BILASIZMI?..

0

 

 

SUMOChILAR QANChA OVQAT YeYDI?..

 

Bu savol juda ko'pchilikni qiziqtirishi tayin. Yaponiyaning milliy sport turi hisoblangan sumo bilan shug'ullanadiganlarning vazni kamida 200-250 va undan yuqori bo'ladi. Shu vazn bilan sumochi maydonga chiqib raqibini yengishi kerak. Kurashlarda to'rt oyoqda emas, ikki oyoqda qattiq tura olishi zarur. Bu ishda unga albatta ovqat yordam beradi. Harqalay, vazni 250 kilo keladigan odam bir kosa ovqatga to'ymasa kerak. To'g'ri emasmi?

Aytishlaricha, sumochi bolalikdan bu qadar semiz bo'lmas ekan. Ularni keyinchalik murabbiylar shunday holatga keltirisharkan.

Xullas, sumochi tartibga ko'ra ertalab 05: 00 da uyqudan turadi. Nonushta taqiqlanadi. Oldin 5 soatlik mashg'ulotlarni o'tashi lozim. Shundan keyingina ovqatlanishga ruxsat beriladi. Asosiy ovqati esa yaponcha tyankonabe sho'rvasi. Bu taom go'shtdan tortib, dengiz mahsulotlari, makaron, qo'ziqoringacha o'zida mujassam etgan. Kaloriyasi juda kuchli. Bundan tashqari, sumochilar ko'p miqdorda guruch yeb, pivo ichadi. Pivo ularning joni dili. Kun davomida o'nlab litr pivolarni ko'rdim deyishmaydi. Konisiki degan sumo bo'yicha sport ustasi haqida shunday gap yuradi. U bir kunda 120 butilka pivo icharkan.

Sumochilarda bir an'ana bor. Musobaqalar arafasida hayvon go'shtini emas, aksincha tovuq go'shtini yeyishadi. Aytishlariga qaraganda, ular raqib bilan kurash tushganda to'rt oyoqda emas, ikki oyoqda tetik va mahkam turishni xohlasharkan. Shu narsa irimi ekan.

Yaxshilab ovqatlangandan keyin sumochi uxlashga yotadi. Kechqurun uyg'ongach, yana bitta mashg'ulotni o'taydi. Keyin yana tyankonabe sho'rvasini ichadi. Bir so'z bilan aytganda, sumochi bir kunda 8 ming kaloriyaga teng ovqatni paqqos tushiradi. Bu narsa to sportdan ketmagunga qadar davom etaveradi.

Albatta, katta sportdan ketish pallasida sumochilar kattakon buketga joylangan xastaliklarni orttirib olgan bo'lishadi. Ular qandli diabet, gipertoniya, jigar va bo'g'imlar xastaligi. Shu sababli ko'p sumochilar sportdan ketadi-yu, favqulodda parhezga o'tiradi. Bir necha yil ichida semizlikdan asar ham qolmaydi.

Darvoqe, bu qadar semizligiga qarab sumochini juda qo'pol deb bo'lmaydi. Negaki, sumochiga musobaqalarda nafaqat og'ir vazn, balki egiluvchanlik va uddaburonlik ham kerak. Shunday ekan, sumochilar «shpagat», «mostik»larni qiyib qo'yishadi. Ishonavering!

Olimjon HAYIT tayyorladi

 

loading...