ALAMZADA… (36-qism)

0

 

 

* * *

 

Shu bugungi tun sokin kechdi. Sevinch anchadan beri bu qadar tinch uxlamagandi. Faqat tongga yaqin tushi bulg'anibdi. Tushiga otasi kirganmish. Qishloqdagi eski zovur bo'yida ikkovlari yonma-yon o'tirishganmish. Bir payt zovurdan yo'g'onligi sattang-a bilakdek chipor ilon sudralib chiqa boshlabdi. Chiqarmish-u, nuqul vishillab, boshini sarak-sarak qilarmish. Otasi ilonni ko'ribdi-yu, sapchib o'rnidan turibdi-da, ura qochibdi.

— Yugur, duch kelgan tarafga berkin, — hayqiribdi otasi yo'l-yo'lakay. — Yeb qo'yadi bu ilon! U odamxo'r, odamxo'r! Qoch! Qoch!

Sevinch esa hatto o'rnidan qo'zg'alishga ulgurmabdi. Chipor ilon sudrala-sudrala kelibdi-yu, bo'yniga o'rala boshlabdi. Sevinch ilonning sovuq va badbo'y nafasini dimog'ida tuyibdi…

Shu tobda hid ko'nglini aynitdimi, seskanib uyg'ondi. Ne ko'z bilan ko'rsinki, tepasida Tolib o'tirar, tinimsiz harsillardi. Shundagina tushidagi badbo'y hid Tolibdan kelayotgan ter isi ekanini tushundi. Sevinch rangi oqarib, qo'rqa-pisa qaddini ko'tarmoqchi bo'ldi. Lekin Tolib ikki yelkasidan ushlab qoldi.

— Turma, — pichirladi hanuz harsillashdan to'xtamay. — Uningni chiqarma! Birov hitlanmasin!

— T-inchlikmi? — arang savol bera oldi Sevinch tutilib. — Siz, axir… Qamoqdaydingiz-ku! Bu yerga… Qanday kep qoldingiz?

— Ishing bo'lmasin! Hammasini to'g'riladim. Hal qildim. O'zing qalaysan? Tinchmisan?..

Bu orada Sevinchning uyqusi ochilib, nimalar bo'layotganini yaxshiroq fahmladi. Qalban Tolibning taftini, erkalash ilinjida kuyib-yona boshlaganini chuqurroq his etib, undan soviy bordi. Otasi bilan bog'liq mash'um voqealar, qabr, qabrdagi begona ayol yodiga tushdi. Xotiralar Sevinchni Tolibdan jirkanishga majbur etdi. Biroq zo'ravonning nimalarga qodirligini ham unutmadi. Ehtiyotkorlik bilan sirg'alib o'zini ortga oldi.

— Oldin qanday qamoqdan chiqqaningizni ayting, — dedi o'zini xuddi dahanaki arazlagandek ko'rsatishga urinib. — Shunday yomon joydan osongina chiqarib yuborishmagandir?

— E, hadeb ejikilayvermasang-chi, — norozilanib aftini bujmaytirdi Tolib. — O'zim o'lay deb turibman. Undan ko'ra, o'rningdan turib menga nonushta tayyorlasang bo'lmaydimi? O'tirishingni qara tumshayib!

Sevinch ortiqcha qarshilik qilib o'tirmadi. Payt poylashni ma'qul ko'rib, istar-istamas o'rnidan turdi-da, oshxonaga chiqib, tuxum qovurdi, choy damladi. Hammasini stolga qo'yib, allaqachon kursilardan biriga yastanib o'tirib olgan Tolibning qarshisiga omonatgina cho'kdi. Shu taxlit o'zi yorilishini, bo'lib o'tgan ishlardan voqif etishini kuta boshladi. Nihoyat, Tolib qorni to'ydi chog'i, boshini ko'tarib, obdon kerishdi. So'ngra Sevinchga sirli boqdi.

— Ha-a, jonidan, — deya o'sha o'ziga odat bo'lib qolgan to'ng ohangda so'radi u. — Jonlari sog'mi ishqilib? Okaxonlari jonchalarini sug'urib olishmadimi?

