ALAMZADA… (34-qism)

0

 

 

* * *

 

Qo'rquv xudoning har qanday bandasini kiyik kabi hurkak qilib qo'yarkan. Idoraga yetguncha Sevinchning bo'lari bo'layozdi. Ko'ziga har bir imorat, odam, mashina shubhali ko'rinaverdi. Aslida ishonchli qo'llarda ekanini, hech kim rahna sololmasligini his etib turdi. Biroq yuragi baribir g'ash tortaverdi.

Aksiga olgandek, o'sha pallada Tolibni qo'lga olishibdi. Kimdir haydovchiga ratsiya orqali xabar qilib qoldi. Shu narsa sabab bo'lib yetib borishgandan keyin Jiyronbek aka unga ikki daqiqagina vaqt ajratdi. Shunda ham hech narsa demadi. Qo'liga qaysidir kvartiraning kalitini tutqazib, haydovchiga eltib qo'yishini tayinladi-yu, yugurgancha chiqib ketdi.

Sevinchning qalbini tushkunlik tumani qopladi. Tolibning qo'lga olinishi ko'ksini kalamush kabi kemiraverdi.

— Battol yaqinda yana bir odamning boshiga yetibdi, — deb qoldi haydovchi Sevinchning yarasiga tuz sepib. — Aytishlaricha, o'zi istirohat qiladigan xonada bo'g'izlaganmish. Qassob bo'p ket-e, g'alamis! Vey, odam o'ldirisham chumchuq so'yishday gapakan-da unaqalarga!

Bu gap Sevinchning miyasiga go'yo gurzi kabi urildi. Hatto, o'tirgan yerida qalqib ketdi.

«Voy, o'ldim endi, — ko'nglidan kechirdi lab tishlab. — U sotib qo'ysa-chi? Tergovchilar siquvga olsa, meni ko'rsatsa nima qilaman? Rostakamiga qamalib ketaman-ku! Keyin nima bo'ladi? Afsus, peshonasi yarqiramagan, xudo urgan qiz ekanman. Xudo urmasa, birovning tanasiga tig' sancharmidim? Qaysi yurak, xayol bilan shu ishni qilgandim o'zi?.. Bilmayman, tushunmayman! O'shanda qattiq qo'rqqanim esimda…»

— Endi nima bo'ladi? — qo'rqa-pisa savol tashladi haydovchiga. — O-odam o'ldirgan dedingizmi?

— Ha, — javob qildi haydovchi pinagini buzmay. — odam o'ldirgan. Be, u zo'ravonning yelkasida unaqa qotilliklarning kamida besh-oltitasi turibdi, singlim. O'g'ri, bosqinchiligini-ku, aytmay qo'ya qolay.

— O-oxirgisi kim ekan? Aytibdimi?

— Qaydam, men tergovida bo'lmadim hali. Umuman, bizni kiritishmaydi unaqa joylarga. Oddiy haydovchimiz-da! Xo'jayinlarni qaerga olib borish kerak bo'lsa, chaqirishadi. Tergovga esa… E, xudo asrasin! Chaqirmagani yaxshi. Balo o'zlaridan kelib, o'zlaridan ketaversin!

— Meni-chi? Meni chaqirisharmikan? Nima deb o'ylaysiz, amaki?

— Siznimi?

Haydovchi bir qo'li bilan boshini qashib oldi.

— Chaqirishlari mumkin. Har holda Tolibnikida yashagansiz. Qolaversa, Jiyronbek akaning aytishiga qaraganda, uni tutishda yordamingiz tekkanmish. Shularni bir so'rab-surishtirishsa kerak-da!

— Iloyim shunday bo'lsin!

Sevinch bildirmaygina ichiga tuflab oldi-da, ko'zlarini yumdi.

Ijara uy egalardan xoli ekan. Shunga qaramay, Sevinchni bezovtaliklar tark etmadi. Ustiga ustak uyquga ketibdi-yu, tongga yaqin yomon tush ko'ribdi. Tushida qo'llariga kishan solib, allakimlar yaydoq cho'l tomon sudrab ketayotganmish. So'rasa, «Seni qatl etamiz» deyishibdi. Hatto uyquda ham o'limni qalban his etib, bo'lari bo'libdi.

