ALAMZADA… (41-qism)

1

 

 

* * *

 

Oradan yarim soatcha vaqt o'tgach, suhbat ancha jonlanib qoldi. Hatto, Sevinch Joradan bu o'rmonda yashashining sababini so'rashga jur'at topa bildi.

— E, nimasini aytay, — xo'rsinib gap boshladi Jora. — Men ilmiy ishga qo'l urganman.

— Voy, olimmisiz?

— Ha-da! Boya aytdim-ku! Odam shunday sovuqda, qalin o'rmon sharoitida o'lmasligi haqida ilmiy ish yozyapman.

— Shunaqayam ilmiy ish bo'ladimi? — qiziqsinib so'radi Sevinch. — Eshitmagan ekanman.

— Nega bo'lmasin? Qarang, tashqari juda sovuq. Uncha-muncha odam chidolmaydi bu sovuqqa. Lekin men har kuni kechasi tashqarida o'tirib ilmiy ishimni yozaman.

— Sovqotsangiz-chi?

— Hamma gap shunda-da! Sovuq o'taveradi, tishlarim takillaydi, oyoqlarim ishlamay qoladi. Men bo'lsam joyimdan jilmayman. Ishqilib, baribir odam sovuqdan o'lmasligini isbotlayman.

Bu gaplarni eshitib, qisqa muddatga bo'lsa-da, Sevinchning tashvishlari arigandek bo'ldi. Qiziqishi ortib, Jorani savolga tutishda davom etdi. Bu ajabtovur yigit uning nazarida o'zga sayyoralikdek tuyulib ketdi.

— Xo'p, buni isbotladingizam deylik, — so'radi Sevinch. — Hademay yoz keladi. Unda nima qilasiz? Yurtingizga qaytib ketasizmi?

Jora javob berishga shoshilmadi. Beixtiyor eshik to'silgan uzun ko'rpasifat matoning bir chetini ko'tardi-da, bosh silkita-silkita osmonga boqdi.

— Negadir bugun keragidan ko'p samolyot uchyapti-da, — dedi u yelka qisib. — Tinchlikmikan?

— Bu samolyotlar meni izlashyapti dedim-ku, — Sevinch ehtiyotkorlik bilan o'rnidan turdi-da, ortga tislana-tislana burchakka borib oldi. — O'sha yomon odamlarniki bu samolyot. Tinimsiz aylanib yuribdi. Iltimos, meni qutqaring! Ular o'ldirib qo'yishadi meni!

— Qo'rqmang, — uni tinchlantirdi Jora. — Bu yerga qo'nolmaydi samolyot. Ko'ryapsiz-ku, hammayoq daraxt. Siz turgan yer ancha uzoq. Baribir topa olishmaydi sizni. Qani, o'tirvoling! Aytgancha, savolingizga javob beray! Maylimi?

— Ha-ya, — qayta o'zini chalg'itish ilinjida Sevinch kelib kursiga cho'kdi. — Ayta qoling!

— Siz yozda nima bilan shug'ullanishimni so'radingiz. Adashmadimmi?

— Xuddi shunday, — majburan kulimsirab Joraga yuzlandi Sevinch. — Yoz haqida so'ragandim.

— Mana, o'zingiz tasavvur qiling, — gap boshladi Jora. — Yorug' dunyoda faqat odamlar yashamaydi. Ulardan tashqari shilliqurt degan jonivor ham bor. Ko'rganmisiz shilliqurtlarni?

— Ko'rgandayman, — kulgisi qistab javob berdi Sevinch. — Nima bo'pti?

— Men yoz kelishi bilan uyimga ketmayman. O'sha shilliqurtlarni o'rganaman. Ular qanday yashashadi, nima yeyishadi, ovqatini qaeri bilan yeydi, qanday holatda yeydi, yugura oladimi, agar yugura olsa, tezligi qancha, uxlaydimi, basharti uxlasa, tush ko'radimi-yo'qmi… Ishqilib, mana shularning hammasini o'rganib chiqmaguncha ketish yo'q.

