ALAMZADA… (32-qism)

0

 

 

* * *

 

Ona kutilmaganda yurishdan to'xtadi. Sochlaridan oqib tushayotgan ko'kimtir suv yuzlarigacha yuvib o'tdi. U Sevinch tomonga qovoq uygan holda tikilib turdi-da, unsiz yig'lay boshladi. Sevinchning yuragini vahimaga to'ldirib, ko'zlaridan oqqan yosh to'q yashil rangda edi. Ko'z yoshlar onaning yuzlari osha yerga tomchilagan ko'l suviga qo'shilib, qirmizi rangga kirdi.

— Ena, nega to'xtab qoldingiz? — titrab-qaqshab so'radi Sevinch turgan yerida. — Meni sog'inmaganmidingiz? Dadajonim qani?

Ona miq etmadi. Shu ko'yi piqillab, silkinib-silkinib yig'ladi. Aylanasiga maysazor ko'l suvi hamda ko'z yoshlar qorishmasini bag'riga olgach, cho'g' kabi qirmizi rangga kirdi. Ona shundan keyingina yig'idan tiyildi va ikki qo'lini baland ko'tardi.

— Kelma! — hayqirdi boshidagi qordek oppoq ro'molini to'g'rilay-to'g'rilay. — Ko'lning suvi quturibdi! Seni domiga tortib ketadi. Nevaramdan ayiradi! Kelma, jon qizim, kelma!

— Nega unday deysiz? Axir, sizni judayam sog'inganman, ena! Yorug' dunyoda menga kun berishmadi. Mana, qochib keldim xo'rliklardan! Ena, meni bag'ringizga oling! Yo'qsa, orqamdan quvib kelishadi! Tutib olishadi! Qamab qo'yishadi meni!

— Ahmoq bo'lma! Mening duolarim seni asraydi! Qizim ko'z o'ngimda ko'lga cho'kib ketishini xohlamayman! Qayt orqangga, qayt!

Sevinch bu gaplardan so'ng beixtiyor xotirjam tortdi. Ko'z yoshlari tiyildi. Tafakkuri tiniqlashgandek bir qadam ortga tislandi. Ammo onadan ko'zlarini uzmadi. Unga umidvor termilgancha picha sukut saqladi. Keyin esa nimadir yodiga tushib, entika-entika tilga kirdi.

— Ena, dadajonim ko'rinmayaptimi? — so'radi u atrofga alanglab. — Nega u kishi yo'q yoningizda?

Ona javob berishga shoshilmadi. Oldin chuqur xo'rsindi. Samoga boqib nimalardir deya shivirladi.

— Dadangga nima bor bu yerda? — dedi nihoyat kinoyali ohangda. — Bir marta bo'lsin haqimga duo o'qiy demaydi. Eslamaydi, sog'inmaydi, zulmatli kechalarda hech qursa tushiga kiray, tillashay, hasratlashay deyman. U qurmag'ur munday tush ham ko'rmaydi. Nimalar bilan ovoraykan, xudo biladi.

— Bu… Nima deganingiz? — qichqirdi Sevinch turgan yerida. — Axir, dadam o'lgan! Sizning yoningizda bo'lishi kerakmasmi? Nega unday deyapsiz?

— Bilmayman, bilishniyam istamayman! Bor endi, boshimni qotiraverma! Men charchadim! Tezroq ket! Hali zamon do'l yog'adi, boshing yorilib abgor bo'lmagin! O'zingga achinmasang, nevaramga achin, ahmoq qiz! Ketaqol endi!

Bir mahal ona aytganidek, to'satdan shamol turdi. Tim qora bulutlar to'dasi katta tezlikda yaqinlashib kelib, Sevinchning tepasida to'xtadi. Sevinch vujudini nimadir qisgandek yuragi hapriqdi, nafas olishi qiyinlashib, boshida kuchli og'riq tuydi. Ko'zlarini chirt yumgan holda ikki kafti bilan boshini changalladi deguncha bir necha marta yuragi shuv etdi-yu, quloqlari ostida kimningdir shang'illayotgani qulog'iga chalindi. Miyasi tiniq tortib, o'zining qaerdaligini taxmin qildi.