— Shuni so'ragani keldingizmi? — zarda aralash yuzini ters burdi Sevinch. — Men sizdan yaxshilikchasiga so'radim. Hali asosiylari haqida gapirmadim-ku!

— O', tilchalari chiqib qoptimi? Tinchlikmi? Kim tilingni uzaytirib qo'ydi? Anavi okaxonlaringmasmi?

— Og'zingizga qarab gapiring! Mening okaxonlarim yo'q. Undan ko'ra, gapiring, otam qaerda? Otajonimni qayga gum qildingiz?

Bu gapni eshitib ham Tolibning bir tuki seskanmadi. Lab burgan ko'yi yuzini ters burib oldi-da, xotirjam qo'l siltab qo'ydi.

— Indamaysi-iz, — kinoya aralash so'z qotdi Sevinch o'rnidan qo'zg'alarkan. — Chunki otam tirikligini bilasiz. Allaqaerga berkitib qo'ygansiz uni. Lekin maqsadingiz nimaydi? Nima niyatda bunday qilgandingiz?

— Bekorlarni aytibsan, — Tolib ham dast o'rnidan turdi. — Otang o'lgan. O'zing ko'rgansan!

— Yolg'on gapirmang! — yig'lab yubordi Sevinch. — Shuncha azoblab keldingiz. Indamadim. Dardimni ichga yutdim. Sizga bor mehrimni berdim. Hammasiga ko'z yumdim. Ammo endi bardoshim tugadi. Panohimdan ayirib, yana ko'zimga tik qarashlaringizga toqat qila olmayman.

— Menga qara, — Tolib yelkasiga kostyumini ilib, gapni kalta qilishga tutindi. — Bu yerga sen bilan tortishish uchun kelganim yo'q. Bir gapni aytish uchun birrovga kirovdim. Xullas, meni qamoqdan ozod qilishdi. Yaxshiyam o'sha okaxonlar borakan, nima qilsa qilishdiki, meni chiqarishdi. Faqat… Bir shart bilan. Bilasanmi qanday shart?

Sevinch indamadi. Piqillab yig'lagancha deraza tomonga tikilib turaverdi.

— Okaxonning menda o'chi boridi. O'chini olmay o'lib ketishimni xohlamabdi. Ishonasanmi, hukumat askarining o'qidan o'lguncha o'sha dushman shartiga ko'nishni ma'qul bildim. U meni Sibir o'rmonlariga surgun qilmoqchi. O'sha yerda ochlikdan o'lib ketarmishman, hi-hi-hi!.. Biroq men o'lmayman. Tegirmonga tashlasayam tirik chiqaman. Shuning uchun shartiga indamay ko'ndim-qo'ydim. Qamoqdan chiqib olsam bo'ldi-da! Mavqe, boylikni nasib bo'lsa, o'sha o'rmonlarda yashab ham qaytara olaman… Qisqasi, tashqarida o'shaning odamlari kutib turishibdi. Sen bilan xayrlashishga kirib chiqay devdim. Yaxshi qol, Sevinch! Bolamni ehtiyot qil! U tug'ilishi kerak! Biz sen bilan hali uchrashamiz. Eng yaxshi kunlarni birga kechiramiz. Dushmanni chalg'itay, qaytaman!..

— Otam qaerdaligini aytmadingiz! — xuddi uning so'zlarini eshitmagandek, takrorladi Sevinch. — Haqiqatni aytishga qo'rqasizmi?

Tolib miq etmadi. U Sevinch bo'yniga osilib xayrlashishi, «ketmang» deya yig'lab yalinishiga umid bog'lagandi. O'rnidan jilmaganini ko'rdi-yu, istehzoli tirjayish qilib, tashqariga yurdi va ostonaga yetganda, bosh burib shivirladi:

— Otang o'lgan! Uni kutma! Falokat ekan! Otangni mashina urib ketgan!