Sevinch kulib yubordi. Bir necha o'n soniya kulgidan o'zini tiya olmadi. Jora esa nomaqbul gap aytib qo'ygan odam kabi duv qizarib, javdiragancha Sevinchning kulishdan to'xtashini kutardi.

— Bo'ldi, bo'ldi, — deya og'zini yengi bilan to'sib jiddiy tortdi Sevinch nihoyat. — Kechiring, qiziq ekan gaplaringiz. Bunaqasini eshitmagandim. Tavba qildim.

— Siz tavba qiladigan ishni amalga oshirmadingiz, — dedi ilmiylashib Jora. — Hayotni chuqur bilmaysiz xolos. Buni kechirsa bo'ladi. Umuman, siz menga yoqdingiz. Haligiday… Noto'g'ri tushunmang tag'in. Inson sifatida demoqchiydim.

— Jora, siz meni qaergadir olib bormoqchiydingiz. Esingizdami?

— Ha, ha, esladim, — Jora ozg'in jussasini pastga xiyol egib, ko'zoynagini to'g'rilagan bo'ldi-da, bir necha marta bosh chayqab qo'ydi. — Galya xolaning oldiga bormoqchiydik. Qarang, kalla faqat ilmiy ish bilan band-da hozir. Hech vaqo yodda qolmayapti.

— Hozir hech narsa yozmayapsiz-ku!

— Nima bo'pti? «Zato» kallada pishityapman.

— O'zi nimalarni yozasiz? Bir chimdimini aytib bersangiz-chi!

— O'zingiz yaxshi qizakansiz-u, lekin sal o'jarligingiz borakan.

— Mayli, aytib bering. Hozir kallangizda nimani pishityapsiz? Hech bo'lmasa shuni ayting!

— Kechasi tonggacha sovuqda o'tirib chiqdim. Oldin sovqotdim. Bir soatcha o'tib, badanim qiziy boshladi. Darrov ruchka oldim-u, shuni qog'ozga tushirdim. Badanim taxminan 38 darajagacha qizidi-yov! Keyin kallada nima uchun 40 daraja sovuqdayam tana qizishini pishitdim. Xo'sh, siz nima deb o'ylaysiz? Nimaga tana qiziydi sovuqda?

— Shamollagansiz-da! Bu ahmoqqayam ma'lum-ku! Ana, hoziram yo'talib turibsiz.

— Yo'q, siz yanglishdingiz, — dedi Jora yo'tal jumlasini eshitgach, bir necha marotaba yo'talib olib. — Shamollaganim yo'q. Tana qizishiga organizmdagi issiqlik bilan sovuq havoning reaksiyaga kirishishi sabab bo'ladi. Sovuq tanani yiqitishga intiladi. Ammo siz bo'sh kelmaysiz. O'tiraverasiz. Ko'ribsizki, tanangiz zo'r keladi. Qahraton ura qochadi.

— Qiziq, — dedi Sevinch kulib yuborishdan bazo'r o'zini tiyib. — G'alati olim ekansiz. Mayli, o'sha xolanikiga bora qolaylik! Qo'rqib ketyapman!

— Ketdik! To'xtang, hov anavi po'stinni kiyvoling! Kiyimingiz yupqa ekan. Shamollaysiz. Ha, sizni xuddi o'sha ayolnikiga olib borishim shart. Har holda begona erkak bilan bu chaylada qolishingiz yaxshimas. Kiyvoling tezroq!

— Hozirgina odam shamollamaydi dedingiz-ku! — atayin Joraning qitig'iga tekkisi kelib hazilni davom ettirdi Sevinch. — Kiymay qo'ya qolay!

— Bekorlarni aytibsiz. Siz hali buni sinovdan o'tkazmagansiz menga o'xshab. Mana, men shamollamayman. Bu aniq.