Tong yorisha boshlaganda qora terga botib uyg'ondi. Hanuz ko'rgan tushi ta'siridan chiqa olmay, o'pkasi to'lib keldi. Qismatida turmaga tushishdek dahshatli ko'rgilik ham borligi juda-juda alam qildi.

Shu taxlit o'tirganda, tashqari eshik taqilladi. Sevinch sapchib o'rnidan turdi-da, yo'lakka chiqib tashqariga quloq soldi. Allakimlarning g'o'ng'ir-g'o'ng'iri eshitildi. Bu Sevinchning yuragidagi g'ulg'ulani ming chandon oshirib yubordi. Lekin… Na iloj? Ta'qib, jazolardan qochib qutula olmaydi. Tolib albatta sotib qo'yishini kechayoq ko'ngli sezgan. Mana, adashmasa, melisalar kelibdi chog'i. Hozir qo'llariga kishan solishadi-yu, olib ketishadi…

Sevinch ko'zlarini chirt yumgan holda titrab-qaqshab eshik zulfinini sug'urdi.

Haqiqatan, tashqarida ikki militsioner turardi.

— Sevinch sizmi? — so'radi ulardan biri sovuqqonlik bilan.

— H-ha, men, — deya oldi zo'rg'a Sevinch javdirab. — Nimaydi?

— Biz bilan yurishingizga to'g'ri keladi.

— Nega?

— Idoraga borgandan keyin bilasiz. Tez kiyinib chiqing, shoshib turibmiz!

Sevinch bir muddat dovdirab qoldi. Militsionerlardan so'ragisi, haqiqatni anglagisi kelaverdi. Ammo hadeganda tili kalimaga kela qolmadi. So'ramaslikka ham qaysar qalbi ko'nmayapti. Shu yerning o'zida olib ketishlarining sababini bilishga undayapti. Xo'sh, qanday so'rasin? Urishib tashlashsa-chi?

«Urishishsa o'lib qolarmidim? — o'ziga o'zi xayolan dalda berdi Sevinch. — Tilimni sug'urib olishmas har holda. So'rayman. Aniqlamasam, tinchlana olmayman…»

— Menga sababini aytmaguningizcha hech qaerga bormayman, — dedi nihoyat dadillashib. — Kuch ishlatsangiz, Jiyron akani yordamga chaqiraman.

— Kim u Jiyron akangiz? — militsionerlar baravariga savol tashlashdi. — Eringizmi?

— Og'zingizga qarab gapiring! U kishi xavfsizlikda ishlaydi.

— I-ie, shunaqami? — ikkala militsioner ham bu gapni eshitiboq og'zini kaftlari bilan yopdi. O'ngda turgan pakanarog'i ohista shivirladi.

— Singlim, tag'in bilmadim-u, adashmasam, Tolib degan jinoyatchi masalasida chaqirishgan bo'lishsa kerak sizni. Boshlig'imiz qattiq tayinladi. Darhol sizni xavfsizlik xizmati idorasiga yetkazishimiz kerak ekan. Endi borasizmi?

Sevinch militsionerning beo'xshov kulimsirashi g'ashini keltirsa-da, norozilanganini sir tuta olmay, o'zicha g'udranib, kiyimini almashtirish ilinjida ichkariga yurdi.

— Ha, boraman! Bormasam qo'yarmidilaring?!.

Xavfsizlik xizmati idorasidagi kabinetlardan birida o'rta yashar, zaxil yuzli, oq-sariqdan kelgan erkak o'tirardi. Sevinch kirib ko'rsatilgan kursiga o'tirgach, u o'zini Ne'matilla aka deb tanishtirdi.

Sevinch kursida o'tirardi-yu, nuqul bezovtalanar, qur-qur eshik tarafga ko'z tashlab, Jiyronbek aka kirib kelishini kutardi. Biroq umidlari hadeganda ushalavermadi. Jiyronbek akadan darak bo'lmadi.

