ALAMZADA… (43-qism. Oxiri)

0

 

 

* * *

 

— Nima?..

Sevinch kutilmagan taklifni eshitdi-yu, yalt etib Jiyronbek akaga boqdi.

Uning nigohlari soniya sayin o'tkirlashib borar, Sevinchdan arzirli javob kutardi.

— Tushunmadim, — dedi Sevinch xuddi bu taklif qaerdandir tashqaridan jaranglagan kabi atrofga alanglab. — Nimadir dedingizmi? Yo menga shunday tuyuldimi?

Jiyronbek aka Sevinchning hayrat aralash alanglay boshlaganini ko'rib shoshib qoldi. Taklifini takrorlagisi keldi, nimanidir isbotlashga urinib, dast o'rnidan turdi. Biroq negadir tili so'zga aylanmay kalovlanish bilan kifoyalandi. Hayajon oradagi sukunatni cho'zilishga majbur etdi. Ular bir muddat yer chizgancha tek qolishdi. Shunga qaramay, aytilgan bir og'iz so'z ikki qalbni bezovtalantirib qo'ygandi. Yuraklar potirlar, qandaydir yangilik, xush lahza zohir bo'lishini kutishardi.

— Ochig'i, hech qachon bunaqangi noqulay vaziyatda qolmagandim, — nihoyat jimlikni buzib so'z boshladi Jiyronbek aka. — Ishonsangiz… Ichim dag'-dag' titrab ketyapti.

— Voy, nega? — soddalarcha baqrayib Jiyronbek akaga tikildi Sevinch. — Nima bo'ldi?

— Bilib turib bilmaslikka olasiz-a! Axir… Haligi… Nimaydi?.. Savolim… Yo'q, taklifimga javob aytmadingiz-ku!

— Ishoning, hech narsaga tushunmadim, — dedi Sevinch kipriklarini pirpiratib. — Agar…

— Sevinch, — beixtiyor dadillashib, bir qadam oldinga tashladi Jiyronbek aka. — Nima desangiz deng, ammo men shu kungacha faqat bir xayol bilan yashadim. Xayol desam, noto'g'ri bo'lar, orzu bilan, orzu!

Sevinch endi hammasini anglab yetgandi. Jiyronbek akaning nigohlarida yovvoyi olov ko'rgandek edi. Har bir so'zi samimiy ekaniga shubhasi qolmagandi. Kutilmaganda shumligi tutdimi, yelka qisdi. Shu harakati ko'nglidagi yashirin tuyg'ularni oshkor qilib qo'ydi. U bilinar-bilinmas entikdi. Lablarida titroq turib, qisqa-qisqa yo'talib oldi.

— Men… Sizdan buni kutmagandim, — shivirladi Sevinch yuzini ters burib. — U-uyalmaysizmi?..

Jiyronbek aka bu holatini ko'rib, yanada sergaklandi.

— Buning nimasi uyat? — dedi o'zi sezmagan holda mushtlarini tugib. — Axir… Menam erkakman! Bir umr baxtimni izladim. Birinchi turmushimdan o'sha baxtni topolmagan, oilada erkaklik o'rnim bo'lmay yashagan, xo'rlik zo'r kelganda alamimni ishdan olgan bo'lsam, aybdormanmi? Sizni ko'rgan kunimdanoq tinchimni yo'qotgan bo'lsam, umid qilsam gunohmi?

Bu samimiy izhor Sevinchning ko'nglidagi eng nozik torlarni chertib o'tgandi.

Zo'ravonni sevib, ko'ngil berib, ardoqlab, ishonib, g'oyibona bo'lsa-da, suyanib hech qachon iliq munosabatlar, o'tli sevgi izhorlarni dilida tugib ko'rmagani sababmi, to'lqinlanib ketdi. Sal qursa, yig'lab yuborayozdi. Bazo'r o'zini bosib, lab tishladi.

