ALAMZADA… (33-qism)

0

 

 

* * *

 

Sevinch qo'rquvdan yuragi yorilgudek javdirab Tolibga boqdi. Boqish asnosida lablari titrab ketdi. Xayolida Jiyronbekka yetkazgan ma'lumotidan Tolib xabar topgan kabi vujudiga vahm o'rladi. Ammo darhol o'zini qo'lga ola bildi. Tolib tomog'ini qattiq changallamagandi. Bir siltanib, uning qo'llarini tomog'idan olib tashladi. Homiladorligi Sevinchga shunday kuch hadya etdi.

— Nega baqirasiz menga? — tap tortmay Tolibni qayirib tashladi u. — Kim o'g'riykan? Hali menga bu tuhmatingizam bormi? Bo'lg'usi farzandingizning onasiga-ya? Xayf-e sizga, hayf! Men sizni…

Tolib hech qachon pul masalasida hazillashmasdi. Shu sababli ayni lahzalarda o'ta asabiy edi. Sevinchni xuddi yovuz mahluq yanglig' ikki yamlab bir yutishga tayyor turardi-yu, ammo farzandi ko'z o'ngida namoyon bo'libmi, mushtlarini tugish, lab tishlashdan nariga o'ta olmasdi.

Dunyoda kutilmagan voqealar, vaziyatlar ko'p bo'larkan. Tolib Sevinchni alohida xonaga sudrab kirib gaplashib qo'yishni mo'ljallab turgandi. To'satdan darvoza qiya ochilib, hovliga ikki shotiri hovliqqancha kirib keldi. Ularning biri pildiragancha kelib Tolibning qulog'iga allanimalar deya pichirladi.

— Nima? — Tolib shotirning xabarini eshitiboq beixtiyor boshini changalladi. — Eh, Mo'ydin, Mo'ydin! Nima qip qo'yding, ovsar? Endi nima bo'ladi? Qovun tushiribsan-ku, iflos!..

— Aka, ko'pam xavotirga tushavermang, — dedi xabar yetkazgan shotir qo'lini ko'ksiga qo'yib. — Mo'ydin sotmaydi hech kimni! Javob, aka, javob!..

— E, men sotish-sotmasligini aytmayapman, — uni jerkib berdi Tolib.

U hozir Sevinchni butkul unutgan, o'zi bilan o'zi ovora bo'lib qolgandi. Sevinch esa xabar neligini allaqachon anglab ulgurgandi. Mo'ydin degani hozir Jiyronbekning idorasida o'tirganiga, so'roq-savol berayotganiga shubhasi yo'q edi.

«Tolib ayyo-yor, tulki, — o'ylardi u. — O'zi bormaydi unaqa joylarga. Bu tulkining enasiga dars beradigan xilidan, ha! Iloyo sho'ring qurisin senlarning!..»

— Shuncha mol havoga sovurildi, — davom etdi Tolib hovlini asabiy aylanarkan. — Endi nima qilamiz? Chuv tushirdi-ku bizni Mo'ydin! Menga qara, Hoshim, sen bilasanmi? Kim sotgan bo'lishi mumkin — a? O'sha yuqoridagilar o'z-o'zidan kelib qolmagandir? Kimdir shipshitgandir? Nahotki, oramizda sotqin bo'lsa-a?

Shotir birpas yelka qisib turdi. Shu orada orqaroqda turgani Sevinch tarafga bir qarab qo'ydi-da, Tolibga yaqin kelib pichir-pichir qilgancha nimalarnidir uqtirdi.

— Yo'g'-e, — deya Sevinch tomon ilkis o'girilib o'qraydi Tolib. — Bo'lishi mumkinmas! Adashma, bratishka! Balki boshqa odamdir?

— Qaniydi shunday bo'lsa, — shotir yuzini ters burib qovoq uydi. — Sevinchni melisalar, yana qandaydir fuqaro kiyimidagilar olib ketishganini qo'shnilar ko'rishganakan. O'zingiz bir surishtirib bila qoling! Balki rostdanam men adashgandirman!..

