Panjara ortiga yetaklagan uzuk

0

«Aziz kundaligim! Necha yildan beri tuzukroq gaplashmagan qadrdonlaringni uchratish, xotiralarni eslab, ular bilan shirin suhbat qurish, diydorlashishdan shirinroq narsa bo'lmasa kerak. Bugun uydagi hamma ishlarni saranjomlab qo'yganimning sababi ham mana shu diydor-da! Ertaga necha yildan beri uchrashmagan sinfdoshlarim bilan yig'ilyapmiz. Mana shu uchrashuvga boraman deb, to'rtta odamga hisob berdim-a?!

— Sinfdoshlaring bilan uchrashuv? — dedi bu haqda eshitgan erim qoshlarini chimirib.

— Ha, borsam maylimi?

— Aka, yaqinda kursdoshlarim bilan katta bayram bo'lganida, yigitlarning orasida nima bor deb yubormadingiz! Endi xotiningizga ruxsat berasizmi?

— Yo'q, yo'q! Faqat qizlar yig'ilyapmiz! — qaynsinglimga o'qrayib qararkanman, hovliqib javob berdim.

— Men bilmadim, ana, oyimdan so'ra!

Yaramas qaynsinglim ikki yildan beri men bilan ochiqchasiga dushmanlik qiladi. Uning sharofati bilan yolg'on gapirishga majbur bo'ldim-da, qaynona va qaynotamga yalindim. Ular ham zo'rg'a rozilik berishdi. Men kelin bo'lgan xonadonda nihoyatda ziyoli, tarbiyali odamlar yashagani tufayli bunday yig'ilishlar ularga ko'p ham xush kelmasdi. Lekin men bir amallab bu uchrashuvga borish baxtiga sazovor bo'ldim.

2009 yil 5 avgust

Qadrli kundaligim! Kechagi ish haqida hech kimga aytolmayman va hatto senga yozishga ham uyalaman. Biroq buni yozishim shart, zora shunda yengil tortsam. Odamlar kundalikni aynan shunaqa sirlar uchun ham to'ldirishadi-ku axir. Xullas, kechagi ziyofatda barchasi bir maromda ketayotgandi, hamma hursand, hamma quvnoq. Biroq zalga u kirib keldi-yu, asablarim buzilib ketdi. Sinfdoshlarim orasida manmanlik, g'iybatchilik, jizzakilik bobida unga teng keladigani yo'q. Shu bilan birga u sinfimizdagi eng chiroyli, ko'zga ko'ringan qiz ham edi. Zalga ham hammani lol qoldiradigan darajada yasangancha sollanib kirib keldi. Uning egnidagi libos, oyoqlaridagi tufli, qo'lidagi sumka va hatto pardoz buyumlariga ham barchamiz suqlanib qarardik.

— Uzuging juda chiroyli ekan! — dedim men ham o'zimni tutib turolmay, uning barmoqlariga mahliyo boqib.

U esa beparvo, kibr bilan javob qaytardi:

— Ha, uni erim hadya qilgandi. Ehtiyot bo'l, tegma, bu uzukning qancha turishini tasavvur ham qilolmaysan.

— Juda chiroyli ekan-da, ruxsat bersang, taqib ko'rardim…

— Qo'ysang-chi, taqib nima topasan? Ie, ko'ylagingning mana bu yeri sitilibdimi, qarasang-chi o'zing.

— Hech sitilmagan…

— Ha, unda juda eskirib ketibdi-da?

Haqiqatan ham ko'ylagim yangi emas, lekin hech qanday yamoq joyi yo'q edi. U bu gapni atayin, meni kamsitish uchun aytgandi. Atrofdagilarning bari menga tikilib qolganday tuyilib, xo'rligim kelib ketdi. «Yangi ko'ylak olsam, nima qilardi?!» deya yig'lagancha o'zimni qo'yarga joy topa olmay, yuvinish xonasiga kirdim. Nafasimni rostlay, deb turganimda, ortimdan o'sha manman sinfdoshim ham kirib keldi. Men o'zimni panaga olib, asta uni kuzata boshladim. Shu tobda u qimmatbaho uzugini yechib, chetroqqa qo'ydi-da, qo'llarini yuva boshladi. Oynaga qarab, bejalgan yuzini yanada kuchliroq chapladi, atir sepdi va yuvinish xonasidan chiqib ketdi. Yig'idan biroz shishgan ko'zlarimni yuvish uchun borganimda, nigohim daf'atan o'sha uzukka tushdi. Ha, men o'n daqiqa avval havas bilan tikilgan, bir bor taqib ko'rishni istagan olmos ko'zli uzuk yal-yal tovlanib turardi. Uni barmog'imga taqdim. Kundaligim, uzuk menga shu qadar yarashdiki…

2009 yil 7 avgust

Kundaligim! Mana, hozirgina sinfdosh dugonam bilan telefon orqali suhbatlashdik. Yaxshiyamki, telefon orqali, aks holda u mening behalovat nigohlarimdan barini tushungan bo'lardi.

