ALAMZADA… (42-qism)

0

 

 

* * *

 

Boya sira e'tibor qilmabdi. Tashqarida uyoqdan buyoqqa yurib vaqt o'tkazayotgan erkaklar aslida Jiyronbek akaga qarashli ekan. Endi ular qo'llariga to'pponcha olib, har ikki-uch metrda qotib turishardi.

Jiyronbek aka aravachani ichkariga kiritishda Sevinchga ko'maklashdi-da, ortda qolib erkaklarning qaysidir biriga nimalarnidir tayinladi. So'ngra ichkariga kirdi.

Sevinch yana bir manzarani ko'rib hayratdan yoqa ushlay dedi. Kechqurun sovuqdan sovuq munosabatda bo'lgan zaxil yuzli Galya xola o'zgacha mehr bilan unga tikilib turar, yuzlaridagi zaxillik o'rnini xuddi niqob tortilgan kabi shirin tabassum egallagandi.

— Voy, bu qizim biram aqlliykan, biram ajoyibakan, — Jiyronbek akaning qarshisida Sevinchga xushomad qila ketdi Galya xola. — Yuzidan nur yog'iladi-ya! Iloyim umri uzun bo'lsin!

— Xola, — uning gapini kesdi Jiyronbek aka. — Biz shoshyapmiz, hali yana bir joyga o'tishimiz kerak. Mastavani suzib kela qoling!

— Xo'p bo'ladi, qoqindiq, — dedi Galya xola, — Qani, o'tiringlar, men hozir ovqatni suzaman!..

Oradan yarim soatcha vaqt o'tdi. Galya xolaning mastavasi juda mazali bo'libdi. Barchalari tanalari yayrab, dasturxon ustida picha chaqchaqlashishdi, Meliboy mirob ham gapira olmasa-da, turli muqomlar bilan hazil-huzulga qo'shildi. Shu yo'l bilan qayg'ularini aritgan bo'ldi. Nihoyat, eshik qiya ochilib, ostonada Jiyronbek akadan topshiriq olgan erkak bo'y ko'rsatgach, shosha-pisha dasturxonga fotiha o'qishdi va baravar o'rinlaridan turishdi.

— Tashqarida bizni mashina kutyapti, — dedi Jiyronbek aka Sevinchga ma'noli boqib. — Nasib bo'lsa, ikki soatda manzilga yetamiz. O'sha yerning o'zida samolyotga o'tiramiz.

— Mashina? — hayron bo'lib tashqariga ishora qildi Sevinch. — Hammayoq qor, sirpanchiq-ku!

— Biz botqoqlik ustiga qurilgan maxsus yo'ldan ketamiz. Ha-a, siz hali unaqa yo'llardan yurib ko'rmagansiz-da! Ishoning, hayron qolasiz. Botqoqlikka-chi, yozda umuman yaqinlashib bo'lmaydi. Qishda muzlab qoladi. Ustiga yo'l quriladi. Mashinalar faqat shu yo'ldan yuradi.

Sevinch hanuz unga sir boy bergisi kelmay, yelka qisish bilan kifoyalandi-yu, otasi o'tirgan aravachani tashqariga yetakladi.

Ular Jiyronbek aka aytganidek, taxminan ikki soatcha yo'l yurishdi.

O'rmonning poyoni ko'rinay demasdi. Gohi-gohida botqoqlik ustiga qurilgan yo'l chetlariga quyonlar chopib chiqib qolar, ammo mashinani ko'rdi deguncha yana o'zlarini o'rmonga urishardi.

Sevinch dardi biroz arigan kabi tabiatni tomosha qilishga o'zida xohish topa bildi. Shox-novdalarini qalin qor bosgan qayinlarga zavq bilan boqdi, turli qushlarga qarab, entikdi. Qur-qur otasining yelkasiga bosh qo'yib oldi. Erkalangisi, qalb tubini egallab olgan sog'inchni itqitib tashlagisi, armonning totli lahzalaridan bahra olgisi keldi. Shu ko'yi mashina qaergadir yetganda, taqqa to'xtadi. O'ngda — o'rmon ichkarirog'ida bir talay odamlar yog'och kesar, ularni qo'llarida avtomat tutgan askarlar qo'riqlardi.

