Bugun tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlash har doimgidan ham muhim

1

Bugungi kunda butun dunyo, insoniyat og'ir kunlarni boshidan kechirmoqda. Afsuski, .yurtimizga chetdan kirib kelgan koronavirus kasalligiga chalinganlar soni oshib bormoqda. Shu bois Prezidentimiz ushbu virusli infeksiyani jilovlash, tarqalishining oldini olish hamda profilaktika qilish yuzasidan Hukumatga aniq vazifalar yukladi. Xalqimizni bu ofatdan asrash va kasallikni davolashga barcha kuch va vositalar safarbar qilindi.

Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish va boshqa global xavf-xatarlar davrida makroiqtisodiy barqarorlikni, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining uzluksiz ishlashini ta'minlash, tashqi iqtisodiy faoliyatni rag'batlantirish, aholini samarali ijtimoiy qo'llab-quvvatlash, mamlakat aholisi daromadlari keskin pasayib ketishining oldini olish uchun barcha choralar ko'rildi.

Kuni kecha Prezidentimiz raisligida koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozga qarshi kurashish sharoitida tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash masalalariga bag'ishlab o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida davlatimiz rahbari xalqimizga yana bir bor murojaat qilib, mamlakatimizda ushbu inqiroz iqtisodiyotga keskin salbiy ta'sirining oldini olish, odamlarimiz daromadlari kamayib ketmasligi, korxonalarimiz barqaror ishlashi uchun davlat barcha choralarni ko'rayotganini alohida ta'kidladi.

Haqiqatdan ham bugungi sharoitda tadbirkorlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, samarali faoliyat yuritishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib berish har doimgidan juda muhim. Yig'ilishda davlatimiz rahbari bu masalaga alohida to'xtalib, har bir tuman va shahar sektor rahbarlariga o'z hududidagi korxonalarni otaliqqa olib, ular bilan muntazam ravishda birma-bir ishlashi bo'yicha topshiriqlar berdi. Tuman Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish bo'limida shtab tashkil etilib, har bir tadbirkorning muammosi hal etib borilishi ta'kidlandi.

Yana bir ahamiyatli tomoni, Prezidentimiz joriy yil 3 aprel kuni mana shunday qiyin vaziyatda iqtisodiyotimizni, tadbirkorlarni faol qo'llab-quvvatlash uchun mamlakatimiz taraqqiyotiga daxldor bo'lgan yana bir muhim hujjatga imzo chekdi. “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub'yektlarini qo'llab-quvvatlashga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmon o'z vaqtida qabul qilingan muhim hujjat bo'ldi.

Farmonda muhim masalalarning yechimi ko'rsatib o'tilgani katta amaliy ahamiyatga egadir. Chunki ushbu hujjatga muvofiq, endilikda turistik va mehmonxona faoliyati bilan shug'ullanuvchi tadbirkorlar shu yil yakuniga qadar yer va mol-mulk soliqlarini to'lashdan ozod etiladi. Ularga ijtimoiy soliq stavkasi hozirgi 12 foizdan 1 foizga tushiriladi. Shuningdek, karantin davrida o'z faoliyatini to'xtatishga majbur bo'lgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga daromad solig'i va ijtimoiy soliqni hisoblash to'xtatiladi. Ushbu imtiyoz qariyb 150 ming yakka tartibdagi tadbirkorga katta ko'mak bo'ladi. Eng muhimi, tushumi o'tgan oydagiga nisbatan 50 foizga kamaygan kichik biznes sub'yektlariga aylanmadan olinadigan soliq, yer solig'i, mulk solig'i, ijtimoiy soliq va suv solig'ini to'lash muddati shu yil 1 oktyabrga qadar kechiktiriladi.

Shuningdek, ushbu farmon bilan tadbirkorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlash jamg'armasi tomonidan yordam berish ko'lami yanada kengaytirilmoqda. Hozirgi kunda tadbirkor olgan kredit stavkasi 24 foizgacha bo'lganda uning 8 foizini jamg'arma qoplab berar edi. Endi kredit stavkasi 28 foizgacha bo'lganda ham uning 12 foizini davlat qoplaydi. Buning uchun tadbirkorlarning 3 trillion so'mlik kreditlari foizini qoplashga jamg'armadan qo'shimcha 400 milliard so'm yo'naltiriladi. Asosiysi, endi jamg'arma bir tadbirkorning faqatgina bitta loyihasiga kafillik berishi bo'yicha cheklov ham bekor qilinadi.

Ta'kidlash joizki, mazkur hujjatga ko'ra, qiyin ahvoldagi korxonalar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va aholining 12 trillion so'mlik kredit majburiyati muddati uzaytirilmoqda. Shu bilan birga moliyaviy qiyinchiliklarga yuz tutgan korxonalarga nisbatan bankrotlik tartib-taomillari tashabbusi bilan chiqish va ularni bankrot deb e'lon qilishga moratoriy joriy qilinyapti. Endilikda har bir tadbirkor, fermer va korxona rahbarlari berilgan bu imtiyozlardan samarali foydalanib, nostandart yechimlarni izlab, ishlab chiqarish hajmlari va ish joylarini saqlab qolish, korxonalar faoliyatini davom ettirish zarur.

Yana bir muhim masala, karantin davrida fermer va dehqonlarimiz, tadbirkorlarimiz oldida o'ta muhim vazifalar turibdi. Shu sababli mamlakatimizda koronavirus epidemiyasiga qarshi kurash tobora jiddiy tus olayotgan bir paytda joylarda fermer va tomorqachilarimiz zimmalaridagi mas'uliyatni unutmagan holda, bahorgi ekin ekish ishlarini boshlab yuborgan. Bugun viloyatlarda ekish mavsumida yer maydonlarini tayyorlash va ekin ekish ishlari uyushqoqlik bilan olib borilmoqda. Tumanlardagi 4 ta sektor rahbarlari har bir fermer xo'jaligida kunlik o'rganishlar olib borib, ekish sifati, moddiy resurslarning yetkazib berilishi bo'yicha alohida nazorat o'rnatgan. Mana hademay o'zimizning dehqonlarimiz tomonidan yetishtirilayotgan yangi kartoshkalar ichki bozorlarimizni to'ldiradi. Xususan, shu yil aprel oyida Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari tomorqalaridan 50-60 ming tonna kartoshka qazib olinadi.

Xulosa shuki, farmonda belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta'minlash nafaqat davlat idorasi, balki har bir deputat zimmasiga ham katta mas'uliyat yuklaydi. Shunday ekan, endi har birimiz zimmamizdagi mas'uliyatni to'la his qilgan holda, yanada jipslashib, sabr-matonatli bo'lib, prezident farmonining ijrosini o'z vaqtida ta'minlashda faol va tashabbuskor bo'lishimiz zarur.

Aktam XAITOV,
 
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
 
Spikeri o'rinbosari,
 
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari

loading...

1 TA FIKR

Comments are closed.