Bugundan karantin cheklovlariga oid qanday o'zgarishlar bo'ldi?

0

O'zbekistonda bugundan boshlab karantin qoidalariga oid quyidagi o'zgarishlar kuchga kirdi:

Toshkent shahridan Nukus, Urganch, Termiz shaharlariga aviaqatnovlar (borish va qaytish) tiklandi;

Toshkent shahridan Navoiy, Buxoro, Qarshi shaharlariga “Afrosiyob” tezyurar poezdi hamda Farg'ona vodiysiga temir yo'l qatnovi (borish va qaytish) qayta yo'lga qo'yildi.

Bunda avia va temir yo'l qatnovlarini tashkil etishda barcha karantin qoidalariga amal qilish, shu jumladan, yo'lovchilar sonini kamaytirish, dezinfeksiya qilish va boshqa sanitariya talablari so'zsiz bajarilishi talab etiladi.

Eslatib o'tamiz, Respublika maxsus komissiyasi tomonidan Karantin davrida mahalliy yo'nalishlarda avia va temir yo'l qatnovlarini yo'lga qo'yishning Vaqtinchalik tartibi tasdiqlangan.

Mazkur Vaqtinchalik tartib talablarini buzish epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun ma'muriy javobgarlikka tortishga sabab bo'ladi.

Shuningdek, shaxsiy avtomobillarda quyidagi tartibda harakatlanish mumkin:

“yashil” toifadagi hududlarda – Respublika maxsus komissiyasi yig'ilishining 2020 yil 6 maydagi 21-son bayoni bilan avtotransport vositalarining maxsus ruxsatnomasiz (stikersiz) harakatlanishiga ruxsat berilgan;

“sariq” toifadagi hududlarda – soat 06.00dan – 22.00 ga qadar bo'lgan vaqt oralig'ida avtotransport vositalari maxsus ruxsatnomasiz (stikersiz) harakatlanishi mumkin. Bunda avtotransport vositalarining salonida 4 kishidan ortiq bo'lmasligi lozim;

“qizil” toifadagi hududlarda – avtotransport vositalari maxsus ruxsatnomasiz (stikersiz) faqatgina kunning muayyan vaqtida (07.00 dan – 10.00 gacha, 17.00 dan – 20.00 gacha) fuqarolarning ish joyiga borib-kelishi, tibbiy buyumlar, dori vositalari, oziq-ovqat va birinchi galdagi mahsulotlarni xarid qilish uchun harakatlanishi mumkin.

O'zA

loading...