Sevinch po'stinni kiyarkan, Joraning qizarib ketgan yuzlariga zimdan nazar soldi. Haqiqatan, u qattiq shamollagan, isitmasi balandligi shundoq ko'rinib turardi. Unga qarab turib achinib ketdi. Qaysarligi uchun koyib bergisi keldi. Biroq birinchi ko'rib turgan odamga qattiq gapirishni ma'qul ko'rmadi. Andisha qildi. Xayolan o'zi yaxshi odam deya hisoblay boshlagan shu yigitga xudodan shafqat so'radi-yu, uning ortidan ergashdi.

 

* * *

 

Agar shu zulmatda yolg'iz qolsa, joni chiqib ketishi aniqdek tuyuldi. Sevinch garchi yonida Jora bo'lsa-da, qo'rqa-pisa qop-qora zulmatga boqar, go'yo qaysidir daraxt ortidan mahluq chiqib tashlanadigandek qisinardi. Oldinda o'zini iskalab aylangan bahaybat it ketayotgani yodiga tushganda sal xotirjam tortgandek bo'lardi. Qur-qur otasining qalin o'rmon haqida aytganlari xayolida gavdalanib, asabiy lab tishlab olardi. Otasi bu qalin o'rmonda qanday azob tortganini jisman tasavvur etishga urinardi. Shunda sog'inch hissi zo'r kelib beixtiyor yig'lagisi kelardi. Bunga esa Jora yonidaligi xalal berardi. Ustiga ustak ahyon-ahyonda osmonda qizil chiroqlarini miltillatgan ko'yi uchib o'tib qoladigan samolyotlar tinchini buzishi ortiqcha edi.

Turli o'y, anduhlar iskanjasida Joraga ergashib taxminan ikki chaqirimcha yo'l bosdi. Shundagina ancha narida chiroq ko'zga tashlandi.

— Mana shu Galya xolaning oshyoni, — dedi Jora chiroqqa ishora qilib. — G'alati ayol. Sovuqqon. Mabodo bobillab bersa, qo'rqmang, odati shunaqa. Begonalarni tekshirib ko'rishni yoqtiradi.

— Menga baribir, — dedi Sevinch lab burib. — Odam-ku! Yemaydi-ku!

— To'g'ri aytasiz, barakalla! Qani, tezlashaylik, hali ortga qaytishim kerak men! Oldinda bir dunyo ilmiy ish turibdi yozadigan…

Galya xola deganlari yashaydigan joyga yaqinlashishgach, Sevinch hayratdan yoqa ushlay dedi. Bu yerda nafaqat chayla, ulkan sex qad ko'taribdi. Ichkarida stanoklar quloqni qomatga keltirar darajada taqirlamoqda.

— Bu yer qanaqa joy o'zi? — hayratini sir tutolmay Joradan so'radi Sevinch. — Zavodmi?

— Ha, Galya xola ishbilgi dedim-ku! Yog'ochga ishlov beradigan sexi bor. Tayyor yog'ochlarni mijozlariga sotadi. Qo'l ostida o'nlab odamlar ishlaydi. Hayron bo'ldingizmi?

— Y-yo'q, — deya oldi zo'rg'a Sevinch. — Shunchaki… Kutilmagan manzara ekan.

— Qani, yuring chaylaga, xolamiz hoynahoy choymi, qahvami ichib o'tirgan bo'lsa kerak.

Ular oldinma-ketin ichkariga qadam qo'yishdi. It Joraning ishorasi bilan tashqarida qoldi.

Joraning aytganicha bor ekan. Galya xola uzun bo'yli, to'ladan kelgan, yuzlari zaxil, nigohlari shu manzil qahratonidan-da sovuqroq bir ayol edi.

Qarshisidagi Sevinchga qosh chimirgan holda sinchiklab tikildi. Chamasi, boshdan oyoq razm soldi. Shu orada Joraga ham ma'noli ko'z tashlashga ulgurdi.

