ALAMZADA… (35-qism)

0

 

 

* * *

 

Xayriyatki, baxtiga Jiyronbek aka kelib qoldi. Kabinetga kirdi-yu, Sevinchni ko'rib, darhol rangi o'zgardi. Bosh irg'ab salomlashgan bo'ldi-da, tergovchiga yaqin bordi.

— Ne'matilla, bu nimasi? — so'radi u Sevinchni ko'rsatib. — Bu qiz nega tergovda o'tiribdi?

— Sendan ruxsat so'rashim kerakmidi? — tergovchi Tolibning alamini ham Jiyronbek akadan olgisi keldimi, o'tirgan yerida o'shqirdi. — Shunaqamidimi, Jiyron?

— O'zingizni bosvoling, — dedi Jiyronbek aka ovozini sal pasaytirib. — Bu qiz menga qarashli, shuning uchun aytdim. Xabaringiz boridi shekilli?..

— Og'ayni, — tergovchi shoshilmay o'rnidan turdi va Jiyronbek akaga yaqinlashdi. — Bizning ishda-chi, seniki, meniki bo'lmaydi. Har bir shaxs alohida tekshirilishi shart. Yo o'qitishmaganmi seni?

— To'g'ri-ku-ya, ammo bir og'iz aytib qo'ysangiz bo'lardi-ku! Sevinch bizning ishda katta yordam berib baloga qolishi kerakmas-da! Har holda…

— Jiyron, borgin, o'z ishingni qilgin! O'zi nervim buzilib turibdi, borgin!

— Mayli, boraman, lekin Sevinchni olib ketaman! U so'roq berishga arziydigan ayb qilmagan.

— Ol, opket! Qizing boshingda qolsin!

Jiyronbek aka tergovchining fe'lini yaxshi bilgani sababli tortishib o'tirishni o'ziga ep bilmay, Sevinchni ergashtirgancha tashqariga chiqib ketdi.

 

* * *

 

Oradan bir hafta vaqt o'tdi. Sevinch hamon Jiyronbek aka topib bergan kvartirada yashar, bir balodan xalos etgani uchun Yaratganga shukr qilardi. Faqat uni Tolibning kelgusi taqdiri xavotirga solardi. Yomon bo'lsa-da, keyingi kunlarda unga achina boshlagandi. Tezroq qamoqdan chiqishini, tinch bo'lishini xudodan so'rardi. Shu tuyg'ular homilani oldirishga ham yo'l bermadi. Sevinch tavakkal qilishni lozim topdi. Kech bo'lsa-da, Tolib nikohiga olgani, endi tug'ilajak bolasi haromi degan tamg'a ostida umr kechirmasligi mumkinligiga qattiq ishondi.

Tolib qo'liga zarda aralash tutqazgan pulga esa umuman qaragisi kelmay qoldi. Ko'zi tushdi deguncha, o'sha kundagi mash'um lahzalar xayolida jonlanib, dilini xira torttiraverdi.

Shunday kunlarning birida kechga yaqin kvartira eshigi bezovta taqilladi. Shundoq ham to'kilib o'tirgan Sevinch nogohoniy tovushni eshitib, o'qdek uchgancha yo'lakka chiqdi. Biroq eshikni ochishga shoshilmadi. O'yladi. Kim kelganini taxminan aniqlamoqchi bo'ldi. Chunki bu uyga kelgandan beri bir marta melisalar kelib eshik taqillatishgandi, xolos. Nahotki, tag'in o'shalar kelgan bo'lsa? Yo Tolibga bir balo bo'ldimikan? Nima bo'lishi mumkin? Aybini isbotlashdimi? Endi o'limga mahkum etishadimi uni?..

Shu kabi shaytoniy xayollar changalida asta eshikka qulog'ini bosdi. Orqa tarafda kimningdir harsillab nafas olishini eshitdi.

— Kimsiz? — qo'rqa-pisa so'radi Sevinch vujudi titrab. — Kim u?

