, yo'qsa, pand yersan. Tavakkal qil. Bu zindonda ado bo'lishing tayin. Oyoqqa tur! Shoshil!

Sevinch da'fatan yig'lashdan, qayg'u chekishdan tiyildi. Ko'zlari alang-jalang deraza orqali hovliga boqdi. Hamma o'zi bilan o'zi ovoraligiga amin bo'lgach, oshxonaga zipilladi. Haqiqatan, deraza tomorqaga qarabdi. Har yer har yeriga mevali daraxtlar ekilgan maydon sukunat qo'ynida edi.

«Qurib ketsin, nega shu paytgacha oshxona haqida o'ylab ko'rmagan ekanman? — xayolidan o'tkazdi Sevinch norozilanib. — Qancha yashaganman shu xosiyatsiz uyda. Biror marta ko'z tashlamabman-a!.. Dadajon, nahotki, ozod qushga aylansam? Ha, agar, niyatimga yetsam, ishoning, shu safar albatta Tolibdan o'ch olaman. Sizni go'rga tiqqan marazniyam yer bilan bitta qilmaguncha tinchimayman. Mana, endi yo'qotadigan hech narsam qolmadi. Dar qolsam, kuyadiganim ham yo'q. Xo'sh, nega qo'rqishim kerak? Jonim og'rishidanmi yo och qolishdanmi? Nima bo'lmasin, sizning badalingizni to'latsam, alamdan chiqsam, armonim qolmasdi. Keyin oyog'imni uzatardim-u, yoningizga ravona bo'lardim. Dadajon, uyoqlarda enajonimni tinchlantirib turing. Yig'lamasin, kuymasin, bezovtalanmasin! Nasib bo'lsa, yaqin orada uchchalamiz birga bo'lamiz…»

Sevinch bir qarorga keldi. Kiyimlarini to'g'riladi-da, ehtiyot shart yana bir karra xonaga qaytib, hovlini ko'zdan kechirdi. So'ngra oshxona derazasini ochib, tashqariga sakradi.

 

* * *

 

Vaqt tushga yaqinlashib qolgandi. Sevinch amal-taqal o'zi uchun naq zindonni eslatuvchi hovlidan katta ko'chaga chiqib olgach, birpas dovdirab qoldi. Shahar ko'chasida odamlar dengiz kabi oqardi. Mashinalarning g'iz-g'izi, cho'zib signal urishi quloqni qomatga keltiray derdi.

Bunday lahzalarda nima qiladilar? Qanday yo'l tutadilar? Qay tomon yuradilar?..

Shunday savollar miyasida g'ujg'on o'ynagani sari Sevinchning vahimasi battar oshib borardi. Aksiga olgandek, ko'ngil aynishi yana qo'zg'aldi. O'tkinchilarning e'tiborini tortmaslik uchun o'qchishni boshladi deguncha yo'l chetidagi daraxtlar panasiga o'zini urdi. Ko'ksi o'qchish tufayli og'rib-og'rib berganda, tamom bo'lay dedi.

«Balo kelsa, botmonlab kelishi shu ekan-da, — o'yladi u jismidan majol keta boshlaganini his etib, ohista daraxtga suyanarkan. — Boshimdan balo arimay qoldi. Otamni, enamni yo'qotdim. Qishlog'imdan ayrildim. Sevgi dedim, bir marazga ishondim, unga suyangim keldi. Nima topdim? Mana shu kunimni, nochorligim, yo'qsilligim, ojizaligimni, xolos. Bundan bo'lagi meni chetlab o'tdi. Endi dardimni hech kimga ayta olmayman. Qishlog'imga qaytishga betim chidamaydi. Hoynahoy, gap-so'z qilib ulgurishgandir. Ha, buni qishloqdagilardan kutsa bo'ladi. Bir gapni o'n xil qilib tarqatishga usta ular. Qaniydi, dadajonim qaysi qabristonda yotganini bilsam-u, hoziroq qanot boylab uchsam! Afsus, eslab qolmagan ekanman. Baribir pulim yo'q. Bora olmasdim. Endi nima qilaman? Qay ko'chaga yuray? Kimga dodimni aytay? Hozir melisalar tutib olsa-chi?..»

Shularni xayolidan o'tkazdi-yu, katta yo'l bo'yiga chiqib, oldinga yurdi. Garchi qay tarafga yurishning, qaerga borishning ahamiyati bo'lmasa-da, qadam tashlash shart deb bildi. Shu alfozda ketaverdi. Birovlar hayrat aralash qarasa, o'zini go'yo shahar tomoshasiga chiqqandek tutdi. Nimadir demoqchi bo'lgan kimsalarga ensasi qotgan kabi lab burgancha yo'lida davom etdi.