— Xo'sh, singlim, ishlar qalay endi? — o'rtadagi jimlikni buzib so'radi Ne'matilla aka qandaydir qog'ozlarga allambalolarni yozib bo'lgach, Sevinchga yeb qo'ygudek tikilib. — Tinch yashab yuribsizmi?

— Rahmat, el qatori yashab turibmiz, — iymanibgina javob qildi Sevinch.

— El qatori deng? Yo'g'-e, bizga ma'lumot berishlaricha, sirayam el qatori yashamayotganmishsiz-ku!

— Tushunmadim. Tushuntiribroq gapiring, aka!

— O', hali buyruq berishgayam ustaman deng? Siz qaerda, kimning qabulida o'tirganingizni bilasizmi o'zi?

— Yo'q, bilmayman, — dedi Sevinch qovoq uyib. — Lekin Jiyronbek aka shu idorada ishlashini bilaman.

Sevinch bu gapi bilan Ne'matilla akani shashtidan tushirib qo'yishga umid bog'lagandi. Afsuski, teskarisi bo'lib chiqdi. Ne'matilla aka Sevinchning dangal javobini eshitib, o'rnidan turib ketdi.

— Vey, singil, — dedi u ko'rsatkich barmog'ini oldinga o'qtalib. — Jiyronbek akang bu idorada shunchaki izquvar xolos. Men bo'lsam, tergovchiman, tergovchi. Seni nimaga olib kelishganini bilasanmi o'zi?

— Men qaydan bilaman? — bo'sh kelmay, atayin talmovsiradi Sevinch. — Uyimda o'tirgan yerimdan dikonglatib kelishdi odamlaringiz. Ja ustasizlar-ku birovning tinchini buzishga!

— Ie, hali tilim ham uzun degin? — Ne'matilla aka kabinetni asabiy aylana boshladi. Shu orada stol tortmasidan sigaret olib tutatdi. Aftidan, Sevinchning keskin javobi jahdini qo'zg'adi. Ammo xizmat madaniyati yodiga tushdimi, sigaret tutatish bahonasida biroz o'zini bosib oldi.

— Mayli, tortishishni bas qilaylik, singil, — dedi nihoyat sigaret qoldig'ini kuldonga bosib o'chirarkan, joyiga qaytadan cho'kib. — Yaxshisi, sen mening savolimga to'g'ri, aniq, qisqa, lo'nda javob ber. Kelishdikmi?

Sevinch bir so'z demay, yelka qisib qo'ya qoldi.

Ne'matilla aka esa pinagini buzmay, stolga oppoq qog'oz qo'ydi-da, qo'liga ruchkasini olib, savol berishni boshladi.

— Tolib degan odamni taniysanmi?

— Taniyman, — dedi Sevinch tergovchiga olazarak boqib. — Nimaydi?

— Vey, singil, ja g'alati ekansan-ku-a? — Ne'matilla aka jig'ibiyron bo'lib, qo'lidagi ruchkani stolga tashlab yubordi. — Qaysi o'rmonda tug'ilgansan o'zi?

— Voy, nima qildim? — o'zini battar soddalikka soldi Sevinch. — Biror nojo'ya gap aytdimmi?

— Menga savol berma! — bor ovozda qichqirdi tergovchi. Qichqirganda, chakka tomirlari bo'rtib, boshiga qadar titrab ketdi. Sevinch bo'lsa, uning holatini ko'rgani hamono ensasi qotgan ko'yi yer chizardi.

«Psixroqmi? — derdi xayolan o'ziga o'zi. — Hech narsadan hech narsa yo'q baqiradi, qichqiradi, ruchka otganiga balo bormikan? Xuddi uyidagi sigiri chala tug'ib qo'ygan-u, alamini mendan oladigandek asabiylashadi. O'zingni bosvol, go'rso'xta! Dumingni bosvolmadi-ku hech kim!

