Davlat o'zini emas, tadbirkorni ayadi

0

Iqtisodiy integratsiya shu darajada kuchaydi-ki, sayyoramizning bir chekkasidagi iqtisodiy o'zgarish yer sharining boshqa nuqtasida “bo'y ko'rsatmoqda”. Odamlar bundan 3 oy oldin Xitoyda boshlangan virusga sog'liqni saqlash tizimi, nari borsa, Xitoyning muammosi deb qaragan edi. Virus dunyo iqtisodiyotiga qaqshatqich zarba berishi esa ko'pchilikning xayoliga ham kelmagandi. Koronavirusning iqtisodiy ziyonlari kuchaygani sayin hukumatlar mahalliy korxonalarga, ishlab chiqarish sub'yektlariga imtiyozlar bera boshladi.

Yaqinda Yurtboshimiz tomonidan qabul qilingan “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish bo'yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoni mamlakatimiz tadbirkorlariga ko'rsatilayotgan g'amxo'rlikdir. Farmonga binoan, pandemiya oqibatlarini yumshatishga qaratilgan Inqirozga qarshi jamg'arma tuzilib, davlat byudjetidan 10 trln so'm ajratiladi. Byudjetdan ajratilgan mablag' elektoratimiz vakillarining pandemiyadan ko'rayotgan zararlarini kamaytirishga xizmat qiladi.

Xususan, pandemiya sababli faoliyatini to'xtatgan tadbirkorlarga banklar orqali foizsiz byudjet ssudalari ajratiladi. Hokimlarga iqtisodiy qiyinchilikka duch kelgan korxonalardan mahalliy soliqlarni undirishni 6 oygacha kechiktirish vakolati beriladi. Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlarning daromad solig'i, fermerlarning suv solig'i 50 foizga kamaytiriladi. Mahalliy byudjetdagi yo'qotishlar mamlakat byudjetidan qoplab beriladi.

Farmonda belgilangan yana bir me'yor elektoratimiz vakillari uchun ayni muddao. Yil yakuniga qadar soliq tekshiruvlariga moratoriy e'lon qilinadi va qiynalgan korxonalarga soliq qarzlari uchun penya hisoblash to'xtatiladi. Bunday qiyin sharoitda tadbirkorni birorta tekshiruvchi bezovta qilmaydi.

Farmonga muvofiq, Koronavirus ta'siri eng yuqori bo'lgan iqtisodiyot tarmoqlariga soliq ta'tillari va kredit qarzlari bo'yicha imtiyozlar berish, byudjet ssudalari ajratish yuzasidan vazifalar belgilangan. Jumladan, mehmonxona biznesida 90 milliard so'mlik, transport-logistika sohasida 650 milliard so'mlik, umumiy ovqatlanish muassasalarida 180 milliard so'mlik, tashqi savdo korxonalarida 3,6 trillion so'mlik kreditlarni qaytarish imkoniyati pasaymoqda. Shu bois Markaziy bankka ushbu korxonalarning kredit muddatlarini uzaytirish bo'yicha ko'rsatma berildi

Iqtisodiy faollik pasaygan paytda aholi bandligi masalasi alohida e'tibor talab etadi. Shu bois Inqirozga qarshi jamg'armadan Jamoat ishlari jamg'armasiga qo'shimcha 200 milliard so'm ajratiladi. Ushbu mablag'lar odamlarni ish bilan ta'minlash, buning uchun mahallalarda qo'shimcha infratuzilma ob'yektlari qurishga yo'naltiriladi. Shuningdek, Tadbirkorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlash davlat jamg'armasiga 500 milliard so'm qo'shimcha mablag' berilib, ish o'rinlari yaratadigan biznes sub'yektlarga ko'maklashiladi.

Bir so'z bilan aytganda, Prezidentimizning yuqoridagi farmoni mamlakatimizda tadbirkorlar va fuqarolar manfaatlari oliy darajada muhofaza qilinishini yana bir karra isbotladi. Davlat eng og'ir vaziyatda ham o'zini emas, tadbirkorni ayamoqda. Shunday ekan tadbirkorlar ham ana shu g'amxo'rlikni his etishlari, ishonchni suiste'mol qilmasliklari kerak.

Aktam XAITOV,

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya

qo'mitasi raisi, partiyaning

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasidagi fraksiyasi rahbari

loading...

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here