Tyumenda o'zbekistonlik 10 oylik chaqaloqning bo'yin qismidagi shish olib tashlandi…

0

 

Tyumen vrachlari o'zbekistonlik 10 oylik Salohiddinning umurtqa pog'onasi hududidagi bo'yin qismida paydo bo'lgan kattakon shishni jarrohlik yo'li bilan olib tashlashdi. Shunday qilib bolakayning hayoti saqlab qolindi.

— Bola juda og'ir ahvolda olib kelingandi, — deydi Tyumendagi federal neyrojarrohlik markazi mutaxassisisi Yuriy Yakimov. — Qo'l-oyoqlari ishlamay qolgandi. Agar yana ozgina kechikishsa, Salohiddinni asrab qola olmasdik. Isitmasi yuqori edi. Jarrohimiz Albert Sufianov tavakkal qildi. Xayriyatki, jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli yakunlandi.

Hozir Salohiddin qo'llarini og'zigacha yetkaza olyapti. Demak, harakat funksiyalari qayta tiklanmoqda. Oyoqlari ham seza boshladi. Bolaning onasi Nargiz rus tilini bilmagani bois tarjimon orqali mutaxassislar bilan gaplashmoqda. U ko'zlarida yosh bilan farzandining kasallik tarixini so'zlab berdi.

— Fevral oyida bolam oqsoqlanayotganini payqab qoldik, — deydi Nargiz. — Nevrologlarga ko'rsatgandik, nevropatiyaga uchragan deyishdi. Infeksionistlar bolam meningit bo'lganini aytishdi. MRT esa bo'yin qismida kattakon shish borligini ko'rsatdi. Buni eshitishning o'zi men uchun dahshat edi. Axir bu bolam dunyoga kelishini o'n yil kutgandik…

O'zbekistonda neyrojarrohlar shish olib tashlangan taqdirda ham asorati qolishini aytishdi. Bu ham yetmagandek, Salohiddin shamollab qoldi. Keyinchalik bu pnevmoniyaga aylana boshladi. Hindiston, Germaniyadagi vrachlar ham yordam berishdan bosh tortishdi. Tyumenlik mutaxassislar esa tavakkal qilishdi.

Salohiddin va uning onasini vatanga jo'natishga shay turishibdi. Ammo koronavirus tufayli chegaralar yopilgani bois samolyotlar parvozi to'xtatilgan. Hozir O'zbekistonning Rossiyadagi bosh konsulligi bilan bola uchun maxsus reys tashkil etish masalasida muzokaralar olib borilmoqda.

 

loading...

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here