RAQQOSA… (17-qism)

0

 

 

* * *

 

Ro'zixon opasining tug'ilgan kuniga borib vujudidagi jami g'uborlar tarqagandek, juda yengil tortdi.

Opasi shunchalar kuchli mehr ko'rsatdiki, Manzura xijolatdan yerga kirgudek bo'lib borar, Murod esa bu xijolatpazlikni hazil-huzul bilan tarqatib yuborardi…

Ammo shaharga qaytgandan keyin ham yuragining bir chetidagi tuman tarqamadi. Botirni eslamaslikka, qo'l siltashga urinardi. Baxtga qarshi, saldan keyin ko'z oldida Botirning qiyofasi namoyon bo'laverardi.

Uning Salomat bilan chaqchaqlashib turgani, u tomonga hissizgina qarab qo'yib burilgancha ketib qolgani ko'nglini og'ritaverardi. Endi-endi muhabbatga oshno bo'la boshlagan qalbi to'kilib-to'kilib ketardi…

Darsda ham qanday o'tirganini idrok eta olmadi. Bilgani, Salomat darsda ko'rinmagani bo'ldi.

Akasi gaplashib guruhdan haydattiribdi shekilli.

Ammo bu ham Manzuraga taskin bermadi. Alam ko'ksini kemiraverdi.

Shunday xayollar bilan pod'yezga kirgan ham ediki, Botir devorga suyangancha turganini ko'rdi.

Uni ko'rib ko'ngli birdan yorishdi. Qalbining tubidagi o'sha tuman tarqay boshlaganini his etdi.

Lekin ko'ngil tubidagi og'riq qaysarlikni qo'ymadi. Bu og'riq shu qadar yoqimsiz kecha boshladiki, Manzura dod solishdan arang o'zini tiyib turardi.

Atayin salomlashmadi. Uyga kiritmoqchi emasdi. Biroq Botirni to'xtatib qolishga kuchi ham yetmasdi. Qolaversa, boshqa ko'ngli Botirning uy ichkarisiga kirishi uchun jon deb turardi.

Ikkovlari ham so'zsiz ichkariga kirishdi. Manzura go'yo yonida hech kim yo'qdek, sevimli ashulalaridan birini xirgoyi qilgancha oshxonaga o'tib gazga choy qo'ydi. Har kungi odati. Darsdan keladi-yu, qaynoq choy bilan bir dona shokolad yeydi…

— Indamay til tishlab o'tiraveramizmi? — nihoyat o'rtadagi jimlikni buzib so'radi Botir. — Arpangni xom o'rmagandim shekilli? Nega hech bo'lmasa, salom beray demaysan? Yo…

— Salom? — Manzura qo'lidagi shokolad bo'lagini stol ustiga qo'ydi-da, Botirga yuzlandi. — Sizgami? Kimsiz o'zi? Nega so'roqsiz bu uyga kirdingiz? Birov chaqirganmidi sizni?

— Qo'y-da endi, voy-bo'-o', — deya Botir gavdasini orqaga tashladi. — Murod akajoning ja yaxshi ustozlik qilyaptimi deyman-da-a? Ja mag'rur bo'p qoptilar?

— Akamga til tekkizmang, — dedi Manzura dast o'rnidan turib. — U mening akam, bildingizmi?!. Siz-chi? Hech kimmassiz? Ha, Salomatxoningiz bugun chaqirmadimi? Yo o'shaning oldidan keldingizmi? Maqtangingiz keldimi? Bilib qo'ying, menga farqi yo'q. Kim bilan gaplashyapsiz, chaqchaqlashyapsiz, menga bir pullik qizig'i yo'q. Endi iltimos, uyni bo'shatib qo'ying! Halizamon akam kep qoladi.

— O', shunaqami? Akajoningiz rashk ham qiladilarmi? Ja apoq-chapoq bo'p ketibsizlar-da unda-a?

