ALAMZADA… (37-qism)

0

 

 

* * *

 

— O', ishlar besh-ku! — dedi Sarvar yonidagi shop mo'ylovli, qandaydir ajabtovur kiyimlardagi novcha yigitni turtib. Sevinch shundagina Sarvar yolg'iz emasligini bildi. Ammo yonidagini tanimadi. — Savdogar bo'p ketibdilarmi, xonim? Sulaymon o'lib devlar qutulibdi-da!

— Menda biror ishingiz bormi? — Sevinch Tolibning sobiq shotiri bilan sira gaplashgisi yo'qligidan gapni kalta qilishga urindi. — Ishingiz bo'lmasa, oldimni to'smang! Shoshib turibman!

— Shoshib turibman? Yo'g'-e! Okalaring keldi yoningga! Bunaqa muomala qilmagin-da endi! Buning o'rniga qahva bilan mehmon qil! Qo'y go'shtidan kabob buyursangam yo'q demaymiz, hi-hi-hi-hi!

— Ustimdan kulmang! Men ilgarigi Sevinchmasman! O'zingizga yomon bo'lishi mumkin!

— Shunaqami-i? — dedi cho'zib Sarvar. — Hali kuchayib ketdim degin? Vey, — shunday deb Sarvar yana bir qadam oldinga tashladi. — Haddingdan oshmagin, sohibjamol! Jahlim chiqsa-chi, sohibjamolliginggayam qarab o'tirmayman!

— Ovora bo'lasiz! — bo'sh kelmadi Sevinch ham. — Muammo kerakmi sizga? Birpasda muhayyo qilishim mumkin.

— Sevinch, o'zingni bosvol! Bozordan joy olibsan, barakalla! Lekin Tolib akangning davridagi mahmadonaliging o'tmaydi endi. Chunki hozir Tolib yo'q, Sarvar bor, Sarvar! Bozor ichak-chavog'i bilan menga bo'ysunishini bilasanmi?

— Bilishniyam istamayman! — yuzini ters burib javob qildi Sevinch. — Men sendaqalardan qo'rqmayman! Qo'rqadigan davrim o'tib ketgan.

— O'zing bilasan. Men sendaqalar bilan pachakilashib o'tirishni o'zimga ep ko'rmayman! Xullas, buyog'iga shaxsan menga ulush to'laysan. Kechqurun yigitlar borishadi. Besh yuz tayyorlab qo'y! Shuncha pulni har oyda qo'limga qurtday qilib tutqazasan. Bermasang…

— Xo'sh, nega jimib qolding? — dedi Sevinch birdan sergak tortib. — Bermasam nima bo'ladi?

— Bermasang, o'lasan! Gap tamom! Keyin… O'zingdan kattani «sen»lamasang, yaxshi bo'lardi.

Sarvar ortiq bir so'z demadi. Yonidagi barzangini turtdi-da, jo'nab qoldi.

Sevinch esa nihoyatda asabiy edi. Alamga chidolmaganidan nima qilishni, qay tomonga yurishni bilmasdi.

Avvaliga unchalik e'tibor qilmabdi. Sarvarning do'qlarini shunchaki ahmoqlikka yo'yibdi. Ammo uyga qaytgandan so'ng birdan yuragi g'ash torta boshladi. Sarvarning gaplari mag'zini chaqib ko'rdi. Shundagina nimalar bo'layotganini anglab yetgandek bo'ldi.

— Bu nimasi? — hayqirdi qalbi. — Kechagina Tolib zo'ravonning yalog'ini yalab yurgan yigit bugun xo'jayinga aylandimi? Nega? Kim unga huquq berdi? Kim yo'l ko'rsatdi? Nima uchun aynan seni ta'qib qilmoqda? Qay go'rdan eshitdi tijorat bilan shug'ullana boshlaganingni? O'ldiraman dedimi? Sabab? Nahotki, qasdi bo'lsa? Lekin qachon qasdlasha qoldi?..