— Yolg'on! Dadamning qabrida ayol jasadi yotibdiykan! Nega tan olgangiz kelmaydi? Vijdoningiz bormi o'zi?

Tolib javob bermadi. Boshini sarak-sarak qilgan ko'yi tashqariga chiqib ketdi.

 

* * *

 

Oradan bir soat o'tgachgina Sevinch Tolib aytgan so'nggi gaplarni fahmlab yetdi. Uni bir umr ko'rmasligi mumkinligini his etib, o'zi sezmagan holda balkonga chopib chiqdi. Xuddi Tolib hamon uni kutib turgan-u, yo'ldan qaytarib qolmoqchidek, ko'cha tarafga alangladi. Tashqarida esa hech kim ko'rinmasdi. Tevarakda o'tkinchi mashinalarning shovqini hukmron edi.

U yana ikki qarama-qarshi tuyg'u domida qoldi. Bir ko'ngli otasi haqida qayg'urdi, bir ko'ngli Tolibni yo'qotganiga kuydi.

O'ziga qolsa, hech narsani o'ylagisi kelmadi. Karavotga o'zini tashlab, yuztuban yotaverishni xohladi. Ammo qaysar qalbi, tafakkuri bunga yo'l bermasdi. Miyasi alam changalida qisilardi. Jussasi xayolning boshi berk ko'chasidagi zulmat qa'rida qolib, betinim azoblanardi.

Ovozining boricha hayqirgisi bor edi. Chog'landi deguncha tomog'i quruqshar, tili tanglayiga yopishib, ko'ksidan otilib chiqishga shaylangan sadoning yo'lini to'sardi.

Ana shu taxlit Sevinch uch kunni o'tkazdi. Uch kun davomida bo'lari bo'ldi. O'ylagan o'ylari, qalbini chirmab olgan nafrat vujudini kuydirib kul qilayozdi.

Uchinchi kun tushga yaqin kvartiradagi telefon bezovta jiringlay boshladi. Jiyronbek aka kelgusida yordami tegishiga qattiq ishonganmi, telefon o'rnattirib bergandi.

Sevinch shoshib borib go'shakni ko'tardi. O'ylaganidek, Jiyronbek aka ekan.

— Tuzumisiz, singil? — so'radi u horg'in ohangda. — Hech kim bezovta qilmayaptimi?

— Yo'-o'q, yaxshi, — dedi Sevinch kimdir hol so'raganidan hiyla ko'ngli ko'tarilib. — O'tiribman… Bilmadim… Buyog'i nima bo'lishini…

— Tolib tulkining otasiykan, singil! Umidlarimni puchga chiqardi. Ja tagi baquvvat akalari borakan. Nimayam qila olardim? Menam oddiy xizmatchiman-da! Boshliqlarning aytgani bo'ldi. Uni qo'yib yuborishdi… Mayli, bo'lar ish bo'ldi. Men baribir so'zimda turibman. Sizni ko'chaga haydab chiqarmoqchimasman. Aksincha bitta yaxshi taklifim bor. Yo'q demasangiz, yo'lingizni topib ketardingiz. Harqalay, boshingizdan issiq-sovuq kunlar o'tdi deganday. Bu turishda odam abgor bo'lib qolishi hech gapmas.

— Endi menga baribir, — dedi Sevinch. — Otajonimni qidiraman. Umrim qanday o'tishining umuman qizig'i qolmadi.

— Yo'q, yanglishyapsiz, otangizni qidirishni bizga qo'yib bering! Men yigitlarga hamma ma'lumotlarni berganman. Ular ishni boshlashgan. Ishoning, otangiz albatta topiladi. Agar haqiqatan o'ldirib yuborilgan bo'lsa, adolat baribir qaror topadi. Qotil tutiladi. Basharti qotil Tolibning o'zi bo'lib chiqsa, uni qaytarib turmaga tiqishim tayin. Mening birdan bir niyatim ham shu! Xullas, kvartiradan chiqmay turing, men hozir yetib boraman. Hammasini batafsil gaplashib olamiz. Bo'ptimi?

