KALLAKESAR… (1-qism)

0

 

 

HAYDALISh

 

* * *

 

Mehmonalining armiyadan kelganiga bir oy bo'lmay, go'yo boshi berk ko'chaga kirib qolgandek edi. Bolalikdan tepishib katta bo'lgan tog'asi Obid suvchi uylandi-yu, to'nini teskari kiyib oldi. Bir marta yangasining haqoratiga haqorat bilan javob qaytarganiga Mehmonalini hovlidan haydashga tushdi. Mahalla oqsoqoli Sulton buva, qishloqning mo'ysafidlari nasihat qilishdi, insofga chaqirishdi, uqtirishdi. Tog'a quloq tutmadi. «Mehmonali uydan ketsin, daf bo'lsin!», deb turib oldi. Bu-ku mayliydi. Nima qilsa ham uch yasharligidan enasi shu uyga — rahmatli bobosi-yu momosining qo'liga tashlab ketgan. Hozir Mehmonalini himoya qiladigan bobosi, momosi yo'q. Hovlida haqi yo'qligini ham biladi. Ko'z ostiga olib qo'ygani Barnoning otasi aytgan gap Mehmonaliga juda alam qildi. U ham uyi yo'qligiga sha'ma qilibdi. «Oldin uy-joy qilsin, ana undan keyin qizimning qo'lini so'rasin», debdi. Sovchi bo'lib kirgan Jannat xolasi yig'lagudek bo'lib shu gaplarni yetkazganda, Mehmonali yer yorilmadi, yerga kirmadi. O'zini juda-juda notavon his qila boshladi. Qismatiga la'natlar o'qidi.

«Men Barnoni chaqirib, o'z og'zidan shu gaplarni eshitmasam bo'lmaydi, — ko'nglidan o'tkazdi Mehmonali erta tongda bobo hovlidan ko'chaga chiqarkan. — Agar shu gap rost bo'lsa, qishloqdan bosh olib ketaman. Barnoga oxirgi gapimni aytaman-u, jo'nayman. Baxtimni, omadimni o'zga manzillardan izlayman…»

 

* * *

 

Ular odatdagidek Barnolarning qishloqdan chetroqdagi tomorqasida uchrashishdi.

Barno mahzun edi. To Mehmonali birinchi bo'lib gap boshlamaguncha tek o'tiraverdi.

— Shu gap rostmi, Barno? — so'radi Mehmonali ohista. — Dadang shunday dedimi?

— Afsuski, to'g'ri, — dedi Barno uzun va qirq kokil sochlarini kaftlari orasiga olib. — Dadam shunday shart qo'ydi. Boshqachasiga sira rozi bo'lmayapti. Endi nima qilamiz, Mehmon aka?

— Taqdirga tan beramiz-da! Nima qilardik? — dedi Mehmonali yuzini ters burib. — Menday uysiz, davlatsizlarga kim qo'yibdi uylanishni? Buning ustiga uydanam haydalgan bo'lsam.

— Nega unaqa deyaverasiz? Biror yo'li bordir, axir?..

— Bor, — dedi Mehmonali ma'yus jilmayib. — Bitta yo'li bor. Rozi bo'lsang, ikkimiz bir umr birga bo'lishimiz mumkin.

— Nima qilishimiz kerak? Ayting, joningni uzib ber desangiz, beraman. Faqat…

— Seni olib qochishim kerak. Uzo-oqlarga olib qochib ketishim qoldi. Bundan bo'lak yo'l yo'q. Xo'sh, nima deysan? Rozimisan?

Barno sukutga toldi. Hiyla bosh egib, lablarini qattiqroq tishladi. Ammo negadir javob berishga shoshilmadi.

— Nega jim bo'p qolding? — so'radi Mehmonali kuyinib. — Ketasanmi men bilan?

— Unday qila olmayman. Ota-onamning yuzini yerga qaratsam, ikkalamiz ham qarg'ishga qolamiz, sharmanda bo'lamiz. Biz-ku, mayli, ota-onam qishloqda bosh ko'tarib yurolmay qoladi. Yo'q, Mehmon aka, men unday qizlardan emasman.

— Demak, rozimassan… — Mehmonali hafsalasi pir bo'lib ketishga chog'landi. — Unda yaxshi qol. Yaxshi-yomon gapirib ko'nglingni og'ritgan bo'lsam, kechir!..

— Bu nima deganingiz? — Barno beixtiyor hushyor tortib Mehmonalining yo'lini to'sdi. — Meni tashlab ketasizmi? Endi gaplashmaysizmi men bilan?

— Boshqa ilojim ham yo'q-da, — dedi Mehmonali suyuklisining ikki yelkasidan tutib. — Sen ham o'zingga munosibini topasan. Menday uysiz, ota-onasiz yetimchani boshingga urasanmi?..

— Shafqatsiz ekansiz! — Barno kutilmaganda yig'lab yubordi. — Shunchalik irodasizligingizni bilmagan ekanman. Hayf sizday yigitga!..

