Deputatlar Jizzaxda koronavirus xastaligining oldini olishga qaratilgan ishlar holatini o'rgandi

0

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida koronavirus pandemiyasining aholi turmush darajasi va iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish masalalariga bag'ishlab o'tkazilgan videoselektor yig'ilishda koronavirus tarqalashining oldini olish, shifoxonalarni dori, himoya va diagnostika vositalari bilan ta'minlash, karantin xarajatlarini o'z vaqtida moliyalashtirish zarurligi ta'kidlandi.

Yurtimizda koronavirusga qarshi kurashish ishlariga qariyb 5,5 ming nafar tibbiyot xodimi jalb etilgani qayd etilib, kasallanganlarni o'z vaqtida aniqlash va profilaktikaga e'tiborni kuchaytirish, buning uchun barcha hududiy yuqumli kasalliklar shifoxonalarini ekspress-testlar bilan ta'minlash muhimligi ta'kidlandi.

Shundan kelib chiqib, bugun mamlakatimizda koronavirusning oldini olish, ushbu virus ta'siridan aholini muhofaza qilishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Eng muhimi, ushbu masala shaxsan Prezidentimiz nazoratida turibdi. Demak, endi karantin vaqtida vahima ko'tarmaslik, virusdan saqlanish qoidalariga qat'iy rioya qilish eng to'g'ri yo'l bo'ladi.

Xo'sh, bugungi kunda joylarda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish, savdo do'konlarida oziq-ovqat mahsulotlarining muntazam bo'lishini ta'minlash, tibbiyot maskanlarini dori-darmon, himoya va diagnostika vositalari bilan ta'minlash borasida qanday choralar ko'rilmoqda? Hududlarda maxsus shtablar tashkil etilib, tibbiyot muassasalari favqulodda ish rejimiga o'tkazilganmi?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasi vakillaridan tarkib topgan ishchi guruh a'zolari Jizzax viloyatidagi uchrashuvlari doirasida ayni shu savollarga javob izladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O’zLiDeP fraksiyasi rahbari va partiya vakillari dastlab Mirzacho'l tumanidagi ko'p tarmoqli markaziy poliklinikasida bo'lib, bu yerda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Ishchi guruh a'zolari poliklinikadagi sharoitlarni ko'zdan kechirar ekan, muassasani dori, himoya va diagnostika vositalari bilan ta'minlanganlik darajasini o'rgandi, shifokorlar bilan suhbatlashib, muammolari bilan qiziqdi.

Mazkur tibbiyot muassasasida mamlakatimizda namunali ko'p tarmoqli markaziy poliklinika sifatida ish boshlagan. Zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta'minlangan poliklinikada jarroh, pediatr, UTT shifokori, stomatolog, terapevt, LOR, oftalmolog, travmatolog, nevropatolog, psixiatr kabi mutaxassislar aholiga tibbiy xizmat ko'rsatadi.

Suhbat va muloqotlar davomida xalq noiblari shifokorlar hamda  bemorlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish yuzasidan qator taklif va tavsiyalar berdi.

Mazkur uchrashuvlar doirasida deputatlar va partiya vakillari “Mirzacho'l tikuvchilik majmuasi” MChJda ham bo'lishdi. Aytish joiz, ayni paytda ushbu korxonada kiyim-kechak mahsulotlari o'rniga tibbiyot niqobi tayyorlab, dorixona va bozorlarga arzon narxlarda yetkazib bermoqda.

Xalq noiblari korxona rahbari va ishchi-xodimlar bilan suhbatlashib, joriy yil 19 mart kuni Prezidentimiz raisligida koronavirus pandemiyasining aholi turmush darajasi va iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish masalalariga bag'ishlab o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida belgilangan vazifalar haqida ma'lumotlar berdi.

Mamlakatimizda 98 foiz oziq-ovqat mahsulotlari mahalliylashtirilgan. Deyarli barcha xom ashyo yurtimizda yetishtiriladi. Demak, oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlaydi yoki taqchillik bo'lishi mumkin, degan xavotirga aslo o'rin yo'q.

Deputatlar va O‘zLiDeP vakillaridan tarkib topgan ishchi guruh shu kuni Do'stlik tumani “Olmazor” mahallasida yashovchi X.Xazratqulov va  S.Ismoilovlar xonadonida bo'lib, u yerda yetishtirilayotgan mahsulotlarni ko'zdan kechirdi.

Ma'lum bo'lishicha, tadbirkor X.Xazratqulov 35 sotix yer maydonining 18 sotixiga sarimsoq piyoz, 17 sotixiga esa Gollandiyadan keltirilgan “Olovuddin” nomli kartoshka navini yetishtirmoqda. S.Ismoilovlar 20 sotix maydonda 84 tup kech pishar olma navlari yetishtirib, ular orasiga erta pishar kartoshka ekkan.

Suhbat va muloqotlar chog'ida deputatlar tadbirkorlarga davlatimiz rahbarining “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish bo'yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmonining mazmun-mohiyatini yetkazdi.

Mazkur hujjat bilan koronavirus ta'siri eng yuqori bo'lgan iqtisodiyot tarmoqlariga soliq ta'tillari va kredit qarzlari bo'yicha imtiyozlar berish, byudjet ssudalari ajratish yuzasidan vazifalar belgilangani, shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlarning daromad solig'i, fermerlarning suv solig'i 50 foizga kamaytirilishini ta'kidlab o'tdi.

Shuningdek, ishchi guruh a'zolari “Bog'zor” QFYda joylashgan “Do'stlik baraka chevarlari” tikuvchilik korxonasida ham bo'ldilar.

loading...

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here