Xalqi uchun jon tikkan o'g'lon qahramondir, sira o'lmaydi!

0

Xalqi uchun jon tikkan o'g'lon,

Bilgin aslo unut bo'lmaysan!

Yashagaysan qalblarda mangu,

Qahramonsan, sira o'lmaysan!

1976 yilning 18 noyabri. Said aka va Roziya opa xonadonida o'g'il farzand dunyoga keldi. O'shanda Said aka turmush o'rtog'iga «Kelajakda shu o'g'limizning sizga mehri boshqacha bo'ladi» deb aytgandi. U haq bo'lib chiqdi. Afsuski, Samarqand viloyatining bir nechta tumanlarida xalq salomatligi yo'lida xizmat qilgan tajribali jarroh Said aka Sayyorning onasiga, Ona yurtiga bo'lgan mehrini va sadoqatini ko'rish nasib qilmadi…

Bola boshidan…

Olti yoshida otasidan erta ayrilgan Sayyorning o'sha paytda ko'nglidan nimalar kechganligi bizga qorong'u. Ammo Roziya xolaning xotiralashicha, o'g'li taqdirning bu og'ir zarbasini xuddi kattalardek qabul qilgan. Otasini qabrga qo'yib kelgandan keyin meni mahkam quchib, qandaydir boshqacha yupatgandi, deya eslaydi.

– Bolamning o'shanda nima demoqchi ligini qalban anglab yetganman. Sayyorim chaqaloqligidan o'zgacha xislatlar bilan otasi va meni ko'p hayratlantirgan. Bir safar uyimizga mehmonlar kelganda uning metin irodasiga guvoh bo'lganmiz. Mehmonlar bilan ovora bo'lib, Sayyordan xabar olish yodimdan chiqibdi. Kechki payt o'g'limning harorati ko'tarilgani va kasal bo'lib qolganligini bildik. Murg'ak go'dak bo'lishiga qaramay, shu ahvolida umuman yig'lamagandi.

Yillar o'tib farzandlarim otasining o'rnini bosa oladigan qobil yigitlar bo'lib ulg'ayishdi. Sayyor o'spirinlik paytida qo'lidan kelgancha akasi va menga ro'zg'orda yordam berishga harakat qilardi. Ishlab topgan pullarini menga keltirib berardi. Turmush o'rtog'imdan ayrilgan qiyin kunlarimda o'g'illarim menga suyanchiq bo'lganidan boshim osmonga yetgan…

Armon bo'lgan uchrashuv

Halok bo'lishidan sal avvalroq, gazetada Sayyorning «Jasorat» medali bilan taqdirlangani haqidagi xushxabarni o'qib qoldim. Shundan keyin akasi Baxtiyor bilan uni ko'rish uchun Chirchiqqa bordik. Birga yashaydigan safdoshlari bilan bizni rosa xursand bo'lib kutib olishdi. Rosa sog'ingan ekanmi, bir necha kunga qolishimni iltimos qildi. Boshqa o'rtoqlarini ham chaqirib, osh bilan mehmon qilmoqchiligini aytdi. Ro'zg'or tashvishlari va ishlarim tufayli taklifini rad etganman. Endi o'sha taklifni rad etganim bir umrlik armonim bo'lib qoldi. Endi esa Sayyor bilan bir martagina dasturxon atrofida o'tirib ovqatlanish uchun, farzandimning hidini to'yib-to'yib hidlash uchun butun borlig'imdan kechishga tayyorman. Afsuski vaqtni ortga qaytarib bo'lmaydi.

Surxondaryoda jangarilar bilan bo'lgan jangda bolaginam yurtimiz tinchligi yo'lida ko'ksini qalqon qildi. O'sha voqealarda u bilan birga bo'lgan do'stlarining aytishicha, ko'ksidan yaralanganiga qaramay, bir nechta dushmanni yo'q qilgan. O'q yuragining tepa qismiga tekkanligi uchun ko'p qon yo'qotishi natijasida gospitalda jon berganligini aytishdi…

Bolaginam kamtar bo'lishi bilan birga otasi aytganidek menga juda mehribon edi. Aslida «Jasorat» medali bilan taqdirlanganini meni xavotirga qo'ymaslik uchun erishgan yutuqlari uchun berilganligini aytgan ekan. Keyinchalik mukofotni quroldosh do'stlari bilan Vatanimiz sarhadlarini buzib kirishga harakat qilgan jangari guruhni yo'q qilishdagi xizmatlari uchun berilganligini eshitdim.