Ha, u narigi dunyodamas, Tolibning xonadonida ekan. Ana, zo'ravon nimalardir deb uni uyg'onishga majbur etmoqda. Nima qilsin? Ko'zlarini ochsinmi? Nega? Keyin nima bo'ladi? Tag'in Tolib tashlanib qolsa-chi? O'lasi qilib kaltaklasa-chi? Nega kaltaklashi kerak o'zi? Nima gunoh qildi?

Sevinch tavakkal ko'zini ochdi. Haqiqatan tepasida Tolib qaqqayib turar, nuqul uf tortardi.

Hushiga kelganini ko'rib shosha-pisha tiz cho'kdi. Sevinchning sochlarini ohista siypalab, sal narida o'tirgan Sarvarga yuzlandi.

— Bor, do'xtirimizni chaqirib kel! — dedi do'q aralash. — Rangi oqarib ketgan! Ko'ngliyam ayniyapti shekilli. Tog'ora opkirib berishsin, anavilarga tayinla! Tez bo'l, Sarvar!..

Ko'z ochib yumguncha o'rta yashar, qalin sochlari oqarinqiragan erkak kirib keldi.

— To'xtaboy aka, keldingizmi? — asta o'rnidan turdi Tolib aftini bujmaytirib. — Ko'rib qo'ying bu qizni! Faqat aniq tashxis qo'ying! Oldi-qochdi gaplarni qilmang menga!

— Xo'p bo'ladi, uka, — dedi To'xtaboy aka sumkasidan zarur uskunalarni chiqarib olarkan. — Meni bilasiz-ku, uncha-munchaga chalg'imayman.

Shunday deb u Sevinchni obdon tekshirdi. Keyin bosh chayqagancha o'rnidan qo'zg'alib Tolibga yaqin bordi.

— Singil homiladorga o'xshayapti, Tolibboy, — dedi To'xtaboy aka. — Bu aniq.

— Nima? Homilador? — Tolib ko'zlari yonib vrachga tikildi. — Q-qanaqasiga? O'ylab gapiryapsizmi?..

— Men bor gapni aytdim. Tag'in bilmadim, balki ginekologga ko'rsatish kerakdir. Adashgandirman. Lekin… Bu taxminmas, ishoning!

— Bo'pti, gapni kalta qilaylik! Unisiniyam tekshirtiramiz. O'zi-chi? O'zi qalay?

— Anchagina asabiylashgan. Faqat shuni aytishim kerakki, homiladorlik alomati bo'lmasa, hushidan ketmasdi. Shu narsa singilni holdan toydirib qo'ygan.

— Adashayotgan bo'lsangiz, meni bilasiz-a? — tahdid aralash ko'rsatkich barmog'ini oldinga cho'zdi Tolib. — Yomon bo'ladi, yomon!

— Oldin ginekologga ko'rsating, keyin bir gap bo'lar.

— Yaxshi, hoziroq bu ish bo'ladi. Endi menga quloq soling, do'xtir, bu yerda ko'rganlaringiz, bemorni tekshirganingizni birovga gullab yurmang! Basharti gullab qo'ysangiz…

— Soqovman! — ikki kafti bilan og'zini yopdi To'xtaboy aka. — Ko'chaga chiqaman-u, tamom, hammasini unutaman.

— Shunday bo'lsin! Mayli, siz bo'shsiz! Haqingizni Sarvardan olasiz.

— H-haq shartmas, Tolibboy! Har holda aka-ukachilik deganday…

To'xtaboy aka qulluq qila-qila xonani tark etdi. Tolib esa zipillab borib telefon go'shagini qo'liga oldi-da, allakimga qo'ng'iroq qildi. Nimalarnidir uqtirdi. Oradan yarim soatcha vaqt o'tib, yoshi o'ttizga yetib-etmagan, kelishgangina tanish ginekolog ayol kirib keldi. U xonada Sevinch ikkalasi yolg'iz qolgach, tekshirishni boshladi. Bu ish ham o'n daqiqacha davom etdi.