Aslida butun vujudi bilan Jiyronbek akaga hayrixoh edi. Ikki og'iz gapini eshitgandayoq o'tmishi qanchalar ayanchli kechganini tushungan, qalbidagi o'tmish zardoblarini chuqur his eta boshlagandi. Jiyronbek akadan hech qachon yomonlik ko'rmasligiga qattiq ishonardi. Afsuski, bularning o'zi kamlik qilishiga ham aqli yetardi. Dunyoda achinish, tushunishdan bo'lak andisha, hayo degan tuyg'ular borligi, o'zi shu tuyg'ularga begona emasligini bilardi. Qolaversa, ko'nglining bir chetida jajjigina orzu ham yo'q emasdi. Sevinch ayni shu erkak bilan oralarida qaynoq muhabbat paydo bo'lishini, sevish-sevilish rostakamiga yovvoyi kechishini xohlardi. Shu bahonada Tolibni butunlay unutishni, o'sha dahshatli xayollardan juda-juda yiroq bo'lishni istardi.

Sevinch indamadi. Og'zini shoyi ro'moli cheti bilan yopgan ko'yi oshxonaga chiqib ketdi.

— Men kutib charchamayman, — dedi yo'lakdan turib Jiyronbek aka. — Meni yomon ko'rmang, qarg'amang, yolvoraman! Ishontirib aytaman, umrimning oxirigacha sizni deb yashayman, sochingizning bitta tolasi to'kilishiga yo'l qo'ymayman! Nomusingizni tish-tirnog'im bilan himoya qilaman, sizga suyanaman, siz bilan faxrlanaman, sizni ardoqlayman!..

Tashqari eshik yopildi. Pod'yezdda Jiyronbek akaning qadam tovushlari tobora uzoqlasha bordi.

Shundan keyingina Sevinch ortga qaytib, eshikni ichkaridan qulfladi va yugurgancha yotoqqa kirib karavotga o'zini tashladi.

Yostiqqa bosh qo'ygani hamono uni xayollar o'z domiga tortib ketdi. Mehrga, e'tibor va muhabbatga tashna yuragi entika-entika, o'zi sezmagan, idrok etmagan holda xayolan orzular vodiysiga tashrif buyurdi. Bu vodiyda manzara ko'zni qamashtirgulik darajada nafis edi. Qalbda faqat umid uyg'otuvchi bog'dagi rang-barang gullar sokin chayqalar, ifori ko'ngilga faqat iliqlik, hayajon hadya etardi. Bunday afsonalarga boy vodiyga qadam qo'yib o'rganmagan Sevinchning quvonchdan sakrab-sakrab o'ynagisi, ming azobda topilgan baxtini hatto vodiydagi sayroqi qushlargacha ko'z-ko'z qilgisi kelardi.

«Nahotki, azaliy armonlarim ushaladigan bo'ldi? — o'ylardi u. — Xudoyim, Jiyronbek akaning taklifi g'alati bo'ldi-ku! Sirayam kutmagandim. Yetti uxlab tushimga kirmagan, o'lay agar. Endi nima qilaman? Bu odamni akamday hurmat qilardim, hatto, hayiqardim. U bo'lsa, tomdan tarasha tushganday sevgi izhor qilib o'tirsa-ya!.. Lekin, baribir boshqacha bo'larkan. Seskanaverib, qo'rqaverib o'lay dedim-a! Qiziq, turmush qursak qanday bo'larkin-a? Bir uyda yashashni tasavvur ham qila olmayapman. To'xta, Jiyronbek aka mendan ancha katta-ku! Ko'rganlar, bilganlar, taniganlar nima deydi? Gap-so'z qilib yuborishmasmikan? Qo'llari bilan faqat meni ko'rsatishmasmikan? «O'la-a, ersirab qolibdi, shuning uchun o'zidan shuncha katta odamga tegvoldi» deyishmasmikan? E, nima bo'pti? O'zim ham farishtamidim? O'tmishimni ko'z oldimga keltirsam, haliyam o'zimdan o'zim nafratlanib ketaman. Yo'l qo'ygan xatolarim… Yo'q, men noz qilishga, er tanlashga haqli emasman. Buning o'rniga faxrlanishim, kutilmagan baxtimdan aylanib-o'rgilishim kerak. Qishlog'imdagilar, qarindoshlar ko'rishsin. Menam ko'chada qolib ketmaganimni, quvnaganlarim, xandon otib kulganlarimni tomosha qilishsin. Essiz, dadamniyam peshonasida yo'g'akan. Xuddi shu bugungi mamnun lahzalarimni ko'rolmay o'lib ketdi. Nogiron bo'lib qolgandan beri bir og'iz so'zini eshitolmay armonda qolaverdim-a! U dunyoda gapirarmikan? O'z oyoqlari bilan yurarmikan? Jinnimanmi o'zi? Ruhlar uchib yuradi deyishardi-ku! Shungayam aqlim yetmadi-ya! Qaydanam yetsin? Unaqangi narsalarni tushunish uchun idrok kerak. Men-chi?.. Mayli, chalg'ishni xohlamayman. Jiyronbek aka mard odam. Bunga shubham yo'q. Qanday ahvolga tushmayin, chidayman, ko'nikaman. Xudoyim, senga so'z beraman, agar orzularim ushalsa, hech qachon sening izmingdan chiqmayman, g'azabingni keltirmayman! Hozir ham, bundan keyin ham chin dildan tavba qilaman. Kechirolsang, o'tmish xatolarimni kechirgin!..»