— Xullas, gap munday, — tergovchi qaytadan tinchlanib, ruchkani qo'liga oldi-da, Sevinchga yuzlandi. — Bu yer tergov xonasi. Savolni faqat men beraman. Sen, singil, javob berishingni bil. Lokigin o'ylab javob qil. Basharti yolg'on ko'rsatma bersang, jinoiy javobgarlikka tortilasan-a!..

«O'l-a, jinni, — Ne'matilla akaning qiziqqonligi Sevinchning kulgisini qistatib, xayolan masxaralagan bo'ldi. — O'zi yonarkan, o'zi kuyarkan. Jinniyam shunga o'xshagandir-da! He og'zingdan qoning kelsin!..

— Tushundingmi, yo'qmi? Ho'v, singil, mening ko'zimga qara! Nega o'y surib qolding? Mazang yo'qmi?

Sevinch darrov hushyor tortib boshini ko'tardi.

— Mana munday bo'pti, — davom etdi tergovchi. — Xo'sh, savolimga javob berasanmi?

— N-nimani so'rovdingiz? — deya unga masxaraomuz termildi Sevinch. — E-esimdan chiqibdi… Xayol opketibdi-da, aka!

— Tolib degan nusxani taniysanmi?

— Yo'q, tanimayman, — bamaylaxotir javob qildi Sevinch. — Unaqa odamni umrimda ko'rmaganman.

— Gapni aylantirma, ahmoq qiz! — qichqirdi tergovchi labi uchib. — Hozirgina taniyman deding. Birga osh-qatiq bo'lgansan-ku! Nega tan olmaysan?

— Og'zingizga qarab gapiring! — o'zini go'llikka soldi Sevinch. — Men begona erkaklar bilan osh-qatiq bo'lmayman. Unaqa odamni umuman tanimayman.

— Shunaqami? — tergovchi dast o'rnidan turdi-da, tashqariga chiqib ketdi. Hech qancha vaqt o'tmay qaytib kirib joyiga o'tirdi. — Hozir ko'rami-iz, — dedi boshini sarak-sarak qilib. — Hozir Tolibni olib kirishsin, ko'ramiz!

Bu Sevinch uchun dahshatli xabar edi. Umrida bunday idoralarda so'roq-savol bermagan, hozirgidek tergovchilar qarshisida o'tirib ko'rmagan qiz beixtiyor talvasaga tushib qoldi. U Tolib yuzma-yuz bo'lgach, albatta sotib qo'yishiga ishondi. Keyin esa… Kelgusi taqdirini taxminan tasavvur qildi… Ha, Tolib haqiqatni aytishi bilan qurollangan askarlar kabinetga yugurib kiradi-da, Sevinchga tashlanadi. Negaki, bu Jiyronbekning idorasi. Demak, melisaxonadan yomon va qo'rqinchliroq.

«Qanday dahshat, — o'ylardi Sevinch tizzalari dag'-dag' titrab. — Bu yaramaslar qanday gapirtirishni, haqiqatni aniqlashni bilarkan. Taniyman deya qolsam bo'larkan. Shunda Tolibga yuzlashtirmasdi. Afsus, ahmoqligim, shoshqaloq, kaltafahmligim o'zimga pand beradigan bo'ldi. O'zi… Peshonadagi yozug'dan qochib qutulib bo'lmasligi tayin ekan-da! Yo'qsa, kelib-kelib shu nusxaning oldida qaysarligim tutarmidi?..»

Ha, soddaligi, ko'cha ko'rmagani Sevinchga rostdan ham pand beray deb turardi. U xuddi shu kamchiliklari tufayli tergovchining aylanma, ayyorona usullarini idrok qila bilmadi. Hayotni yana to'g'ri chiziqdangina iborat deb bildi. Bu dunyo ko'chalarida keskin burilishlar talayligini o'ylab ko'rmadi. Shu bahonada bo'shashish, xotirjam tortishga urinmadi…

Oradan besh daqiqacha vaqt o'tib, kabinet eshigi taqilladi.

— Olib kiring! — o'tirgan yerida ovoz berdi tergovchi qo'lidagi sigaretni kuldonga tashlab.