— Tolib aka, kiring! — xonadan turib deraza orqali qichqirdi u tekshirib bo'lgach. — Tugatdim!

Tolib ko'z ochib yumguncha Sarvar bilan birga ichkariga kirib, vrach qarshisida hozir bo'ldi.

— Aka, suyunchini cho'zavering, — dedi vrach kulimsirab. — Singlimiz homilador.

Ota bo'lish orzusi hatto Tolibdek zo'ravon, qahri qattiq, sovuqqon yigitni ham dovdiratib qo'ygandi. Azbaroyi hayajonlanganidan bir Sarvarga, bir vrachga javdiradi. Qur-qur kulimsirab, bosh qashib oldi.

— R-rostdanmi? — so'radi ishonqiramayotganini sir tuta olmay. — Aldamayapsizmi?

— Sizni aldab bo'larkanmi? Rost!

— N-necha oylik ekan unda?

— Taxminan uch-uch yarim oylik. Boshqorong'ilik boshlanibdi-ku! Xudo xohlasa hammasi yaxshi bo'ladi. Faqat singilni nihoyatda ehtiyot qilmasangiz bo'lmaydi. Qarang, mazasi qochibdi!..

Shu gapni eshitgandan keyingina Tolib bo'lib o'tgan ishlar yodiga tushib, birdan jiddiy tortdi. Beixtiyor qovog'i uyilib, yonidagi Sarvarga o'qraydi.

— Mayli, bajaramiz, — dedi u gapni qisqaroq qilishga urinib. — Sarvar, singilni rozi qilvorlaring! Uyigacha oborib qo'yisham eslaringdan chiqmasin! Keyin-chi, men tayinlagandek yo'l-yo'riqlarni tushuntirib qo'y!

— Xo'p bo'ladi, aka, — ikki qo'lini ko'ksiga qo'yib bosh egdi Sarvar. — Qani, opajon, ketdik unda!

Ular chiqib ketishgach, Tolib asta Sevinchning tepasiga yaqin borib cho'k tushdi. Bir muddat sochlarini silagan bo'ldi. Yaqindagina qotillik ro'y bergan burchakka nafrat aralash nazar tashlab qo'ydi. So'ngra yana yumshadi. Qalbini qaytadan otalik hissi chulg'ab, entikdi.

— Sen qo'rqma, — dedi Sevinchning ikki yuzini kaftlari orasiga olib. — Bu ish bosdi-bosdi bo'ladi. Hech kim bilmaydi, eshitmaydi. Bolamni ehtiyot qil, u albatta dunyoga kelishi kerak, tushunyapsanmi? Busiz bo'lmaydi.

— Men… Mening yashagim kelmayapti, — da'fatan yig'lamsirab shivirladi Sevinch. — Iltimos, meni o'ldiring! Hech narsa kerakmas menga!

— Jinni bo'psan, Sevinch! — ko'zlari kosasidan chiqqudek o'qraydi Tolib. — Aytdim-ku, hammasi joyida bo'ladi. Ko'ksingda mening zurriyodim nafas olyapti. Uni o'ldirishga haqing yo'q. U tug'ilishi kerak, tug'ilishi!

— Nima? — Sevinch jismida quvvat paydo bo'la boshlagan kabi hiyla sergak tortib, qaddini ko'tarib o'tirdi. — Tug'ish?… Kimni tug'ishim kerak?

— O'zingni go'llikka solma, Sevinch, — dedi Tolib yuzini ters burib. — Homiladorligingni bilasan, hammasini ko'rib, eshitib turibsan. Aytdim-ku, anavi yaramasni o'ldirib qo'ygan bo'lsang, tinchitvoramiz bu ishni. Hadeb siqilaverasanmi endi?