— Jiyronbek akaga chaqib beraman, — dedi o'tira-o'tira Sevinch. — Ie, kim bo'pti o'zi o'sha Sarvar? Shunday Tolibning tanobini tortgan tashkilot Sarvarni qo'yarmidi? Pul talab qilganini aytsam, ko'radi ko'radiganini. Yaramaslar, qishloqdan kelgan, hech kimi yo'q deb ko'ngillariga kelgan ishni qilaverishadimi? Kallakesar bo'lsa o'ziga! Menam u o'ylaganchalik ahmoqmasman. Qarab tursin!..

Vaqt esa o'tib borardi. Hash-pash deguncha shom payti ham ortda qolib, xufton mahali bo'ldi. Hoynahoy halizamon u nusxalar keladi-da, eshikni tepa boshlashadi. Nima qilsa bo'ladi? Qo'ng'iroq qilsinmi Jiyronbek akaga? Sarvar bilib qolsa-chi? Hamtovoqlarini jo'natib o'ldirtirib yuborsa-chi? Unda nima qiladi? Yo'q, nega qo'rqib qoldi? Tolibdan o'ch olish niyatida Jiyronbek akaga yordam berganida qo'rqmagandi-ku!

Shunday xayollarga ko'milib o'tirganda, kutilganidek eshik bezovta taqilladi. Sevinch yo'lakka chiqishga shoshilmadi. «Taqillatib-taqillatib, balki ketar» deb xayol qildi. Baxtga qarshi eshikni tepa boshlashdi. Kimlarningdir so'kingani quloqni qomatga keltiray dedi. Sevinch chiqmasa bo'lmasligini tushunib yetdi va asta o'rnidan turdi.

— Kim u? — deya ovoz berdi u xiyol titrab. — Kimsiz?

— Och eshikni!

Bu tovush egasini ham darrov tanidi. Adashmasa, u Mo'ydin degan barzangi edi. Tolibning Sarvardan keyingi ishongani bo'lgan.

— Sizga kim kerak? — atayin vaqtni cho'zish uchun so'radi Sevinch. Shunday qilsa, mana-mana Jiyronbek aka kelib ularni qo'lga oladigandek tuyuldi. — Sizni tanimayman.

— Yaxshilikcha ochsang, och! — dag'dag'a qildi ovoz egasi. — Yo'qsa, eshikni buzib kiramiz. Keyin dardingni katta xolanggayam aytolmay qolasan!

— Keting! — qarshi so'z aytishda davom etdi Sevinch. — Hozir melisaga qo'ng'iroq qilaman!

— Hali shunaqami? Shunaqa hunaringam bormidi? Yigitlar, qani, boshlalaring! Yaxshi gapga ko'nmaydiganga o'xshaydi bu iflos!

— Yo'q, yo'q! Bo'ldi, ochaman, ochaman! Mana, ochyapman!

Sevinch azbaroyi qo'rqib ketganidan qaltiragan ko'yi eshikni ochdi. Shu zahoti Mo'ydin yetagida ikki barzangi ichkariga o'zini urdi.

— Kim bor uyda yana? — dag'dag'a bilan so'radi Mo'ydin shosha-pisha kvartira eshigini ichkaridan tambalarkan. — Gapir, kim bor sendan boshqa?

— H-hech kim, — javob qildi tutilib Sevinch. — B-bir o'zimman!

— Juda yaxshi. Xullas, gapni cho'zib o'tirmaymiz. Sarvar aytgan narsani tayyorlab qo'ydingmi? Opchiq! Shoshib turibmiz!

— Q-qanaqa narsani? U menga hech nima demadi?

— Nima? — Mo'ydin sheriklariga ma'noli qarab qo'ydi-da, kutilmaganda Sevichning iyagiga chang soldi. — Vey, oyimcha, chayqovchi, tushunmadi-im! Bu bilan nima demoqchisan? «Bermayman» demoqchimisan?

