RAQQOSA… (19-qism. Oxiri)

0

 

 

* * *

 

Ertasi kunigacha negadir Abrorning so'nggi qarashi ko'nglini bezovta qilib o'taverdi. Manzuraga uning xushomadgo'ylarcha qarashi sira yoqinqiramagandi.

«O'zi erkaklarning hammasiyam bir go'r ekan, — o'ylardi u Murod va'da qilgan to'yga astoydil hozirlik ko'rarkan. — Faqat akamdan boshqasi. Botiriyam, Abroriyam g'irt xushomadgo'y va nomard. Unaqalardan hech qachon qiz bola yaxshilik ko'rmaydi. «Ishim bitguncha, eshagim loydan o'tguncha» qabilida ish tutishadi. Ha, mayli, menga nima? O'zlariga qiyin. Hali xudoyim xohlasa, o'sha nomard Botir ham jazosini oladi. Meni qaqshatyaptimi, xudo jazosiz qo'ymaydi…»

Manzura o'zini majburlab miyasidagi Abror va Botirga tegishli xayollarni bir chetga haydadi-da, Ro'zixon opasini ko'z oldiga keltirdi.

Ha, u haqiqiy o'zbek ayolining timsoli ekan. Shunaqa odob bilan kiyinarkan, madaniyat bilan gaplasharkanki, san'atkor xalqi Ro'zixon opadan o'zbekcha madaniyatni o'rgansa arziydi. Manzuraning esa yelkasiga baxt qushi qo'ndi. Boshidan qancha mushkulotlarni, og'ir kunlarni, alamlarni o'tkazmasin, akasi va opasini ko'z oldiga keltirgani hamono barcha g'uborlari tarqaydi-ketadi.

Iloyim akasiyam, opasiyam juda-juda uzoq yashashsin! Shunda Manzuraning qalbida armoni bo'lmaydi. Birini otam ham akam, birini esa onam ham opam deydi. Ularga suyanadi. Ular bilan faxrlanib, g'ururlanib yashaydi. Qishloqqa nasibasi qo'shib, akasi aytganidek katta hofiza bo'lib borganda ham, ashula boshlashdan oldin akasi va opasini Rabotqishloqliklarga tanishtiradi. Yangitdan, ataylabdan tanishtiradi. Toki, Bozorgul ammasiga o'xshagan vahshiylarning tili kalimaga kelmay qolsin. Kuysin-u, kul bo'lsin! Eh, qaniydi o'sha kunlar kela qolsa tezroq!..

Vaqt ham asta-sekin asrga yaqinlasha boshlagandi. Manzura deyarli tayyor bo'ldi. Akasi «ketdik desa bas, sumkachasini qo'liga oladi-yu, tashqariga chopadi…

Shu tobda tashqari eshik ohista taqilladi. Murod bo'lsa, bu taxlit sekin taqillatmasdi. Demak, boshqa birov kelgan.

«Ha-a, — ko'nglidan kechirdi Manzura. — Anavi Abror bo'lsa kerak. Akam uchinchi qavatga chiqishga erinib uni zipillatgan shekilli…»

Manzura istamaygina borib eshikni ochdi.

Haqiqatan, Abror ekan.

Lekin yigitning rangi paxtadek oqarib ketgan, qo'llaridan tortib, tizzalarigacha dag'-dag' titrardi.

Manzuraning ko'ngli darrov g'ash tortdi.

U biror kor-hol bo'lganini oldindan sezib, bir muddat so'zlashga o'zida kuch topa olmay turdi.

Abror esa shu ahvolda Manzuraning taklifini ham kutib o'tirmay, ichkariga kirdi.

Hozir qo'rqishga o'rin yo'q edi.

Manzuraning ikki xayoli nimalar bo'lganini taxminlash bilan band edi.

— Nima bo'ldi? Tinchlikmi? — nihoyat so'rashga jur'at etdi Manzura. — Akam qani?..

Abror nimadir demoqqa shaylandi, taraddudlandi. Biroq u ham darrov gapirib yuboradigan ahvolda emasdi.