Kattakon gastronomga yetay deganda, toliqish zo'r kelib, taqqa to'xtadi va nafas rostlash ilinjida chetda turgan betonga cho'kmoqqa shaylandi. Bir mahal orqadan ikki nafar militsioner kelib qoldi. Sevinch ularni ko'rdi-yu, tizzalari bilinar-bilinmas titrab ketgandek bo'ldi. Ammo iloji boricha sir boy bermaslikka tirishib, asta betonga cho'kdi.

Militsionerlar esa xuddi kelishib olgandek uning tepasida to'xtadi. Sevinch indamay o'tiraverdi. «Shunday qilsam, shubhalanishmaydi, so'roqqa tutib o'tirishmaydi, biror gap so'rash niyatida to'xtashdi chog'i» deb xayol qildi.

— Singlim, hujjatingizni ko'rib qo'ysak bo'ladimi? — so'radi militsionerlardan biri muloyimlik bilan. — Agar mumkin bo'lsa, o'rningizdan tursangiz devdik!

Sevinch inqillagan ko'yi o'rnidan turdi va qoshlarini chimirib savol nazari bilan militsionerlarga boqdi.

— Tushunmadingizmi nima deganimni? — so'radi hujjat so'ragan militsioner. — Pasportingizni ko'rsating!

— Pasportimni nima qilasiz? — savolga savol bilan javob qaytardi Sevinch bo'sh kelmay.

— Shunday chiroyli qiz qaysi yurtdanligini bilvolmoqchiman, — yarim hazil, yarim tahdid aralash so'z qotdi militsioner. — Yo mumkinmasmi?

— Melisalar bunaqa shilqim bo'lmasdi-ku!? — dedi battarroq qovoq uyib Sevinch. — Yo'lingizdan qolmang! Men shahar aylanishga chiqqanman. Pasportim uyda qolgan.

Militsionerlar toqati toq bo'lib bir-birlariga ma'noli qarab olishdi. Keyin esa yonidagisi gapga aralashdi.

— Vey, gapni ko'paytirmagin, singlim! Shoshib turibmiz. Yo biz bilan birga idoraga borging kelyaptimi?

— Borsam boraveraman. Lekin keyin o'zlaring afsus yeysanlar.

— Nima? Nega afsus yerkanmiz? Sababi bormi?

Sevinch o'ylanib qoldi. Aslida Tolibni eslatish niyatida shunday degan bo'lsa-da, kalovlandi. Nima deyishni, so'zining isbotini qayoqdan qidirishni bilmay garangsidi.

— Sh-shunchaki… Aytdim-da! — dedi tavakkal. — Har holda ayol kishiga tegajog'lik qilish…

— Menga qarang, singil, — Sevinchdan chapda turgan novcha, ingichka mo'ylovli militsioner hiyla o'zini bosib gapirishga tutindi. — Militsiya hech qachon ayol kishiga tegajog'lik qilmaydi. Biz sizdan hujjat so'radik, xolos. Ko'rsating tez!

— Aytdim-ku, pasportim uyda qolgan deb! Ishonmasangiz, boshlab borishim mumkin.

— Shunaqami? — militsionerlar bir-birlariga ma'noli qarab olishdi. So'ngra novchasi yelka qisgan bo'lib davom etdi. — Biz bilan idoraga borasiz. O'sha yerda shaxsingizni aniqlaymiz.

— B-bormayman, — qo'rqib ketgan Sevinch ko'zlari olazaraklangancha ortga tislandi. — Men… Kasalman.

— Kasal bo'lsangiz, shifoxonaga oborib qo'yamiz keyin. Bilib qo'ying, qarshilik ko'rsatsangiz, kuch ishlatishga majbur bo'lamiz. Bunga haqimiz bor.

Shu payt orqadan past bo'yli, jikkakkina, o'rta yashar erkak yurib keldi-da, Sevinchga yer ostidan qarab qo'yib, taqqa to'xtadi va kissasiga qo'l solib surat chiqardi. Suratni ters o'girilib obdon ko'zdan kechirdi. Nimagadir ishonch hosil qildimi, suratni qayta kissasiga joyladi-da, ortga o'girilib, Sevinchni sinchiklab kuzatdi. So'ngra militsionerlarning birini nariga yetakladi. Qulog'iga nimalardir deb shivirladi-yu, yo'lida davom etdi. Militsioner esa darhol ortga qaytib, sherigining qulog'iga nimalarnidir shipshitdi. Ular imi-jimida Sevinchdan uzr so'ragan bo'lishdi-da, jo'nab qolishdi.