— Tinchitib qo'ya qolaylik shuni! — yonidagi barzangilardan biri irshaydi. — Pachakilashib o'tiramizmi?

— Rostdanam, — o'rtaga qo'shildi ikkinchisi. — O'tiradimi endi qayoqdagi bozorchiga yalinib?

Mo'ydin bu gapdan so'ng Sevinchning tomog'idan qo'lini tortib oldi-da, ehtiyotkorlik bilan ichkarini aylangan bo'ldi. Oshxona, balkonlarga ko'z tashlagach, zalga qaradi. Qaradi-yu, da'fatan rangi oqarib darrov ortga burildi.

— Yurlaring, — dedi sheriklariga shivirlab. — Adashib boshqa yerga kelibmiz. Tezroq bo'llaring!

— Qanaqasiga adashamiz? — qaysarlik bilan Mo'ydinning bilagidan tortqilab, qolishga unday boshladi sheriklardan biri. — Xuddi o'zi-ku!

Mo'ydin uning tirsagidan tutdi-da, qulog'iga allanimalar deya pichirladi. Xabar o'ta jiddiy ekanmi, ikkala barzangi ham oyog'i kuygan tovuqdek tipirchilab baravariga eshik zulfiniga yopishdi.

Ular bir necha o'n soniya ichida xayr-ma'zurni-da nasya qilib juftakni rostlashdi.

Sevinch hayron edi. Ostonada turib olgancha zinaga boqar, ularning nega ketgani, nimadan xavfsiraganiga sira aqli yetmasdi. Birpas turgandan keyin yelka qisa-qisa ichkariga qaytdi va eshikni tambalab, zalga o'tdi. Shkaflarni, deraza tokchalarini ko'zdan kechirdi. Hech bir shubhali narsani ko'rmadi. Yanada hayrati ortib, devorlarni ko'zdan o'tkazdi. Ana shunda chap tarafdagi devor orasidan yuz ko'rsatib turgan kichkina, dumaloq narsani ko'rdi. Bu yashirin kamera edi. Umrida unaqangi uskunalarni ko'rib o'rganmagan Sevinch oldiniga qo'rqdi. Kamerani rostakam bombaga yo'yib tizzalari dag'-dag' titragancha ortga tislandi. Yuragi qinidan chiqqudek tipirchilab, shartta polga o'tirib oldi. O'tirish asnosida ko'zlarini chirt yumdi. Go'yo shu taxlit o'tirsa, bomba balosidan qutulib qoladigandek tuyuldi.

Qancha o'tirdi, bilmaydi, burchakdagi tumbochka ustida turgan telefon bezovta jiringlay boshlagachgina o'ziga keldi. Bir muddat nima qilishni bilmay garangsidi. O'rnidan qo'zg'alsa, hov anavi shisha devor orasidan otilib chiqib, portlaydigandek bo'laverdi. Ammo telefonning chakagi hali veri tinay demasdi. Aksiga olgan kabi borgan sari yanada balandroq jiringlayotgandek edi.

Ortiq bardoshi yetmadi. Sevinch tavakkal o'rnidan turdi-da, yugurgancha borib go'shakni ko'tardi.

— Singil, tinchlikmi? — qo'ng'iroq qilgan odam Jiyronbek aka ekan. Picha hazillashgan bo'ldi. — Portlamadimi devordagi narsa?

— Voy, siz qaerdan bilasiz? — anqovsirab atrofga alangladi Sevinch. — Q-qaerdasiz o'zi? Meni… Qanday ko'rdingiz?

— Men kabinetda o'tiribman, — dedi Jiyronbek aka jiddiylashib. — Holatingizni tomosha qili-ib kulgim qistadi. Lekin-chi, hammasi samimiy, ha! Sizni juda yaxshi tushunaman.