Mehmonali ortiq so'zlashga o'zida kuch topa bilmadi. Piq-piq yig'lagancha uyi tomon keta boshlagan Barnoning ortidan alamli tikilib turdi-yu, o'zi ham ortga qaytdi.

Bir kun kelib azoblar, alamlar barham topishiga, adolat g'alaba qilishiga yana bir karra iymon keltirdi.

Mehmonali bu hovlidan ketib qaerga borishigacha rejalashtirib olgandi. Toshkanga borib, baxtini, omadini, qadrini qidirishga ahd qilgandi. Ammo o'rgangan, suyanib qolgan, yillar osha jondek qadrdoniga aylangan hovlini tark etish oson emaskan. Buni Mehmonali shu lahzalarda chuqur his eta boshladi. Bir ko'ngli «ket, baribir tog'ang insofga kelmaydi, boshing oqqan taraflarga jo'na», desa, bir ko'ngli «ketma, birgina tog'ang bilan til topisha olmaysanmi? Kerak bo'lsa, ta'zim bajo ayla, oyoqlarini o'pib yolvor, albatta shashtidan tushadi», derdi.

«Yo'q, — deya ko'nglidan o'tkazdi Mehmonali. — Ketmasam bo'lmaydi. Bu yerda endi hech kimga keragim qolmadi. Qishloqdoshlar, sinfdosh do'stlar o'z yo'liga. Hammasining o'z hayoti, tashvishi, muammosi bor. Meni yelkalay olishmaydi, nari borsa ko'nglimni ko'tarishar, tasalli berishar. Biroq bu muammoni hal etib berishmaydi. Yaxshisi, keta qolay, shunda tog'am ham, kennoyim ham mamnun bo'lishadi, yengil tortishadi. Xotirjam umr kechirishadi. Harqalay yosh bola emasman, armiya ko'rdim, dunyo kezdim. Qornimni to'ydirish qo'limdan keladi…»

Shunday o'ylar girdobida Mehmonali hovliga kirdi. Aksiga olgandek tog'asi Obid suvchi hovlining qoq o'rtasida chayqalib turardi.

«To'yib ichibdi shekilli bugun ham, — o'yladi Mehmonali ming bir hadik bilan tog'asiga yaqin borarkan. — Sal kechroq kirsam bo'larkan uyga. Hozir tag'in diydiyosini boshlaydi…»

— Ha, haliyam shu yerdamisan? — kutilganidek salom-alik o'rniga o'dag'aylashga o'tdi tog'asi. — Senga kecha nima degandim? Subuting bormi o'zi? Ket degandan keyin ketadi-da! Yo yoqalashib meni mayib qilganingdan keyin ketasanmi? Har holda armiyadan kelding, kuching ko'p. Shuni mo'ljallayotgan bo'lsang kerak-da-a?

— Tog'a, unaqa gaplarni gapirmang, — deya aybdorona bosh egdi Mehmonali. — Ertalab ketaman, ko'nglingiz to'q bo'lsin!

— E, sening ertangam ja ko'payib ketyapti! Hozir ketasan! Pishirib qo'ygani yo'q senga mening uyimda! Bo'l tez, lash-lushingni ko'tar!.. Hozir qishmas, sovuqda o'lmaysan!

— Xo'p, tog'a, hozir narsalarimni yig'volay, ketaman!..

Mehmonali tog'asining fe'lini yaxshi bilardi. Agar yana birpas gapni aylantirsa, sharmandalikka o'tadi, baqir-chaqir qila boshlaydi, xotini esa ayuhannos solib mahalla kattalariga chopadi…

U tavakkal dahlizga kirdi-da, oldindan taxt qilib qo'ygan jomadonini qo'liga olib hovliga qaytdi.

Obid suvchi miq etmas, unga yeb qo'ygudek tikilib, tezroq ko'chaga chiqib ketishini kutardi.

Mehmonali til uchida «Xayr» dedi-yu, ko'chaga yo'l oldi.

 

* * *

 

«Yolg'izning yori xudo», deb bekorga aytishmagan. Mehmonali kechasi ko'chada tentiramaydigan bo'ldi. Ikki uy naridagi Tilla buva ko'rib qolib, alohida hujrasiga boshlab kirdi.

— Sen xafa bo'lma, — tasalli berdi Tilla buva. — Obid hech qachon odam bo'lmaydi. Xotinining yo'rig'iga tushib olgan. Shunday o'lib ketadi. Ollohga shukr, kuch-quvvating bisyor, yosh, navqironsan, yo'lingni topib ketasan, bolam. Hali Obidga o'xshaganlarni uyaltirasan ham. Mana meni aytdi dersan!..

— Meni enam bekor dunyoga keltirgan ekan, — qancha o'zini qo'lga olishga urinmasin, Tilla buvaning tasallilari ko'nglini ag'dar-to'ntar qilib yuborgandi. Mehmonali qalbidagi bor hasratini shu tobda to'kib-solgisi kelib, so'zlana boshladi. — Dunyoga keltirmasa, shuncha mashmashalar yo'g'idi. Mayli, bizam odam bo'p qolarmiz. Peshonamizga uy bitar, axir! Shunday ko'cha kezib o'tib ketmasmiz hoynahoy, buva!