— Gapirsangiz-chi, akam qani? — endi balandroq ovozda so'radi Manzura. — Pastdami? Nima bo'ldi o'zi? Xudoyim-ey, namuncha chaynalasiz? Gapirsangiz-chi mundoq!..

— Akangiz yo'q, — dedi Abror yer chizib. — Murod aka… Avariyaga uchrabdi!..

— Nima? Avariya? Q-qanaqasiga avariyaga uchraydi? Qachon?

— Sizni olish uchun kelayotganda, chapdagi ko'chadan «Kamaz» katta tezlikda chiqib, Murod akaning mashinasini yanchib o'tib ketibdi…

Bu gaplar go'yo Manzuraning qulog'iga kirmasdi. Bir muddat kalovlanib, garangsib turdi-da, Abrorni tashqariga tortqilay boshladi.

— Yuring, meni akamning oldiga oboring! Yuring!

— Albatta, — dedi Abror ehtiyotkorlik bilan Manzuraning yelkasidan tutib. — Faqat shovqin ko'tarmang, iltimos! Bu ham endi…

— Bas! — deya Abrorga nafrat aralash boqdi Manzura. — Meni akamning oldiga oboring! U o'lmagan! O'lmagan mening akam, o'lmagan!!!

Abror kasalxona ichkarisiga mashinani olib kirdi-da, rulni orqa tarafga burdi.

Kasalxona orqasida o'likxona bor edi.

Manzura hech narsaga, hech kimga qaramasdan, to'g'ri o'likxonaga yaqin borib, eshikni kuch bilan taqillata boshladi. Zum o'tmay, eshik ochilib, qarshisida oq xalat kiygan baland bo'yli, qorindor, rangi zaxil va sovuqqon erkak hozir bo'ldi.

— Nega shovqin ko'tarasan, qizim? — so'radi u bir Abrorga, bir Manzuraga nazar tashlab. — Bu yer katta xolangni uyimi?

— Qoching yo'limdan, — baqirdi Manzura. — Akamni ko'rishim kerak, akamni!..

Abror o'zini ancha idora etib turgani bois sekin vrachga yaqin bordi-da, yotig'i bilan tushuntirdi.

— Oka, bugun soat kechki uchlarda Murod Xoliqov degan odamni opkelishuvdi. Avariyaga uchragan…

— Shunaqa demaysanlarmi? Hay, qiz, ichkariga kirgandan keyin baqir-chaqir qiladigan bo'lsang, tashqariga irg'itvoraman, bildingmi? Jim kirib, jim chiqasan!

— Menga aql o'rgatmang, — dedi Manzura ko'z yoshlarini tiya olmay. — Odammisiz yo mahluqdan tarqaganmisiz? Odamlar yaqinini yo'qotib ado bo'lyapti-yu, gapirgan gapingizni qarang!..

Vrach indamadi. Ularga yo'l bo'shatdi va ortlaridan o'zi ham ichkariga yo'l oldi…

 

* * *

 

O'likxonadagi keng, temir stol ustiga murda yotqizib qo'yilgandi. Faqat raqam ilingan oyoqlarining bir chetigina ko'rinib turardi. Agar boshqa vaqt bo'lsa, Manzura hayotda bu joylarga kirmagan bo'lardi. Lekin hozirgi ahvolida bu o'likxona ekanini ham idrok eta olmasdi.

Vrach asta murdaning yuzini ochdi.

Manzura unga yaqin borib, kutilmaganda baqirib yubormaslik uchun bo'lsa kerak, lablarini qattiq tishladi-yu, bir qadam ortga tislandi. So'ngra bir vrachga, bir Abrorga javdirab, beixtiyor murdaning bosh qismini quchoqlab oldi.

— Aka-a-a-a!!!

Shu tobda hech qanday kuch uni to'xtata olmasdi. Manzura go'yo telba qiyofasiga kirgandi.

Xuddi akasini hozir anavi vrach muzlatkichga solib qo'yadigandek, bo'ynidan mahkam quchoqlagancha, yig'lardi. Vrach Abrorning ko'magida Manzurani nari tortmoqchi bo'lardi-yu, sira iloj topa olmasdi.