— T-tushunmadim, — dedi Sevinch hayratini yashira olmay. — Meni qanday ko'rishingiz mumkin? Amaki, agar shu yerda bo'lsangiz, ayting! Qo'rqitmang odamni!

— Iltimos, meni «amaki» demang, singil! Men siz o'ylaganchalik qari emasman. Endi savolingizga kelsak, o'sha sizni qo'rqitgan narsa yashirin kamera! Men xuddi shu kamera orqali sizdan xabardor bo'lib turibman. Qo'rqmang, ishoning, u bombamas! Shunchaki kuzatuv kamerasi. Mening kabinetimga ulangan.

— Aytgancha… — Mo'ydin haqida gapirish uchun taraddudlandi Sevinch. — Haligi…

— Bilaman, — uning gapini kesdi Jiyronbek aka. — Bosqinchilar allaqachon kamerada o'tiribdi. Siz sirayam qo'rqmang! Biz borakanmiz, sizga hech kim xavf sololmaydi.

— Sh-shunaqami?.. — Sevinch shundan keyingina sal bo'shashdi. — Men bo'lsam… O'lay dedim qo'rqib.

— Darvoqe, otangizni qidirishda davom etishyapti yigitlarimiz. Umidni yo'qotmang! Albatta topamiz.

— Iloyo umringiz uzoq bo'lsin! — Sevinch beixtiyor yig'lamsirab so'z qotdi. — Yaxshiyam sizlar borakansizlar.

— Endi yotib uxlang! Ertaga ishga chiqishingiz kerak. Agar biror kamchilik bo'lsa, tortinmay qo'ng'iroq qilavering!

— Xo'p!

Go'shakni joyiga qo'ygach, Sevinch bir necha daqiqa tumbochka qarshisida turib qoldi. Quvonishni ham, quvonmaslikni ham bilmay hayron bo'ldi. Bosqinchilarni hali unutib ulgurmagan bo'lsa-da, baribir xayolan Jiyronbek akani alqadi. Taqdiriga shukr qildi. Meliboy mirobni qayta yodga olib, g'oyibona duosini oldi. Keyin esnay-esnay, yotoqqa kirib, karavotga cho'zildi.

 

* * *

 

… Oradan olti oy o'tdi. Yana qish qilichini yalang'ochlab shaharni zabt etdi. Negadir bu yilgi qish qattolroq keldi. Qor deyarli tizzagacha yog'ib, odam emin-erkin ko'chada yurolmas bo'ldi. Bunaqangi havoda, ayniqsa, bozorchilarga qiyin bo'ladi. Xaridor kamayib ketishi kamlik qilgandek, peshtaxta tepasida turishning o'zi mushkul kechadi.

Ko'pga kelgan to'y-da, Sevinch ham qish chillasida daromadi kamayib, xarajatlar ortganidan nolib-nolib qo'yardi. Shundan bo'lak iloji ham yo'q edi. Chunki hech kim nasibasidan ortig'ini ololmaydi. Bardosh qilish lozimligini yarim yil ichida tushunib yetdi. Asosiysi, Mo'ydin, Sarvar kabi bezori, kallakesarlar tepasiga kelib pul talab qilmayapti. Yuragi taka-puka chor tarafdan xavf kutmayapti. Jiyronbek aka ham ilgarigiga nisbatan ko'proq xabar oladigan, hol so'raydigan bo'ldi. Shunisiga shukr!

Sevinch sotuvchisidan birrov xabar olish ilinjida o'ylanibgina bozorga kirdi va o'ziga tegishli peshtaxta tomon yurdi. Shu payt orqadan kimdir ismini aytib chaqirgandek tuyuldi-yu, taqqa to'xtadi.

Chaqirgan chamasi o'n olti yoshlar atrofidagi bo'ydor, chayirgina, kelishgan yigit ekan. Sevinch yigitning tashqi ko'rinishiga ko'zi tushgandayoq shaharlik ekaniga shubhasi qolmadi.