Orzular vodiysining ohanrabosi shu qadar kuchli ekanki, Sevinch bu vodiyni xayolan keza-keza, oxiri uxlab qoldi.

Tong ham murodbaxsh kechdi. Ancha yillardan beri shirin tush ko'rmagandi. Sevinch qaysidir shaharda yaqin dugonalari bilan birga ko'cha kezar, egniga oppoq harir libos kiyib olganmish. Hammaning ko'zi faqat unda emish.

Hali yuz-qo'lini yuvib, gazga choy qo'yib ulgurmay, tashqari eshik taqilladi.

Sezdi. Bu Jiyronbek aka. Eshik oldiga borib «hozir» dedi-yu, yugurgancha yotoqqa kirdi va egniga o'zi yaxshi ko'rgan ko'ylagini kiydi. Shosha-pisha sochlarini to'g'rilagan bo'ldi. So'ngra ko'zguga yana bir karra qarab olib, qo'rqa-pisa yo'lakka chiqdi. Bir muddat «ochsammi-ochmasammi» degan o'yda ikkilanib turdi. Baribir ochmasa bo'lmasligini bilib, ohista kalitni buradi. Haqiqatan, ostonada Jiyronbek aka qo'lida chiroyli guldasta bilan jilmayib turardi.

— Bu sizga, — dedi u guldastani Sevinchga uzatarkan. — Iltimos, oling!

— Y-yo'q, ololmayman, — deya ortga tislandi Sevinch.

Shunday deyishga dedi-yu, o'zini yomon ko'rib ketdi. Axir, ichida jon deb turardi. Bir-biridan ajoyib atirgullarni ko'rgandayoq quvonchdan to'kilib bo'lgandi. Hech qachon birovdan sovg'aga gul olmagani uchun allaqachon shodliklarning yettinchi osmonida parvoz qila boshlagandi. Xayriyatki, Jiyronbek akaning o'zi vaziyatni yumshatdi.

— Agar olmasangiz, hoziroq balkonga chiqib pastga irg'itaman!

Shundan keyingina Sevinch yer chizgan ko'yi duv qizarib guldastani oldi va Jiyronbek akaga yo'l bo'shatdi.

— Xo'sh, o'ylab ko'rdingizmi? — so'radi Jiyronbek aka zalga kirishgach, Sevinchga yer ostidan ma'noli boqib. — Haligi… Taklifimni aytaman…

— B-bilmasam, — javob qildi Sevinch tutilib. — Unaqa…

Jiyronbek aka uning chaynala boshlaganini rizolik alomatiga yo'ydi. Bosh qashigancha kissasidan bir parcha oppoq qog'oz chiqardi.

— Mabodo uyalayotgan bo'lsangiz, yotog'ingizga kirib o'qiy qoling, — dedi u qog'ozga ishora qilib. — Nima desam ekan?.. Sizga aytolmaganlarimni shu qog'ozga tushirgandim. Men… Kutaman…

Sevinch qo'liga qog'ozni olib itoat bilan yotoqqa o'tdi-da, eshikni ichkaridan tambalab oldi. Shu lahzalarda qalbidagi hayajon yuz chandon ortib, ko'zlari chaqnardi.