— Oching, singil, bu men, Jiyronbekman!

Tanish ovozni eshitgachgina Sevinch sal o'ziga kelib bo'shashgancha zulfinni sug'urdi.

Jiyronbek akaning kayfiyati buzuq edi. Nuqul qo'llarini musht qilgan ko'yi asabiy lab tishlardi.

— Tinchlikmi, singil? — so'radi u ichkariga kirishni ma'qul ko'rmay, yo'lakning o'zidayoq taqqa to'xtab. — Anavi tergovchining odamlari qaytib kelmadimi keyin?

— Yo'-o'q, kelishmadi, — dedi yer chizib Sevinch. — Tinchlikmi o'zi? Nima bo'ldi, amaki?

— E, ishlar chatoq, — Jiyronbek aka og'ir xo'rsiniq aralash qo'l siltab javob qildi. — Tolibning aybini isbotlay olishmayapti tergovchilar. Yaramasning ja ishi pishiqqa o'xshaydi.

— U… Ozod bo'ladimi endi? — Jiyronbek akaga umidvor boqqancha hovliqib so'radi Sevinch. — Uni qo'yib yuborishadimi?

— Nima? Nega qo'yib yuborishimiz kerak? O'zi zo'rg'a tutdik-ku!.. Umuman, sizga nima issiq-sovug'i bor bu narsaning? Axir, siz biz bilan ishlayapsiz-ku!

— Baribir… Begunoh odamni qamoqda ushlab turish…

— Qo'ysangiz-chi unaqa gaplarni! Siz-chi, singlim, faqat bizga yordam berish haqida o'ylang! Yo achinyapsizmi unga?

Sevinch tag'in qovun tushirayozganini ilkis payqab tilini tishladi. Qarshisida juda nufuzli va xavfli idora xodimi turganini qayta his etib, rangi oqardi. Lekin iloji boricha holatini Jiyronbek akaga sezdirib qo'ymaslikka harakat qilib, bosh eggan holda ma'yus jilmaydi.

— Kechiring, amaki, — dedi zo'rg'a. — Bunisini… O'ylamabman.

— Mana bu boshqa gap, — dedi Jiyronbek aka Sevinchga yer ostidan sinchiklab razm solarkan. — Endi mening gapimni eshiting. Yana yordamingiz zarur bo'p qoldi.

— M-mayli, — tutilib so'z qotdi Sevinch. — Aytavering!

— Hozir aytganimdek, Tolib sodir etgan qotilliklarning birontasiniyam isbotlash imkoni bo'lmayapti. Topilgan dalillar chala, bo'sh, ular aybini bo'yniga qo'yishga kamlik qiladi.

— Men qanday yordam beray?

— Sizmi?..

Jiyronbek aka qo'ltig'idagi jildni ochdi-da, qandaydir qog'ozlarni titkiladi. Nimalarnidir o'qidi, ora-sirada bosh qashib o'zicha mulohaza qildi.

— Ha-a, bo'ldi, — nihoyat jildni yopib qo'ltig'iga qistirdi u. — Xullas, bizdagi ma'lumotlarga qaraganda, rahmatli otangiz Meliboy akayam Tolibning qo'lida o'lgan ekan. Shu rostmi?

Sevinch tanish ismni eshitgani hamono birdan xomush tortdi. Qalb tubiga cho'kayozgan alam va anduhlar qayta yuqorilab, ko'zlarida yosh g'iltilladi.

— Afsuski, shunday, — dedi entikib. — Otajonimning nogiron bo'lib qolgani kam ekan bizga.

— Nimayam qilardik? — Jiyronbek aka Sevinchning holatini ko'rib, hamdardlik bildirishga, ko'nglini ko'tarishga urindi. — Aslida-chi, singil, o'lim hammaning boshida bor. Lokigin anavi Tolibga o'xshagan marazlarni deb begunoh odamlar bevaqt yer tishlab ketsa, alam qiladi. Qo'ying, xafa bo'lmang, u dunyosini bersin!