— Sizga… Ishonmayman! Siz… Dadamgacha o'ldirib yerga ko'mgan odamsiz. Meniyam…

— O'chir chakagingni! Haddingdan oshaverma! Xohlaganimda, sendan qutulish niyatim bo'lganda, hozir uyimda o'tirmasding. Gapiraverarkansan-da tilim bor deb!

— Nima, yolg'onmi? Dadamni o'ldirganingiz yolg'onmi? Ko'rsatdingiz-ku go'rini! «Mana, qudratimni ko'rib qo'y» deganday kuyishimni tomosha qilmadingizmi?

Bu gapni eshitib, Tolib o'rnidan sakrab turdi-da, deraza qarshisiga bordi. Shu ko'yi tashqariga sassiz tikilib qoldi. Picha turgandan so'ng kissasidan sigaret chiqarib tutatdi. Ora-sirada pichirlab so'kindi. Bir necha marta bosh burib Sevinchni zimdan kuzatib oldi.

Sevinch ham miq etmasdi. Tushi o'ngidan kelmagani alam qilib, xayolan o'zini la'natlardi. Qismatiga qarg'ishlar yog'dirardi.

«Mana, niyatimga yetdim, — o'ylardi u boshini changallagancha yer chizib. — Tovuqmiya ekanim ma'lum bo'ldi-qo'ydi. Dadajonim rahmatlining gapiga quloq tutmadim. O'zboshimchalik qildim. Ehtiroslarga erk berdim. Anavi la'natiga ishonib qo'ydim. Endi-chi? Halizamon qornim ko'rinib qolsa, manavi yer yutkur betayin shartta ko'chaga haydab solsa-chi? Unda qaerga boraman? Jiyronbekning ishiniyam do'ndirishim amri mahol. Bu zo'ravonning sirlarini menday bir ojiza, kaltafahm qiz qanday aniqlasin-u, Jiyronbekka yetkazsin? Qishloqqa qornimni qappaytirib kirib borsam, rasvo bo'laman-ku! Hammaning qarg'ishiga qolaman. Yoshiyam, qarisiyam meni qo'li bilan ko'rsatadigan bo'ladi. Hech kim meni davralarga qo'shmay qo'yadi. Hammadan ayrilib, yakkamoxovga aylanaman-qolaman. Xudoyim, nega jonimni ola qolmaysan? Qancha-qanchaning jonini osongina olguvchi o'zing-ku! Mendan shu qudratingniyam darig' tutyapsanmi? Battar qiynalib, ezilib, sharmandai-sharmisor hayot kechirishimni istayapsanmi? Do'zaxga tashlasangam roziydim, jonimni olsang, meni yorug' dunyoning azoblaridan qutqarsang bo'ldiydi… Yo'q, bola tug'ilmaydi. Bir umr unga haromi degan tamg'a urishlarini xohlamayman. Qolaversa, dushmanim, suyukli otamning qotilidan tug'ilgan bola menga nima karomat ko'rsatardi?!. Ulg'aysa, shunga o'xshab zo'ravon bo'ladi-da! Ha, bolani oldirib tashlayman. Ana undan keyin rejalarimni amalga oshiraman. Buning uchun Tolibni qanday bo'lmasin ko'ndirishim, yoki chalg'itishim, aldashim lozim. Shunday qilayki, menga zug'um o'tkazmasin, taqdirga tan bersin…»

Tolibning miyasida esa butkul qarama-qarshi o'ylar g'ujg'on o'ynardi.

«Nahotki, menam ota bo'lsam? — o'ylardi u qalbi junbishga kelib. — Qanaqa bo'larkin-a o'z bolangni qo'lingga olish? Sira tasavvurimga sig'mayapti. G'alati bo'lsa kerak… Ha, mening bolam hammadan zo'r bo'ladi. Xudo xohlasa chet elda o'qitaman. O'g'lim uncha-munchasiga bo'ysunmaydigan, uncha-munchaning gapini kesib tashlay oladigan yigitga aylanadi… U… albatta o'g'il bo'ladi, ha! Men bunga ishonaman. Aytgancha, onasini ehtiyotlashim kerak. Nima qilsam ekan? Yo sanatoriyga jo'natsammikan? Yo'q, jo'natmayman. Tag'in qochib ketadi. Yaxshisi, mana shu xonada yashaydi. Hamma sharoitni qilib beraman. Qochib qolmasligi uchun qo'riqchi yigitlardan qo'yaman. Ishqilib, o'g'lim salomat tug'ilsa, ko'nglimni shod qilsa, obro'yimni oshirsa, merosxo'r bo'lib yonimda yursa bas. Qolgani chikora…»