— Ha, o'sha uzukni yo'qotib qo'yibdi, kecha gaplashgan edik!

— Voy ahmog'-e, qaerda yo'qotibdi?

— Shuni o'zi ham eslolmayapti-da. Aytishi bo'yicha, uzukni faqat qo'lini suvga urishdan avval yechib, so'ng yana taqib olarmish. Axir inson bir kunda necha bora qo'l yuvadi, aynan qaysi yerda yechganini qanday eslasin?

— Uzuk yo'qolganini qachon bilibdi?

— Kechagina. Nogoh ko'zi barmoqlariga tushibdi-yu, uzukni eslabdi. Menga qara, balki, uzuk biz uchrashgan restoranda…

— Nimalar deyapsan?! Bu gapni tag'in yana gapirib yurma, shubha darrov senga tushadi-ya! Qolaversa, tarqalayotganimizda uzuk uning barmog'ida turgani aniq esimda.

— Ha, u senga yoqib qolgandi.

— Hechamda, shunchaki ko'ngil uchun o'zimni shunday ko'rsatgandim.

Dugonam boshqa mavzular xususida yana nimalardir der, men esa hammaning oldida meni mulzam qilgan o'sha yaramasning holati haqida o'ylardim.

2009 yil 20 avgust

Aziz kundaligim! Uzuk qo'limga tushganidan beri halovatim yo'qolgan. Yo'q, men uni egasiga, albatta, qaytarib beraman, yana ozgina vaqt menda tursin. Axir men umrimda bunchalar chiroyli zeb-ziynatni hech ko'rmaganman-da! Har bir ayol mana shunday uzugi bo'lishini orzu qilsa, ajab emas. U barmoqda go'yo quyosh misoli nur sochadi, hatto qorong'i xonada ham beqiyos tovlanadi. Uyda hech zog' qolmaganida uni taqaman-da, o'zimni malikalarday his etaman. Ammo keyin yuragimga g'ulg'ula o'rmalaydi. «Kimdir barchasidan xabar topsa, nomim o'g'riga chiqadi», deb qo'rqaman.

2009 yil 6 sentyabr

Qadrli kundaligim! Bugungi voqea yuragimni tars yoray dedi. Dabdurustdan erta taqillab qolgan eshikni ochaman deb, uzukni taqinchoqlarim saqlanadigan qutiga apil-tapil tashladim. Uyga kirib kelgan qaynsinglim yuzsizlarcha pastdagi do'kondan non olib kirishimni aytib, buyruq berib qoldi. Shosha-pisha do'kondan kelganimda esa u xonamda o'tirardi, barmoqlarida esa o'sha uzuk. Vajohat bilan yugurib bordimu, uzukni barmog'idan deyarli yulib oldim.

— Sekinroq! Barmog'imni uzib olay dedingiz-ku!

— N-n-nega xonamga kirdingiz, mana noningiz, oling-da, oshxonaga chiqing.

— Bu mening uyim, istagan xonamga kiraman…

— Tinchlikmi? — erimning ovozidan bir sakrab tushdim-da, uzukni mushtim orasida qattiqroq siqdim.

— Aka, xotiningiz meni buncha yomon ko'radi. Hamma dugonalarim kelinoyisining taqinchoqlarini taqishadi-ku. Berib tursa, yeb qo'yarmidim!

Akasining quchog'iga otilgan qaynsinglim bir-ikki ko'z yosh ham to'kib bergach, erim menga yuzlandi.

— Berib turaqol, hali yosh-da…

— Bermayman dedimmi, bermayman!

— Iya, nega baqirasan?!

— O'ldirsangiz ham bermayman, uzuk meniki!

— Hoy, menga qara, baqirma dedim!

G'azabga mingan erimni qaynsinglim to'xtatdi.

— Tinchlaning, aka, boshida qolsin uzugi, — dedi u akasini sudrab xonadan chiqarkan va yana qo'shib qo'ydi. — Yaxshiyam tilla yoki olmos emas ekan-a, tavba!

Kundaligim, bugun meni Xudoning o'zi asradi!

2009 yil 15 sentyabr

Aziz kundaligim! Mana, necha kunki, oromim yo'q. «Uzukni kimdir topib olmasmikin, uni men olganimni bilib qolishmasmikin, bilib qolishsa, nima bo'larkin, uni mendan olib qo'yisharmikin?» degan o'y-xayollar tinchlik bermas, halovatimni o'g'irlagan edi bu uzuk. Manman sinfdoshimning ahvoliga qiziqib, u haqda bilmoqchi bo'ldim va doim gaplashib turadigan yaqin dugonamga qo'ng'iroq qildim.