— Ie, — dedi Tilla buva choynakdagi qaynoq ko'k choydan piyolaga quyib Mehmonaliga uzatarkan. — Albatta uying bo'ladi. Nega bo'lmasin! Hali meni aytdi dersan, bobong rahmatli qurib ketgandi bu hovlini. Mana shu shartaki tog'ang bitta g'isht ham qo'sha olmay o'tib ketadi hali. Ha-a, xudo bor, ko'rsatadi ungayam…

Mehmonali Tilla buva bilan ancha vaqtgacha gaplashib o'tirdi. Tun yarimlagandagina qariya hujra chirog'ini o'chirib, chiqib ketdi. Bir necha soat davom etgan bu suhbatdan so'ng Mehmonali ancha yengil tortgandi. Ko'zlarini yumdi-yu, darrov uxlab qoldi.

 

* * *

 

Mehmonali saharda uyg'onib ketdi. So'fi ikki uy naridagi machitda azon ayta boshlabdi. Tilla buva ham hoynahoy machitda bo'lsa kerak, darvozaxona chirog'i yoqib qo'yilgandi. Shundoq darvoza tepasidagi karnay (radio) dan esa mashhur qo'shiqchining dardli nolalari yangrardi.

Dunyoni qizg'anma mendan, azizim,

Sen ichgan buloqdan ichmasman aslo.

Sen yurgan tog'larda qolmag'ay izim,

Sen kechgan daryodan kechmasman aslo,

Mening ham bu dunyoda o'z aytar so'zim,

Va o'zim sig'inar mozorlarim bor…

Mehmonali boshqa payt bo'lsa bu nolalarga e'tibor ham berib qo'ymasdi. Shu tobda yuragi ezilib ketdi. Tog'asi va yangasidan so'nggi kunlarda kelgan xo'rliklar yodiga tushib bag'ri o'rtandi. Yorug' dunyo bir muddat ko'zlariga qorong'i ko'rinib, vujudini alam alangasi qopladi.

— Tog'a, ablah ekansan. Menam sen yurgan so'qmoqlardan yurmayman! — deya past ovozda bo'lsa-da, fig'on chekdi Mehmonali. — Faqat bu dunyoni mendan qizg'onma, tog'a, qizg'onma! Mening niyatlarim, judayam yaxshi niyatlarim bor. Xudoga ming shukrki, bu sening poyma-poy qadamlaring tekkan o'sha hovlidan judayam uzoq!.. Nasib bo'lsa, bizning kimlarga aylanganimizni o'z ko'zlaring bilan ko'rasan! Alvido!..

Mehmonali Tilla buvani kutib o'tirishni xohlamadi. Xontaxta ustida bir parcha oq qog'oz va ruchka turgan ekan. Minnatdorchilik xatini qoldirdi-yu, mayda-chuydalar solingan yo'l xaltasini yelkasiga ilib yo'lga tushdi…

 

* * *

 

Poytaxtning bag'ri keng. Uning tuprog'ini qanchalab musofirlar yalaydi, shu ko'yi bola-chaqa boqadi, boshpana topadi, katta dargohlarda tahsil oladi, boyib ketadi, shunda ham baribir poytaxt tuprog'ini ko'zga suraveradi, davlat, obro', martaba izlab tinmaydi. Ammo bu yurtga ilk bor qadam qo'yganga oson kechmaydi. Mehmonali ham xuddi shularning biri edi. Bo'ydorlikda bir-biridan o'zishga shay turgan ko'p qavatli uylar, binolarni to kechga qadar tomosha qildi, hayratga tushdi, bosh qotirdi, o'yladi, mulohaza qildi. Afsuski, ishni, ilk qadamni nimadan boshlashni bilmay garangsiyverdi. Kissasidagi pul ham aksiga olgandek hashamatli taomlar tanovul qilishga qo'ya qolmasdi. Mehmonali pullarini har sanab ko'rganda, vahimaga tushar, pullari tugab qolsa, xor bo'lishdan qo'rqib hadeganda nafsini tiyardi. Shu ahvolda qosh qoraya boshlagan mahal temir yo'l vokzaliga bordi. Bu yerda ham tumonot odam, bo'sh kelsa, o'tirishga o'rindiq topolmay dog'da qolishi tayin edi. Shuning uchun Mehmonali bo'sh o'rindiqlardan biriga o'tirdi-yu, shu ko'yi o'rnidan jilmadi. Qorni ham tatalamasdi. Tushlik mahali qo'rqa-pisa, tavakkal qilib yegan ikki dona somsacha xuddi uning holatini tushungan, dardlariga malham bo'lgan kabi vujudini to'ldirib turgandek edi.

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

 

loading...

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here