«O, mening muhabbat osmonimdagi chaqnoq yulduzim, sevgilim, baxtimning oltin taxti! — degan jumlalar bilan boshlangandi maktub. — Qo'ng'iroqdek jarangdor va yoqimli ovozingizni ilk bor yaqindan eshitganimdayoq sevib qolishim muqarrarligini his etgandim. Tovushingizda bir olam fayz zohir edi. Kechadan beri bahor nasimi kabi beg'ubor nigohlaringizni o'ylarkanman, siz bilan uchrashtirgani uchun yaratganga beadad shukr qildim. Negaki, men ham bu yorug' olamni xuddi yo'l topa olmay halak bir so'qir kabi darbadar kezardim. Xayollarim, tasavvurlarim toraygandan torayib borardi. Kechayotgan har kunim qur-qur zindon yanglig' qalbimni ezardi. Tutayotgan ishlarimning to'g'ri-noto'g'riligini anglay olmay azoblanardim. Kecha sizga tavakkal dil izhorimni to'kib solgach, allamahalgacha uyqum kelmadi. Totli orzular ummoniga sho'ng'idim va hayotimda ilk bor shu ummon bag'rida xotirjam uyquga ketdim. Umidvoringiz Jiyronbek.»

Sevinch maktubni o'qib bo'lgach, o'zi uchun ayni pallada juda-juda qimmatli narsaga aylanib qolgan qog'ozni yuzlariga bosdi. Ko'zlari namlandi. Azbaroyi quvonganidan qichqirib yuborayozdi. Ammo darrov o'zini qo'lga olib, ko'z yoshlarini yengiga artdi-da, ohista yotoqdan chiqdi.

— Xo'sh, o'qidingizmi? — hovliqib so'radi Jiyronbek aka. — X-xafa bo'lmadingizmi ishqilib?

— Yo'q, — dedi zo'rg'a Sevinch yer chizib. — Xafa bo'lmadim.

— Unda… Nima deysiz, Sevinch? Iltimos, meni ko'p qiynamang! Hozir… Ishonsangiz, qarshingizda turibman-u, yuragim yorilib ketay deyapti. Bir narsa deng!

Sevinch bu safar ham sukut saqlashdan nariga o'ta olmadi. Javobini aytgisi keldi. Aytish uchun bir necha marta chog'landi ham. Biroq dilidagini tiliga ko'chira bilmadi. Ovchining ta'qibidan imi-jimida xalos bo'lishga shaylangan hurkak ohu kabi qimtinibgina ortga o'girildi-yu, oshxona tomonga yurdi.

— Ha-a, tushundim. Demak, rozi emassiz! Meni sevmaysiz! Na iloj? Zorim bor, zo'rim yo'q! Mayli, keta qolaman! Yaxshi-yomon gaplar gapirib, ko'nglingizga ozor bergan bo'lsam, uzr! Omon bo'ling!

— Yo'-o'q, to'xtang! — Sevinch Jiyronbek akaning ketishga chog'langanini ko'rib jonholatda oldinga talpindi. Lekin shu zahoti boshi qaytadan egilib, lablari titray boshladi.

— Axir… — deya tutila-tutila Sevinchga yaqinlashdi Jiyronbek aka. — Men…

— Tushuning, — dedi Sevinch boshi battar egilib. — Men… Agar rozi bo'lsangiz, qog'ozga yozib beraman. Tilim bilan… Aytolmayman.

— Mayli-i, — hovliqib javob qildi Jiyronbek aka. — Roziman! Yozib beravering!

Shu gapdan keyin Sevinch hayajondan qoqilib tushmaslik niyatida ehtiyotkorlik bilan yurib yotog'iga kirdi. Tumbochka ustida bir varaq qog'oz va ruchka yotardi. Qog'ozga faqatgina «Roziman» degan jumlani bitib, darhol ortga qaytdi va Jiyronbek akaga tutqazdi. Tutqazdi-yu, uning qarshisida turishga beti chidamay, balkonga o'tib ketdi. Eshikka yaqin borib, tutqichga qo'l cho'zgandi, Jiyronbek akaning hayqirig'i to'xtatdi.

— Rahma-at, Sevinch! Ishonardim, kutgandim, bilgandim! Iltimos, uyalmang! Axir, men begona emasman!..

Shu so'zlarni aytib, Jiyronbek aka Sevinchga juda yaqin keldi-da, ikki yelkasidan tutdi.

Bu holat ikki jussa, qalbni yaqinlashtirishi shart edi. O'sha lahzalarni Jiyronbek akaning o'zi tezlashtirdi. U tavakkal Sevinchni o'zi tomon qaratdi-yu, mahkam quchib oldi.