— Sizga nima?

— Menam yerdan chiqqanim yo'g'idi. Shunchalik oyoqosti qilmasang bo'lardi.

— Kim kimni oyoqosti qildi? Siz emasmi oyoqosti qilgan? Uyalmay gapirishingizni qarang yana! Boring, keting! Asabimga tegyapsiz!

— Shunaqami? Tugadimi muhabbat? Qorlar yog'ib izlar bosildimi? Endi raqqosa xonimga hech kim kerak bo'lmay qoldimi? Ishlari bitib, eshaklari loydan o'tdimi?

— Mening eshagim yo'q. Og'zingizga qarab gapiring!

— Unda eshitvol, menam ja sen o'ylaganchalik anoyi, ovsarmasman. Hali ko'rasan, o'sha akajoning ishini bitirib, sendan foydalanib, joniga tekkan kuning bir tepib haydaydi. Unaqalar faqat pulingga oshna. Ko'zingni kattaroq och!

— Sizdaqalarning nasihatiga zormasman. Keta qoling tezroq! Odam shunchalik ham bezbet, sur bo'ladimi? Ket degandan keyin ketmaydimi?

— Ketaman. Shu ijara uyingda o'tiraman deb o'lib turganim yo'q. Bir gapni aytish uchun kelgandim aslida.

— Ayting-u, daf bo'ling!

— Akajoning kelsa, ayt, sening uyingni ta'mirlatganda ikkita molimni sotib berganman. O'sha mollarning pulini joyiga qo'ysin. Men duch kelganga pul beraveradigan boyvachcha emasman.

Botirning shuncha ta'nalari bir bo'ldi-yu, so'nggi gapi bir bo'ldi. Manzura miyasiga birov gurzi bilan tushirgan kabi qalqib ketdi. A'zoyi badani uvishgandek so'z uchun og'iz ocha olmay angraygancha Botirga qarab qoldi.

— Ha, nega menga tikilib qolding? — zardali ohangda so'radi Botir ketishga chog'lanib. — Hammayam pulni yaxshi ko'radi. Keyin-chi, mening ko'chada tushib qolgan pulim yo'q. Xullas, bugun kechqurun qo'ng'iroq qilsin-da, uchrashib pullarni qo'limga topshirsin.

— Topshirmasa-chi? — atayin gapni aylantirib so'radi Manzura. — Urasizmi akamni?

— Urish ham gap ekanmi? — dedi Botir og'zidan tupuk sachratib. — Jigini ezib qo'yaman.

— Unda tezroq ayta qolaman. Tag'in akajonim arzimagan besh-olti so'm pulni deb jigidan ayrilib o'tirmasin!

Botir ortiq bir so'z demadi.

Manzuraga bir muddat alam va nafrat aralash termilib turdi-da, ilkis burilib tashqariga yo'l oldi.

 

* * *

 

Minnat o'ti yomon kuydirarkan. Botirning qiliqlari, bugun aytgan gaplari hozirgidek alam qilmagandi. Birgina minnatli gapi ko'ksini teshib o'tay dedi.

Manzuraning vujudini yana yetimlik, yo'qsillik, xo'rlik alangasi chirmab oldi.

Boyagina Botirni ko'rganda, bilinar-bilinmas mehri tovlanganidan, kechirishga, ko'ngliga ozor yetkazganiga ham ko'z yumish payida ham bo'layozgandi. Afsuski, minnatli gapi qalbini parcha-parcha qildi. Yorug' dunyoga yo'qsil bo'lib kelganlariga pushaymonlar yedi.

Karavotiga ohista cho'karkan, o'pkasi to'lib ketdi. Lekin yig'lamadi. Lablarini qattiq tishlab bo'g'zidan otilib chiqishga shay turgan faryodni nari hayday oldi.

O'zini qo'lga oldi. Murodning so'nggi so'zlarini yodga oldi.

