Jizzaxliklarning «Shon-sharaf» muzeyini boyitish yo'lidagi g'alabasi

0

Insoniyat bir muddat xotirjamlik bilan taraqqiyotga yuz tutdi. Misli ko'rilmagan texnikaviy kashifiyotlar qilindi. Nomiga munosib o'tmishdagi ko'rguliklarni unuta boshlagandi. Jahon ahlini oyoqqa turg'izayotgan koronavirus ofati bashariyatni yana bir bor hushyor torttirdi.

Maqolamiz bu haqda emas, mamlakatlar boshiga undan-da ko'proq zarar keltirgan Ikkinchi jahon urushi, yana ham aniqrog'i Jizzax viloyatining 1941-1945 yillarda ushbu muhorabaga qo'shgan hissasi xususida. Nima uchun ushbu viloyat haqida gap ketayotganini maqolamiz so'ngida bilib olasiz.

1941 yil 22 iyun kuni fashistlar Germaniyasi hujum qilmaslik to'g'risidagi shartnomani buzib, xoinlarcha bostirib kiradi. Urush haqidagi mash'um xabar hamma hududlarda bo'lganidek, Jizzax viloyatida ham yashin tezligida tarqaladi. Shahar va qishloq aholisi o'zlarini frontga safarbar etilgan, deb bildilar.

Yovuz dushmanga qarshi kurashish xalqning or-nomusi, vijdoniy burchi bo'lib qoldi. Jizzax shahri va tuman markazlarida, jamoa va davlat xo'jaliklarida, sanoat korxonalari va maktablarda ko'p ming kishilik mitinglar bo'lib o'tdi. Unda dushmanni tezroq tor-mor qilish yuzasidan tadbirlar belgilandi. Shuningdek, barcha qiyinchiliklarga qaramasdan voha dehqonlari frontga ko'proq oziq-ovqat yetkazib berish uchun barcha kuch-g'ayratlarini safarbar etdilar.

1941-1945 yillari jizzaxliklardan 39 620 nafar kishi (Jizzax viloyati tarixi kitobi. 1996 y) urushga safarbar qilindi. Ular Leningrad va Stalingrad mudofaasida,  Belorus va Ukraina yerlarini dushmandan ozod qilish janglarida qahramonlik namunalarini ko'rsatdilar. 7 450 nafar kishi ozodlik uchun o'z jonini qurbon qildi. Ularning ayrimlari jang suronlarida bedarak yo'qoldi. Urushning dastlabki kunlaridanoq, jangga otlanganlar orasida Jizzax ohak zavodining ishchilaridan Nurillo Fottoxov, Abdurahmon Toshpo'latov, Said Ashurov, Vasiliy Yakovlev, Stepan Ivanov, Viktor Zaharov, shuningdek g'allarollik Uzoq Murodjov, Norbek Haydarov, Nurbek Mahmudov, Toshpo'lat Keldiyorov, Fayzi Boboyev, Yo'lchi Ortiqov, G'aybulla Hamroyev va boshqalar bor edi.

Viloyatda juda ko'plab xotin-qizlar ham ko'ngilli bo'lib frontga jo'nashga azmi qaror qildilar. Ular qatorida jizzaxlik Anna Tulaykova, Antonina Papova, Bubirajab Bektagirova, Yelezaveta Dublyajenko singari jasur ayollar bor edi.

Hamma joylarda mudofaa jamg'armasiga mablag' to'plash uchun hasharlar tashkil qilindi. Temir-tersak to'plash, oyliklari o'tkazildi. Harbiy xizmatchilarning va halok bo'lgan jangchilarning oilalariga g'amxo'rlik kuchaytirildi. Jamoat va davlat xo'jaliklarida ishchi kuchi va texnika vositalarining kamligiga qaramay chorva mahsulotlari yetishtirish va davlatga topshirish rejasi oshirib bajarildi.

Muhimi, bu kabi jonbozliklar beiz ketmadi, buyuk g'alabaga erishildi. Bugungi avlod ham ulug' jasorat va fidokorlikni qadrlab yashamoqda. Jizzax viloyatida istiqomat qilgan va qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga tegishli buyum, anjomlar, xat va fotosuratlar jamlanib, siz suratda ko'rib turganingizdek muzey shaklidagi vatanparvarlik burchagi tashkil qilindi. Poytaxtimizning Olmazor tumanida barpo etilayotgan G'alaba bog'i hududidagi «Shon-sharaf» muzeyini eksponatlar bilan to'ldirishda, jumladan, Jizzax viloyati uchun ajratilgan hududni jihozlar bilan boyitishda bu kabi sa'y-harakatlarning ahamiyati katta.

Qolaversa, Madaniyat vazirligi tasarrufidagi muzeylar ham fondlarida saqlanayotgan urush davriga oid front va front ortida o'zbekistonliklarning g'alabaga qo'shgan ulkan xizmatlari, mardlik va jasoratlari, fidoyiliklari, bag'rikengligi aks ettirilgan tarixiy materiallar, hujjatlar va ashyolarni beg'araz topshirmoqdalar. Qilingan ishlar yaxlitlashtirilib, albom holiga keltirildi. Faol jonbozlik ko'rsatib ishlayotgan viloyatlarni rag'batlantirish maqsadida, Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk g'alabaga viloyatlarning qo'shgan hissasi aks ettirilgan ekspozitsiyalar bo'yicha qilingan ishlar yuzasidan hududlar kesimida tanlov e'lon qilindi.

Yaratilgan ekspozitsiyalar bo'yicha yuborilgan fotoalbomlar «Shon-sharaf» muzeyini bezatish bo'yicha tuzilgan ishchi guruhi tomonidan ko'rib chiqib, baholandi. O'rinlarni belgilashda, ishchi guruh viloyatlar tomonidan to'plangan Ikkinchi jahon urushi davriga oid ashyolar va urush qatnashchilari buyumlari soni ko'pligi, berilgan ma'lumotlar ishonchliligi hamda buni fotoalbomda qay darajada yoritib berganligiga alohida e'tibor qaratdilar. Xolis o'rganishlar natijasida, Jizzax viloyati birinchilikni qo'lga kiritgan bo'lsa, Surxondaryo viloyati II, Qashqadaryo viloyati esa III o'ringa munosib topildi.

Aziz NORQULOV,

«Vatanparvar» gazetasi muxbiri

 

 

loading...