 

* * *

 

Yovvoyi muhabbatning haqiqatparast onlari qaysar-u xudbin bo'ladi. Ular erkak va ayol orasidagi qalin pardani qanday bo'lmasin ko'tarib, faqat nozik, nafis, yupqa pardalarnigina yopiq qoldirishadi. Bu pardalar hamisha erkak hamda ayolning o'zidan bo'lak hech kim bilishi zarur bo'lmagan sir-sinoatlarini berkitib turadi. Xullas, Jiyronbek aka-yu Sevinchni bir-birlaridan ayro etib turgan o'sha qalin parda qaynoq bo'salar tufayli ko'tarildi. Sevinch oradan yarim soatcha vaqt o'tib, Jiyronbek akaning xushomadlari, erkalashlariga ko'nikkanday bo'ldi. Endi boyagidek boshi egilib ketavermadi, yuzlari duv qizarmadi, kamon yoyi kabi uzun kipriklari pirpirayvermadi.

— Endi… Agar qarshi bo'lmasangiz, yana bir taklif aytsam, — so'z boshladi Jiyronbek aka qur-qur o'rtada hukm sura boshlagan sukunat devorini buzib. — Maylimi?

— Mayli, — dedi Sevinch yer ostidan Jiyronbek akaga jilmayish aralash qarab qo'yib. — Aytavering!

— Qishlog'ingizga borsak, to'yni o'sha yerda o'tkazsak. Harqalay, ota-onangizning ruhi shod bo'larmidi deyman-da! Qolaversa, qarindosh-urug', hamqishloqlar deganday…

— Yaxshi bo'lardi! Uyoqdagilar men haqimda ne gap-so'zlarni qalashtirib yurishgandir hoynahoy. O'zimningam tilagim shunday.

— Unaqangi gap-so'zlarga e'tibor bermang, Sevinch! Men borakanman, hech kim sizni yomonotliq qila olmaydi.

— Bilaman.

— Unda ertagayoq jo'nay qolaylik-a?

— B-bozor-chi? Bozor nima bo'ladi?

— Bozordan xavotir olmang! Aytdim-ku, Jasuringiz hozir mulla mingan eshakday yuvosh tortib qolgan. O'zingizam ko'rdingiz. Oyoq-qo'li chaqqon. Qarab turadi. Kelganimizdan keyin yana ko'ramiz. Har holda siz bozor-o'charni buyog'iga o'ylamasangizam bo'ladi. O'zimga qo'yib beravering!

— Siz nima desangiz shu-da!

— Darvoqe, hoziroq kiyining! Bir joyga bormasak bo'lmaydi!

— Voy, qaerga? Tinchlikmi?

— Do'konga, Sevinch, do'konga! Niyat qilgandim, sal bo'lmasa esimdan chiqay debdi. Qishloqqa xuddi malikalarday borishingiz kerak.

— Hozir malikalarday emasmanmi? — hazillashgan bo'ldi Sevinch kulib. — Yaxshilab qarang!

— Hozirgi turishingizgayam manaman degan malika havas qilsa arziydi. Lokigin, tushuning, meniyam orzu-havaslarim bor. Shularni ro'yobga chiqaray deyman. Iltimos, boraylik do'konga! Busiz sira iloji yo'q.

— Bo'pti, qo'ymasakansiz-da! Hozir kiyinib chiqaman!

Sevinch yangi, nazdidagi mustahkamdan-mustahkam baxt otashida yonib, pildiragancha yotog'iga yo'l oldi.

Kuz Sevinchning ona qishlog'idagi daraxtlar yaproqlarini ham sarg'aytirib, ariq bo'ylariga o'zgacha sokinlik ulashibdi. Ariq suvi kamayibdi. Sevinch shildirabgina oqayotgan ariq suviga mashina oynasidan ma'yus boqarkan, alami keldi. Qachonlardir otasi rahmatli mirobligida bu ariq suvga to'lib toshardi. Suv serobligidan qo'ni-qo'shnilar hech qachon tomorqa sug'orish masalasida bir-birlari bilan janjallashishmasdi. Chunki ko'z ochib yumguncha birovining tomorqasi qonar, darrov keyingi qo'shni suvni o'zi tarafga burib olaverardi.

— Yuring, uygacha piyoda boramiz, — dedi kutilmaganda Sevinch Jiyronbek akaga yuzlanib. — Faqat yo'q demang! Ko'ryapsizmi, qo'shni qiz-juvonlar mo'ralay boshlashdi. Ko'rib bir ko'zlari kuysin!