— Ha, buni qaerdan topding? — so'radi Joradan o'tirgan yerida. — Nega menikiga yetaklab kelding?

— Xola, bu qiz adashib qolibdi, — javob qildi Jora ko'zoynagini to'g'rilab. — Iltimos, shu qiz siznikida qolsin! Bilasiz-ku, men… Haligiday…

— Bo'pti, chaynalma, — deya Galya xola dast o'rnidan turdi. — Holingni bilaman. O'g'ri-po'g'rimasmikan ishqilib? So'radingmi? Tekshirdingmi?

— Yo'g'-e, — dedi Jora bir qadam ortga tislanib. — Judayam soddadil qiz ekan. Ishoning!

— Mabodo o'g'ri bo'lsa-chi? Borimni o'marib ketsa-chi?

— Men kafil, — ikki qo'lini baland ko'tardi Jora. — O'zim javob beraman.

— Bo'pti, hazillashdim, — Galya xola sovuq kulimsirab Sevinchga yaqinroq keldi. — Turqi aytib turibdi kimligini. Mayli, sen boraver! Tag'in ilmiy ishing qolib ketmasin! Qiz shu yerda yotadi. O'zingni ehtiyot qil, olim! Qara, shamollab, bo'laring bo'pti!

— Rahmat, xolajon, — Jora ikki qo'lini ko'ksiga qo'yib Galya xolaga minnatdorchilik izhor etdi. — Juda yaxshi ayolsiz-da, xola!

— Bo'ldi, bas, bor, sovqotishingni bil! Bor, bor!..

Jora Sevinch bilan bosh qimirlatgancha xayrlashdi-da, tashqariga yo'l oldi. Galya xola esa, Sevinchga yuzlandi.

— Sen shu xonada uxlaysan, — dedi Galya xola. — Ana, karavot, ko'rpa, darrov yotib damingni ol!

— Xola, anavi… Tashqarida samolyotlar uchib yuribdi! — dedi Sevinch hadik aralash. — Meni qidirishyapti, aniq bilaman. Ular yomon, vahshiy odamlar!. Iltimos, yordam bering! Bu yerga keltirmang ularni!

— Vahima qilaverma, — dedi Galya xola qo'l siltab. — Seni ular boshiga urarmidi? Yot, uxla, gapni ko'paytirma! Qolgan gaplarni ertalab gaplashamiz!

Shunday deb Galya xola chiqib ketdi. Sevinch bir muddat nima qilishni bilmay garangsib turdi-da, istar-istamas karavotga yonboshlab, ko'zlarini yumdi. Uning xayollari hanuz chalkash edi. Nimalar bo'layotganiga, kelgusida qismat qanday kutilmagan sovg'alar hozirlashi mumkinligiga fahmi yeta qolmas, nuqul vujudi titrab, qimtingisi, qattiq uxlab qolgisi, barcha ko'rgiliklardan olisda bo'lgisi kelardi.

«Xudodan faqat yaxshilik tilab yashadim, — o'ylardi ko'rpaga qattiqroq o'ralib. — Ko'rganim yomonlik bo'ldi. Yosh boshimni qora qismatning jirkanch ko'rpasiga burkab tashlashdi. Bir qadam oldinga bosdim deguncha qarshimda jarlik namoyon bo'lmoqda. Ortimga alanglab qancha talpinmay, do'st deganlarim ham ters o'girilishmoqda. Nahotki, meni yaxshilik yonlab o'taversa? Birgina bo'lsayam mehribonim bormi o'zi bu dunyoda? Qachongacha azobni orqalab o'taman? Mayli, hammasiga chidardim, bardosh qilardim. Qaniydi, otajonimni uzoqdan bo'lsayam bir ko'rsam! Hech qursa jasadini, qabrini ko'rsam roziydim. Shunda… Shunda o'limga tik boqqancha olg'a yurardim. Yo'q… Ajalni o'zim, mana shu qo'llarim bilan chaqirib olardim. Otam, enamning yoniga yetib borardim. To'yib ketdi-im, xudoyim, to'yib!..»