— Mayli, — javob qildi Sevinch bo'shashib. — Kelavering!

Jiyronbek akaning bir og'iz gapi Sevinchga dalda bo'ldi. Ko'ngli ko'tarildi. Armonlar nari chekindi. Qalbida umid uchqunladi. Vujudini beixtiyor kelajak haqidagi shirin orzular chulg'adi. Otasi tirik ekaniga yanada qattiqroq ishona boshladi. Meliboy mirobning mahzun chehrasini ko'z oldiga keltirib, entikdi.

«Biz endi avvalgidek og'ir hayot kechirmaymiz, dada, — dedi xayolan otasiga murojaat etib. — Yaxshi odamlar ham borakan dunyoda. Jiyronbek aka aytdi-ku, sizni topisharkan. Qaerda bo'lmang, baribir biz yuz ko'rishamiz. Faqat… O'tmishdagi alamlar arimayapti-da, dada! Yotsam ham, tursam ham, ko'z o'ngimda dahshatli manzaralar aylanaveradi. Uyimizning gurillab yonayotgani, sizning kasalxonada yotib yig'laganlaringizni xotiramdan o'chirib tashlay olmayapman. O'tib ketar-a, dada? Axir, enajonimning o'lganigayam ko'nikkanday bo'ldik-ku! Bunisigayam ko'nikib ketarmiz, axir?!»

Goh yig'lab, goh yupanib, o'z yog'ida o'zi qovrilib o'tirganda, Jiyronbek aka kirib keldi.

— Singil, gapni cho'zib o'tirmaymiz, — dedi u kaftlarini bir-biriga ishqalab. — Hadeb siqilaverish ham yaxshilikka olib kelmaydi. To'g'ri, sizni tushunaman, yosh bo'la turib, ko'-o'p ishlarni ko'rib qo'ydingiz. Hayot ekan-da! Xayriyatki, bizga yo'liqdingiz. Qolaversa, soddadilligingiz bizga juda ma'qul bo'ldi. Shunday ekan, ilgari va'da berganimday, tashlab qo'ymayman. Xullas, sizga bir taklifni aytish uchun kelgandim aslida. Aytaveraymi?

— H-ha, — dedi Sevinch xijolatdan duv qizarib. — Aytavering.

— Bilaman, qo'lingizda ancha-muncha pul bor. Yaxshiyam siz menga uchradingiz, agar boshqasi bo'lsa, pullarniyam tortib olardi. Ana endi o'sha pullarni ko'paytirish payti yetdi.

— Ko'paytirish? — hayrat aralash Jiyronbek akaga boqdi Sevinch. — Qanday qilib?

— Qanday bo'lardi? Aylantirish kerak. Buning uchun biror kooperativ ochishingiz zarur bo'ladi. Yevropada xuddi shunday qilishadi. Pul hech qachon sandiqda mog'or bosib yotmaydi. Harakatda bo'ladi. Eshitganmisiz?

— Y-yo'q, eshitmaganman.

— Albatta-da, siz qaerdanam eshitardingiz. Bu narsaga ishingiz tushib ko'rmagan bo'lsa…

— Kooperativ deganingiz nimasi, amaki? Chayqovchilikmi?

— Qiziqmisiz? — kulib yubordi Jiyronbek aka. — Ko'rib-bilib turib sizni jinoyatga yetaklaymanmi? Men-a? Qo'ying-e! Kooperativ bu tadbirkorlik degani. Masalan, biror sex yoki ijara tashkiloti ochib, ish yuritasiz. Buning uchun davlat ro'yxatidan o'tib, maxsus ruxsatnoma olasiz. Ko'ribsizki, ishlaringiz tez orada yurishib, daromad ko'ra boshlaysiz.

— Bu mening qo'limdan kelmasa-chi?

— Keladi.

— Kelmaydi, amaki, kelmaydi. Men… Qo'rqaman.