— Mana, yetib ham keldik, — deya orqaga o'girilib, Sevinchga mahzun tikildi Jiyronbek aka. — Sizga tayyorlab qo'ygan kutilmagan sovg'amning ikkinchisi xuddi shu yerda.

— Nima bor bu yerda? — soddalarcha baqraydi Sevinch. — Nima o'zi u sovg'a? Ayta qolsangiz-chi! Anavi odamlarmi?

— Yo'q, — dedi Jiyronbek aka birdan jiddiy tortib. — Ko'rganingizda bilasiz. Qani, tusha qoling! Otaxon mashinada o'tira turadi. Ko'p turmaymiz. Ko'rasiz-u, tamom, qaytamiz.

— Qaerga olib bormoqchisiz meni tag'in?

— Hov anavi daraxt kesayotganlarni ko'ryapsizmi?

— Ko'ryapman. Nima qipti?

— O'shalarning oldiga boramiz. Bilasizmi ular kimlar?

— Yo'q.

— Ular aristonlar. Eng xavfli jinoyatchilar. O'shalarni yaqindan ko'rasiz.

— Menga nima qizig'i bor? Ko'rib nima qilaman?

Aytdim-ku, borganda bilasiz! Yura qoling, iltimos!

Sevinch battar hayrati ortib, istar-istamas Jiyronbek akaga ergashdi. Otasini mashinada qoldirgisi kelmay, o'zi bilan ola ketdi.

Jiyronbek aka ancha narida borardi. Avtomat tutgan soqchilardan biri yoniga bordi-da, hujjatini ko'rsatib, nimanidir so'radi. Soqchi darhol kissasidan ratsiya chiqarib, allakimga xabar berdi. Zum o'tmay, baland bo'yli podpolkovnik qaerdandir yetib kelib, to'g'ri Jiyronbek akaga yaqinlashdi. Ikkovlari quchoq ochib ko'rishishdi. Nimalarnidir muhokama qilgan bo'lishdi. Shu orada Jiyronbek aka ortga bosh burib podpolkovnikka Sevinchni ko'rsatdi. Podpolkovnik bir muddat bosh qashib turdi-da, sal naridagi askarga nimadir deb buyruq berdi.

Askar buyruqni eshitiboq chopqillagancha daraxt kesayotgan aristonlar tomon ketdi. Oradan bir necha o'n soniya o'tib-o'tmay, ulardan birini qo'llariga kishan urgan holda yetaklab keldi.

Sevinch bu kimsaga ko'zi tushgani hamono dovdirab qolgandi. Ko'zlari chaqnab o'zi sezmagan ko'yi besh-olti qadam oldinga yurdi. Nimadir degisi, Jiyronbek akadan nimanidir so'ragisi keldi. Og'iz juftladi-yu, lablari o'ziga bo'ysunmay, tilini tiyishga majbur bo'ldi.

Miyasi g'uvilladi. Vujudi titradi. Beixtiyor mashina tomonga qochmoqchi bo'ldi. Negadir o'rnidan qo'zg'alishga o'zida kuch topa bilmadi. Ko'zlari namlanib, yovvoyi hayqiriq bo'g'ziga tiqildi. Xo'rsiniq changalida ko'ksi ko'tarilib-ko'tarilib tushdi. Qalbining tub-tubiga berkinib olgan muhabbat qo'zg'olon qila boshladi. Haqiqiy sevgi quliga aylanib bo'lgan bu qalb alam va nafratdan yuz o'girib, Sevinchni achinishga, qayg'urishga, hayajonlanishga majbur etish payida bo'ldi.