— Aka, nega meni tashlab ketdingiz? — Manzura harqalay baqirishdan tiyildi. Shivirlab murdaning yuzlarini telbalarcha silay boshladi. — Axir… Sizni endi topgandim-ku, aka! Endi nima qilaman? Endi bu dunyoda sizsiz qanday yashayman? Kimga suyanaman? Kim meni singiljonim deb erkalaydi, aka? Shunchalik shafqatsizmidingiz? Meniyam olib ketsangiz bo'lardi-ku!..

Ha, Manzura uchun bugungi kun do'zax azobidan-da, battarroq kechayotgandi. Ko'zlari go'yo yorug' dunyoni ko'rmasdi, quloqlari kar, qalbi ilgarigidek qaynab turmayotgandi. Murodning murdasi yotqizilgan alohida mashinada ketib borardi-yu, yig'lashdan tiyila olmasdi.

Qarshisidagi qovoqlarini uygancha hadeganda uf tortib qo'yayotgan Abrorga har alam aralash qaraganda, qattiqroq yig'lay boshlardi.

«Qanday qilib mening akam avariyaga uchrashi mumkin? — o'ziga o'zi savol berishdan to'xtamasdi Manzura. — Endi-endi bir-birimizga mehr qo'yganda, yetimlikda o'tgan bolaligimni unuta boshlaganimda, nega akamni tortib olding, xudoyim? Menda, akamda nima qasding bor edi? Akam yashasa bo'lmasmidi? Axir, u jo'jabirday jon edi-ku! Bolalari yetim bo'lib qoladi-ku! Mening jonimni olsang bo'lmasmidi? Endi nima qilaman? Qay devorga bosh uraman? Kimga ishonaman?.. Yo'q, akamni qasddan o'ldirishgan? Ha, ataylab uyushtirishgan?..»

— Abror, — daf'atan yig'lashdan to'xtab so'z qotdi Manzura. — Boya uyda «Kamaz» chiqvordi deganmidingiz?

— Ha, shunday bo'ldi? Bilasizmi, hatto kayfi taraq odam ham bunaqasiga katta tezlikda yo'lga chiqmaydi. Shundan keyin biz shubhalanib qoldik. Xavotir olmang, marosimlar o'tsin, advokat olib, bu ishni boshqatdan tekshirtiramiz. Ishoning, aybdor albatta jazosini oladi.

— Yaxshi, — dedi Manzura biroz tinchlangan bo'lib. — Aytgancha, opamga xabar berdilaringizmi?

— Ro'zixon opagami?

— Ha, mening o'nta opam yo'q-ku!

— Afsuski, ha, xabar berdik. Tasavvur qilaman, hozir kennoyi qay ahvolga tushib o'tirgan ekan. Essiz, Murod akam yosh ketdi. Bolalari yosh qolib ketdi. Xudo rahmat qilsin akamizni!

Murodning uyi naq qiyomatni eslatardi. Allaqachon taxtadan yasalgan uzun o'rindiqlarni qo'yib, ustiga ko'rpachalar to'shashibdi. Narida — darvozaga yaqinroq yerda esa mahalladagilar, qavm-qarindoshlar egniga baronas to'n kiyib, bellariga shoyi qiyiqlarni boylagancha qo'l qovushtirib turishardi.

Murodning jasadini olib kelgan mashinaga ko'zlari tushdi-yu, darvozaga yaqin turganlarning yarmi mashinaga, yarmi ichkariga chopdi.

Abror, Murodning tanish-bilish, oshna-og'aynilari ko'plashib, murda yotqizilgan zambilni hovliga olib kirib keta boshlashdi. Qishloq ko'chasi tog'a-jiyanlar, uzoq-yaqin qondoshlarning dod-voyiga to'ldi.

Manzura ham zambilning yon tomonida bir qo'lini Murodning jasadi ustiga qo'ygancha qon yig'lab borardi.

Nihoyat zambilni hovlining narigi chetidagi uyga olib kiradigan bo'lishdi.

Kimdir Manzurani to'xtatib qoldi. Zum o'tmay esa, qarshisida Ro'zixon paydo bo'ldi.

U tosh qotgan ko'yi Manzuraga alam bilan tikilib turardi.