— Gap yo'q, — dedi Jiyronbek aka mehr bilan Sevinchning sochlarini silab. — Manavi ko'ylagingizni, tilla taqinchoqlaringizni, husningizni ko'rib qo'yishsin! Bilol, to'xtat mashinani! Sen orqamizdan seki-in boraver! Biz piyoda ketamiz!

Bu manzara endi rostakamiga ko'zllarni qamashtirgulik darajada ajoyib edi. To'rtta sersavlat qora «Volga» ularning ketidan g'ildirab borar, o'zlari esa shoshilmasdan qadam tashlashardi.

— Voy, anavi kelayotgan o'zimizning Sevinchmi? — bir-birlaridan so'rashardi qiz-juvonlar mashinalarga havas bilan boqib.

— Ha, xuddi o'zi, — derdi boshqasi. — Yonidagi erkak kim ekan? Ja barvasta odamakan.

— Qurib ketsin, karqunoqdan bulbul chiqibdi-da! — norozi qo'l siltab yuzlarini ters burib qo'yishardi kampirlar. — Otasi, enasi kim edi-yu, bolasi kim bo'lardi? Uyalmay begona erkak bilan yetaklashib kelishini qaranglar!

— Ie, unday demang, qo'shni! Balki eridir? Qaerdan bilasiz?

— Eri bo'lsa-chi, qishloqda dabdabali to'y qilmaydimi? Ana undan keyin menga desa quchoqlashib yurmaydimi? Nomusam qolmabdi-da hozirgilarda! Qand bormikan qishloqqa shu taxlit kelib? Yuravermaydimi o'sha shaharida? Beti qursin!

— Qaranglar! — bo'y yigitlar qator mashinalarni ko'rsatib bir-birlarini turtishardi. — Mening tog'amdayam xuddi shunaqasidan bor. Zo'r mashina-da!

— E, opqochma! Tog'ang bor yo'g'i do'konchi bo'lsa! Bunaqa mashinalar-chi, faqat kattakonlarda bo'ladi! Kattakonlarning bari shaharda yashaydi, ovsar!

— Rahmatli mirob yaxshi odamiydi, — deyishardi oppoq soqollarini tutamlab qariyalar. — Sevinchxonni ko'r, ajoyib qiz bo'pti!

— Qurmag'ur mirob ja ichidan pishgan ekan-a? Uyini qara, allakimlar kelib boshqatdan dang'illama hovli qurib ketishdi.

— Shaharda bekorga yurmaganakan-da! Hoynahoy xazina topvolib, hech kim bilmaydigan yerga ko'mib ketgan bo'lsa kerak.

— Qanaqa xazina? Esingdan chiqdimi? Qandaydir kallakesarni yetaklab keluvdi. O'sha o'g'ri, qaroqchi o'rtoqlaridan ulush olib bergandir. Xazina otliqqa yo'g'-u, mirobga yo'l bo'lsin!?.

— O'sha kallakesariyam yo'q bo'lib ketdi-ya? Yo mirob ikkalasini undanam zo'rrog'i chiqib haligiday…

— Seki-in? Devorniyam qulog'i bor. O'zi-chi, qarib miyangiz suyulib qopti. Qamalib ketgan deb eshitdim o'sha zo'ravonni. Ja ko'p odamni o'ldirvorganakan-da yaramas!..

— Voy, egnidagi ko'ylagini qaranglar! — o'zaro shivir-shivir qilardi kelinlar. — Yaltirashini-i! Tanlab-tanlab olibdi-da Sevinch!

— Ha, «parcha»ykan matiryali. Bozorda judayam qimmatlashib ketganmish.

— O'lsin, menam to'ydan oldin shu «parcha»dan sarpoga qo'shishsin devdim, qaynonam xohlamabdi. «Kelgandan keyin o'zi ishlab olsin «parcha» kiyish niyati bo'lsa» deganmish, ziqna.

— Qaynonangizning o'zi kiyvolibdi-ku! Kuni kecha falonchining to'yida ko'ruvdim. Hammaga ko'z-ko'z qilib kerilib o'tirganakan.

— Kiyadi-da! Biz olay desak, darrov o'g'liga chaqadi. Mingta bo'lar-bo'lmas gapni gapirib yo'ldan uradi.