— Aytganingiz kelsin!

— Endi gap munday, — maqsadga o'tdi Jiyronbek aka. — Sizam yosh bolamassiz. O'zingizni qo'lga oling! Bardam bo'ling!

— Topshirig'ingizni aytavering! — dedi Sevinch ko'z yoshlarini qo'lidagi dastro'molchaga artib. — Men… Ko'nikib qoldim. Chidayman. Bardoshim yetadi.

— Barakalla, xuddi shunday kuchli bo'lib yuring! Shunday yashangki, dushmanlaringiz kuyib ketsin! Xo'-o'sh, xullas, Sevinch singlim, agar bir ishda ko'makchi bo'lganingizda, Tolibning ayblari deyarli isbotlanardi. Yo'l qo'ygan jinoyatlarining zanjiri topilardi. Mabodo shu ishimiz o'xshab qolsa, qolganlari o'zidan o'zi chiqib kelardi.

— Nima qilishim kerak o'zi?

— Bilasizmi, biz otangizning qabrini ochib, ba'zi narsalarga oydinlik kiritmoqchimiz. Tushuning, Tolibning jinoyatini busiz bo'yniga qo'ya olmaymiz. Iloji bo'lmayapti. Tergovchilarimiz, mutaxassislarimiz go'yo boshi berk ko'chaga kirib qolishdi. Bu ko'chadan faqat siz olib chiqasiz bizni.

— Otamning go'rini ochasiz? — beixtiyor gezardi Sevinch. — Hecham-da! Bunga hech kimning haqi yo'q! Axir… Arvohlar chirqillaydi!..

— Sizni tushunib turibman, — dedi yanada bosiqlik bilan Jiyronbek aka. — Hech qaysi farzand bu ishga yo'l bermaydi. Ammo vaziyat jiddiy. O'zingiz ko'rib turibsiz. Mana, masalan, o'sha siz yetkazgan ma'lumot bo'yichayam yigitlarimiz ish olib borgan. Jinoyatchilarni tutishgan ham. Ammo Tolib bo'yniga olmadi. U juda ayyor. Qanday ish tutishni biladi. Bo'yniga olmaganiga yarasha, bironta o'sha yaramasga taalluqli iz ham topolmadik. Qo'lga tushganlar Tolibni tanimaymiz deb turib olishgan. Xo'sh, biz nima qilaylik? Kimga, nimaga suyanaylik? Tushuntira oldim deb o'ylayman, singlim.

— Baribir otamning qabrini ochishlaringga qarshiman, — dedi qaysarlik bilan Sevinch. — Men buni ko'tara olmayman.

— Uf-f! Qanaqa tushunmagan odamsiz o'zi? Mayli, batafsilroq aytay, balki shunda tushunarsiz. Gapning indallosi, aytishlaricha, Tolib murdani egnidagi kiyim bilan ko'mgan ekan. Agar qabrni ochsak, sizning ishingiz o'sha otangiz yo otangizmasligini aniqlab berishdangina iborat bo'ladi. Qolgan ishni ekspertlarning o'zi qilaverardi. Biz kiyimi qanaqaligini bilmaymiz-ku, axir!..

— Men… Qo'rqaman, — dedi nima bahona topishni bilmay Sevinch. — Murdani ko'rishga…

— Siz ancha narida turasiz. Qabrga yaqin bormaysiz, murdani ko'rmaysizam. Umuman, oradan ancha vaqt o'tib qolgan, murda qolarmidi, singlim?!. Kiyimidan bir parcha qolgan bo'lsayam, shunday qarab aniqlab bersangiz bo'ldiydi. Olam guliston. Xo'sh, nima qilasiz? Yordam berasizmi? Singil, bor umidimiz sizdan!

