SUYuNChI… (yoxud bugun koronavirusga chalingan yana bir homilador ayol farzandli bo'ldi)

0

 

Yurtimizda koronovirus infeksiyasiga chalingan bemorlar, jumladan,  homilador, tug'ruqdagi va tuqqan ayollarni davolashga alohida ahamiyat berilmoqda.

Jumladan, poytaxtimizdagi 3-sonli tug'ruq majmuasining tibbiyot xodimlari ham koronavirusga chalingan homilador ayollarni davolashda bor tajriba va bilimini ishga solishmoqda. Bu yerda homilador, tug'ruqdagi va tuqqan ayollarga koronavirus infeksiyasi tashxisini qo'yish va davolashda Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining tavsiyalari asosida yagona tizim hamda uslubiy yondashuv joriy etilgan.

Ushbu tibbiyot muassasasida bugun yana bir quvonchli voqea yuz berdi. Koronavirus infeksiyasi aniqlanib, mazkur tug'ruq majmuasiga olib kelingan homilador ayol B. farzandli bo'ldi. Toshkent viloyatidan bo'lgan, 31 yoshli ayol joriy yil 10 may kuni Rossiya Federatsiyasidan  charter reys orqali olib kelingan edi.

Unda koronavirus aniqlanib, tug'ruq majmuasiga olib kelingach, birinchi navbatda, tahlillar olindi, homilador belgilangan standartlar bo'yicha chuqurlashtirilgan tibbiy ko'rikdan o'tkazildi.

Tashxis natijalariga ko'ra, tajribali mutaxassislar  tavsiyasiga ko'ra tug'ruqni shoshilinch tartibda, operatsiya yo'li bilan amalga oshirish tavsiya etilib, tayyorgarlik ko'rildi. Bugun ushbu amaliyot oliy toifali shifokor Komil Jumayev boshchiligidagi shifokorlar tomonidan muvaffaqiyatli,  asoratsiz yakuniga yetkazildi. Tajribali shifokorlarimizning sa'y-harakatlari natijasida bemor B. sog'lom o'g'il  farzandni dunyoga keltirdi.

Ayni paytda chaqaloqning holati qoniqarli bo'lib, onasi bilan birga neonatolog, akusher-ginekologlar nazorati ostiga olingan.

Sog'liqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi

loading...