— Meni chaqiryapsizmi? — so'radi qovoq uyib.

— Ha, opajon, sizda picha ishim boridi. Agar… Vaqtingiz bo'lsa…

— Nima ishingiz bor? Tinchlikmi?

Shunday deb yigitni sal chetroqqa, o'tkinchilardan xoliroq joyga boshladi.

— Qulog'im sizda? Kimsiz?

— Ismim Jasur, — yer chizib gap boshladi yigit. — Shu atrofda turaman. Talabaman… Xullas, chet tillar institutida birinchi kursda o'qiyman. Haligi…

Yigit maqsadga o'tishga qiynalayotgani duv qizarishidan sezilib turardi. Sevinch uni ortiqcha qiynamaslik uchun turtki bergan bo'ldi.

— Dangal gapiravering! Biror muammo bormi, Jasurbek? Tortinmay gapiravering! Harqalay meniyam yoshim ja kattamas. Siznikidan uch-to'rt yilga farq qiladi xolos.

— Bir-ikkita o'rtoqlarim shu bozorda choy-poy sotib tirikchilik qilardi, — dedi Jasur lab tishlab. — Siz haqingizda o'shalardan eshitib qoldim.

— Nima gap o'zi? Qiynalib ketdingiz-ku juda gap boshlolmay!

— Opa, ish qidirib yurgandim. Ota-onam qarib qolishgan. Meni o'qitishga qurbilari kelmaydi. Shunga… Sizga ishchi kerak deb eshitib…

— Shunaqami-i? — kulimsirab Jasurga yer ostidan boqdi Sevinch. — Shuni darrov aytib qo'ya qolsangiz bo'lardi-ku!

— Haligiday… Noqulay bo'ldi-da, opa! Umuman…

— Mayli, tushdan keyin o'ting unda oldimga, maylimi?! Joyimizni bilasizmi?

— Bilaman, — dedi Jasur jonlanib. — Kecha «tochka»ngizga o'tuvdim, ammo… Aytolmadim.

— Mayli, xavotir olmang, bir yo'li topilib qolar, uka!

— Rahmat sizga! Opajon, unda tushdan keyin kelaveray-a?

— Ha, albatta keling!

Jasur qo'lli-oyoqli yigit ekan. Darsdan keyin kelsa-da, aytilgan yumushni o'z vaqtida ko'ngildagidek ado etar, bir og'iz so'z qaytarmasdi.

Sevinch unga zimdan boqardi-yu, o'tmishi yodiga tushardi. Ota-onasi qo'li yupqa odamlar bo'lishgani boismi, o'ziga to'qroq qo'shnilar ko'pincha Sevinchni turli yumushlarga chorlashar, evaziga pul to'lashardi. Sevinch ham xuddi Jasur kabi bir og'iz qarshi so'z aytmay, yumushini ado qilardi. Hatto isitmasi ko'tarilib, boshi lo'qillab ketayotgan bo'lsa-da, hech kimga sezdirmasdi.

«Nahotki, menam qatorga kirgan bo'lsam, ena? — hasratlarini xayolan marhuma onasiga to'kib solardi u. — Qarang, birovni, qiynalgan xonadonning bolasini ishga yolladim-a! Kim edim-u, kim bo'ldim? Qaniydi, shu kunlarimni ko'rsangiz! Bozorda hamma meni hurmat qiladi, yoshi sizdan ulug'lariyam ikki qo'li ko'ksida salom berishadi, ena. Uyaliblar ketaman ba'zida. Demak, menga to'g'ri tarbiya bergan ekansiz-da!.. Bilaman, shakkokligimni, Tolibga ilakishganimni baribir kechirmaysiz. Nima qilay? Boshimizga tushgan savdolarni ko'rmagansiz. Otajonimning ahvolidan bexabar edingiz. Shular, qolaversa, qo'qqisdan kasalga chalinib qolganim sabab bo'ldi shekilli. Ko'nglimni qayirib tashlay bilmadim. Uning amriga bo'ysunishdan o'zga iloj topa olmadim. Kechiring! Agar kechira olsangiz, albatta! Men shu gunohim uchun xudoning qarshisida jazomni tortishga tayyorman. Bo'lar ish bo'ldi. Endi ortga yo'l yo'q!..»

