KALLAKESAR… (3-qism)

0

 

 

OQQA O'RALGAN MURDA

 

* * *

 

Mehmonali kutilmagan ko'ngilsizlikdan tamom bo'layozgandi. Hech narsaga tushunmay, nuqul goh zanjirlangan qo'l-oyoqlariga, yerto'la tepasidagi kichik darichaga, hozirgina qulf urilgan temir eshikka boqardi. Azbaroyi alami kelganidan lablarini yanada mahkamroq tishlar, jahl bilan polni mushtlab-mushtlab olardi.

«Nega shu cho'qqisoqolga ergashdim o'zi? — derdi xayolan xo'rligi kelib. — Nimaga ko'nglim ham seza qolmadi? O'zi… Pasportminan, pullarni oldirganim yetardi-ku, xudo! Endi nima qilaman? Ablah! «Qulimsan» dedi. Demak, bir baloni boshlamoqchi. Essiz! Bundan ko'ra ish topolmay sarson yursam bo'lmasmidi?..»

Savollar ko'p, ammo javob yuz ko'rsata qolmasdi. Atrof, xayollari, idroki tund edi. Bunga yerto'la zabtiga olgan zulmat qo'shilib, bir dardiga o'n dard qo'shardi…

Oradan chamasi bir soatcha vaqt o'tdi. Bir mahal yerto'la eshigini kimdir sharaqlatib ochdi. Shu zahoti ichkariga tangadek yorug'lik tushdi.

Mehmonali ko'nglida qaytadan umid uchqunlab dast o'rnidan turdi…

Qariya ekan. Qo'lida yeguliklar solingan xaltacha ilib olibdi. Kirdi-yu, chiroqni yoqib yubordi. Mehmonali esa hanuz qariyaga umidvor boqar, zanjirdan bo'shatishini kutardi.

— Ha, bolam, zerikib qolmadingmi? — so'radi qariya qo'lidagi xaltachani burchakda savlat to'kib turgan kattakon stol ustiga qo'yib. — Qorningam tatalab ketgandir-a?

Mehmonali indamadi. Buning o'rniga zimdan qariyaga tikildi. Yuzlari mardikor bozorda ko'rganidan-da zaxilroq tusga kiribdi. Qoshlari esa tutashib ketgan ekan. Buni oldin payqamagandi.

«Bobom qoshi bir-biriga tutash odamlar shafqatsiz bo'ladi derdi, — ko'nglidan o'tkazdi u. — O'larmidim mardikor bozordayoq yuziga, mana shu qoshlariga razm solvolsam. Bu chol turishidan odam o'ldirishdanam toymaydigan xilidan ekani ko'rinib turibdi. Ishqilib, tezroq chiqib ketay-da shu xosiyatsiz joylardan. Chiqib olsam, ikkinchi mardikorga yolg'iz chiqmayman. Tanimasam ham bir-ikkitasini sherik qilvolaman…»

— Ana, «prajka» opkeldim senga, — xayolini bo'lib so'z qotdi qariya. — Yeb ol! Tag'in sulayib o'lmagin!..

— Ota, — dedi iloji boricha o'zini bosib Mehmonali. — Iltimos, ishingiz bo'lmasa, meni qo'yvoring! Musofirman, boya aytganimday hujjatim-u pullarimgacha o'g'irlatib qo'yganman. O'shalarni topishga harakat qilmasam bo'lmaydi. Iltimos, ota, qo'yvoring meni!..

— Birinchidan, — salmoq bilan so'z boshladi qariya. — Meni Soli ota deb chaqirgin. Uqdingmi?

— Uqdim, Soli ota, — dedi Mehmonali g'ijini kelib. — Endi qo'yvorasizmi?

— Yo'q, — dedi Soli ota norozi bosh chayqab. — Seni qo'yvormayman. Mana shunday zanjirbandlikda ushlayman. Zanjirdan qutulish uchun mening bir shartimni bajarishing kerak. Ana shunda balki zanjirdan bo'shatishni o'ylab ko'rarman.

— Mayli, aytavering shartingizni, — dedi Mehmonali toqati toq bo'lib. — Nima qilishim kerak?

Soli ota javob berishga shoshilmadi. Bir muddat nariroqdan turib Mehmonaliga tikilib qaradi. Aftidan shu bahonada rejalarini puxtaladi.

Iblis esa Mehmonalini niqtay boshlagandi.

«Jinnimisan? — derdi u tezlab. — Qarshingda qari bir chol turgan bo'lsa, asta yaqin borib basharasiga bir tushir, o'ladi-qoladi. Kim bilib o'tiribdi cholni o'ldirganingni?!. Bahonada kissasidagi pullariniyam shilvolasan. Ishon, haligi barzangilar yo'q hozir uyda. Ularni birrovga chaqirgan qariya. Ishi bitgach, haqini berib kuzatvorgan. Shoshil!..»