— Obbo, — Jiyronbek aka zarda aralash o'rnidan turib ketdi. — Sira tushunmas ekansiz-da! Nimadan qo'rqasiz? Davlat sizni himoya qiladi. O'g'irlik qilmaysiz, halol pul topasiz. Buning nimasidan qo'rqasiz?

— Yaxshisi, bozordan menga biror joy qildirib bera qoling, — dedi Sevinch yer chizib. — Xudo xayringizni bersin! Ishoning, olib-sotarlik qilmayman. Uzoq yurtlarga borib mol opkelaman. Bahonada havo almashtirardim, dunyoni ko'rardim. Yo… Buning iloji bo'lmaydimi?

— Eh, singil-a, men sizni ajoyib tadbirkorga aylantirmoqchiydim. Siz bo'lsangiz… Axir, bozorda haromdan pul topadiganlar tiqilib yotibdi. O'shalarga qo'shilmoqchimisiz?

— Qo'shilmayman, bir o'zim ishlayman. Ajabmas, dadam tirik bo'lsa-yu, yana yuz ko'rishsam, ishlarim yurishgani uchun rosa xursand bo'lardi. Yarimta ko'ngli ko'tarilib qolardi.

Meliboy mirobning nomini eshitib, ko'ngli yumshadimi, Jiyronbek aka bosh qashigancha o'ylanib qoldi. Chamasi, Sevinchning boshiga tushgan savdolar uning qalbini yanada yumshatgandek bo'ldi.

— Bo'pti, — deya qaytadan Sevinchga yuzlandi u. — Shashtingiz qaytmasin. Bozor bo'lsa, bozor-da! Markaziy bozor rahbarlari bilan salom-aligim bor. O'shalarga aytamiz, yaxshi joydan topib berishadi. Faqat sizga aytadigan bir gapim bor. Umuman… Gap desam ham noto'g'ri bo'lar. Iltimosim bor. Vaqti keladi, o'sha iltimosimni sizga aytaman. Yo'q demasangiz bas.

— Albatta, — mamnun jilmaydi Sevinch. — Agar qo'limdan kelsa, albatta yaxshiliklaringizni qaytaraman.

— Unutmaysizmi? Bir kun kelib ishlaringiz yurishsa, boyib ketsangiz, esingizdan chiqarib yubormaysizmi o'sha iltimosimni?

— Xudo asrasin! Hech qachon!

— Unda ertaga markaziy bozorda uchrashamiz. Aytgancha, otangiz masalasida xotirjam bo'ling. Topilishi bilan o'zim sizga xabar beraman. Xayr!

— Yaxshi boring!

Jiyronbek aka chiqib ketgach, Sevinch ancha yengil tortdi. Karavotga yonboshladi-yu, yana otasi bilan xayolan tillasha boshladi.

«Dada, tirikmisiz, yo olamdan o'tganmisiz, afsuski, bilmayman. Koshki bilsam. Qaniydi, tirik bo'lsangiz-u, ajoyib kunlarning birida kuli-ib kirib kelsangiz. Xudodan so'rayveraman, to'xtamay, charchamay, yig'lab-yig'lab so'rayveraman. To sizni menga qaytib bermaguncha so'rayman… Dada, Jiyronbek aka menga yordam bermoqchi, sizni qidirib topmoqchi. Keyin-chi, Tolibni Sibirgami, allaqaerlarga olib borib tashlasharmish. O'sha yoqlarda o'lib ketarmish. Mayli, men beboshlik qilib, o'sha nusxaga ko'ngil berib qo'ydim. Qalbimga quloq solib, o'zboshimchalik qildim. Endi bo'lsa, bola orttirib olganimga nima deysiz?.. Yo'q, dada, agar bu bola tug'ilsa, sizam yoqlamasdingiz, norozi bo'lardingiz. Oldiraman uni. Gunohga botsam birato'la bota qolay. Undan keyin uzoq yurtlarga borib mol opkelaman. Halol deyishadi-ku shu ishni! Mana ko'rasiz, kelganingizda qizingizni tanimay qolasiz. Qizingiz boy bo'ladi, siz ko'rmagan eng yaxshi kunlarni ko'rsatadi, duongizni oladi, sizni parvarish qiladi…»

Oradan bir hafta vaqt o'tdi. Jiyronbek aka va'dasida turib markaziy bozordan xaridorgir joy toptirib berdi. Bu orada Sevinch vijdoni azoblansa-da, ikki o't orasida qolib bo'lsa-da, homilasini oldirdi. Kerakli muolajalarni oldi. Oyoqqa turgach, xorij safariga otlandi.