Sevinch hayron edi. Shoshilmasdan ketib borayotgan erkakning ortidan yo'l-yo'lakay tikilarkan, hech narsani tushunmasdi. Xayolan «Tolibning gumashtalaridan shekilli. Ammo meni qaerda, qachon ko'ra qolibdi? Uni tanimadim-ku!», degancha yurib borardi. Shu ko'yi Sevinch bir necha o'n metrcha yo'l bosib, gastronom qarshisiga yetdi. Bu yerda odam yanada tumonot edi. Qaytadan ko'ngli aynib, o'qchimaslik, begonalar oldida sharmanda bo'lmaslik uchun o'zini sal chetroqqa oldi. Shu bahonada endi qanday yo'l tutish, qaerga borish haqida o'ylab olmoqchi bo'ldi. Bir mahal qaerdan payda bo'la qoldi, bilmaydi, boyagi o'rta yashar erkak ro'parasida hozir bo'ldi. Sevinch aniq ko'rgan, erkak allaqachon qaysidir ko'chaga burilib ketgandi.

«Nima balo, orqamdan dumday ergashib qoldi bu nusxa? — ko'nglidan kechirdi u norozilanib. — Kim ekan o'zi? Tolibning odami bo'lsa, shartta kelib aytmaydimi? Olib ketmaydimi? Kuzatishi, orqamdan kuzatishi nimasi?..»

Hali o'ylab o'ylari oxiriga yetmay, erkakning o'zi birinchi bo'lib so'z qotdi.

— Men sizni taniyman, singlim, — dedi u Sevinchga sirli tikilib. — Hatto ismingizniyam bilaman.

— Meni-ya? — battar ajablandi Sevinch. — Qaerdan taniysiz meni? Kimsiz?

— Buning ahamiyati yo'q, — qo'l siltab qo'ydi erkak. — Siz Sevinchsiz. Hozir to'g'ri Tolibnikidan kelyapsiz. Topdimmi?

— Tolib? Kechirasiz-u, men unaqa odamni tanimayman. Umuman, bu shaharda hech qanaqa tanishim yo'q. Adashyapsiz.

— Shunaqami? — peshonasini tirishtirib teskari qaradi erkak. — Demak, Sevinchligingizdanam tonasiz-a? Tonasizmi?

— Men… — Sevinch sir boy berib qo'ymaslik ilinjida yolg'on to'qishda davom etdi. — Mening ismim Sevinchmas. Manzura.

— Xo'p, Manzura bo'lsangiz, pasportingizni ko'rsating unda! Men amin bo'lay.

— Nega endi sizga pasport ko'rsatarkanman? Melisamidingiz? Melisa bo'lsangiz, oldin o'zingiz hujjatingizni ko'rsating!

— O', ja «shustriy»siz-ku-a? — sovuq tirjaydi erkak. — Hujjatimni ko'rmoqchimisiz? Afsus, men siz bilan yaxshilikchasiga gaplashmoqchiydim, kelishmoqchiydim. Tushunmadingiz. Endi…

Erkak jig'ibiyron bo'lib ikki qadam oldinga tashladi-da, gulzor ortida turgan uzun bo'yli yigitga qichqirdi.

— Mavlon, hov Mavlon!

Yigit shu zahoti gulzorni aylanib o'tib, erkak tomon yurdi.

— Ha, aka, tinchlikmi? — so'radi u yetib kelgach. — Bo'ldimi, ish pishdimi?

— Mashina qani? Manavi qizni olib ketishimiz kerak.

— Nima, ko'nmayaptimi? O'zim gaplashib ko'raymi?

— Shartmas, — dedi erkak aftini bujmaytirib. — Ja qaysar qiz ekan. Menga ishonmayapti.

— E, aka, militsiyaga oboraylik uni! Yuvosh tortib qoladi. Hali bo'yniga tushov tushmagan-da!

— Militsiya mashinasini chaqir, — bu gal erkak yigitning qulog'iga pichirladi. — Agar qarshilik ko'rsatsa, kuch ishlatamiz. O'sha yoqqa oborvolaylik, to'tiday sayraydi o'zi.

Yigit ketgani hamono erkak Sevinchga yaqin kelib og'ir xo'rsindi. Aftidan, qarshisidagi bu qizning qochib qolishga urinmasligidan bir hayron bo'ldi, bir quvondi.

— Menga ishonmaganingiz chatoq bo'ldi, — dedi nihoyat namoyishkorona qulochini kerib. — Mana, endi militsiya idorasiga borishingizga to'g'ri keladi. Yo buniyam istamaysizmi?