Shunday ayanchli o'ylar changalida to'lg'ona-to'lg'ona Sevinch oxiri uxlab qoldi…

 

* * *

 

Qo'rquv uyqu orasida ham insonni ta'qib etaverarkan. Sevinch oppoq tong olamni bag'riga olgan mahal tepasida kimningdir tasodifiy sharpasini his etib jonholatda boshini ko'tardi. Tepasida turgan Galya xola ekan.

— Ha, qo'rqib ketdingmi? — so'radi Galya xola ikki qo'lini beliga tirab. — Qo'rqma, bu yerda seni it yemaydi. Undan ko'ra, tez yuz-qo'lingni yuv, nonushta qilasan. Undan keyin seni bir joyga olib boraman.

— Qaerga? — chayla bekasiga hurkibroq nigohlarini tikdi u. — T-tinchlikmi? Yo…

— Gapni ko'paytirmasang-chi! Namuncha ijikilayverasan? Undan ko'ra, tezroq qimirla! Shoshilmasak bo'lmaydi!

Sevinch Galya xolaning gapidan so'ng bezovtaligi ming chandon ortib aytarli hech narsa yeya olmadi. Shakar aralashtirilgan qaynoq choydan ho'play-ho'play, o'rnidan qo'zg'alib, egniga Jora qoldirgan po'stinni ildi.

— Hech vaqo yemading-ku, — dedi Galya xola dasturxonni ko'rcatib. — Qorning ochdir?

— Ochmasman, — dedi Sevinch yer chizib. — Juda yaxshiman, bora qolaylik siz aytgan joyga!

— Bo'pti, yur, faqat aytib qo'yay, qo'rqmaysan! Dadil bo'lasan!

— Xo'p.

Tashqariga chiqishdi. Sex hamon bir maromda ishlar, atrofda uzun-qisqa erkaklar aylanib yurardi. Sevinch darrov osmonga qaradi. Negadir samolyotlar uchmay qo'yibdi. Yelka qisgancha atrofni tomosha qilgan bo'lib, Galya xolaga ergashdi.

Ayol uni sexning orqa tarafiga olib o'tdi. Burchakda yana bir xona bo'lib, taxtadan yasalgan eshigi qiya ochiq edi. Galya xola eshikka yaqin bormasdan turib, taqqa to'xtadi-da, Sevinch tomon o'girildi.

— Hozir seni shu xonaga olib kiraman, — dedi shivirlab. — Boya tayinlaganimday, qo'rqmaysan. Boshingni baland ko'tarasan.

— U yerda nima bor? — so'radi Sevinch hayron bo'lib. — Halitdan qo'rqib ketyapman, xola!

— Namuncha quyonyuraksan? Odam degan sal botirroq bo'ladi-da!

— Ayta qoling, nima bor u xonada?

— U yerdami? Ikkita ayiq o'tiribdi. Judayam kattakon ayiq. Umringda ayiq ko'rganmisan o'zi?

— H-ha, — tutilib javob qildi Sevinch. — Haligi… Televizorda ko'rganman.

— Unda ketimdan yur!

Galya xola shaxdam yurib borib eshikni ochdi-da, o'zi birinchi bo'lib ichkariga kirdi. Ketidan qaltiragancha Sevinch ham ostona hatladi. Hatladi-yu…

Xona to'rida eshikka ters o'girilib o'tirgan ikki erkakni ko'rdi. Ularning biri nogironlar aravachasida, ikkinchisi oddiy kursida o'tirar, miq etishmasdi.

Sevinch tamom bo'layozdi. Aravachani, tanish jussalarni allaqachon tanigandi.