Tolib kutilmaganda Sevinchning bilagiga chang soldi-da, xonasi tomon sudrab ketdi.

— Qani, buyoqqa yur! Sen bilan alohida gaplashvolaylik!

Sevinch tamom bo'layozdi. Yuragi g'ash tortib, tomirlari tortisha boshlagandek g'ijina boshladi. Tanasida Tolibning og'ir mushtlarini halitdan his etib, talvasalandi. Xayolan o'zini, taqdirini la'natladi. Qismatning go'riga g'isht qaladi.

Ular xonaga kirishdi. Tolib o'ylab o'tirmay, eshikni ichkaridan tambaladi. So'ngra yana Sevinchning qarshisiga keldi.

— Xo'sh, xonim, nega indamaysan? — do'q aralash savol tashladi u. — Tiling tanglayingga yopishganmi? Gapir!

— Nimani gapiraman, — dedi Sevinch atayin gapni aylantirishga urinib. — Pulni o'g'irlabmas, shunchaki oldim. Haqim bor. Nima olsam ham sizning bolangiz uchun olaman. Buni yaxshi bilasiz.

— Men boshqa narsani so'rayapman sendan, — baqirdi Tolib. — Melisaga tushganmishsan, kamerada o'tiribsan, qanaqadir shubhali odamlar bilan gaplashibsan. Nega menga aytmading?

— Aytgim kelmadi, — yer chizdi Sevinch. — Shartmas deb hisobladim.

— Shunaqami? Demak, sen sotgansan bizni. Lekin qanday qilib? Qachon? Nimaga? Qaysi aybimiz uchun?

— Tushunmadim, — o'zini go'llikka solib so'radi Sevinch. — Qanaqa sotish? Kim kimni sotibdi?

— Ayyorsa-an, — bir qadam ortga tislandi Tolib. — O'sha… Otangning qizisan-da! Bilasan kiydirib ketishni, bilasa-an!

— Menga tuhmat qilmang! Haqingiz yo'q.

— Mayli, — Tolib nimanidir o'ylab olgan bo'lib bir necha marta xonani aylandi va bir qarorga keldimi, derazaga yaqin borib, bir qavatini ochdi-da, bor ovozda qichqirdi:

— Sarvar! Hov Sarvar!

— Ha, aka, bu yerdaman! — ovoz keldi tashqaridan.

— Tez kir yonimga!

— Xo'p bo'ladi!

Ko'z ochib yumguncha xonaga Sarvar kirdi.

Tolib gapirishga shoshilmay, cho'ntagidan boyagi elliktalik pullarni chiqardi.

— Ma, ol, — deya pullarni Sevinchga uzatdi u. — Men nomard emasman. Mana shu pulga hoziroq borib bolani oldirasan. Bosh tortsang, mendan xafa bo'lib yurma! Keyin esa… Keyin o'zim seni qidirib topmaguncha, ko'zimga ko'rinmay tur!

— Bolani oldiraman? — Tolibga baqraydi Sevinch, — Nimaga oldirishim kerak? Begunoh go'dakni o'z qo'llarim bilan o'ldiramanmi? Ichingiz achimaydimi?

— E, menga o'g'ri xotin tug'ib beradigan bola kerakmas! Oldirasan dedimmi, tamom! Shu bugunoq! Tushundingmi, yo yana takrorlaymi?

Sevinch javob berishga tutindi. Ammo so'z aytishga og'iz juftlab ulgurmay, xona eshigi ochildi-yu, ichkariga Orzinisa kampir kirib keldi. Tolib kampirni ko'rib battar fig'oni oshdi. Uni so'roqsiz hovliga kiritgan qo'riqchilarni urishishga shaylandi-yu, negadir indamadi. Orzinisa kampirning salomiga norozi bosh irg'ab alik olgan bo'ldi.