Sayyor o'lmagan, Sayyorlar yashayapti

Taqdirning achchiq qismati yuragimni o'rtasada, shunday qahramon farzandni tarbiyalaganimdan faxrlanaman. Negaki, uning do'stlari qiyin damlarni unutishimda yonma-yon turib dalda berishdi. Ularning ko'pchiligi o'g'limning jasoratidan faxrlanib, farzandlarining ismini Sayyor deb qo'yganligini aytganlarida, Sayyor o'lmagan, Sayyorlar yashayapti degan ishonch menga umid bag'ishlaydi. Shunday paytlarda farzandimning nomi avlodlar timsolida mangu yashayotganligi his qilaman.

Sayyorning jasoratidan ta'sirlangan xorazmlik mayor Hamdambek Shomuratov bilan ona bola tutinganman. Hamdambek Surxondaryoda halok bo'lgan o'g'lonlar qahramonligini yanada yaqinroq o'rganishga qiziqishi tufayli menga xuddi o'g'limday bo'lib qolgan. U 2015 yil Samarqandga xizmatga kelganida meni qidirib topdi. Turmush o'rtog'i Charosxonni kelinimday, ikki o'g'lini o'z nevaralarimday yaxshi ko'raman. Baraka topkur Hamdambek bolam oilasi bilan tez-tez holimdan xabar olib turadi. Shunday paytlarda insonning ismi jismiga qanchalik mos kelishiga amin bo'laman. Sayyor o'g'lim bugungi avlod timsolida qalblardan qalblarga ko'chib yurgan bo'lsa, Hamdambek hamisha quvonchli va qayg'uli kunlarimda yonimda ekanligiga shukrona keltiraman.

Yaqinda kinorejissyor Hilol Nasimov tomonidan suratga olingan «Hayot» filmini tomosha qilib, Sayyorning o'lmaganligiga yana bir marta amin bo'ldim. Fattoh Nasimov ijro etgan roldagi qahramonni ko'rib, o'g'lim tirilib kelganday vaziyatga tushdim. Shu film namoyishidan keyin Fattoh bilan telefonda tez-tez gaplashib turibman. Hatto bir safar xuddi ona bolalardek yig'lab ham oldik…

Roziya xolaning qalb iztiroblariga to'la xotiralarini ko'zlarida yosh bilan esga olishini, qalbiga malham bo'layotgan bugungi kun voqealarini ko'rib, eshitib qattiq ta'sirlandim. Hech bir ONA “Bolam” deb nola qilmasin, ekan. Osoyishta hayot yo'lida jonini tikkan o'g'lonlarni voyaga yetkazib, ularning firoqida yonib yashayotgan onalar qarshisida hamisha bosh egamiz.

Yoshlarga namuna bo'lgan jasorat

Vatan oldidagi xizmatlari uchun II darajali «Shon-sharaf» ordeni va «Jasorat» medali taqdirlangan maxsus guruh komandiri, leytenant Sayyor Sadinov kabi qahramonlarning jasorati kelajak avlod uchun namunadir. Chunki yuqorida tilga olingan voqealar tarixi, ularning qisqa hayoti va amali qalbida cho'g'i bor har bir yoshni vatanparvarlik ruhida kamol topishiga xizmat qiladi.

Sayyor Sadinov ta'lim olgan Samarqand shahridagi 19-umumta'lim maktabida uning izdoshlari kamol topmoqda. Qahramonning byusti o'rnatilgan mazkur ta'lim dargohida o'qigan Jasur Davronov endilikda «Temurbeklar maktabi» o'quvchisi hisoblanadi. U Sayyor Sadinovning jasoratiga, mardligiga havas qilgan.

Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g'alabaning 75 yilligi, 9 may Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan samarqandlik harbiy xizmatchilar, faxriylar, viloyat mudofaa ishlari bo'limi xodimlari hamda «Temurbeklar maktabi» vakillari Roziya xola xonadonida mehmon bo'lishdi. Shuningdek, ular Sayyor Sadinov o'qigan maktabda ham bo'lib, qahramonlik va vatanparvarlik timsoli bo'lgan jasorat sohibiga bag'ishlangan tadbir uyushtirdi. «Temurbeklar maktabi» o'quvchisi Jasur Davronov va uning to'rt nafar do'sti  yig'ilganlar qarshisida Sayyor Sadinov singari haqiqiy yurt o'g'loni bo'lishga ahd qilishdi.

Asror RO'ZIBOYEV,

“Vatanparvar” gazetasi muxbiri

loading...