Sinovli kunlarni isrofgarchiliksiz yengib o'tamiz

0

Barchamizga yaxshi ma'lumki, tarixda xalqimiz o'z boshidan juda ko'p murakkab davrlarni o'tkazgan bo'lsa-da, bu mashaqqatlarni doim hamjihatlikda yengib o'tgan.

Bugun jahondagi ko'plab mamlakatlarda koronavirus pandemiyasi sababli yuzaga kelgan sinovli kunlarda ham ortiqcha sarosimaga tushmaslik, vahimaga berilmaslik barchamiz uchun muhim.

Ammo ayrim fuqarolarimiz ortiqcha sarosimaga tushib, do'konlar va bozor rastalarida oziq-ovqat mahsulotlarini me'yoridan ortiq xarid qilishayotganini ko'rib, yaqinda o'zim guvoh bo'lgan bir holat ko'z oldimga keldi.

Ko'p qavatli uy atrofidagi chiqindi qabul qilish punktida non mahsulotlari uchun uchun mo'ljallangan quti mog'or bosgan nonlar bilan liq to'la edi. Bu holatdan achinib turgan vaqtimda yana bir bolakay bir paket non ko'tarib keldi-da,  qutining ustiga qo'ydi.

— Ukajon, buncha nonni qaerdan olib kelayapsan? — deb so'radim. U esa  “Biz singlim bilan maktabdan ta'tilga chiqib, niqob taqish boshlangan kunlarda oyim va dadam uyga juda ko'p non olib keldi, ammo bularning hammasini yeb tugata olmadik va…” – deya javob qaytardi.

To'g'ri, shuncha ne'matning isrof bo'lishida bu bolakayning aybi yo'q. Ammo biz kattalar sinovli kunlarda vahimaga berilib, bolalarni isrofgarchilikka o'rgatmayapmizmi? Fikrimcha, bunday paytda bolalarimizni ajdodlarimizga mos, mard va tanti, qanoatli qilib tarbiyalash bilan mashg'ul bo'lishimiz kerak. Ularga bobolarimizning qahramonliklari, jasoratlari haqida aytib berishimiz zarur.

Ko'p uzoqqa bormaylik, bobolarimiz ishtirok etgan ikkinchi jahon urushi davrida xalqimiz o'z qanoati va sabri bilan fashistlarni ham hayratda qoldirgan-ku?!

Shu kabi voqealardan biri urushning mash'um yillarida Gollandiyada ro'y bergan. Adolf Gitler shaxsan reyxministr Gebbels va reyxfyurer Gimmlerga o'zi uchun dushman hisoblangan armiya askarlarini insoniy fazilatlardan mahrum bo'lgan, kuchsiz va taraqqiy etmagan mavjudot singari namoyish etgan holda film olish topshirig'ini beradi.

Uning rejasiga ko'ra mazkur film 1941 yilning noyabr oyida namoyish etilishi kerak edi. Suratga olish guruhiga reyxning eng yaxshi kinematograflari jalb etildi. 101 o'zbek asir olingan «Amersfort» konslagerida esa film uchun material tayyorlanishi kerak edi.

O'shanda fashistlar bir necha oy mobaynida o'zbeklarni och qoldirib, ularga hatto suv ichishni ham taqiqlagan, askarlarni ruhan hamda jismonan qiynoqqa solib, ularni fashistlar ruhini ko'tarish uchun suratga olinadigan filmning bosh qahramoniga aylantirishmoqchi bo'lishgan.

Shunday kunlarning birida suratga olish guruhi «Amersfort» konslageriga tashrif buyurdi. Juda qiyin ahvolda saqlanayotgan 101 o'zbek askariga bir dona buxanka non uloqtiriladi. Kinochilarning fikricha, ular bir burda non uchun bir-birini urib o'ldirishi kerak edi.

Ana shunday jarayonni suratga olishga shay turgan fashistlarning hafsalasi pir bo'ladi. O'zbeklar Gitlerning barcha rejalarini chippakka chiqardi. Uloqtirilgan nonni askarlardan yoshi bo'yicha eng kichigi borib oladi, uni ko'ziga surtib, tavof qilgach, yoshi eng katta askarga uzatadi. Yoshi katta askar esa bitta nonni 101 bo'lakka bo'lib, uni hammaga ulashadi. O'zbek askalari nonni yeb bo'lgach, yuziga fotiha tortadi. Tabiiyki, ajdodlarimizning bu mardligi, milliy madaniyati, tartib-intizomi fashistlarni darg'azab qiladi.

Sinovli kunlarda moziyga qarab ish tutib, ajdodlarimizning qanday qiyin sharoitlarda ham hamjihatlikda ish tutganligi va qanoatli bo'lganligini esga olish biz uchun ibrat maktabidir.

Ming shukrki, bugun mamlakatimizning tinch va farovonligi sababli do'konlarimiz turfa xil mahsulotlarga liq to'la. Xalqimiz ehtiyoji uchun zarur bo'lgan mahsulotlar avvalo, o'zimizda yetarli miqdorda yetishtirilmoqda, ayrimlari esa chetdan hech qanday to'siqlarsiz olib kelinmoqda.  Demak, vahimaga tushishga esa aslo o'rin yo'q. Karantin vaqtida tartibga to'liq rioya qilgan Xitoy davlati fuqarolari ham o'z mamlakatida koronavirusni jilovlashga erishdi.

Biz ham, albatta, bu sinovli kunlarni hamjihatlikda ortda qoldiramiz. Buyuk ajdodlarga munosib avlod sifatida o'z aqlimiz va insoniylik fazilatlarimiz bilan barchasini yengamiz.

Nurbek SALOMOV

 

 

 

 

 

 

loading...