— Jon bolam, qizimni kechira qoling, — yalingan ohangda so'z qotdi kampir. — Yoshlik qip qo'ygandir-da! Harqalay, jigaringiz. O'ziyam pushaymon qilib turibdi, qarang!

— E, opoqi, siz aralashmasangiz-chi! — Orzinisa kampirni jerkib tashladi Tolib. — Ishingiz bo'lsa, ana, yordamchi bollarga ayting, bitirib berishadi.

— Hay, hay, bolajonim, — garchi nevarasi tengi yigitning muomalasidan dili og'risa-da, o'zini bosib nasihat qilishga o'tdi kampir. — Qo'ying, unday qilmang! Undan ko'ra, shu qizim bugun menikiga borsin, aylanay, nima ish bajarish zarur bo'lsa, mana, men turibman. O'zim bosh bo'laman, jon bolam!

— Uf-f! — Tolib toqati toq bo'lib sigaret tutatdi va Sevinchga nafrat aralash nazar tashladi. — Nimaga bosh bo'lmoqchisiz, opoqi? O'ylab gapiryapsizmi o'zi? Biz nima tashvishda-yu, sizning gapingizni qarang!

— Men miyasi suyilgan kampirni kechirasiz-u, toychog'im, lokigin hammasini eshitdim. Istihola qilib xonangizga kirolmay turgandim-da eshik orqasida!

— Shunaqami? — kampirga yaqinroq keldi Tolib. — Hali gap poylayotgandim deng? Yaxshimas, yaxshimas!

— Nima qilay? Bu teshik quloq o'lgur eshita qoldi-da gaplaringizni! Paxtayam yo'g'akan kissam qurg'urda. Bo'lmasa, paxta tiqvolardim qulog'imga, bolam.

— Bo'pti, hadeb kesatavermang!.. Demak, bosh bo'lasiz, shundaymi?

— Albatta, qizim sho'rlikni xafa qilmasangiz bo'ldi. Nima qiyinchilik bo'lsa, turib beraman. Meni bilasiz-ku! Sizday o'g'lim uchun…

Qisqa suhbat davomida Tolib bir narsaga to'liq amin bo'lgandek edi. U Orzinisa kampirning Sevinch ikkalalari orasidagi yaqin munosabat, nikoh o'qilganidan bexabar ekanini angladi. Kampirga mehri o'zgacha ekani sababmi, shu narsa qalbiga biroz taskin bergandek bo'ldi.

— Mayli, unda eshiting, — dedi u sal past tushib. — Hozir buni poliklinikaga o'zingiz boshlab borasiz. Mashina ko'chada turibdi. Haydovchi sizlar ishni bitirgach, olib kelib qo'yadi. Faqat, opoqi, Sevinch ko'zimga ko'rinmasin keyin! Kerak bo'lsa, o'zim topvolaman.

— Xo'p bo'ladi, bolajonim, — Orzinisa kampir jonlanib, Sevinchga yaqin bordi-da, yelkasidan quchib oldi. — Qizimga gard yuqtirmayman. Qachon o'zingiz chaqirmaguningizcha tayinlaganingizday, ko'zingizga ko'rinmaydi. Faqat… Men g'alcha kampirni kechirasiz-u, boya tashqarida turganimda qandaydir sotqinlik haqida gapirdingiz. O'lsam o'lamanki, lokigin, mana shu qizning tarafini olaman. U sotqinmas! Sizday tog'asiniyam sotadimi, toychog'im?..

— Bo'pti, gapni ko'paytiravermang! Boring, boring!

Kampir Tolibni duo qila-qila Sevinchni yetaklab tashqariga zipilladi.

 

* * *

 

Yo'lda ketib borishardi-yu, Sevinchning bag'rini alam tikonlari tirmalar, zahridan joni og'rib-og'rib berardi. O'zini xuddi jallod yetagidagi mahkum hisoblab, hali dunyoga kelmagan go'dakning so'nggi g'oyibona yig'isi quloqlarini teshay berdi.