Kunlar o'taverdi. Sevinch navbatdagi safardan qaytib, charchaganiga qaramay, bozordan xabar olish niyatida kelgandi. Shu gal negadir manzara sal boshqacharoq namoyon bo'lgandek tuyuldi. Onasiga aytmoqchi, yoshi ulug'lar bu safar ikki qo'li ko'ksida salom berishmadi. Uni ko'rdi deguncha shosha-pisha bosh irg'ab salomlashgan bo'lishdi-yu, imi-jimida nari keta boshlashdi. Yon-veridagi peshtaxta egalari ham qovoq uygancha sovuq so'rashishdi. Ammo Jasur mamnun edi. Bir oy ichida o'rganib ketibdi bozorga. Hali u do'kon, hali bu peshtaxtaga yaqin borib, nimalarnidir hal qilar, kimlargadir allambalolarni tayinlab qaytardi.

Sevinch beixtiyor ko'ngli g'ashlangandek bo'lib hushyor tortdi. Jasurni o'ziga sezdirmay kuzatishga tutindi. Biroq katta bozorda buning sira imkoni yo'q edi. Devdek yigitning ortidan dum kabi ergashib yura olmasligini o'zi ham yaxshi biladi.

— Laylo, — shivirladi sotuvchisiga asta. — Tinchlikmi? Jasur aytganingizni qildimi men yo'qligimda?

— Voy, opa, bu bola juda o'zgarib qolgan, — yorildi nihoyat Laylo paytdan foydalanib. — «Delovoy» bo'p ketgan Jasuringiz.

— U nima degani? O'zbekchalab aytsangiz-chi!

— Uni-chi, ikki-uchta bezori o'rtoqlari borakan. O'shalarni yoniga olib bozordagi katta-katta savdogarlardan ulush yig'adigan bo'libdi. Jiyronbek akani qora qilib bilgan qandini yeyotganmish.

— Nima? J-jiyron akani nega qora qiladi? Jinnimi u? Nimaga ulush yig'adi? Nima haqi bor?

— Bilmasam, opa, — yer chizdi Laylo yelka qisib. — Siz ketganingizdan beri o'zgarib qolgan Jasur.

— Shunaqami hali? Yaxshilikka yomonlik ekan-da! Men u bolani yaxshi yigit deb yursam, bezori ekan deng?! Mayli, hozir adabini beraman. Yaramas! Hayron bo'luvdim-a qo'shnilar nega menga ola qaray boshlashibdi deb! Gap buyoqda ekan-da!..

Ana-mana deguncha kech tushdi. Odatiga ko'ra, Sevinch «mol» yig'ishtirish pallasida bozorda bo'lardi. Ish bitib, Layloni kuzatgach, Jasurga yuzlandi. U xotirjam edi. Tezroq ruxsat tegishini kutib, qur-qur Sevinchga yer ostidan qarab qo'yardi.

— Jasur, xunuk gaplar eshitib qoldim, — shoshilmay gap boshladi Sevinch. — Shu rostmi?

— Qanaqa gap, opa? — hech narsa bo'lmagandek, qaddini g'oz tutib so'radi Jasur.

— O'zingiz bilmaysizmi? Anglamadingizmi?

— Yo'-o'q, tushunmadim. Hamma ishlarimiz joyidaydi shekilli. Tag'in… Bilmadim.

— Nimaga bezorilarga qo'shildingiz? Nima uchun qo'shni peshtaxta-do'konlardan ulush yig'yapsiz? Kim huquq berdi sizga, kim?