Sevinchning xayolari butkul chalkashib ketgandi. Shu tobda Jiyronbek akaga nima deb javob berishni bilmasdi. Rozi bo'lay desa, otasining arvohini o'ylardi. Bolaligida buvisi rahmatlining «Arvoh chirqirasa, murda go'rida tik turadi», degan gaplari xayoliga kelib, yuragini vahm bosardi. Rozi bo'lmaslikka esa, baribir, Jiyronbek yo'l qo'ymasligi tayinligini ham bilardi.

«Xo'sh, rozi bo'lmaganim bilan nima o'zgarardi? — o'ylardi o'zicha. — Bular menga quloq solib o'tirarmidi? Kimsan Tolibni oliy jazoga tortish ilinjida yugurib yurishibdi hammasi. Qarshilik ko'rsatsam, o'zimga yomon bo'lgani qoladi. Keyin mengayam tinchlik berishmaydi. Kovlashtirishadi, yo'q yerdan ayb qidirishadi. Biror jinoyatni bo'ynimga qo'yib qamavorishdanam toyishmaydi. Umuman, rozi bo'lsam-chi? Balki dadajonim rahmatlining kiyimidan bir parchasinigina bo'lsayam ko'rsam, kiyimi hidini dimog'imda tuysam, chigallarim yozilarmidi. Dadamni ko'rganday yengil tortarmidim…»

Shu xayollar Sevinchga dalda bo'ldi.

— Men roziman, — dedi u xo'rsiniq aralash. — Faqat bir iltimosim bor.

— Aytavering, — jonlanib kaftlarini bir-biriga ishqaladi Jiyronbek aka. — Nima qilib beraylik?

— Men… Qabrga yaqin bormayman. Qo'rqaman.

— Shundog'am sizni hech kim yaqinlashtirmaydi. Xotiringiz jam bo'lsin! Ishingiz oddiy. Maxsus odamlar oldingizga qabrdan chiqarib olingan kiyimlarni olib kelishadi. Otangiznikimi-yo'qmi, shuni aniqlab berasiz, vassalom! Menam yoningizda bo'laman. Kelishdikmi?

— Kelishdik.

— Juda soz, unda ertaga barvaqt sizni olib ketamiz. Tayyor bo'lib turing!

— Xo'p.

— Hozir… Biror kamchilik bormi? Aytavering tortinmay.

— Yo'q, — gapni kalta qilib nari ketdi Sevinch. — Hamma narsam yetarli.

Jiyronbek aka unga bir muddat javdirab tikilgan bo'ldi-da, imi-jimida kvartirani tark etdi.

Ertasi kuni tong mahali Sevinchni shaxsan Jiyronbek akaning o'zi mashinasida qabristonga olib bordi. Umrida bunday vaziyatga, manzaraga duch kelib ko'rmagan ekan. Qabristonni aylanasiga melisalar o'rab olibdi. Qabr tepasiga tumonot odam yig'ilibdi. Ularning ko'pchiligi bashang kiyingan, bo'yniga bo'yinbog'lar taqib olibdi.

Go'rkovlar bo'lsa kerak, uch-to'rt chog'li barvasta yigitlar qo'llarida ketmon, belkuraklar bilan go'rni ochishga kirishibdi.

Bu holatga ko'zi tushib, Sevinchning yuragi orqaga tortdi. Halizamon otasining jasadini o'z ko'zlari bilan ko'rishini tasavvur etib, eti junjikdi. To'g'ri, mirob qadrdoni, padari, Sevinch uchun bu dunyoda otasidan-da qimmatliroq inson yo'q edi. Faqat bolalikdan miyasiga muhrlanib qollgan yovvoyi qo'rquv, murda deb atalmish sovuq so'z yuragini muzlashga, titrashga majbur etardi.

Oradan taxminan qirq-qirq besh daqiqacha vaqt o'tdi. Go'rkovlar ishini tugatib, qabrdan jasadni tortib olishdi chog'i, bo'yinbog'li erkaklar engashib olgancha nimalarnidir muhokama qila boshlashdi. Fotouskuna ko'targan uch chog'li yigit esa ularni aylanib tinmay suratga olaverdi. Sevinch barchasini mashinadan aniq-tiniq ko'rib turdi.