«Hech bo'lmasa mana shu kampir rahmimni yesa bo'lmasmidi? — o'ylardi u. — Buyam Tolibning teshasini chopyapti. Qo'rqadi-da o'lguday! Hammasi o'zining tinchini o'ylaydi. Zo'rning oldida yaxshi ko'rinishga intiladi. Yo'q, men qasdma qasdiga shu bolani oldirmayman. Mana ko'radi, atayin bir yo'lini o'ylab topaman-u, qochib ketaman. Mayli, ko'chalarda xor bo'lib o'lsam o'layki, shu haromxo'r Tolibning gapini yerda qoldiraman. Endi menga baribir. Uyalmasdan menga zo'rlik qildimi, qarab tursin hali…»

Sevinch bora borguncha xayolning turli ko'chasiga kirib chiqdi. Qanday qilsa, ne yo'l topsa, vrachlar kursisiga yotmasligi, bola omon qolishi xususida bosh qotirdi. Hadeganda aqli yeta qolmadi. Qay ko'chaga bosh suqmasin, tangadekkina yorug'lik ko'rinmasdi. Sevinch xunobi ortib, dardini Orzinisa kampirga shipshitgisi keldi.

«Ayol-ku, balki shu kampir bir yo'lini topib meni balodan qutqarib qolar?» degan xayol uni og'iz juftlashga undadi. Yaxshiki, vaqtida kallasi ishlab qoldi. Beixtiyor oldinga tikilgancha rulni boshqarib borayotgan haydovchiga ko'zi tushdi. U Tolibning odami ekani yodiga tushib, tilini tishladi…

Shu alfozda poliklinikaga yetib keldi. Orzinisa kampir birinchi bo'lib pastga tushdi-da, Sevinch qochib ketmasin dedimi, bilagidan mahkam ushlab tushishiga yordamlashgan bo'ldi. Pastda ham bilagini qo'yib yubormadi. Bir og'iz so'z demay, poliklinika ichkarisiga boshlab ketdi.

Sevinch orqasiga qaray-qaray ketib borardi. Shu bahonada haydovchini kuzatardi. Ichkariga kirib yo'lakning o'ng tarafiga burilishgandan so'ng butkul bezovtalik iskanjasiga tushdi. Poliklinikaga odam sig'maydi. Vrachlar, hamshiralar, bemorlar bir-birlariga yo'l bermay o'zlarini xuddi to'lqin kabi uyoqdan buyoqqa urishadi. Xo'sh, nima qiladi endi? Hozir kampir uni to'g'ri ginekolog huzuriga boshlab kiradi. Kursiga yotqizishadi-yu, hammasi tugaydi. Orzulari, rejalari, niyatlari sarobga aylanadi. Nahotki, biror yo'li topilmasa? Shunday katta dargohda bekitiqcha chiqish joyi yo'qmikan?..

Shu tobda Sevinchning miyasi bir fikr keldi va fikrining to'g'ri-noto'g'riligiga e'tibor qilib o'tirmay, taqqa to'xtadi.

— Ha-a, nima bo'ldi senga, qizim? — so'radi Orzinisa kampir hayron bo'lib. — Nega to'xtab qolding? Biror yering og'riyaptimi?

— Ena, h-hojatga chiqib kelsam maylimi? Axir…

— Obbo, shunisi yetmay turuvdi endi, — norozilanib atrofga alangladi kampir. — Qay go'rdaykin hojatxonasi bu yerning? Kel, birontasidan so'raylik-chi!

Orzinisa kampir sal nariga yurib, shoshilgancha ketib borayotgan oq xalatli qizni to'xtatdi.

— Qizim, hojatxonasi bormi bu yerning? — so'radi hiyla ovozini pasaytirib. — Gangib qoldim do'xtirxonangda!

— Hov anavi yoqqa borsanglar, chap qo'lda, xola!