— Meni… Uni… Nega bu yerga olib kelishdi? — so'radi yig'lamsirab Jiyronbek akadan. — Tolib… Axir u…

— Ha, bu Tolibning o'zi, — xotirjam javob qildi Sevinchning tuyg'ularidan bexabar Jiyronbek aka. — U jinoyatiga yarasha jazosini xuddi shu yerda olyapti. Ko'ring, tomosha qiling, sizni azoblagan, boshingizga ne-ne ko'rgiliklarni solgan kimsa nihoyat jazoga tortildi.

— Yo'-o'-o'q!!! — Sevinch dodlagancha mashina turgan tarafga qarab chopdi. — Kerakma-a-as!!!

Jiyronbek aka hech narsani tushunmasdi. Nuqul o'ziga masxaraomuz termilgancha qotib turgan Tolibga, nogironlar aravachasida o'tirib, bezovtalanishdan nariga o'ta olmayotgan Meliboy mirobga qarardi. Oxiri toqati toq bo'ldi chog'i, askarga «olib ket» ishorasini qildi-da, ortga qaytdi. Haydovchi esa aravachani mashina tomon yetakladi.

 

* * *

 

… Ko'z ochib yumguncha qish chekinish qilib, shahar bahor libosiga burkandi. Daraxtlardagi yashil tusi, turfa gullarning yoqimli ifori go'zallik shaydolarining ko'ngliga bir dunyo zavq ulashdi.

Sevinch ham kelgandan beri ishga sho'ng'igan. Tirikchilik, kelajak rejalari, maqsad-u, niyatlar tinchlik bermaydi. Qo'yib berishsa, tunda ham ishlagisi keladi. Chunki shunday qilsa, o'tmish muhabbati yodidan chiqishini, chalg'ishini, o'rtanmasligini biladi. Avvaliga «otam yonimda, endi meni hech qanday to'siq cho'chita olmaydi, qaddimni buka olmaydi» deb xayol qilgandi. So'nggi kunlarda Meliboy mirob ham tez-tez inqillab beryapti. Yarim kechasi uyg'onib ketishi, ertalablari rangi siniqib, oqarinqirab uyg'onishi, qur-qur yo'tal tutishi Sevinchni ancha sergak torttirib qo'ygan. Bozorga ketsa-da, ikki xayoli faqat otasida. Jiyronbek akaning maslahati bilan kasalxonaga yotqizmoqchi bo'lgandi. Mirob unamadi.

Bugun ham shularni o'ylab bozordan qaytayotgandi, pod'yezdga kirar-kirmas, ro'paradagi qo'shni kampirning qichqirig'ini eshitib, yuragi yorilayozdi. Hovliqqancha yuqoriga chopqilladi.

Kvartira eshigi lang ochiq edi. Qo'shni kampir eshik ro'parasida nuqul qichqirar, yaqindagina yollangan xizmatchi ayol esa goh ichkariga kirar, goh pod'yezdga mo'ralar, aftidan nima qilishni bilmay, hayron edi.

— Ha-a, nima bo'ldi, xola? — kampirni ikki yelkasidan tutib silkiladi Sevinch. — Tinchlikmi? Gapirsangiz-chi!

— Voy, yaxshiyam kep qolding-a, qizim, — dedi kampir bir qo'li bilan kvartirani ko'rsatib. — Otang… Otang yomon bo'p qoldi!

— Nima? — Sevinchga shu gapning o'zi yetarli bo'ldi. Shundoq ham to'kilay deb turgan yuragi qinidan chiqqudek ichkariga otilib kirdi.

Qanday uddalagan, bilmaydi, xizmatchi ayol Meliboy mirobni divanga yotqizib qo'yibdi. Mirob og'ir nafas olar, ora-sirada yo'talar, yo'tal pasanda bo'ldi deguncha o'qchib-o'qchib qo'yardi.