— Menga qara, Sevinch, — ilkis ortga burilib so'z qotdi Tolib. — Sen har xil xayollarga borib o'zingni qiynama! Meni bilasan, so'zimni ikki qilganlarni yomon ko'raman. Xullas, mana shu xonada yashaysan. Bugunoq hamma sharoitlarni qilib beraman. Hech narsadan kaming bo'lmaydi. O'tgan gap-so'zlarni, yaxshi-yomon ishlarni unutasan. Siqilmaysan, nimadir zarur bo'lsa, o'zimga aytasan. Vazifang aniq. Mening farzandim salomat dunyoga kelishi lozim. Tushuntiroldimmi?

Sevinch Tolibning ta'kidlarini tek turib eshitdi. Garchi qalbi bu gaplarning teskarisini aytayotgan bo'lsa-da, sezdirmadi. Qarshi so'zlashga chog'lanmadi.

— Tushundim, — dedi atayin bosh egib. — Lekin sizam bir narsani bilib qo'ying. Men shaxsan bolam haromi degan tamg'a olishini istamayman. Iltimos, shuning taraddudini ko'rib qo'ysangiz.

— Bu nimasi? — so'radi Tolib hayron bo'lib. — Kimning haddi sig'arkan uni haromi deyishga?

— Axir… Nikohsiz tug'iladi-ku bu bola! Shuni nazarda tutdim.

— Obbo, — norozi qo'l siltadi Tolib. — Haliyam eskicha fikrlashing qolmabdi-da! Bo'pti, bugun kechqurun domlani chaqirtiraman. Shuyam muammo bo'ptimi? Xo'sh, gaplarimni qulog'ingga quyvoldingmi?

— Quyvoldim. Angladim, uqdim…

Sevinch shu tobda Tolibga qarshi gap aytish befoydaligini sezib turardi. Barchasiga vaqt hakam ekanini tushunib yetgandi.

«Hali shoshmay tur, kallakesar, — o'ylardi u Tolibga yer ostidan ko'z tashlab qo'yarkan. — Sengayam boqqan balo bor. Nozik yeringni topvolay, o'shanda ko'ramiz. Men ahd qildimmi, baribir qaytmayman. Seniyam dadam rahmatliday aravachaga o'tqazib, mana shu qo'llarim bilan o'zim yetaklab yurmasam, alamdan chiqmayman. Ko'nglimning chigali yozilmaydi. Mayli, harakatingni qilaver, yel, yugur, menga sharoit qilib ber, ayt, mazali taomlar pishirishsin! Men bo'lsam, imi-jimida ish tutaman. Balki niyatga yetarman…»

 

* * *

 

Oradan uch kun o'tdi. Afsuslanishga, dard chekishga o'rin qolmagandi. Tolib so'z berganidek, Sevinch uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berdi. Hech narsadan kamini qo'ymadi. Ammo Sevinchga bu hashamdorlik sira tatimasdi. Ikki xayoli Jiyronbek akaga bergan va'dasida edi. Qanday qilib bo'lmasin, Tolibning aybini topish, chuv tushirish, paytini topib, bolani oldirish ilinjida kuyib-yonardi.

Ana shunday xayolda xona aylanib yurganda, stol tortmasidan qandaydir yuzi sarg'ayganroq konvert topib oldi. Hayron bo'lib, ichini ochgandi, to'rt buklog'lik qog'oz chiqdi. Qog'ozga atigi «Tolib aka, anavi zormandadan yana ellik kilosini toptirib qo'ydim. Narxi o'sha-o'sha. Falon kuni falon soatda o'zimiz kelishgan pismadon ko'chadagi omborda uchrashaylik, salom-alik qilvolamiz. Fotih.», degan jumlalargina bitilgandi.