Bir mahal erkaklar o'rinlaridan turib, to'rt tarafga tarqalishdi. Jiyronbek aka esa ular orasidan ajralib chiqdi-da, boshini quyi solgancha Sevinch o'tirgan mashina tomonga yurdi.

Sevinchning yuragi taka-puka edi. Ammo Jiyronbek akaning qo'lida hech vaqo yo'qligini ko'rib hayron bo'ldi. Nahotki, kiyimlariyam chirib ketgan bo'lsa? Otasi rahmatlini ko'rolmaydimi endi? Armonda qolib ketaveradimi?

— Singlim, sizga yoqimsiz xabarim bor, — dedi Jiyronbek aka hayajonini ichga sig'dira olmay, mashinadan pastga tushib olgan Sevinchning vahimasini battar oshirib. — Faqat to'polon ko'tarmang, yig'i-sig'i qilmang, o'zingizni bosvolib, jim eshiting gapimni!

— N-nima bo'ldi? — so'radi Sevinch titrab. — Tinchlikmi?

— Bu qabrdan ayol kishining jasadini topdik. Negadir… Otangiz ko'rinmadi.

— Nima? Q-qanaqasiga? O-otam qaerda ekan?

— Bizam shunga hayronmiz-da! Na kiyim, na jasad, na bir belgi bor. Lahaddagi ayol taxminan o'n besh kuncha burun olamdan o'tgan ekan. Men… Tushunmadim, singil! Meliboy akaning jasadi qaerda bo'lishi mumkin?..

Sevinchning yuragi hapriqdi. Peshonasini muz ter bosib, o'zi bilmagan holda Jiyronbek akaga yaqinlashdi. Aftidan nimadir demoqchi bo'ldi. Indamadi. Og'ir-og'ir nafas olib, nafratga yo'g'rilgan nigohlarini tikkancha picha turib qoldi. So'ngra jonholatda qabr tomon chopdi.

— Otam tirik! Otam o'lmaga-an! Otamni topib beringla-ar!!!

Sevinchning vujudida nafrat, nadomat, umid baravar junbishga kelgandi. Yuragi quvonch, hayajon, alamdan yorilay derdi. Tolibga bo'lgan nafrati esa bo'g'ziga qadar tiqilib, bemalol nafas olishga qo'ymasdi. O'pkasi to'lib kelib achchiq ko'z yosh to'kishga majbur etardi. Qisqasi, shu tobda Sevinchning telbadan farqi qolmagandi. Ko'zlari faqat qayta kovlab ochilgan qabrni ko'rardi. Tafakkuri uni otasi hayotligiga tobora qattiqroq ishontirar, nigohlari o'ynoqlab, qabristondan mirobni qidirardi. Nazarida otasi shu atrofga berkinib olgan-u, qulay fursat kelishini kutayotgandek edi.

— Otamni topib berlaring! — hech narsani idrok etmay, yon-tevarakdagilarning hay-haylashiga-da quloq tutmay, qichqirib oldinga talpinardi Sevinch. — Nega o'lmagan odamga go'r kovlashadi? Nega otajonimni mendan berkitishadi? Qani padarim, qani?..

— Hay-hay-hay, o'zingizni bosing, tinchlaning! — Jiyronbek aka Sevinchni mahkam quchib ortga sudradi. — Uyoqqa borish mumkinmas! Qo'rqib ketasiz, singil! Tinchlansangiz-chi!

— Qo'yvoring meni! — siltanib, qaysarlarcha oldinga talpindi Sevinch. — Nima haqingiz bor meni qaytarishga? Hammasini bilib turib, nega aldaysiz? Nega ustimdan kulasiz?