Qiz ko'rsatgan tomon odamlardan hiyla xoli edi. Sevinchning qalbida noma'lum umid uchqunladi. Ayniqsa, hojatxona birinchi qavatdaligini ko'rib unga jon kirdi. Ha, agar kampirni tashqarida qolishga ko'ndira olsa, bir ilojini topardi. Basharti hojatxona derazasi yo'lga teskari tursa, nur ustiga a'lo nur bo'lardi.

Bu niyati harqalay amalga oshdi. Orzinisa kampir unga qo'shilib ichkariga kirishni lozim topmadi. Tezroq chiqishini tayinladi-yu, eshik oldida qoldi. Sevinch esa kira solib derazalarni ko'zdan kechirdi.

Xudo yo'liini bersa, hech gapmaskan. Chetroqdagi deraza qabati ochiq edi. Bir sakrasa, poliklinika gulzoriga tusharkan. Uyog'i devor bilan o'ralibdi. Devorni yondab borsa, balki boshqa bir ko'chaga olib chiqar…

Sevinch ayni lahzalarda tutayotgan ishining oqibatini o'ylab o'tiradigan ahvolda emasdi. Ko'zlariga homilasidan, tinchligidan bo'lak hech narsa ko'rinmasdi.

Yon-verida hech kim yo'qligiga amin bo'lgach, tavakkal deraza orqali pastga sakradi va devorni panalab ketaverdi. Devor oxiriga yetgach, temir eshikchaga ro'baro' bo'ldi. Eshikcha yopiqligiga qaramay, panjara orasidan sirg'alib o'tish imkoni bor ekan. U ehtiyotkorlik bilan ikkita panjara orasidan o'tdi-da, deyarli kimsasiz ko'chaga chiqib oldi.

Xo'sh, endi nima qiladi? Qay tomonga yuradi? Tolibning ta'qibidan qanday qochadi? Jonini qay yo'l bilan asraydi?

Sevinch boshi garangsigan ko'yi duch kelgan tarafga qarab yurdi. Kun ham asrdan og'ib borardi. Shoshilmasa, qorong'i kechada dar qolishi muqarrarligini his etgani sayin ado bo'lay derdi. U yura-yura qator ko'p qavatli uylar jamlanmasigacha yetdi. Shu yerda to'xtab picha nafas rostlashni ixtiyor qildi. To'xtadi deguncha battar yuragini vahima bosdi. Qo'rqa-pisa ortga o'girildi. Xayriyat, hech kim quvib kelmayotgan ekan.

«Hozir Orzinisa kampir poliklinikani boshiga ko'tarib chopayotgandir, — o'yladi Sevinch og'ir xo'rsinib. — Haydovchisiyam mashinasini g'izillatib shahar kezishi tayin. Agar shu taxlit turaversam, bu yergayam yetib keladi u yashshamagur. Yaxshisi, ko'zdan panaroq joy topib, berkinganim ma'qul. Ertalabgacha chidasam, xudo bir yo'l berar, hech qursa Jiyronbek akani qidirib toparman. Ahmoqman-da o'zim ham, o'sha odamni kutishim kerak edi. E, nima deb valdirayapman? Kutishga qo'yarmidi anavilar?!. Qurib ketsin, shunday zamondayam ko'chada tilanchidan battar ahvolda qolsayam bo'larkan-a odam! Kirarga uying, yeyarga noning bo'lmasa-ya! Qanday xo'rlik o'zi bu? Cho'ntagimda bir dasta pul bor. Lekin bu pullarni sarflashga qo'rqaman. Harom bu pullar! Birovning haqini so'ramasdan olvolganman. To'g'ri, Tolibning o'zi qayta qo'limga tutqazib qo'ydi. Biroq boshqa maqsadda ishlatishimni talab qildi. Men bo'lsam, buni xohlamayman. Atayin, qasdma qasdiga shu bolani oldirmayman. Qiynalib o'lsam o'lamanki, tug'aman. Mayli, sharmandaliklardan pes bo'lib ketay, lekin qarorimni o'zgartirmayman, gapimdan qaytmayman. Hali meni bilmaskan Tolib. Xudo xohlasa, bolani mana shu qo'llarimda ko'tarib katta qilaman. Zo'r odam qilib o'stiraman. Gadoylik qilib bo'lsayam boqaman uni. To'xta, nega endi qo'rqishim kerak? Och-nahor yurgandan ko'ra, bekinib-pusib yegulik topsam-chi? Qornim to'ysa, qo'nim ham topilib qolar. Meni ko'rib o'tirishibdimi? Hech kim tanimasa, bozormi, do'konmi, ishqilib, yegulik sotiladigan joy bo'lsa bas. Imi-jimida olaman-u, yotarga joy izlayman. Hech kim ko'rmaydiggan, ovozimni eshitmaydigan yer topaman. Hozir harom-halolni o'ylab o'tiradiggan paytmi?!.