Baxtga qarshi, Mehmonali iblis yetagiga kirib ko'rmagan. Bobosi to'g'ri yashashni o'rgatgan. Yolg'ondan, vahshiylikdan, ko'zbo'yamachilik, firib, tuhmatchilik, g'iybatchilikdan nari bo'lishni uqtirgan. Shuning uchun ham u iblis qanchalar miyasini kovlab azob bermasin, bilagidagi kuchi junbushga kelib bezovta qilmasin, qalbiga bo'ysunishni, faqat qalbiga quloq tutishni afzal deb bilardi.

 

* * *

 

— Oldin manavilarni yeb olsang-chi, — dedi Soli ota qo'li bilan Mehmonalini stol qarshisiga imlab. — Ol, yeb ol! Qolgan gaplarni keyin gaplashamiz!

Mehmonalining qorni ochgandi. O'zidan bug' taratib turgan to'rt dona gummani apil-tapil yeb, og'zini yengiga artdi-da, hamon o'ziga yeb qo'ygudek tikilib turgan qariyaga yuzlandi.

— Aytmaysizmi shartingizni? — dedi Mehmonali zardali ohangda. — Nima ish qilishim kerak o'zi?

— To'xta, hozir… Men hovlidan bir nima opchiqay, to'xta!..

Soli ota pildiragancha tashqariga chiqib, zum o'tmay boyagi barzangilarning birini yetaklab qaytdi. Qo'liga oq qog'oz va ruchka ham ushlab olibdi.

— Mana bu akang Mo'ydin, — deya barzangini tanishtirdi Soli ota. — Agar bir baloni boshlashdan umid qilayotgan bo'lsang, shashtingdan qayt. Bu akang isportchi. Bir kallalasa asfalasofin qip tashlaydi seni. Pichoqlashniyam qotiradi. Basharti senga kuchi yetmasa, qorningga bir pichoq tiqadi, do'zaxga do'mbira bo'lasan-qolasan!

— Jinni bo'lganim yo'q balo boshlab, — dedi Mehmonali barzangiga yer ostidan qarab qo'yib. — Shartingizni aytavering!.. Aytgancha… Iltimos, ota, zanjirni yechib olinglar! Axir, yoningizda qo'riqchingiz turibdi! Men qochib ketmayman hech qaerga!

— Ha-ya, — Mo'ydinga bosh burib sovuq kulimsiradi qariya. — Mo'ydin, bolam, yechvol zanjirni! Sen yonimdaykansan, ko'nglim to'q. Basharti shilt-pilt qilsa, o'zing bilasan nima qilishni!

Mo'ydin tirjaygancha Mehmonalining qo'l-oyoqlarini zanjirdan bo'shatdi.

— Mana, endi bu qog'ozga men aytgan gaplarni yozasan-u, imzo qo'yasan, — dedi Soli ota. — Qarshilik qilsang, boya ogohlantirdim, yo Mo'ydin urib o'ldiradi seni, yo tuhmat qilib qamatvoraman. Sening taqdiring qo'limizda ekanini unutma!..

Mehmonali itoat bilan qo'liga ruchkani olib qariyaga savol nazari bilan boqdi.

— Ota, — kutilmaganda so'z qotdi Mo'ydin. — Oldin anavi ishni bitirib olsak bo'larmidi. Keyin yozib beraverardi tilxatni. Aks holda…

— Ha-ya, — Soli ota nimadir yodiga tushgandek sergak tortib pildiragancha tashqari eshik tomon yo'naldi. Birpas quloqlarini ding qilib turgach, hech kim yo'qligiga amin bo'ldi shekilli ortga qaytdi.

— Bo'pti, sen buning qo'liga belkurakni ber! Tepasida turib kovlat! Hov anavi burchakni kovlanglar! Chuqurroq kovlasin! Hid-pid chiqib yurmaydigan bo'lsin! Men hozir…

Shunday deb qariya tashqariga yo'l oldi. Mo'ydin esa narida yotgan belkurakni olib Mehmonalining qo'liga tutqazdi.

— Yur, bratishka, hov anavi burchakda ikki metrlik chuqur kovlaysan. Bo'l tez!..

Mehmonali hech narsaga tushunmasdi. Nimaga bu yerda chuqur kovlashi kerak? Nimani ko'mishmoqchi o'zi? Ha, sabzi bo'lsa kerak. Qariya badavlat ekan-ku! Boyvachchalar ja pishiq, tajang bo'lishadi. Yo'qsa, har kuni bozordan yangi sabzi sotib olsa bo'lardi-ku! Asakasi ketarmidi?.. E, o'lib ketmaydimi? Faqat… Qulsan degani negadir yoqmayapti. Hozirgi zamonda qul qolibdimi. Biladi… Hujjati yo'qligini bilgach, shunday deb qo'rqitmoqchi bu sassiq chol. Shunday qilmasa, go'yo men qochib ketaman-da! Qochib qaergayam boraman? Tushunsa bo'ladi-da bular!..