Quvonchdanmi, miyasi g'uvillab boshi aylana boshlagandek tuyuldi. Ammo e'tibor qilmadi. Jonholatda o'zini aravacha tomon otib, bor ovozda qichqirdi:

— Dadajo-on! Dadajoni-im!!!

Sevinch hech kimga quloq tutmas, bo'yin egmasdi. Nogironlar aravachasiga o'zini otgancha, otasining jonsiz tizzalarini quchoqlab dod solar, aytib-aytib yig'lardi.

Meliboy mirob ham uv tortar, titroq to'la barmoqlari qizining mayin sochlari ustida o'rmalardi.

Uning tepasida tosh kabi qotib qolgan Jiyronbek aka nihoyat sergaklandi. Sevinchning hayqiriqlarini tinglashga bardoshi yetmay, hovliqqancha egilib, yelkasidan tutgan ko'yi qaddini ko'tarishga, tinchlanishga unday boshladi.

— Singil, singil, iltimos, tinchlaning, — derdi u muloyim ovozda. — Xudoga shukr, otangiz hayot ekan, endi bir umr ajramaysizlar! O'zingizni bosing! Uyat bo'ladi!

Sevinch gezarib, zarda bilan Jiyronbek akaning qo'llarini nari surdi.

— Yaqinlashmang menga! — baqirdi u lablarida zohir titroqni jilovlay olmay. — Tinchlantirishingizga muhtojmasman! Nari turing!

— E, o'zingizni bosing dedim-e! — kutilmaganda baqirib berdi Jiyronbek aka.

Sevinch bu odamdan hech qachon dag'al munosabat ko'rmagandi. Bir seskanib qaddini rostladi-da, ortga tislandi. Shu taxlit piqillab yig'lay boshladi. Lekin yig'laganda ham baribir ikki ko'zi otasida bo'ldi.

— Indamasa, haddingizdan oshaverarkansiz-da! — uning past tushganini ko'rib Jiyronbek aka ovozini yana bir parda ko'tardi. — O'zidan yoshi ulug' odam gapirganda, quloq soladi-da qiz degan! Munday og'ir, bosiq bo'ladi! Jar solishingizni qarang-a hammayoqqa!

Jiyronbek akaning po'pisasiga javoban Meliboy mirob aftini bujmaytirdi-yu, unga sovuq tikilib qaradi. Tikilish asnosida ko'rsatkich barmog'i yordamida «sen bolamni qo'rqitma» qabilidagi belgilarni ko'rsatib, o'tirgan yerida bir necha marotaba to'lg'onib oldi.

— Ota, uzr, qizishib ketdim, — dedi mirobning yelkasiga qo'l tashlab Jiyronbek aka. — Aslida bu singlim juda yaxshi qiz, ha! Aqlli-hushli, farosatli!.. Mayli, ota, boyagi xatni bering, boshlanishiga Sevinchxonga o'qitaylik! Haqiqatdan boxabar bo'lsin! Nima deysiz?

Mirob boshi bilan Jiyronbek akaning taklifini ma'qulladi-da, qo'ynidan bir parcha qog'oz chiqardi.

Jiyronbek aka xatni qo'liga olgach, asta o'rnidan qo'zg'alib, Sevinchga yaqin bordi. Shu asnoda bir chetda mung'ayibgina qolgan Galya xolaga so'z qotdi.

— Siz chiqib turing! Ammo chaylangizdan bir qadam ham jilmang! O'zimiz kiramiz oldingizga!

— Xo'p bo'ladi!

Galya xola tashqariga chiqib, eshik yopilgach, Jiyronbek aka xatni Sevinchga uzatdi.