— Menam hech narsani bilmasdim, ishoning! — dedi Jiyronbek aka xirillab. — O'lay agar, og'zim lang ochilib qoldi. Bunaqa manzaraga hech qachon duch kelmagandim.

— Vey, nima bo'ldi? Nega bu qiz baqir-chaqir qilyapti? — bir mahal qabr tarafdan bo'yinbog'li, kattaroq kosadek qorin qo'ygan zaxil yuzli erkak yugurib kelib Jiyronbek akaga tahdid qildi. — Opket buni, opket! Katta xolasining uyimi bu yer?

— Nega opketarkan? Haqlaring yo'q! — erkakka javoban hayqirdi Sevinch. — Dadamni topib berlaring!

— O'chir chakagingni! — ovozini pasaytiribroq do'qladi uni erkak. — Qilar ishni qilib qo'yib endi o'zingni jinnilikka solyapsanmi? Aslida shu qabrni sen bosh bo'lib kovlattirgansan. Dadangni sen yo'q qilgansan! Qaerga gum qilganingni mana shu zahar tilchalaring bilan aytib berasan! Jiyron, obor buni mening kabinetimga! O'shatta gaplashamiz!

— Qo'yvor meni, qo'yvor! — erkakning buyrug'ini eshitib, Sevinch jonholatda siltangan ko'yi Jiyronbek akaning qo'lidan xalos bo'lishga tutindi. — Opketishga hech kimning haqi yo'q!

— Ts-s, singil, jim! — Jiyronbek aka nihoyatda bosiqlik bilan Sevinchning qulog'iga shipshitgan bo'ldi. — Ahmoqlik qilma! Bu bosh tergovchimiz-a! Beboshlik qilganlarni kechirmaydi! Yur, yuraqol, idoraga boraylik!..

Cevinch uchun boshqa yo'l qolmagandi. Garchi jazava iskanjasida bo'lsa-da, bosh tergovchining do'qlaridan so'ng biroz hushyor tortgan kabi bo'shashdi. Talpinishlar, qichqirishlardan tiyilib, itoatkorona Jiyronbek akaga ergashdi.

 

* * *

 

Bosh tergovchi ilgarigisi kabi asabiy emasdi. O'zini tetik va xotirjam tutar, faqat ko'z qarashlari o'ta sovuq edi.

U qarshisida qovoq uygancha tek o'tirgan Sevinchga yer ostidan yeb qo'ygudek tikildi. Ammo savol berishga shoshilmadi. Qo'lidagi sigaret kulini kuldonga tez-tez qoqish asnosida bir necha marta og'ir xo'rsinib oldi.

Sevinch esa umuman qo'rqmasdi. Qo'rqish xayoliga ham kelmasdi. U faqat Meliboy mirob haqida qayg'urardi. O'ylardi, mulohaza qilardi. Biroq sira o'ylari oxiriga yeta qolmasdi. Har jihatini qarichlab ko'rardi. O'zicha otasi qaerdaligi, o'lik-tirikligini taxmin qilardi. Taxminlar har gal uni boshi berk ko'chaga olib kirib qo'yaverardi.

Qismatining bu qadar qoraligi yurak-bag'rini o'rtab, ora-sirada jondan to'ygan kabi tushkunlik changaliga o'zini tashlardi. Sal o'tmay qandaydir noma'lum kuch ruhini yuqoriga tortqilab, hushiga keltiraverardi.

— Xo'sh, nimaga shallaqilik qilib dunyoni boshingga ko'taryapsan? — kutilmaganda boshini ko'tarib do'q aralash so'radi bosh tergovchi. — Shunaqa yo'l tutsam, aybim yopiladi, qutulib ketaman deb o'ylovdingmi?

— B-bu nima deganingiz? — Sevinch tutilibroq so'z qotdi. — Menga tuhmat qilmang!

— Tuhmatmish. «Radnoy» otangni o'ldirtirib, o'ligini xudo biladi, qaerlarga gum qildirgandirsan. Shu narsa tuhmatmi? Gapir!