Zum o'tmay, qo'llari kishanlangan Tolib konvoy yetagida kabinetga kirdi.

Konvoy Ne'matilla akaning ishorasi bilan Tolibning qo'llarini kishandan xalos qildi.

— Sen chiqaver, — dedi konvoyga Ne'matilla aka. — Kerak bo'lsang, o'zim chaqiraman.

— Xo'sh, zo'ravon, bu qizni taniyapsanmi? — so'radi tergovchi konvoy chiqib ketgach, Tolibga nafrat aralash tikilib. — Sendan so'rayapman!

— Tanimayman, — dedi Tolib aftini bujmaytirib. — Shunga chaqirgan bo'lsangiz, javobni oldingiz. Endi konvoyingizni chaqiring, meni olib ketsin! Ortiqcha bezovta qilishga haqingiz yo'q!

— Ie, hali sen bizga haq-huquq belgilab bermoqchimisan? Sen-a? Vey, qilmishlaring uchun kamida otishga hukm qilishlarini bilasanmi o'zi?

— Meni qo'rqitmang, — yuzini ters burdi Tolib. — U yoshdan o'tib ketganman. Men hayotda tavakkal yashaydigan odamman. Ajal kelsa…

— O'chir chakagingni! — baqirib berdi tergovchi. — Ja aqlli ekansan, ko'rdik! Undan ko'ra, ayt, Jiyronbek Oqilovichdan nega bu qizni chaqirtirishlarini so'rading?

— Men chaqirtirishlarini so'ramadim. Tuhmat qilmang! Bu qizni tanimayman dedim-ku!

— Nima? Tanimaysan? Ho'v, go'rso'xta, uyingda yashashidanam tonasanmi? Yo uying kaptarxonami? Duch kelgan odam yotib-turib ketaveradimi?

— Menga qarang, kamandir, keling endi, hadeb maydalashavermaylik! Menam anoyilardanmasman. O'zimga yarasha tanish-bilishim, oshna-og'aynim bor.

— Tupurdim o'sha oshna-og'aynilaringga! — tergovchi o'rnidan turib kelib Tolibning tepasida to'xtadi. — Hammasini qamab qo'yganmiz allaqachon. Xo'sh, endi nima qilasan? Kimni yordamga chaqirasan? Iflos, necha kishining boshiga yetganingni tag'in esingga solib qo'yaymi? Gapir, esingga solaymi?

— Brat, isbotlash kerak oldin! Qani isbot?

— Topamizam isbotni! Sen-chi, «brat»layverma hadeb! Tilingni sug'urvolaman!

— Topolmaysiz isbotni! Chunki isbotning o'zi yo'q.

— Mana isbot, mana! — titrab-qaqshab qichqirdi tergovchi Sevinchni ko'rsatib. — Shu qizning o'zi hammasini aytib beradi bizga!

— Nimani aytadi? Meni tanimasa, men uni tanimasam, nimani aytadi-a? Aytadigan gap bo'lsa aytadi-da!

— Yo'qo-ol!!! — tergovchi bu gal boshdan oyog'iga qadar qaltirab tashqariga yuzlandi. — Konvo-oy!

— Labbay, aka! — eshik ochilib konvoy hozir bo'ldi.

— Olib chiqing manavini! Ko'zimga ko'rinmay tursin!

Tolib chiqib ketayotib, tergovchiga xuddi masxaralagandek irshaygancha tikilib oldi. Ostona hatlashdan oldin esa Sevinch tomon bosh burib kulimsiragancha ko'z qisdi. Shu birgina ko'z qisishi Sevinchning yelkasini bosib turgan og'irdan-og'ir yukni itqitib tashlagandek bo'ldi. U Tolibga qalban tan berdi. Sotqin emasligiga ishondi. Qalbi qayg'ulardan xoli qolib, beixtiyor o'pkasi to'ldi. Ammo o'zini qo'lga ola bildi. Tergovchining qarshisida past ketishni xohlamadi. Yig'ini o'zidan nari haydash ilinjida labini mahkam tishlab oldi.

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

loading...