«Alloh bizni yana yuz ko'rishtirish baxtiga muyassar aylaganidan terimga sig'mas darajada xursandman, — deyilgandi maktubda. — Bilaman, ona qizim, sen otangdan allaqachon umid uzganding. Chunki eshitganim bor, senga Tolibday zo'ravon va isqirt bir kimsa mening go'rimni ko'rsatibdi, oh chekishingni, tushkunlik botqog'iga botishingni tek turib tomosha qilibdi. Xudoyimdan so'rardimki, bundaylar hech qachon ro'shnolik ko'rmasin. Ko'ryapman va ko'rdim ham, mening ohlarim, duolarim ijobat bo'la boshlabdi. Negaki, o'sha Tolibni, seni badnom qilgan, meni sarson-sargardonlikda o'ldirish payida bo'lgan ablahni xudo g'azabiga ola boshlabdi. Nasib bo'lsa, yaqin orada o'zing ham ko'rasan. Mendan so'rasang, qizim, Tolibning niyatlari amalga oshmadi. Ming qiynoqlar, azoblarda mana shu o'rmonga olib kelib tashlashgandi. Yaratganga beadad shukr, yaxshi, insof-diyonatli insonlarga yo'liqdim va o'lmadim. Faqat nogiron bo'lib qolganim ko'nglimga qattiq botadi. Ha mayli, qizalog'im, bu tashvishlarniyam yengamiz, albatta. Faqat sen tushkunlikka tushma, seni badnom qilgan kimsa hozir jazosini tortyapti. It kunini ko'ryapti. Peshonangda bo'lsa, bir kun uni o'z ko'zlaring bilan ko'rarsan. Aytgancha, Jiyronbekni sira ranjitma! U ko'ngli toza yigit ekan. Meni o'z vijdoniday qo'riqladi, bir tola sochim to'kilishiga yo'l qo'ymadi!..»

Sevinch bu g'amli va har bir satri alamli ko'z yoshlarga chulg'angan maktubni yig'lab-yig'lab o'qidi va qaytadan otasining poyida tiz cho'kdi.

— Bunchalar omadsiz bo'lmasak-a, dada? — dedi u mirobga javdirab boqib. — Qay tomonga boqmaylik, albatta baxtsizlik, ko'ngilsizlikka duch kelmoqdamiz. Nega? Xudoga yoqmaydigan nima ishlar qildik o'zi? Nahotki, mening shakkokligim, kaltafahmligim tufayli shu savdolar boshimizga tushgan bo'lsa? Tavba qildi-im, dada, tavba qildi-im!

— Yo'q, siz aybdor emassiz, — so'z qotdi Jiyronbek aka. — Hammasi taqdirdan, taqdirni esa o'zgartirib bo'lmaydi, singlim.

— Menga qarang, nega bunday qildingiz? — endi Jiyronbek akaga yuzlanib zardali ohangda so'z qotdi Sevinch. — Axir, o'zingiz va'da bergandingiz! Menga hech narsa xavf solmasligini tavallolar qilgandingiz. Nimaga yaramaslarga indamadingiz? Ular meni qiynashdi, azoblashdi, sharmandalarcha sudraklashdi, siz bo'lsangiz, tek qarab turaverdingiz. Nimaga? Yo sizam ustimdan kulishni niyat qilganmidingiz? Xo'sh, niyatingiz ijobat bo'ldimi? Xumordan chiqdingizmi?

— Y-yo'q, — dedi Jiyronbek aka negadir tutilib. — Siz to'g'ri tushuning, men… Bularning hammasini atayin uyushtirgandim.

— Atayin? — unga sovuq tikildi Sevinch. — Nega? Menda nima qasdingiz boridi?

— Qasd? Bu nima deganingiz? Oldin eshitsangiz-chi!

Sevinch indamadi. Otasining tizzalarini quchoqlagan ko'yi go'yo Jiyronbek akaga quloq tutdi.