Botir kabilar bir tomchi ko'z yoshiga haqiqatan arzimasligini chuqurroq anglab yetdi.

Ertasi kuni ko'ngli ancha ravshan tortibdi. Tunda tiniqib uxlagani boismi, Botir bilan bo'lib o'tgan yoqimsiz suhbatni unutgandek bo'ldi.

Bugun ham Salomatning darsda ko'rinmagani yanada dalda berdi. Bir balodan qutulganiga shukr qildi. Bu Murodning ishi ekaniga amin bo'lib, yanada yayradi. Endi hech kim ta'qib etmasligiga ishona boshladi.

Kunduzi konservatoriyada yana kichik konsert uyushtirishgan ekan. Konsertda unga ham navbat berishdi. O'zi suygan qo'shiqlardan birini aytib bergandi, zaldagilar tik turgancha olqishlashdi. Azlarovich domla tashqariga chiqqandan keyin ham astoydil duo qilib yelkasiga qoqdi.

Bularning barchasi Manzuraga go'yo qanot bag'ishlagandi. Qo'yib berishsa, qishlog'iga uchib borib, dugonalariga baxtini, omadini ko'z-ko'z qilgisi kelib ketdi. Ammo bu hozircha orzuligicha qoladi. Murodning rejasiga amal qilishdan bo'lak chorasi yo'q. Akasi unga hech qachon yomonlikni ravo ko'rmaydi. U bir narsani mo'ljallagandirki, qishloqqa borishini ortga surgandir…

Manzura ana shunday yoqimli o'ylar, hislar og'ushida katta ko'chaga chiqdi-da, bekat tomon keta boshladi.

Ha, hoziroq uyga boradi-da, Murod akasiga qo'ng'iroq qiladi. Yutuqlarini aytib maqtanadi. Akasini xursand qiladi…

Yo'q, oldin Ro'zixon opasiga sim qoqadi. Miriqib gaplashadi. Undan keyin akasiga qo'ng'iroq qiladi.

Shu tobda qora «Jip» katta tezlikda keldi-da, Manzuraning yo'liga ko'ndalang bo'ldi. Xayolga berilib ketganidanmi, sal bo'lmasa, mashinaga o'zini urib olayozdi.

Mashinaning oynalari qoraytirilgandi. Shu sababli ichidagilarni ko'ra olmadi.

Hali chetroqqa o'tib ulgurmay, mashinaning old eshigi ochildi. Ketidan orqa eshik ochilib, ikki barzangi uni o'rab oldi.

— Oh, hofiza shumidi hali? — Manzuraga qarama-qarshi turgani masxarali tirjayish qilib, Manzuraga yeb qo'ygudek qarab sherigiga ko'z qisdi. — Ja ketvorgan ekan-ku-a? Hofizalarni bunchalik zo'r bo'ladi deb o'ylamovdim, Jamshid.

— Ha endi, bu zo'ridan ekan-da, — dedi sherigiga javoban boshqasi. — Qani, xonanda singlim, mashinaga o'zingiz chiqasizmi, yo ko'tarib o'tqazib qo'yaylikmi?

— Yo'ldan qochlaring, — dedi hozir xunuk bir hodisa yuz berishini ko'ngli sezib Manzura. — Mashinang o'zingga buyursin. Qochlaring! Hozir akamga qo'ng'iroq qilsam, dabdalangni chiqaradi.

— Ie, Jamshid, xonandamizning akasiyam borakan, — Manzurani barmog'i bilan ko'rsatib kulib yubordi qarshisidagi barzangi. — Senam qo'rqib ketdingmi?

— Ha-a, — dedi orqada turgani. — Akasiyam ja anaqalardan bo'lsa kerak-a? Bizni o'ldirib qo'yarmikan-a?..

