Samarqand shahrida avtobus qatnovi taqiqlanmagan

0

Samarqand shahrida aholining jamoat transportiga bo'lgan ehtiyojidan kelib chiqib shu paytgacha 53 yo'nalishda 441 ta avtobus yo'lovchilarga xizmat qilib kelayotgan edi.

Ammo koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida e'lon qilingan karantin sharoitida yo'lovchilar oqimining keskin kamayishi sababli yo'nalishga chiquvchi avtobuslar ham qisqartirildi.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmatining ma'lum qilishicha, 24 mart holatida Samarqand shahrida jamoat transporti sohasida faoliyat ko'rsatayotgan 18 korxonadagi 441 ta avtobusdan 130 tasi yo'lovchilarga xizmat qilmoqda. Buning natijasida yo'nalishlarda belgilangan oraliq intervallar vaqtincha uzaytirildi.

Yo'lovchilar xavfsizligini ta'minlash maqsadida Samarqand viloyati sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi xodimlarining ko'rsatmalari bo'yicha barcha avtobuslar yo'nalishga chiqarilishidan oldin soat 4.00 dan boshlab dezinfeksiya qilinmoqda. Shuningdek, Samarqand shahri va tumanlarda joylashgan avtovokzallar, avtoboshbekatlar va avtobuslarning so'nggi bekatlarida har 4 soatda zararsizlantirish profilaktikasi olib borilmoqda. Yo'nalishsiz taksilarda ham belgilangan tartibda va vaqtda dezinfeksiya ishlari amalga oshirilmoqda.

24 mart kunidan e'tiboran Samarqand viloyatida viloyatlar, shaharlar va tumanlararo avtobus va mikroavtobuslar qatnovi cheklandi.

UzA.uz

loading...