Manzura avvaliga nima qilishni bilmay turdi-da, beixtiyor Ro'zixonni quchishga tutindi.

Biroq kutilmagan hodisa yuz berdi.

Ro'zixon ilkis o'zini orqaga oldi.

— Yo'qol ko'zimdan shumqadam, sayoq! — hovlini boshiga ko'tarib baqira boshladi Ro'zixon. — Seni deb o'ldi erim! Sen o'ldirding erimni, sen! Hozir seni…

U aylana-aylana, sal narida chovgum turganini ko'rib qoldi va shahd bilan uni qo'liga olib Manzuraga yaqinlasha boshladi.

— Hozir seniyam o'ldiraman! O'lasan! Miyangni yorib o'ldiraman! Yo'qo-o-ol!!!

Harqalay, atrofdagilarning biri Ro'zixonni nari olib ketdi, boshqasi Manzurani ko'cha tarafga yetakladi.

— Singlim, xafa bo'lmang, opangiz kuyikda turibdi, — dedi qo'shni erkak. — Yuring, buguncha biznikida yotib tura qoling! Ertalabgacha sal o'ziga kep qolar opangiz. Yura qoling?

Manzura ham hovlini tark etishdan bo'lak chora yo'qligini anglab yetgandi.

Qarshiliklarsiz qo'shni erkakning ortidan ergashdi.

 

* * *

 

Ertasi kunga qadar nima bo'lsa bo'ldi. Manzura tun bo'yi yig'lab chiqdi. Ro'zixon opani tushunishga harakat qilardi, ammo gunohi yo'qligini bila turib haqorat qilishi alamiga alam qo'shardi.

Ertalab bir ko'ngli asta Murodning uyiga kirgisi ham keldi. Biroq oyog'i tortmadi. Tag'in Ro'zixon talab qoladigandek tuyilib, o'zini tiydi.

Soat kunduzgi o'n birlarga yaqin xona eshigi avval ohista taqilladi va ochilib ichkariga Ro'zixon kirdi.

Manzura azbaroyi qo'rqib ketganidan dast o'rnidan turdi-da, burchakka qisilishga tutindi.

— Qo'rqma, singiljonim, qo'rqma, — ko'zlari yig'idan qizarib ketgan Ro'zixon ehtiyotkorlik bilan Manzuraga yaqinlashdi. — Kechir men ahmoqni! Kecha dilingni og'ritib qo'ydim, kechir! Agar kechirmasang, o'zimni bir nima qip qo'yaman, singlim, kechi-ir!

— Men sizdan xafa emasman, opa, — yig'lab Ro'zixonning yelkasiga bosh qo'ydi Manzura. — Odam yolg'izgina opasidanam xafa bo'larkanmi? Hecham-da!..

— Oh, o'zimning sohibjamol singli-im, — deya Manzuraning ikki yuzini kaftlari orasiga oldi Ro'zixon. — Ering uydan o'ynab-kulib chiqib ketsa-yu, ertasiga o'ligini opkelishsa, alam qilarkan-da!..

— Qo'ying, yig'lamang, opa, — dedi Manzura. — Qiynalib ketyapman menam! Akajonim mening kasrimga qoldi, ha! Buning uchun o'zimni bir umr qarg'ab o'taman. Xudo o'zimning jonimni olsa nima qilardi? Jiyanlarimni sag'ir qip qo'ymasa nima qilardi?..

— Mayli, kel, o'tiraylik, — dedi Ro'zixon va Manzurani ko'rpachaga o'tqazib, qaytadan bag'riga oldi. — Sen unday deb o'zingni xarob qilmagin! Xudoyimning xohishi-da! Bandalarning qo'lidan hech narsa kelmaskan. Buyog'iga o'qishingni o'qigin, sira dars qoldirmagin! Menam sening yoningga ko'chib boraman. O'zim seni o'qitaman, katta hofiza qilaman.

— Menga endi o'qishning umuman qizig'i qolmadi, — dedi Manzura xo'rsinib. — Akamsiz o'sha o'qishlari tatirmidi?