Jasur aybdorona bosh egdi. Bir necha daqiqa hech narsa demay, tek turaverdi.

— Gapirmaysizmi? — endi jerkigan ohangda so'z qotdi Sevinch. — Tilingiz tanglayingizga yopishganmi? Nima qand yeb yuribsiz o'zi?

— Bo'ynimga olaman, — nihoyat javob qildi Jasur. — Ulush olganim rost. Ammo hammasini sizni deb qildim, ishoning!

— Ie, nega meni deb qilasiz? Men sizga pul topib kel, birovlarni qaqshatib ulush ol deganmidim? Meni xarob qilmoqchimisiz sizam?

— Opa, iltimos, yuring, sizni bir joyga oboraman! — dedi Jasur qovoq uyib. — O'sha yerda hammasini tushuntirib beraman. Menga ishonasizmi? Ishonsangiz, yuring, opa!

— Basharti ishonmasam-chi? Shuncha ishlaringizdan keyin qanday ishonish mumkin sizga?

— Opa, men sizga xiyonat qilmadim, tuzlig'ingizga tupurmadim. Nimaiki qilgan bo'lsam, sizga yaxshi bo'lsin dedim. Iltimos, yuring, boraylik!

— Qaerga olib bormoqchisiz meni?

— Bozordan uncha uzoqmas. Ikki bekat narida xolos.

— Shunaqami? Mayli, qani, yuring-chi, boraylik-chi, nima karomat ko'rsatarkansiz!?.

Jasur iltimosi yerda qoldirilmaganidan mamnun bo'lib pildiragancha Sevinchning oldiga tushdi.

Ular aytilgan yergacha piyoda borishdi. To manzilga yetguncha umuman gaplashishmadi.

Jasur o'ngdagi ko'k eshikni ochdi-da, Sevinchni ichkariga taklif qildi.

— Men shu uyda yashayman, opa, — dedi mushtdekkina hovliga kirishgach. — Kiravering, ota-onam mehmonga ketishgan. Hech kim yo'q.

— Tushunmadim, — dedi Sevinch ko'rimsiz bu hovlini ko'zdan kechirarkan. — Meni nega sudraklab keldingiz bu uyga? Maqsadingiz nima?

— Ichkariga kiraylik, o'zingiz ko'rasiz, — dedi Jasur hamon yuzidagi jiddiylik nari chekinmay. — Marhamat, opajon!

Sevinch xonalardan biriga kirdi. Xona devorlarining suvoqlari har yer-har yeridan ko'chib-ko'chib tushgan, bir burchakda turgan kiyim yechadigan shkafni aytmasa, jihoz deyarli yo'q edi.

Jasur shosha-pisha shkafni ochdi-da, ichidan kattakon sumka chiqardi va polga ag'dardi.

Sumka ichidan to'kilgan dasta-dasta pullar hammayoqqa sochilib ketdi.

— Opa, mana shu pullarning hammasi sizniki, — dedi Jasur. — Yo bu gapimgayam ishonmaysizmi?

— Bularni qaerdan oldingiz? — savolga savol bilan javob qaytardi Sevinch. — Gapiring tez!

— Qaerdan bo'lardi? — Sevinchning ko'zlariga tik boqdi Jasur. — Bular bir oydan beri olgan ulushlarim. Safardan qaytishingizni kutayotgandim.

— Nima, siz meni harom pullarni bersam, indamay olaveradi deb o'yladingizmi?

— Opa, bu pullar harommas! Boshingizdan o'tkazgan og'ir kunlarni, eng yaqin kishilaringizni yo'qotganingizni eshitdim. Kimlar sizni baxtsiz qilganidanam xabarim bor. Shunga…

— O'chiring chakagingizni! — beixtiyor baqirib yubordi Sevinch. — Yo'qoting ro'paramdan bu harom pullaringizni!!!

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

loading...

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here