Koronavirus yuqtirganlarning 25 foizida alomatlar ko'zga tashlanmaydi, lekin ular virusni boshqalarga yuqtiradi

0

Alomatlarsiz virus tashuvchilar infeksiya tarqalishini nazorat qilishda qiyinchilik tug'diradi, deb hisoblaydi CDC tadqiqotiga asoslanib kun.uz. Yo'talayotgan va harorati baland insonlarni aniqlab, izolyatsiyalash endi yetarli chora emas, ommaviy testdan o'tkazish va ijtimoiy izolyatsiya zaruriyati yuzaga chiqqan. Yo'qsa, epidemiyaning o'sishini to'xtatib bo'lmaydi.

So'nggi haftalarda yangi SARS-CoV-2 koronavirusini yuqtirgan insonlarning katta qismida hech qanday alomatlar yuzaga chiqmasligi haqida ko'plab ma'lumotlar paydo bo'lmoqda. AQShning kasalliklarni nazorat va profilaktika qilish bo'yicha markazi (CDC) direktori Robert Redfildning fikricha, bunday bemorlar ulushi 25 foizgacha borishi mumkin.

Redfilning qayd etishicha, alomatlarning yo'qligi koronavirus tashuvchisi atrofdagilar uchun zararli emasligini anglatmaydi. Aksincha, alomatlarsiz bemor boshqalarga virusni yanada faolroq yuqtiradi, chunki o'zi ham kasal ekanligi borasida shubhaga bormaydi va ehtiyot choralarni ko'rmaydi. Ehtimol, aynan shunday kishilar koronavirusning shiddat bilan tarqalayotgani uchun mas'uldir.

COVID-19ning alomatlarsiz holatlari mavjudligi pandemiyani jilovlashni murakkablashtirmoqda, deya qayd etadi New Atlas. Kasallikning tipik alomatlari — yo'tal, nafas olish og'irlashuvi va baland haroratga ega insonlarning barchasini topish va izolyatsiya qilish endi yetarli chora emas. Bunday sharoitlarda ijtimoiy masofalashuv va ommaviy testdan o'tkazish zaruriyati ayniqsa muhim ahamiyat kasb etadi.

COVID-19ning yashirin davri (14 kun) uzoqligi ham muammo yaratmoqda. CDCning yangi hisobotiga ko'ra, virus yuqtirib olgan insonlar dastlabki alomatlar paydo bo'lgunga qadar 1–3 kun ichida boshqalarga yuqtirishi mumkin.

Alomatsiz va alomatlar bo'y ko'rsatish avvalida yuqtirishlar to'g'risidagi yangi ma'lumotlar CDC vakillarini ayrim yangi tavsiyalar ishlab chiqishga majbur qildi. Ilgari bu tashkilot JSST bilan bir qatorda tibbiyot xodimlari, bemorlar va ularga uyda qarashayotgan insonlarga tibbiyot niqobi taqishni tavsiya qilgan edi. Endi ular barchaga maska taqishni tavsiya etishmoqda — bu kasallik alomatlari yuzaga chiqmagan bemorlar boshqalarga virusni yuqtirib qo'ymasligini ta'minlaydi. Bu pozitsiyani rasman qayta ko'rib chiqish hozircha yuz bergani yo'q.

Islandiyada o'tkazilgan ommaviy testdan o'tkazish ma'lumotlariga ko'ra, alomatlari yuzaga chiqmagan kasallar soni yanada ko'proq — 50 foizgacha bo'lishi ham mumkin. Bu esa pandemiyaning haqiqiy miqyosi mavjud baholashlardan ko'ra kattaroq ekanini anglatadi.

loading...