Faqat do'xtirlarning bir gapi yuragiga qora dog' solib qo'ygandi. U endi hech qachon farzandli bo'lmasligi mumkin ekan.

 

* * *

 

Bu holat, manzara, mulozamat Sevinchning nazdida totli bir tush kabi edi. Bozorning eng xaridorgir joyida qad ko'targan uzundan-uzun peshtaxtaga boqardi-yu, yuragidagi qaysidir tomirchasi uzilay derdi. Quvonchdanmi, armonlar birdan haqiqatga aylana boshlaganidanmi, vujudi titrar, baxti bo'g'ziga tiqilib, hayqiriqqa aylanib, tashqariga oshiqardi.

Endi nima qiladi? Mana, xorijga ham ilk bor borib qaytdi. Jiyronbek aka yetagida qurilgan ana shu ajoyib, ko'zni quvontirar darajadagi peshtaxta molga to'ldi. Dovdirab qolmasin degan chog'i, Jiyronbek aka kelishgan bir qizni sotuvchilikka ham tayinlabdi. Hozir shu qizga yaqin borib bemalol ko'rsatmalar beraversa bo'ladimi? Bobillab bersa-chi? Nega? Axir, o'zining sotuvchisi-ku! Ana, atrofdagi bozorchilar o'z molini o'zi sotmoqda. Sevinch esa ular kabi ertadan kechga qadar bozorda turmaydi. Qish sovug'ida, yoz jaziramasida azoblanmaydi. Chunki sotuvchisi bor.

— Opa, manavi kostyumlarni ko'p so'rashyapti, — dedi sotuvchi qiz Laylo Sevinchning xayolini bo'lib. — Opa-a, tinchlikmi?.. Mazangiz yo'qmi, opa?

— N-nima? — Sevinch seskanib bosh ko'tardi-da, Layloga yuzlandi. — Nimadir dedingizmi?

— Manavi kostyumlarni ko'p so'rashyapti deyman. Bir soatning ichida to'rttasini sotvordim.

— Shunaqami? H-hali ko'p edi-ku!..

— Agar savdo bugungiday bo'lib tursa, ikki haftaga yetarov!

— Ikki haftaga? Voy, keyin nima qilamiz?.. Axir…

— Tag'in chiqib kelsangiz bo'larkan-da xorijga! Yo'qsa, tugab qoladi mollarimiz.

— Xorijga?.. Be, hadeb ruxsatnoma beraverishmasa kerak? O'zi kuni kecha qaytgan bo'lsam…

— Opa, Jiyronbek akaga bir og'iz shipshitib qo'ysangiz bas. To'g'rilab beradi. O'zi aytdi-ku!..

— Ha-ya, — dedi Sevinch iyagini tutamlab. — To'g'ri aytasiz. Jiyronbek akaga tag'in qo'ng'iroq qilarkanman-da! O'lsin, ko'proq opkelsam bo'larkan-a o'sha savildan!

— Bu gal shunday qilasiz. Sizam qaerdan bilibsiz?!.

— Bo'pti, Laylo, men birrov uyga borib kelay unda! Siz… Tushlik qilvoling! Och turmang bozorda!

— Xo'p bo'ladi!

Sevinch asta ortga burilib, ketishga chog'landi. Shu mahal talato'p odamlar orasidan tanish bashara qarshisida ko'ndalang bo'ldi. Sevinch uni ko'rdi-yu, rangi oqarib beixtiyor orqaga tislandi. U Sarvar edi. Sevinchning ro'parasida bezraygancha sovuq tirjayib turardi.

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

loading...