Manzura boshqa so'z aytishga ulgurmadi. Barzangilar turta-turta uni mashinaning orqa o'rindig'iga o'tqazishdi…

Manzuraning qarshilik ko'rsatishlari ularga kor qilmasdi. Qancha tashqariga qarab javdiramasin, na bir tanish, na militsioner ko'rina qolardi. Baqirishga urinardi. Lekin qo'rquv yo'l bermasdi. Baqirsa, yonidagi devdek yigitlar yonidan pichoq chiqarib so'yib tashlaydigandek tuyilardi…

Manzura indamaslikka, oxirini kutishga ahd qildi. Xayolan bo'lsa-da, xudoga yolvorishdan to'xtamadi. Yaratgan albatta mushkulini oson qilishiga ishondi. Shu asnoda shaharga kelganlariga, san'at yo'liga kirganlariga umrida ilk bor pushaymon bo'ldi.

Mashina o'qdek uchib shahar ko'chalarini birma-bir ortda qoldirgancha Manzura umrida ko'rmagan bir joyga yetganda to'xtadi.

Atrofdagi uylarning deyarli hammasi hashamatli edi. Ularga qarab turib bu yerda oddiy odamlar yashamasligiga amin bo'ldi.

Barzangilar hoynahoy baqir-chaqir qilmagani uchun kuch ishlatishga urinishmadi chog'i, pastga tushgandan keyin ham qo'pollik qilishmadi. Boyagi masxarali gap-so'zlar ham to'xtadi. Uni ikkalasi o'rtaga olgan ko'yi uch qavat qilib qurilgan hovli ichkarisiga olib kirdi.

Ichkarida uzun yo'lak zohir edi. Yo'lak oxirigacha borishdi-da, barzangilardan biri o'ngdagi eshikni ohista chertdi. So'ngra eshikni ochib Manzuraga «kir» ishorasini qildi.

Manzura sira qo'rqmasdan, vahimaga tushmasdan ostona hatlab ichkariga kirdi.

Kattakon, aylanasiga divan-u, servantlar tizilgan xona to'rida esa…

Salomat o'tirardi.

Manzura unga ko'zi tushgani hamono hammasini tushundi. Beixtiyor «Alpomish» filmidagi kampirning bir gapi xayoliga keldi.

«Qasos qiyomatga qolmaydi»…

Ha, endi kech edi. Manzura qancha chiranmasin, ayuhannos solmasin, baribir bularning qo'lidan qutula olmaydi. Xudo yor bo'lsagina, mushkulini oson qilsagina, ozod bo'la oladi, ixtiyori o'ziga o'tadi. Hozir esa chidashga, bardosh qilishdan bo'lak iloj topa olmasdi. Yana bir narsaga ishonardiki, bu maqtanchoq qiz baribir unga ziyon yetkaza olmaydi.

— Xush keptilar, hofizaxon, — dedi barzangilar chiqib ketgach, Salomat unga yaqin kelib. — Ha, qo'rqib ketdilarmi? Ja botiriydilar-ku o'qishda! Burnilari osmon edi-ku-a?

— Nega meni bu yerga opkeltirding? — so'radi Manzura sir boy bermay. — Ishing bo'lsa, o'qishga borib aytsangam bo'lardi-ku! Yo meni shu yo'lminan sindirmoqchimisan? Adashasan. Meni xudodan boshqasi sindira olmaydi. Shu ishni qilib xatoga yo'l qo'yding, dugona. Ertaga…

— Dugona dema mani! — kutilmaganda baqirib yubordi Salomat. — Sendaqa qishlaqilar manga dugona bo'lomiydi! Burningni artlaring manga dugona bo'lguncha!..

Manzuraga xuddi shu gaplar juda alam qildi. Javob qaytarish, Salomatni tuzlab tashlash niyatida og'iz ochdi-yu, ulgurmadi.

Narigi burchakda yana bir eshik borligini ko'rmagan ekan.

O'sha eshik ohista ochilib, qarshisida Botir paydo bo'ldi.

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

 

loading...