Sochlarga jozibali tus beruvchi xalqona muolajalar

0

Soch insonning, ayniqsa, ayollarning ko'rki ekanligi hammaga ma'lum. Ayni damda esa soch bilan bog'liq turli muammolar, xususan, soch to'kilishi va shunga o'xshash boshqa ko'ngilsiz holatlarning yuzaga kelishi ko'pchilikning dilini xira qilishi tayin. Shu boisdan quyida siz uchun juda qulay va topilishi oson bo'lgan mahsulotlar yordamida sochlaringizni o'stirish, parvarishlash va jozibali tusga kiritish imkoniyatini beradigan xalq tabobati muolajalarini tavsiya etamiz.

* Agar qamish tomirining kulini xina bilan qorishtirib, boshingizga bog'lasangiz, sochingizni o'stiradi va mustahkamlaydi.

* Lavlagi qaynatilgan suvga soch yuvsangiz, sochingiz yanada qorayadi.

* Qizg'aldoq gulini ho'l yantoq mevasining po'sti bilan ezib bog'lasangiz, sochingizni qoraytiradi.

* Archa mevasini yanchib, sirka bilan aralashtiring va soch tushgan joylarga surting, qaytadan chiqadi.

* Shotut, tok va qora anjir barglarini suvda qaynatib, boshingizga surtsangiz, sochingizga rang beradi.

* Anjir bargini ezib, suvga soling va past olovda 20 daqiqa qaynatib, atala holatiga keltiring. Tayyor damlamani boshingizga surtsangiz, soch to'kilishining oldini oladi.

* Tuxum sarig'i aralashtirilgan suv bilan boshingizni yuvsangiz, sochingiz ildizini mustahkamlaydi va quruqshab qolgan sochingizni mayinlashtirib, chigil tortishdan saqlaydi.

* Agar teringiz juda yog'li bo'lsa, yog'siz qatiqni boshingizga surtasiz va 20-30 daqiqa ushlab turib, yuvib tashlaysiz.

* Teringiz juda quruq bo'lsa, yog'li qatiqqa bir osh qoshiq qaymoq yoki smetana aralashtirib, boshingizga surtasiz.

* Soch ildizi mustahkam bo'lishi uning ko'p jihatdan ozuqa moddalari bilan yetarlicha ta'minlanishiga bog'liq. Qariqiz hamda zig'ir ildizining kukunidan teng miqdorda olib, qaynatma tayyorlaysiz. Buning uchun 6 osh qoshiq aralashmaga 1 litr suv quyib, 15 daqiqa davomida qaynatasiz. So'ng tindirasiz. Tayyor sharbatdan bosh terisiga haftasiga 2-3 marta surtasiz. Sochingiz mustahkam bo'lib, tez o'sadi.

* Bordi-yu, sochingiz barvaqt to'kila boshlasa, quyidagi amaldan foydalansangiz bo'ladi. Buning uchun qulmoq (xmel) g'uddalarini erta kuzda terib olasiz (mevalar yetilib pishishi kerak). Bir osh qoshiq g'udda ustiga bir stakan qaynoq suv quyib, 30 daqiqa davomida qaynatasiz. Qaynatma soviganidan so'ng uning sharbatini boshingiz terisiga ishqalaysiz.

* Sochingiz to'kilib, boshingizda ochiq joylar paydo bo'lgan va har qancha muolajalar kor qilmayotgan bo'lsa, bodom yog'ini har tun yotish oldidan sochsiz joylarga surting. Bu muolajani uzog'i bilan 2 hafta davom ettirsangiz bo'lgani. To'kilgan sochlar qaytadan quyuq bo'lib chiqadi. Boz ustiga, sochlaringizdagi xiralik barham topib, jilolanadigan bo'ladi.

* Sochingiz nursiz va jonsiz bo'lsa, uchlari gullab, sinib tushaversa, sarimsoq damlamasi bilan haftada bir marta yuvib turing. Orzungizdagi go'zal va jozibali sochlarga ega bo'lasiz. Buning uchun bir dona sarimsoqni butunligicha olib, tozalab,1 litr suvga solasiz va suv 0,5 litr qolguncha qaynatasiz. Damlamani sizdirib olib, boshingizga kam-kamdan quyasiz. Sarimsoqli damlama sochingizning tubigacha singishi va soch ildiziga malham bo'lishi uchun uni boshingizda 20-30 daqiqa ushlab turasiz. Muolaja tugagach, sochingizni iliq suvda chayasiz.

(Xalq tabobatidan olingan tavsiyalarni qo'llashdan oldin mutaxassis shifokor bilan maslahatlashing)

ZULFIZARBONU tayyorladi.

(«7 Mo''jiza» xazinasidan)

loading...