— Otangizni topganimga ikki haftacha bo'lgandi, — shoshilmay gap boshladi Jiyronbek aka. — Avval Meliboy otaning xavfsizligini ta'minladik. Ana undan keyin o'ylab qoldim. «Qanday xabar bersam ekan?» deb bosh qotirdim. To'g'ri-da, agar tuyqusdan otangiz topilganini aytsam, mazangiz qochib qolishi mumkin edi. Shunisidan qo'rqdim. Keyin esa o'ylab-o'ylab, oxiri kutilmagan sovg'a bo'la qolsin, degan to'xtamga keldim. Ishoning, sizni o'ldirmoqchi bo'lganlar, o'sha ayol, samolyotdagilar, hatto sizni go'yoki topib olgan ko'zoynakli olim ham… Ishqilib hammasi o'zimizning odamlar edi. Ular shaxsan mening ko'rsatmam bo'yicha ish tutishgan.

— Nima uchun? Maqsadingiz nima edi?

— Maqsadim, birinchidan, sizga kutilmagan sovg'a tayyorlash, ikkinchidan, sizga mana munday ajoyib manzarani ko'rsatish edi, xolos. Bilardim, ishonardim, siz kuchli irodali qizsiz. Shuning uchun qo'rqmadim, ikkilanmadim. Uzr, singlim, ming bor uzr! Ammo, ishontirib aytamanki, buyog'iga juda baxtli va osuda hayot kechirasiz. Tijoratingiz rivojlanadi, pul topasiz, shaharning eng oldi ishbilgisiga aylanasiz. Men o'zim yordam beraman sizga.

— Nega endi siz yordam berasiz? Shuncha qiynaganlaringiz yetadi. Endi meni tinch qo'ying. Tijoratingizniyam, o'zingizniyam ko'rishga ko'zim yo'q.

— M-m-m-mmmm! — o'tirgan yerida ingrana-ingrana Sevinch tomon qo'l cho'zdi Meliboy mirob. Uning harakatlari va ko'z qarashidan Sevinch aytgan so'nggi gap ma'qul tushmaganini anglab olish qiyin emasdi. Mirob titroq aralash qizining boshini silay-silay, insofga chaqirgan bo'ldi.

— Nima, dada? — dast o'rnidan turib ters o'girildi Sevinch. — Endi siz yonimdasiz. Bizga tijoratning nima keragi bor? Yaxshisi, qishlog'imizga ketaylik, vayrona bo'lsayam, o'sha qadrdon hovlimizda bir kunimizni ko'raylik!

— Adashyapsiz, — dedi Jiyronbek aka ehtiyotkorlik bilan Sevinchga yaqinlasharkan. — Hali sizni oldinda yana bir syurpriz kutib turibdi. Aniq bilaman, sira shubham yo'q, bu sovg'ani ko'rishingiz bilan tanangiz yayraydi, alamdan chiqasiz, quvnaysiz, qolaversa, menga albatta rahmat aytasiz.

— Yo'g'-e, — dedi Sevinch yelka qisib. — Kutilmagan sovg'alar hozirlashga ustaligingizni bildim, tan berdim. Kerakmas.

— Nima qilay? — dedi Jiyronbek aka xiyol jilmayib. — Ishim shunaqa. Mayli, hozircha mendan xafa bo'lib tura qoling. Ixtiyoringiz. Xafa bo'lishga haqingiz bor. Bugunoq o'sha men aytgan sovg'ani ko'rgach, basharti fikringiz o'zgarsa, aytarsiz, o'zgarmasa, peshona-da! Endi yuringlar, bu xonada uzoq turib qoldik. Galya xola achchiq mastava tayyorlab qo'ygan bo'lishi kerak. Birgalashib bir mastavaxo'rlik qilaylik-a, nima deysiz, ota?

Meliboy mirob javdirash aralash jilmayish qilib bir qiziga, bir Jiyronbek akaga boqdi.

Sevinch esa indamadi. Qayta-qayta xo'rsingancha, itoat bilan otasi o'tirgan aravani tashqariga yetakladi.

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

loading...

1 TA FIKR

Comments are closed.