— Nima ko'mishimiz kerak o'zi bu yerga? — so'radi Mehmonali aytilgan chuqurni kovlab bo'lgach. — Sabzimi?.. Qorga ko'mgan yaxshimasmidi? Yaxshi saqlanadi-ku qor ostida!..

Barzangi unga javoban sovuq tirjaydi-da, tashqariga ishora qildi.

— Men hozir opkelaman o'sha «sabzi»ni, — dedi u shosha-pisha Mehmonalini qayta zanjirlarkan. — Qimirlamay o'tirib tur!..

Barzangi yerto'laga Soli ota bilan birga qaytdi. Oppoq matoga o'ralgan narsani qo'ltiqlab olibdi. Bu narsaning uzunligi nari borsa qirq santimetr kelardi.

Kirdi-yu, qariyaning ishorasi bilan oqqa o'ralgan narsani chuqur boshiga qo'yib, Mehmonalini zanjirdan bo'shatdi.

— Tez ko'm, — buyurdi Soli ota negadir toqatsizlanib. — Bo'shashma!..

— Ota, bu o'zi nima? — so'radi Mehmonali sal dadillanib. — Nima ko'maman o'zi?

— Senga nima farqi bor? — do'qlab berdi qariya. — Ko'm deyildimi, ko'mavermaysanmi?!.

Mehmonali bu savoli barzangiga ham yoqmaganini ko'rdi-yu, istar-istamas matoga o'ralgan narsaga yaqin bordi. Sezdiki, barzangi xezlana boshladi. Agar yana cholga savol bersa, urib tashlagudek shashti bor.

Eh, manavinaqangi ahvolda qolmasa-ku, bunaqa barzangilarni majaqlab tashlardi…

Tavakkal engashib, ko'milishi kerak bo'lgan narsani qo'liga oldi. Qo'liga oldi-yu, shu zahoti yerga qo'ydi. Tizzalari, barmoqlari-yu, tirsaklarigacha dag'-dag' titray boshladi.

U oq matoga o'ralgan narsa aslida odam murdasi ekanini allaqachon idrok etib bo'lgandi.

Ha, u ko'mishi lozim bo'lgan narsa chaqaloqligi tayin. Bo'yi aytib turibdi. Ammo… Nega uni o'ldirishdi? Kimga, qaysi marazga kerak bo'ldi uning o'limi? Nahotki, qariya o'ldirgan bo'lsa uni? Oppoq soqoli bilan odam o'ldirishga qanday qo'li bordiykin? Aslida bu go'dak kimning zurriyodi? Endi… Nima qiladi? Qanday ko'madi? Umrida o'lik ko'mib ko'rmagan bo'lsa. O'zi ham shu chuqurga yiqilib o'lib qolsa-chi?..

«Ey, xudo, — xayolan zorlana boshladi Mehmonali. — Shunchalik yomon ko'rarmiding meni? Unda nega yaratding? Otamdan ayro qilding, onamni mendan sovitding. Tog'am xo'rlasa, tahqirlasa, hayhotday hovlidan quvib solsa ham indamay kuzatishdan nariga o'tmading. Bugun nega yana tegirmon kelisiga solib maydalashni ixtiyor qilding? Shu yurishimni ham ko'p ko'ryapsanmi? Unda jonimni, omonatingni olib qo'ya qol-da! Bir g'arib bandangni xo'rlab xumordan chiqarmiding?!.»

— Vey, xonasalot, — Soli ota barzangiga zimdan ko'z qisib oldi-da, Mehmonalini do'qladi. — Tez bo'lmaysanmi? Namuncha shalviraysan?

— O-ota… Bu… Axir… Ch-chaqaloq murdasi…

— O'chir chakagingni, — bobillab berdi qariya. — He buqaga o'xshab mo''ramay o'l! Nima, don ko'maman deb o'ylaganmiding? Bo'l tez!..

Mehmonali Soli ota bilan pachakilashib o'tirishning foydasi yo'qligini sezib itoatkorona qaytadan murdani qo'liga oldi. Tavakkal qildi. Garchi yuragi ado bo'layozganini his etib tursa-da, qo'rquvdan vujudi yorilay desa-da, o'zini majburlab, tishni tishga bosib, lablarini qattiqdan-qattiq tishlab bo'lsa-da, go'dakning jasadini chuqurga avaylab yotqizdi va yana belkurakni qo'liga olib tuproq torta boshladi…

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

 

loading...

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here