Sevinch «zormanda» so'zi juda tanish tuyulib, darrov hushyor tortdi. Sarvarga qo'shilib qo'shni davlat chegarasiga ketishayotganda, u kim bilandir gaplashayotib, xuddi shu so'zni ishlatgandi.

«To'xta, — ko'nglidan o'tkazdi Sevinch qog'ozdan ko'z uzmay. — Bu nusxa narkotikni nazarda tutmadimikan? Umuman kim ekan o'zi Fotih deganlari? Ha-a, Tolibning mijozlaridan bo'lsa kerak. Oldi-sotdi qilishmoqchi shekilli bugun kechasi. Voy marazlar-ey, qo'rqishmaydiyam-a! Ellik kilo narkotik hazilakammi?!. Voy, endi nima qildim? Bu qog'ozni qaerga berkitay? Tolib atayin shu yerga yashirgan bo'lsa-chi? Kela solib qidirib qolsa-ya! Unda nima qilaman? Balki qidirmas-a? Esidan chiqib ketgan bo'lsa, e'tibor bermas balki? Ha, hoziroq Jiyronbek akaga qo'ng'iroq qilaman. Aytaman. Keyin… Hech nima bo'lmaganday jim o'tiraveraman. Bilib o'tiribdimi Tolib?!. Agar ishim o'ngidan kelsa, bu zindondan chiqishga, bolani oldirishga imkon topilardi…»

Sevinch dast o'rnidan turdi-da, go'shakni qo'liga olib, kerakli raqamlarni terdi. Go'shakdan tanish ovoz keldi.

— Bu… Men… Sevinchman, — dedi salom-alikdan so'ng hayajondanmi, qo'rquvdanmi, titrab. — Haligi…

— Tanidim, — dedi Jiyronbek aka kulib. — Xo'sh, singlim, ishlar qalay? Bizga biror yangi gap bormi?

— Bir narsa topgandim, — dedi Sevinch iymanib. — Bilmadim… Shu sizlarga keraklimi-yo'qmi…

— Nimaykan? Ma'lumotmi?

— Konvert. Ichida qog'ozga ozgina xat yozishibdi. O'qib beraymi?

— Albatta o'qing. Tezroq!

Sevinch qog'ozga bitilgan xatni shivirlab o'qib berdi.

— O', mana buni ma'lumot desa bo'ladi, — quvonib ketdi Jiyronbek aka. — Qaerdan oldingiz buni?

— Tasodifan topib oldim. Ochig'i, juda qo'rqib ketyapman.

— Nimadan qo'rqasiz? Nega qo'rqasiz?

— Tolib aka xatni qidirib qolsa…

— Tezda joyiga qo'ying! Men ko'chirib oldim hisob. Endi konvert joyida tursayam bo'laveradi. Xo'-o'sh, o'zingizda nima gap?

— Mendami? — Sevinch ikkilanib qoldi. «Aytsammi-aytmasammi?» degan xayol uni kalovlanishga majbur etdi. Ammo o'ylashga fursat yo'q. Telefon go'shagini tezroq joyiga qo'yishi shartligini biladi. Xudo ko'rsatmasin, Tolib kelib qolsa, tamom bo'lishi ham unga ayon!..

— Iltimos, meni tezroq bu zindondan qutqaringlar, amaki! — dedi u beixtiyor yig'lamsirab. — Qiynalib ketdim. Boshim…

— Sabr qiling, — sal dag'alroq ohangda javob qildi Jiyronbek aka. — Hali hammasi oldinda. Ishoning, u yerda yashashingiz uzoqqa cho'zilmaydi. Tez orada sizniyam chiqarib olamiz. Bugungi ma'lumotingiz uchun bizning odamimiz haqingizni to'laydi. Qancha olishingiz ish qanday yakun topishiga bog'liq bo'ladi, unutmang! Agar ma'lumot juda qimmatli chiqsa, so'z berib aytamanki, ancha-muncha pul olasiz. Rozimisiz?

