Sinovli kunlarda hech bir tadbirkor yolg'izlatib qo'yilmaydi (VIDEO)

0

Ayni paytda butun jahonni ko'zga ko'rinmas balo, ofat qattiq xavotirga solib turibdi. Koronavirus xalqaro hamjamiyat bilan chuqur integratsiyaga kirishmagan sanoqli davlatlardagina qayd etilmadi, xolos. Keyingi yillarda dunyoga ochilib, jadal sur'atlarda rivojlanib borayotgan O'zbekiston ham pandemiyadan chetda qolishi mumkin emasdi. Shu ma'noda mamlakatimizda bu xatarli illatga qarshi kurashish avvaldan, hali koronavirus chegaralarimizni kesib o'tmasidan boshlangan edi. Keyingi qat'iy chora-tadbirlar ham Prezidentimiz boshchiligida izchil amalga oshirib borilmoqda.

Koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozga qarshi kurashish sharoitida tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash bo'yicha 3 aprel kuni o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida Shavkat Mirziyoyev chin yurakdan kuyunib, xalqimizga yana bir marta murojaat etdi. Ushbu murojaat, jumladan, parlament quyi palatasidagi bizning partiyamiz fraksiyasi a'zolari, O‘zLiDeP elektorati bo'lgan yuz minglab tadbirkor va ishbilarmonlar, fermer va tomorqachilarga, aytish mumkinki, juda katta ruhiy dalda bo'ldi.

Prezidentimiz kuni kecha imzolagan “Koronavirus pandemiyasi davrida aholini, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub'yektlarini qo'llab-quvvatlashga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmonda hozirgi qiyin vaziyatda o'ta muhim vazifalar belgilandi, 8 ta yo'nalishda qiymati 20 trln so'mdan ortiq imtiyozlar berildi. Bu raqamlar hazilakam qamrovga ega emas. Davlatimiz rahbari shunday og'ir sharoitda ham, avvalo, xalqimiz manfaati uchun qayg'urish siyosatida sobitligini yana bir karra namoyon etdi.

Ayniqsa, bunday sinovli kunlarda hech bir tadbirkorni o'z holiga tashlab qo'ymaymiz, degan va'dasi bizga qanot bag'ishladi. Joylarda tadbirkorlar muammosiga alohida yondashib, ularni hal qilishda “bevosita boshqaruv” rejimiga o'tish kerakligi uqtirildi. Muhtaram Prezidentimiz hammamiz yanada jipslashib, sabr-matonatli bo'lish bilan birga, yuksak tafakkur, qat'iy intizom va ulkan mas'uliyat ko'rsatishimiz lozimligini ta'kidladi.

Qonunchilik palatasi deputatlari Prezidentimizning murojaat va farmoni mazmun-mohiyatini zamonaviy axborot va aloqa vositalaridan foydalangan holda, internetdagi ijtimoiy tarmoqlar orqali o'z hududlaridagi saylovchilarga yetkazmoqda. Jumladan, tadbirkorlarga berilayotgan imtiyozlarni elektoratimiz vakillariga batafsil tushuntirish va amalga tatbiq etishda O‘zLiDePdan saylangan deputatlarimiz faol ko'makchi bo'lishadi.

Videoselektor yig'ilishida dehqonchilik yumushlari qizg'in pallaga kirgan shu g'animat kunlarda fermer va tomorqachilarimizga ham ruhni tetik tutib, tushkunlikka tushmasdan, ayniqsa, kerakli tibbiy qoidalarga qat'iy amal qilgan holda qishloq xo'jaligi ishlarini izchil davom ettirish bo'yicha zarur maslahat va yo'l-yo'riqlar berildi. Zotan, karantindan keyin ham hayot davom etadi. Xalqimizning birlamchi turmush ehtiyojlarini ta'minlashda, oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishda esa agrar sohaning o'rni muhimligi kundek ravshan. Koronavirus keltirib chiqargan inqiroz chuqurlashib ketmasligi uchun ham bobodehqonlarimiz ayni kunlarda har bir lahzani g'animat bilishlari joiz.

Aziz yurtdoshlarimiz, qadrli saylovchilarimizni karantin qoidalariga qat'iy rioya etishga, zaruratsiz ko'chaga chiqmasdan uyda o'tirib, oilasi va yaqinlarining salomatligi haqida qayg'urishga chaqiramiz. Ish joyida bo'lishga majbur vatandoshlarimizdan ham qat'iy intizomni saqlagan holda, gigiena va sanitariya me'yorlariga amal qilish talab etiladi. Unutmaylik, davlatimiz hech bir fuqaroni, tadbirkorni o'z muammosi bilan yolg'iz qoldirmaydi, sinovli kunlarda yakkalatib qo'ymaydi.

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikerining o'rinbosari,

OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari

loading...