— E, yo'-o'q, sen o'qishni davom ettirasan. Akang uyoqdan turib bizni kuzatadi. Sen o'qishni tashlasang, ruhi bezovta bo'ladi-ku!

— To'g'ri aytasiz, opa, — dedi Manzura. — Bunisini o'ylamabman.

— Endi yur, hademay, mahallaning xotinlari keladi. Sen yonimda turasan!

 

* * *

 

… Oradan besh yil vaqt o'tdi. Ro'zixon o'zi va'da berganidek, Manzurani tashlab qo'ymadi. Toshkentga ko'chib borib o'zi Manzuraga ko'z-quloq bo'ldi. Murod eslariga tushganda, birgalashib yig'lashdi, bir-birlarini yupatishdi. Juda bo'lmasa, birgalikda qishloqqa jo'nab Murodning qabrini ziyorat qilishdi. Ishqilib, Manzura Ro'zixonning bag'rida kamlik ko'rmadi, har Ro'zixon «singlim-singlim» qilib erkalaganda, bir qopdan semirdi.

Abror ham bir so'zli yigit ekan. Murodning kushandasini topdi. U taxmin qilishganidek, Botir bo'lib chiqdi…

Afsuski, Murodga bo'lgan mehrmi, e'tibormi yo cheksiz hurmatmi, Abror Botirga davlat jazo berishigacha chidab tura olmadi. Uch og'aynisi bilan birga Botirni Jizzax cho'liga olib ketdi-yu, rostakamiga o'ch oldi.

O'ldirishmadi. Botirning umurtqasini pachoqlab tashlashgan ekan. U nogiron bo'lib qoldi. Aravachadagina harakatlana oladigan ahvolga tushib qoldi…

Birovga keraksiz bo'ldi…

 

* * *

 

Faqat… Abrorning qamalib ketgani Manzuraga ham, Ro'zixon opagayam alam qildi. Ammo na iloj. Sud, militsiya, prokuratura faqat qonunga suyanadi. Qonun esa oshna-og'ayni, tanish-bilishni tan olmaydi…

Manzura ham akasining orzusini haqiqatga aylantirdi.

Mashhur hofiza bo'ldi.

Ro'zixon esa eri rahmatlining kasbini davom ettirib, yolg'iz singlisining prodyuseriga aylandi.

Ajoyib kunlarning birida Ro'zixonning qistovi bilan Rabotqishloqqa bordi.

Ozodboy paxtachi kenja o'g'lini uylantirayotgan ekan.

Ro'zixon o'sha to'yni olgandi.

Rabotqishloq to'yidagi sahnaga chiqqani hamono, mehmon-u, mezbonlar tik turgan holda Manzurani olqishlashdi. Olqishlashlar chamasi besh daqiqacha davom etdi-yov!..

Keyin esa Ozodboy paxtachi mikrofonni qo'liga olib ashula boshlashdan oldin bir marta «Tanovar»ga raqs tushib berishini so'radi.

Mehmonlar, mezbonlar yanada qattiqroq qarsak chalib Manzurani olqishlashdi.

U esa bir necha daqiqaga ichkari uylardan biriga kirib kiyimini raqqosalar kiyimiga almashtirdi-da, xuddi o'sha ilk to'yga chiqqandagi kabi raqs boshlashdan oldin hammaga bir-bir salom qildi…

Bo'y yigitlar bu salomni ko'rib azbaroyi jo'shib ketishganidan hushtak chalishdan tiyila olishmadi. Qiz-juvonlar astoydil qarsak chalib Manzurani raqsga unday boshlashdi.

Qariyalar esa Ozodboy paxtachi hamrohligida Manzurani duo qilishdi.

Shundan keyingina Manzura raqsni boshladi.

Ilk kunlardagidek eshilib-eshilib, kuyib-kuyib haqiqiy raqs san'atini qishloqdoshlarga havola etdi.

O'rtadan chiqib ketayotganda, erkaklar o'tirgan stollarning bir burchagida Botirni ko'rib qoldi. U nogironlar aravachasida o'tirgancha, Manzuradan ko'z uzmas, ko'zlaridan duv-duv yosh oqardi.

(Tamom)

Olimjon HAYIT

 

loading...