— Sizga nima bo'ldi, dada? — Sevinch otasining oyoq tarafiga o'tirdi-yu, engashib peshonasiga kaftini bosdi. — Mazangiz qochdimi? Qo'rqitmang meni, dada, qo'rqitmang!

Meliboy mirob qizini ko'rgach, ma'yus jilmaydi va qaltiray-qaltiray, yostig'ining ostiga qo'l suqib qog'ozcha chiqardi-da, Sevinchga uzatdi.

«Qizalog'im, qo'rqma, — degan jumlalar bilan boshlangandi maktub. — Bu savdo hammaning boshida bor. Bardam bo'l! Kun-soatim bitgan ko'rinadi. Bugun kechasi onangni tushimda ko'rgandim. Biz qo'ltiqlashib, to'rt tomoni majnuntollar bilan o'ralgan vodiyga kirib ketibmiz. Mendan rozi bo'l! Menam sendan roziman!..»

— Dada, hazillashyapsizmi? — maktubni o'qib bo'lgach, yig'lamsirab otasiga boqdi Sevinch. — Nega meni qo'rqitaverasiz? Shuncha ko'rgan kunlarim kammidi, dada? Keling, kasalxonaga olib boraylik! Ukol qilishadi, tuzalib qolasiz!

Meliboy mirob norozi bosh chayqab qo'yib, bazo'r Sevinchning bo'ynidan quchdi-da, ko'ksiga bosh qo'ydi. Shu asnoda «qo'zg'alma, qimirlama» demoqchidek bir-ikki marta bilagiga sekin shapatiladi. So'ngra chuqur-chuqur nafas oldi. Ketidan yo'taldi. Keyin… Ko'zlarini yumdi-yu, jim bo'ldi.

Sevinch dam olayotgan bo'lsa kerak, uxlab qoldi shekilli, degan xayolda birpas tek o'tirdi. Lekin otasining bo'ynidan quchib olgan qo'li shalvirab qolganini ko'rib jonholatda boshini yostiqqa qo'ydi.

— Dada! — qo'rquv ustun kelib qichqirib yubordi Sevinch. — Dada, nimaga indamayapsiz? Ko'zingizni oching, dada! Dada-a-a-a-a!!!

Afsuski, Meliboy mirob shu tobda jon taslim qilib bo'lgandi. Sevinchning qichqirig'ini eshitib, qo'shnilar chopib kirishdi. Kvartira qiy-chuvga to'ldi. Ro'parada yashaydigan qo'shni kampir kira solib qaerdandir chit ro'mol topdi-da, mirobning iyagini boyladi. Kimdir telba qiyofasiga kirib, tinimsiz dod solayotgan Sevinchni ovutish payida bo'ldi…

Ertasi kuni tongda Meliboy mirobni dafn etishdi. Jasadni qabristonda Jiyronbek akaning o'zi tobutdan olib go'rkovga uzatdi.

 

* * *

 

… Oradan olti oy o'tdi. Kuz boshida Meliboy mirobning birinchi hayitini o'tkazishdi. Sevinch otasini yo'qotgandan beri battar ma'yuslanib qolgandi. Hadeganda uni xayol olib qochar, parishonxotirlar kabi o'ylanib qolardi-yu, kimdir qo'qqisdan gap boshlab qolsa, sapchib tushardi.

Uni endi bozor, tadbirkorlik, pul ham ovuta olmayotgandi. Xayolan tushkunlik dengizida suzar, bu dengizning sohili ko'rina qolmasdi.

Shunday kunlarning birida odatdagidek Jiyronbek aka kirib keldi. Sevinchning dardini, tashvishini bilgani sababli ma'yusgina so'rashib kursiga cho'kdi va bosh eggan ko'yi bir muddat sukutga toldi. Sevinch esa o'sha-o'sha edi. Boshini quyib solgancha Jiyronbek aka uchun choy tayyorladi, xontaxta ustiga noz-ne'matlardan qo'ydi.