— Istamayman, — lab burdi Sevinch. — Men duch kelgan erkak bilan ketaveradiganlardanmasman. Qolaversa, kuch ishlatishga haqingiz yo'q.

— Eh, singlim-a, bekor qilyapsiz-da shuni!.. Mayli, shubhalanmasligingiz, ortiqcha shovqin ko'tarmasligingiz uchun kimligimni aytay. Men maxsus xizmat tashkilotida ishlayman. Tolibni kuzatish menga topshirilgan. Sizni uchratib qolganim juda yaxshi bo'ldi. Buyog'iga men bilan hamkorlik qilishingizga to'g'ri keladi. Bosh tortsangiz, sotqinlikda, yoki juda bo'lmaganda, giyohvand moddalar savdosida ayblaymiz. Qamalib ketasiz.

— Meni qo'rqitmang, — bo'sh kelmadi Sevinch ham. — Qo'rqaverib, pishib ketganman. Bekorga ovora bo'lasiz?

— Hali shunaqami? Xo'-o'p, hozir ko'ramiz-da qo'rqmasligingizni!

Bu orada yo'l chetiga militsiya mashinasi kelib to'xtadi-yu, uch chog'li militsioner pastga tushib ular tomon yurdi.

Militsionerlarni ko'rib, Sevinch ado bo'layozgandi. Shundagina qarshisidagi erkak oddiy odam emasligiga fahmi yetdi. Azbaroyi qo'rqib ketganidan a'zoyi badanida titroq turdi. Lablari ko'karib, erkakka umidvor termildi.

— Ha, qo'rqib ketdingizmi? — so'radi erkak militsionerlar bilan galma-gal qo'l berib ko'risharkan. — Hali bu boshlanishi. Kameraga kirib bir-ikki kun o'tiring, o'shanda ko'ramiz. Yigitlar, manavi qizni idorangizga olib borib qamab qo'yinglar! Giyohvand modda bilan tutib oldim.

— Xo'p bo'ladi, aka, qani, yur!

Sevinch uchun shu tobda militsiya xodimlariga bo'ysunishdan, taqdirga tan berishdan bo'lak yo'l qolmagandi. Qalbi tuhmatdan darz ketsa-da, tishni tishga bosib militsionerlarning oldiga tushdi. Ammo beixtiyor qaysarligi tutdi. O'tkinchilarning e'tibori yordam berishiga, militsionerlar atrofdagilardan cho'chishiga umid bog'ladi. Shu bois siltana-siltana qichqira boshladi.

— Qo'yvorlaring, bosqinchilar, qo'yvor! Meni sudrashga haqlaring yo'q! Qo'yvormasang, tegishli tashkilotlarga borib arz qilaman!

— Hali shunaqami? — militsionerlardan biri jahlini bosolmay, Sevinchning bilagini mahkamroq siqimladi. — Hali biz bosqinchi bo'ldikmi?

U so'zini tugatmay, maxsus xizmat vakili o'rtaga tushdi.

— Sen shunchalik aqllimisan? — so'radi u qovoq uyib. — Bizni, davlat militsiyasini chalg'itmoqchimisan? Bizga tuhmat qilmoqchimisan? Hoy, qiz, esingni yig', Tolibning mashinasiga o'tirib, qo'shni davlat chegarasiga borganing, uyoqdagi jinoyatchilar qo'lidan giyohvand moddalarni qabul qilib olganing, keyin esa o'sha suyukliging seni jinnixonaga tiqqaniyam bizga ma'lum. Yo bundanam tonasanmi? Olib chiqing mashinaga buni!

Mana endi haqiqatni erkakning o'zi to'kib solgach, miq eta olmasdi. U allaqachon qarshisidagi sovuqqon erkak obro'li kimsalardan ekanini anglab yetgandi. Buyog'iga taqdirga tan berishdan bo'lak iloji ham yo'q edi.

Sevinch yuzlari osha oqib tushayotgan ko'z yoshlarini tiyolmay jimgina militsiya mashinasiga chiqib o'tirdi.

 

* * *

 

Kamerada kalta yubka kiygan, sochlari erkakcha kaltalangan, yuz-ko'zlari, lablariga qadar qalin bo'yoq surilgan o'ttiz yoshlar atrofidagi ayol o'tirar, oyoqlarini kergancha go'yo o'zini tashqaridagi qo'riqchilarga ko'z-ko'z qilardi.

Bo'lari bo'layozgan Sevinch uni ko'rdi deguncha battar vahimaga tushdi. Umrida bunday behayo ayollar bilan yolg'iz qolib ko'rmagani uchunmi, ijirg'andi. Ayniqsa, uning oyoq kerib o'tirishi g'ashini keltirdi.

