O'zbekistonda koronavirusga qarshi kurash uchun quriladigan kasalxonalar 5 kunda foydalanishga topshiriladi

0

«O'zbekiston 24» telekanalida nafaqat Toshkent shahrida koronavirusga qarshi kasalxonalarning uchtasi Toshkent shahrida va yana boshqa muassasalar Toshkent viloyatida hamda O'zbekistonning boshqa hududlarda qurilishini xabar qilgan. Dastlabki muassasa besh kun ichida foydalanishga topshiriladi.

Ko'rsatuvda Xitoyning Uxan shahrida 1500 o'ringa mo'ljallangan gospitalning 10 kun ichida qurib bitkazilgani, shuningdek, Yangi Moskvada 500 o'rinli infeksion kasalxona tayyor holatga keltirilgani misol qilib ko'rsatilgan.

«O'zbekiston 24» telekanalida Toshkent viloyatida joylashgan hududda qurilish texnikasi va quruvchilar ishlayotgani haqida lavha ham efirga berilgan. Kasalxonalarning bittasi Yuqori Chirchiq, yana biri Zangiota tumanlarida barpo etiladi.

«Binolar korpuslarining qurilishi, kerakli kommunikatsiya vositalari, infratuzilmani tuzish ishlari parallel ravishda olib boriladi. Tabiiy gaz, suv va elektr ta'minotni ulash ishlari ham amalga oshirilmoqda. Yaqin vaqt ichida u yerga charter reyslar orqali yurtimizga olib kelingan vatandoshlarimizning navbatdagi guruhi joylashtiriladi», — deyiladi ko'rsatuvda.

Toshkent shahar hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo'yicha birinchi o'rinbosari Davron Hidoyatov to'rtta qurilish maydonchasining shay holatga keltirilganini ta'kidlagan.

«Dastlabki konteynerlarga yaqin orada yetib keladigan 500 nafar odam joylashtirilishi mo'ljallangan. Yana yangi maydonlarni tayyorlash ishlarini olib boramiz», — deydi u.

Qurilish vazirining birinchi o'rinbosari Sherzod Hidoyatov har bir bemorga alohida «uycha»da bo'lishini aytib o'tgan.

«Har bir binoga ikkita samolyotga sig'adigan odam joylashtirilishi mumkin. Qatorlar orasida yo'llar bo'ladi. Ular tibbiyot xodimlarining harakatlanishiga mo'ljallangan. Har bir bemorga — alohida uycha qilinadi va unda barcha sharoitlar konditsioner, televizor, kommunikatsiya vositalari barcha sharoitlar bo'ladi. Tibbiyot personali uchun alohida kompleks barpo qilinadi. Eng muhimi kasallanganlar bu yerda uzoq ushlab turilmaydi, shu yaqin atrofda alohida kasalxona quriladi. Tekshirishlarning hammasi sanitar hududda amalga oshiriladi. Kasallik aniqlangan bemor kasalxonaga yuboriladi, oraliq masofa 150 metrdan uzoq bo'lmaydi», — deydi vazirning birinchi o'rinbosari.

Karantin hududi bir vaqtning o'zida 10 ming nafar odamni qabul qila oladi. Xitoy bunday kasalxonani 10 kun ichida qurib bitkazdi, O'zbekiston 5 kun ichida foydalanishga topshiradi (Yuqori Chirchiq tumanidagi hudud maydoni 55 gektar).

Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi Arnasoy ko'chasida yana bir kasalxona foydalanishga topshiriladi. Poytaxtda yana uchta klinika COVID-19 ga qarshi kurash uchun qayta jihozlanadi.

Zangiota tumanida ham kasalxona ochiladi. Uning loyihasi uch kun ichida ishlab chiqilgan. Unda har biri 5000 nafardan odamni sig'dira oladigan ikkita korpus, shuningdek, tibbiyot xodimalari uchun yashash joylari, reanimatsion bo'limlar va karantin uchun maxsus xonalar bo'ladi.

Qurilish vaziri Botir Zokirov bu kabi kasalxonalar prezidentning topshirig'iga ko'ra respublikaning boshqa bir nechta viloyatlarida ham qurilshini bildirdi.

«Bosqichma-bosqich ikkita klinika ishga tushiriladi. Ularga 1000 nafardan odam joylashtirilishi mumkin. Funksional ham o'ylab chiqilgan. Loyihalarda koronavirus bilan kurashda muhim bo'lgan barcha jihatlar hisobga olingan, shuningdek, ulardan yana boshqa har qanday epidemiologik kasallikka qarshi kurashda ham foydalanish mumkin», — deya ta'kidlagan Zokirov.

Gazeta.uz

loading...

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here