— Sevinch, — tuyqusdan bosh ko'tarib gap boshladi Jiyronbek aka. — Sal o'zingizni qo'lga olsangiz bo'lmaydimi? Odamni qon qilib yubordingiz-ku! Odam degan ozgina chalg'iydi, beparvoroq bo'ladi, tashvishlarni yelkadan oshirib tashlaydi. Siz bo'lsangiz, nuqul qovoq uyganingiz-uygan.

— Nima qilay? — dedi Sevinch Jiyronbek akaning tanbehidan dili og'rigandek sovuqqonlik bilan. — Suyangan tog'imdan ayrildim, yorug' dunyoda yakka o'zib tumshayi-ib qolib ketdim. Shunga kulaymi, yo sakrab o'ynaymi?

— Men unaqa demadim. Sal chalg'ing dedim. Masalan, menam ota-onamni tuproqqa topshirganman. Hayot davom etaverarkan. Mana, yuribman-ku! Yo qayg'u cheksangiz, yig'lab-siqtab sochingizni yulsangiz, o'lgan odam tirilib keladimi? Ayting, keladimi tirilib?

Sevinch «yo'q» degandek bosh qimirlatib qo'ydi.

— To'ppa-to'g'ri, qaytmaydi o'lganlar. Qolaversa, bu xudoning irodasi. Ming sakrang, yig'lang, dod-voy qiling, foydasi yo'q. Hammaning boradigan yeri bitta.

— Uzr, aka, — Sevinch sal o'ziga kelgan kabi boshini ko'tarib Jiyronbek akaga xijolatli boqdi. — Endi bunday qilmayman.

— Mana bu boshqa gap, — Jiyronbek aka jonlanib, darrov gapni boshqa mavzuga burdi. — Bozordan xabar oldim hozir. Jasuringiz astoydil savdo qilyapti. Kamchilik yo'q ekan. Bunisiniyam surishtirdim.

— Jasur?.. Aka, shu bolani…

— Tushundim, — dedi Jiyronbek aka kulimsirab. — O'shanda bola faqir beboshlik qilib qo'ygandi-da! Po'pisamdan keyin ancha o'ziga kep qolibdi. Ishoning, endi o'zboshimchalik qilmaydi. Savdo qiladi. Bejo qadam bosib ko'rsin-chi…

— Rahmat sizga, — dedi Sevinch Jiyronbek akaga javoban jilmayib. — Ko'p yordam beryapsiz menga. Mendan qaytmasa…

— E, yo'-o'q, — uning so'zini kesdi Jiyronbek aka. — Bu gapingizga qo'shilmayman. To'g'ri, barcha yaxshilik, yomonlik faqat xudodan qaytadi. Ammo men shunga qo'shimcha, sizdanam qaytishini xohlardim.

— Tushunmadim, — dedi Sevinch hayron bo'lib. — Mendan qaytishi kerak? Nima?

— Yaxshiligim-da, nima bo'lardi!?

— Bo'pti, qaytaraman. Nima qilishim kerak?

— Bir savolimga javob berasiz. Faqat haqiqatni aytasiz. Meni urishib tashlamaysiz, jerkimaysiz, mendan yuz o'girmaysiz. Umuman, buni savol ham deb bo'lmaydi. Taklif desam to'g'riroq bo'lardi.

— Voy, shunaqa qaltismi?

— Albatta. Qaltis va xavfli.

— Sh-shunaqami? — deya tutildi Sevinch. — Mayli, aytavering-chi taklifingizni!

— Demak, aytaveray — a?

— Ha dedim-ku!

— Urishish, xafa bo'lish yo'g'-a?

— Yo'q.

Jiyronbek aka bosh qashib turdi-da, Sevinchga ma'noli qarab olib so'z boshladi:

— Iltimos, menga turmushga chiqing!

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

loading...