— Bilmadim, — dedi Sevinch tortingannamo. — Shartmasiydi…

— Mayli, omon bo'ling! Sizdan yangi ma'lumotlar kutib qolamiz!

Go'shakni joyiga qo'ygach, Sevinch o'yga toldi…

Nima qilib qo'ydi? Ma'lumot eski bo'lsa-chi? Sharmanda bo'ladi-ku! Tolib xabar topsa, naq bo'g'izlaydi. Bu aniq. Lekin… Agar tekshirib ko'rsa-chi? O'sha Fotih deganiga qo'ng'iroq qilsa, so'rasa, yolg'ondan surishtirsa, nima bo'larkin? Telefon orqali hech narsa qila olmaydi-ku!.. Yo'q, bunday qilmaydi. Kutadi. Ishning oxiriga nazar soladi. Kechqurun hammasi ma'lum bo'ladi. Agar ma'lumoti to'g'ri bo'lsa, Tolibning chuv tushishi tayin. Qani, sabr qilsin-chi!..

— Qurib ketsin, kechirilmas gunohga botdim, — o'ziga o'zi so'zlangancha konvertni joyiga qo'yishga tutindi Sevinch. — Ota-bobolarim rahmatlilarning arvohiyam qarg'aydigan bo'ldi meni. Haromi bolani ko'ksimda ko'tarib yurganim yetmay, endi sotqinlikkayam qo'l uryapmanmi? Yo'q, bu sotqinlikmas. Dadamning qotilidan o'ch olmoqchiman, xolos. Buni xudoyam kechirsa, ajabmas. Biroq homilani oldirmasam, baribir vijdon azobida ado bo'laman. Koshkiydi, erkinlikda yashasam, tilanib bo'lsayam pul topib oldirardim uni.

Shu asnoda qiziqish zo'r keldimi, tortmadagi qog'ozlarni titkilay boshladi. Titkilab turib ne ko'z bilan ko'rsinki, bir dasta elliktalik qog'oz pulga ko'zi tushdi. Umrida buncha pulga ro'baro' bo'lmagan Sevinch yuragi orqaga tortib shosha-pisha tortmani yopdi. Sal o'tib tag'in ochdi va pullarni qo'liga oldi.

— Muncha ko'p pulakan? — deya jonholatda deraza tomonga o'girildi u. — Kimniki? Tolibnikimi? Albatta o'shaniki! Haromdan topgan pullari-da! Voy xudoyim, shuncha pulni qaerdan oladi u o'zi? Qanday oladi? Birovlarni o'ldirib oladimi?.. To'xta, Sevinch, shuncha xo'rliklaring o'sha zo'ravonning orqasidan boshingga keldi. Nega endi bu pullarni olib qo'ymasliging kerak? Axir, haromi bolasini ko'ksingda ko'tarib yuribsan-ku! Shuni ro'kach qilsang, nima derdi? Hech narsa. Ha, «bozorga bordim, ul-bul xarid qildim», deysan. Bolani bahona qilasan. Aslida esa to'ppa-to'g'ri biror poliklinikaga borasan-u, homilani oldirasan. Shunda hammasidan qutulasan. Yoningda shuncha puling bo'lgandan keyin hammanikiga sig'ib ketaverasan. Hech qachon dar qolmaysan. Shunday qilaman. Hozir hovliga chiqaman-da, qo'riqchilarini aldab ko'raman. Ajab emas ko'ndirsam. Rostakamiga ozod qushga aylanardim…

Sevinch yangi kiyimlarini kiydi-da, sumkachasiga pullarni joylab, ohista hovliga chiqdi. Hovlida uch-to'rt chog'li xizmatchi yigitlar qandaydir xodalarni uyoqdan-buyoqqa tashir, qizlar esa oshxonada kuymalanishardi.