Sevinch shunday xayollar bilan uylarni oralagancha oldinga yurdi. Hech kimga e'tibor bermadi, hech kimni eshitmadi, hushyor bo'lishga intilib, dilgirlikni qo'ldan bermay ketaverdi. Uylar tugagan yerdan sal nariroqda kichik bozorcha bor ekan. O'sha yerdan o'ziga kerakli yeguliklarni xarid qildi. Bozorchi ayol tutqazgan qog'oz xaltacha to'la narsalarni qo'liga oldi-da, yana oldinga bosdi.

Shu tobda orqadan mashina kelayotganini payqab ilkis to'xtadi-da, ortga o'girildi.

Mashina notanish edi. Ammo haydovchisi kal boshini oynadan chiqarib, nuqul qo'l siltardi.

Sevinch qo'rqib ketdi. Bu mashina ayni Tolibga qarashli ekaniga sira shubhasi qolmadi. Yuragi qinidan chiqqudek potirlab, oldinga yugura ketdi.

Baxtga qarshi uzoqqa bora olmadi. Mashina o'qdek uchib kelib yo'liga ko'ndalang bo'ldi.

— Singlim, nega buncha qo'rqoqsiz? — so'radi uzun bo'yli haydovchi mashinadan tushib Sevinchning oldini to'sarkan. — Yo meni yomon odamga o'xshatdingizmi? Nahotki, shunaqaga o'xshasam?

— Sizga nima kerak? — gapni kalta qilishga harakat qilib jahl aralash so'radi Sevinch qovoq uyib. — Kimsiz? Men sizni tanimayman.

— E, o'zingizni bosvoling! — haydovchining jahli qo'zg'adimi, do'q aralash, ovozini ko'taribroq tanbeh berdi. — Meni Jiyronbek akam yubordi.

Shundan keyingina Sevinch isitmasi tushgan bemordek yengil tortib, bo'shashdi.

— O'tiring-e mashinaga! — uning bo'shashganini ko'rib, haydovchi kulimsiradi. — Bilamiz, hammasidan xabarimiz bor. Ana, poliklinika ichkarisida haliyam to'polon bo'lib yotibdi. Tolib akangiz hammasini oyoqqa turg'azganmish.

— Uni… Qamashmadimi? — hadik aralash so'radi Sevinch mashinaga o'tirayotib. — Axir…

— Qamashga ulguramiz, hozircha tekshiruv ishlari ketyapti. Qochib qaergayam borardi?

— Siz… Aldamayapsizmi? — Sevinch negadir ishonqiramayotgandek haydovchiga tikilib so'radi. — Tag'in Tolib akaning odami bo'lmang!

Haydovchi unga javoban kulib yubordi.

— Nima, hujjat ko'rsataymi? — deya kissasini kovlab guvohnomasini chiqardi-da, bir marta namoyishkorona yuqoriga ko'tarib, qaytadan joyiga soldi. — Jiyronbek aka yubordi meni, singlim, qo'rqmang! Hozir sizni idoraga olib boraman, o'sha yerda kutib o'tiribdi aka!

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

loading...

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here