— Mening otam o'lmagan, — dedi lab tishlab Sevinch. — U kishi tirik… Tirik.

— Tirik bo'lsa, qani? Yo'q-ku! Go'ri joyida turibdi. Yodgorlik toshiyam o'rnattiribsan. Xo'sh, o'zi qaerga g'oyib bo'ldi? Vey, men-chi, mana shu tashkilotda yigirma yildan beri ishlayman. Senga o'xshagan qo'shtirnoq ichidagi farishtalarning ko'pini ko'rganman. Hozir aybingni bo'yningga olsang, ol, aks holda qamalasan. Balki… Oliy jazogayam tortilarsan. Buni sud hal qiladi.

— Men… Aybdor emasman, — dedi Sevinch yer chizib. — Hech kimni… O'ldirganim yo'q.

Shu gapni aytishga aytdi-yu, ichidan zil ketdi. Ko'rgilik, taqdiriga xayolan la'natlar o'qidi. Bu zulmat changalidan hech qachon xalos bo'la olmasligiga ko'zi yetdi. Sovuq va fayzsiz kamera azobi qaytadan qalbini zabt etgandek bo'lib, vujudiga vahm o'rladi. Negadir xona shiftiga, oynalari, devorlariga umidvor boqdi. Go'yoki ular xudoning Sevinch uchun ajratilgan inoyatini bag'riga berkitgan-u, dardli boqish qilsa, tortiq etadigandek tuyuldi. Afsuski, bularning barchasi sarogbdan bo'lak narsa emasdi. Bosh tergovchi hali g'azabdan tushmagan, javob kutishda davom etardi.

Xayriyat, xudoga aytgani bor ekan, Jiyronbek aka kirib qoldi. Sevinch uning ko'z qarashlarida mamnunlik balq etayotganini ko'rib, birdan yengil tortdi. Hozir qandaydir yoqimli xabar aytishiga, mana shu zindon kabi qo'rqinchli kabinetdan olib chiqib ketishiga ishondi.

«Eson-omon shu yerdan chiqsam, hammasidan yuz o'giraman, voz kechaman, dadajonimni qidirib topishga kirishaman, yo o'ligini, yo tirigini topsam bas, ana undan keyin tinchgina, yomonlardan, ko'ngilsizliklar, baxtsizlik, falokatlardan xoli yashayman.» deya o'ylashga-da ulgurdi.

Jiyronbek aka bosh tergovchi bilan qayta salom-alik qilgach, Sevinch tarafga ma'noli qarab qo'yib maqsadga o'tdi.

— Jamoliddin aka, sizga zo'r yangiligim bor, — dedi u jilmayib. — Xursand bo'lishingiz aniq bu gapni eshitib.

— Qani, ayt, — deya sovuq tirjaydi bosh tergovchi. — Nima gap ekan o'zi?

Jiyronbek aka unga yaqin borib qulog'iga allanimalardir deya shivirladi. Gap oxiriga yetguncha bosh tergovchining yuz tuzilishi o'zgara bordi. Chehrasi yorishdi. Jiyronbek aka qaddini ko'tarib, ortga tislangach, dast o'rnidan turdi-da, Sevinchga yuzlandi.

— Rahmat, singil, — dedi beo'xshov kulimsirab. — Sizni ancha bezovta qilib qo'ydik. Aslida bizga katta yordam beribsiz. Buning uchun shaxsan o'zim tashakkur izhor qilaman. Jiyronbek, tezda bu qizimizni uyiga eltib qo'y, ko'chada yaxshi bor, yomon bor, sarson bo'lib yurmasin!

— Xo'p bo'ladi, — dedi Jiyronbek aka bosh qashib. — Qani, singil, ketdik unda!

Sevinch hech narsaga tushunmadi. Ochig'i, tushunishni istamadi. Bir xavfdan qutulganiga shukr qilib, Jiyronbek akaga ergashdi.

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

loading...

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here