«Xayriyat, Sarvar chaqimchisi yo'g'akan, — xayolidan kechirdi Sevinch darvoza tarafga yo'l olarkan. — Manavi nusxalar unchalik e'tibor bermaydi. Darvozaxonadagi barzangisini alday olsam, bemalol taksi tutib poliklinikaga ketaverardim…»

Shunday xayollar bilan darvozaxonagacha yetib bordi. Bunga qadar hech kim yo'liga to'g'anoq bo'lmadi, so'roqqa tutmadi. Afsuski, shu payt darvoza qabatidagi kichik eshik shahd bilan ochildi-yu, ichkariga oldin Tolib, ketidan Sarvar, yana ikki nafar shotir hovliqib kirishdi. Barchalarining rangida rang qolmagan, ayniqsa, Tolibning gezarishi olamni buzay derdi.

— Hoy Mo'ydin, nega Sevinch hovlida yuribdi? — darvozaxonadagi qo'riqchining yoqasidan oldi Tolib. — Kim ruxsat berdi? Nimaga hech kim qaramadi? Qay go'rga yo'l oldi?

Mo'ydin miq etmasdi. Haykal kabi qotib turar, hatto yoqasiga yopishgan kuchli qo'llarni olib tashlashga-da urinmasdi.

Tolib uning yoqasini qo'yib yubordi — da, Sevinchga yaqinlashdi.

— Men senga nima degandim? — ovozini pasaytiribroq so'radi u yonidagilarga «nari ket» ishorasini qilib. — Gapir, Sevinch, uydan tashqariga chiqmaysan demaganmidim?

— Nima, men sizga tutqundamanmi? — bo'sh kelmadi Sevinch. — Munday ko'cha aylanishgayam qo'ymaysizmi?

— Ha, qo'ymayman! To mening bolamni salomat dunyoga keltirmaguningcha uydan chiqmaysan! Menga qara, nima yetmaydi-a o'zi senga? Hamma narsani muhayyo qilib qo'ygan bo'lsam! Tag'in nima istaysan mendan?

— Bozorga borib bo'lg'usi farzandingizga ul-bul xarid qilmoqchiydim.

— Nima?.. Tentak bo'lganmisan? Hali tug'ilmagan bolaga kim…

— Tug'iladi! — Tolibning gapini kesdi Sevinch. — U albatta tug'iladi. Gapiraverarkansiz-da!..

O'ziga qolsa, Sevinch hayotda unga hozirgidek to'nglik qila olmasdi. «Farzandining onasiman-ku» degan o'y unga kuch bag'ishladi va ayni lahzalarda baqirib tashlasa ham Tolib ilgarigidek jazolay olmasligiga ishondi.

— Xo'p, mayliyam deylik, — picha yumshab, Sevinchga yanada yaqinroq keldi Tolib. — Qaysi pulingga olmoqchiyding? Mendan pul so'ramading-ku!

— O'zimdayam pul bor, — yer chizdi Sevinch. — Yetadi.

— Shunaqami? Senga kim pul bera qoldi? Qani, sumkachangni menga ber-chi!

Sevinch bu gapni eshitib, azbaroyi qo'rqib ketganidan sumkachani orqasiga yashirdi.

— Yo'q, bermayman!

— Nega?

— Chunki…

Tolib bir siltab sumkachani uning qo'lidan tortib oldi-da, ichini kovlashtirib, bir dasta elliktalik qog'oz pul chiqarib oldi. Pullar o'ziniki ekanini anglagandan so'ng battar gezarib Sevinchga nafrat aralash tikildi. Ko'zlari olaygandan olayib atrofdagilarga o'qray. di. Alamdan tishlari g'ijirlab ketdi. Da'fatan pullarni kaftlari orasiga olib mahkam g'ijimladi-yu, ikkinchi qo'lini Sevinchning tomog'iga yubordi. So'ngra jazavasini jilovlay olmay, og'zidan tupuk sachratib qichqirdi:

— Bu tag'in nima balo, Sevinch? Hali sen o'g'rimisan???

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

loading...