Biroq shu tobda nafratning mavridi emasdi. Qalbi bezovtalanar, taqdiri nima bilan tugashini tasavvur etgani sayin dunyo ko'zlariga suvoqlari ko'chib tushgan, ichini zax hidi qoplagan kameradan-da torroq ko'rina boshlardi.

— Ha, qaqajon, seni nimaga qamashdi? — Sevinchning xayolini bo'lib so'radi ayol dast o'rnidan turib. — O'g'irlik qildingmi, yo melisalarning gapiga kirmadingmi? Bekor qipsan. Qara, chiroylikkina, oydekkina, yoshgina ekansan. Kamayib qolarmiding? Yarim soat ko'nglini olsang, qo'yib yuborishardi.

Ayolning bu gaplari Sevinchga juda og'ir botdi. Shundoq ham alamdan dod solay deb turgan qiz kutilmaganda ayolga yopishdi.

— Meni kim deb o'ylading, qanjiq? — uning tomog'ini siqimladi Sevinch. — O'zingga o'xshatmagin, tuzukmi!?. Senga o'xshagan buzuqimasma-an!..

— Voy-dod, yordam beringlar! O'ldirib qo'yadi-i!..

Ayolning xirillab qichqirishi bir zumda qo'riqchilar qulog'iga yetdi. Darhol kamera eshigi ochildi va ikki qo'riqchi kira solib Sevinchga yopishdi.

— O'zingni bosvol! Qo'yvor uni! O'tir dedim!..

Nima qilsin? Sevinch yum-yum yig'lagan ko'yi boshini changallagancha beton supacha ustiga o'tirib qoldi. Ayolni esa boshqa kameraga ko'chirishdi…

Shu taxlit bir soatcha o'tiribdi. Jazava zo'r kelib, o'zi bilmagan holda unsiz yig'layveribdi, qarg'anibdi, yupanibdi, yana yig'labdi, xudoga nola qilibdi, otasini ko'makka chorlabdi. Ammo bularning barchasi bo'g'zidan nariga o'tmabdi.

Sevinch kamera eshigining sharaqlab ochilishidan seskanib boshini ko'tardi.

Ichkariga tag'in ko'chada uchragan, uni militsiya qo'liga topshirgan erkak kirdi.

Bu gal erkak qandaydir jildni qo'ltiqlab olgandi.

Kirdi-yu, erinmay kamerani ko'zdan kechirdi. Qayta-qayta norozi bosh chayqadi. Shu asnoda Sevinchga bilinar-bilinmas nazar tashlashga ulgurdi.

— Xo'sh, singlim, yaxshimikan qamoq? — so'radi erkak beo'xshov tirjayib. — Tek o'tirishingga qaraganda, yoqib qoldimi deyman kamera-a?

Sevinch ilkis bosh ko'tardi-da, erkakka sovuq tikildi. Aftidan qarg'ashga, urishib tashlashga chog'landi. Biroq nimadir xalal berdi. Bir qadam ortga tislanish bilan kifoyalandi.

— Hali bu o'tirishing holva, — davom etdi erkak. — Agar taklifimni qabul qilmasang, ertaga bundanam battar kunlar boshingga tushadi. Seni eng maraz kallakesarlar o'tirgan kameraga o'tkazib qo'yishlarini so'rayman. U yerda dodingni hech kimga ayta olmaysan. O'ylab ko'r, hozircha yoningda turibman.

— Endi menga baribir, — alamli shivirladi Sevinch. — Qanday o'lishning qizig'i qolmagan. Dadajonimning yoniga tezroq borsam bas.

— E yo'-o'q, — dedi erkak jiddiy tortib. — Seni o'ldirishmaydi. Chunki bizga kerakli qizsan. Nomusingga tegishlariga esa ming foiz kafolot beraman. Joning qiynaladi, belchalaring qayishib-qayishib og'riydi. Shu kerakmi senga?

— Iflos, — deya erkakka nafratli nigoh tashladi Sevinch. — Qani, shunday qilib ko'rlaring-chi, keyin bilasanlar!..

— Mayli, yaxshilikchasiga ko'nmasang! Yana bir soat vaqting bor o'ylab ko'rishga. Umid qilamanki, bir soat o'tib qaytganimda, fikring o'zgaradi. Aks holda… O'zingdan ko'r!..

Erkak jildini boshqa qo'ltig'iga qistirdi-da, ehtiyot shart bir necha daqiqa Sevinchga termilgancha turib qoldi. Sado bo'lavermagach, qo'l siltay-siltay chiqib ketdi.

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

 

loading...