— O'sha uzuk haqiqatan ham, juda qimmatbaho ekan. Tunov kuni qo'ng'iroqlashgandik, uzugi yo'qolganidan beri kuyinib yurganini aytdi bechora!

— Bechora?! Nega endi bechora bo'larkan?! Uning o'zi emasmi boyligi oshib-toshib ketayotganini aytgan, maqtangan. Ha, nima, bitta uzuk bilan kambag'allashib qolarmidi? O'shanaqa uzuklardan unda bitta deb o'ylaysanmi? Bekorlarni aytibsan… Mana, bizga o'xshaganlar uchun bu uzuk haqiqiy mo''jiza. Uning tovlanishi, nafisligi, ayniqsa, barg qismida joylashgan toshlari…

— Barg qismida joylashgan toshlari?! Uzukda bargli naqsh ham bormidi?!

— Ha-da, barg va atirgul g'unchasining tasviri, bundan tashqari…

— Shoshma, shoshma, sen qanday qilib bularni eslab qolding?

— Nima?! Kim eslab qolibdi?! Ie, erim keldi, keyin gaplashamiz, xayr!

Tilimdan tutilishimga bir bahya qolganida go'shakni ilib qo'ydim. Ey Xudo, bu behalovat kunlar qachon tugarkin, yo'q, uzukni hech kimga bermayman!

2009 yil 25 sentyabr

Kundaligim! Kecha onamning tug'ilgan kuni munosabati bilan ota uyimga borgandim. Onamning xomush o'tirganini ko'rib, yuragim vizillab ketdi.

— Eh, nimasini aytay, anavi taqinchog'imni yo'qotib qo'ydim. Dadang sovg'a qilgan marjonni!

— Oyi, qiziqsiz-a, oddiy marjon-ku!

— Nima bo'lgan taqdirda ham, dadang uni ter to'kib topgan puliga sotib olgan. Kim olgan bo'lsa ham buyurmasin! Xudo jazosini bersin, o'g'rilar!

Onamning gapidan yuragim allanechuk g'ash tortib ketdi.

2009 yil 8 noyabr

Qadrdon kundaligim! Mana, bir oydirki, ko'z yoshlarim ummoniga g'arq bo'lib o'tiribman. Bugun meni ko'rgani kelgan o'g'lim va qizimning yuziga hatto qaray olganim yo'q. Turmush o'rtog'imning «Nafsing boshingga yetdi», degan gapi esa hammasidan o'tib tushdi.

Bir oy avval, ortiq bu azob bilan yura olmasligimni tushunib, uzukni xaltachaga joylashtirdim-u, sinfdoshimning uyi tomon yo'l oldim. Ammo, afsuski, u shundoqqina yonimdan mashinasida meni ko'rmay o'tib ketdi. Bir ko'nglim «Uyiga kir va oila a'zolaridan biriga tashlab ketaver», ham dedi-yu, lekin, uni qo'liga topshirishni istab, tezda taksi to'xtatdim va ortidan ergashdim. Mashinadan tushdim-da, bir zumga ko'zdan g'oyib bo'lgan dugonamni atrofga alanglab qidira boshladim. Birdan kimdir menga turtilib ketdi va qo'limdagi xaltacha, uning ichidan esa uzuk tushdi. Urilib ketgan odamga qarasam, u ko'zlari hayratdan qotib qolgan sinfdoshim ekan.

— Sen hali shunaqamiding?!

— Hozir senga tushuntirib beraman. Men buni senga berish niyatida…

— O'g'ri!

— Yo'q, men uni senga qaytarish uchun kelgandim!

— Uzukni ko'rib qolganim uchun shu bahonani topdingmi endi?! Yaramas! Mana shu uzukni deb qancha kuyindim-a, seni qamataman!

Mana, bir oydirki, qamoqdaman. To'g'ri, uzuk uchun menga katta muddat berishmadi, lekin nomim qora bo'ldi. Sinfdoshimda yomon illatlar qanchalik ko'p topilmasin, men undan-da yomonroq ekanman. Axir birovning haqi hech qachon buyurmasligini bilishim kerak edi. Ko'zlarimga jilvalanib ko'ringan uzukning egasida kibru-havo kuchli bo'lsa-da, har holda u nafs quli, ya'ni o'g'ri emas!»

Mohigul DIYoRXO'JAYEVA

(«Hordiq plyus» gazetasi xazinasidan)

loading...