— Qurib ketsin shunaqa qaynonalar. Qachon o'zimiz qaynona bo'larkanmiz-a?

— Men qaynona bo'lsam, kelinimga eng oxirgi modadagi matiryallardan sarpo qilib beraman.

— Ha-a, ko'ramiz!

— Voy, qaranglar, Sevinchxon biz bilan so'rashishga kelyapti!..

Sevinch barcha qishloqdoshlari bilan yig'lab-yig'lab ko'rishdi. So'ngra barchalarini ergashtirgancha ota hovlisiga yo'l oldi.

 

* * *

 

… Oradan to'qqiz oy o'tdi. Yoz jazillab, o't-o'lanni quritish harakatida yonardi. Shunday kunlarning birida Sevinch oy-kuni yaqinlashganini his etdi. Oldiniga og'riqlar ora-sirada paydo bo'ldi. Keyin esa belini bir tutamladi-yu, qo'yib yubormadi. Sevinch arang yurib borib Jiyronbek akaga qo'ng'iroq qildi. Shu orada dod solishdan tiyildi. Dard ham pasanda bo'lgan kabi hiyla yengillashdi. Ammo bir necha daqiqadan so'ng battar kuchaya bordi. Sevinchni dod-voy iskanjasida Jiyronbek akaning o'zi tug'ruqxonaga olib ketdi.

— Men… Baxtiyorman, xo'jayin, — derdi harsillab u. — Xudo xohlasa, hammasi siz xohlagandek bo'ladi. Siz albatta o'g'illi bo'lasiz.

— Sen o'zingni bo'sh qo'y, — deya uni tinchlantirishga urinardi Jiyronbek aka. — Hammasi yaxshi bo'ladi! Faqat qo'rqma! Men do'xtirlarga tayinlab qo'yganman! Sen salomat bo'lsang bas!

— Meni haliyam yaxshi ko'rasizmi?

— Jinnivoy-ey, albatta yaxshi ko'raman! Xudo xohlasa, farzandimiz dunyoga kelsa, sizlarni kaftimda ko'tarib yashayman, jonim!

— Hech qachon yomon ko'rib qolmaysiz-a?

— Yo'q, hech qachon!..

Jiyronbek aka tug'ruqxona binosi yonida bir soatga yaqin o'tirib qoldi. Hadeganda hamshiralar xushxabar olib chiqmas, shu sababli u battar xunobi ortib, ketma-ket sigaret tutatardi.

Bir mahal eshik ochilib, negadir bosh vrachning o'zi tashqariga chiqdi va to'g'ri Jiyronbek aka tomon yurdi.

— Tinchlikmi, do'xtir? Sevinch yaxshimi? Eson-omon qutulvoldimi? — savollarni qatorasiga yog'dirib tashladi Jiyronbek aka. — Nega indamaysiz?

— Oka, kechirasiz-u, — bosh egib so'z boshladi vrach. — Ammo biz qo'limizdan kelgan hamma ishni qildik.

— T-tushunmadim! Bu nima deganingiz?

— Bola sog'lom tug'ildi. O'g'il ekan.

— O'zi-chi o'zi?

Vrach mushtlarini tugib bir necha o'n soniya tek turdi-da, Jiyronbek akaning ikki yelkasidan tutdi.

— Sevinchxonning o'zini… Afsuski, saqlab qololmadik. Ko'p qon yo'qotib…

— Nima? O'ylab gapiryapsizmi? Nimaga-a?..

— Xudo sabr bersin, oka! Bizdan xafa bo'lmang!..

— Yo'-o'q!!!

Jiyronbek aka talvasa aralash vrachni itarib yubordi-da, tug'ruqxona ichkarisiga chopdi.

Baxtga qarshi g'isht qolipdan ko'chgandi. Sevinch haqiqatan olamdan o'tibdi. Faqat Jiyronbek akaga ikki og'iz jumla bitilgan maktub qoldiribdi.

«Dadasi, orzungiz ushaldi, siz o'g'illi bo'ldingiz. Uni ehtiyot qiling! Mendan rozi bo'ling!»

Jiyronbek aka ikki soat deganda Sevinchning jasadini kasalxonadan olib chiqdi.

Mashinada ketib borardi-yu, ko'z yoshlarini tiya olmas, faqat xotinining so'nggi maktubiga tikilardi.

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

loading...