«O'zing ering bilan yasholmading, endi mening baxtimga chang solyapsanmi?!»

0

Bu voqea uch yil avval yuz bergandi. Dugonam Manzura to'yiga taklif qildi. To'rda o'tirgan kelishgan kuyov har jihatdan o'ziga mosday tuyilgandi. Ularning turmushlari juda chiroyli boshlandi. Har holda Manzura o'sha kezlarda nihoyatda baxtiyor edi. Bir kuni kelin-kuyovlar biznikiga mehmonga kelishdi. Turmush o'rtog'i begonalar oldida Manzura bilan qo'pol munosabatda bo'layotgani ko'nglimni xira qildi. Men o'zimcha «Xafalashib qolishgan bo'lsa kerak, oilada nimalar bo'lmaydi, er-xotinning urishi — doka ro'mol qurishi, yarashib ketishadi», deb o'yladim.

Bahorda qizimni istirohat bog'iga aylantirishga olib chiqdim. U yerda tasodifan Manzuraning eri Yorqinning boshqa qiz bilan qo'l ushlashib, sayr qilib yurganini ko'rib qoldim. Ichimni bir nima jizillatib kuydirib o'tganday bo'ldi. Manzuraga achindim. Nima jin urdi meni, bilmayman. Ertasiga dugonamning ishxonasiga borib, unga ko'rganlarimni aytib berdim. Biroq dugonam gaplarimga ishonmadi.

— O'zing ering bilan yasholmading, endi mening baxtimni ko'rolmay chang solyapsan-da, a? — dedi u hech kutilmaganda.

Go'yo birov yuzimga ayamay shapaloq tortganday bo'ldi. O'z yaqinimdan bunday gapni kutmaganim uchun karaxt ahvolga tushib qolganday edim.

— Manzura, bu nima deganing? Axir hayotim haqida hech kim bilmasa ham, sen bilasan-ku, dugonajon. Giyohvand er bilan yashab bo'lmasligiga hech kimning fahmi yetmasa ham, sening fahming yetadi-ku. Dugonangni pichoqsiz so'yayotganingni bilasanmi? Men senga eringdan ajrash, demayapman, shunchaki ko'zlaringni kattaroq och, ering ketib qolmasidan burun uni qaytar, demoqchi edim, xolos, — dedim.

Ko'nglim og'ridi. Ko'zlarimdan quyilib kelayotgan yoshni to'xtatolmasdim. Jondan aziz dugonam esa uzr so'rab, bu dilxiralikni aslo yumshatishga urinmadi. Men o'sha kuni bir ahvolda uyga qaytdim va dugonam bilan aslo xabarlashmadim. Shundan so'ng o'zimga o'zim «Endi hech qachon dugonam bo'lmaydi», deb qasam ham ichdim. Bir kuni soat tungi o'n ikkiga yaqinlashayotganda eshik taqillab qoldi. Ko'nglimga vahima indi. Bemahalda kelgan kim bo'ldi ekan, deb tirqishdan qarasam, Manzura turardi. U ozib-to'zib ketgandi. Eshikni ochishim bilan dugonam yig'lab, bo'ynimga osildi.

— Kechir, kechir, dugonajon, so'qir bo'lgan ekanman. Kim do'stu kim dushmanligini ajratolmay qolibman. Gaplaring to'g'ri chiqdi, — dedi u ho'ngrab. — Erim meni tashlab ketdi. Boshqa qizga uylanarmish. Uning joniga tekkanmishman, menda ko'ngli yo'qmish. Shuncha vaqt ko'nglingga ozor berib qo'yganim uchun o'zimni kechirolmadim. Meni kechir… kechir…

U gaplarimni eshitmas, tinimsiz uzr so'ragani-so'ragan edi. Dugonamni tinchlantirib, oshxonaga choy damlagani chiqdim. Choynak ko'tarib, ortimga qaytganimda esa u hech qaerda yo'q edi. Eng qizig'i, eshik qulfi ichkaridan ochilmagandi. Dugonamning sirli tarzda g'oyib bo'lganiga ishongim kelmasdi, ehtimol, bu voqea xayolimda sodir bo'ldi, deb ham o'yladim. Biroq stol ustida uning ro'molchasi turardi. Nam ro'molchani qo'limga oldim, unda qon izlarini ko'rib, yuragim orqaga tortdi. Bu sinoat oldida hayratda edim. Tong saharda shum xabarni eshitib, bariga tushundim. Dugonamni kecha soat kechki o'nlar atrofida ko'chada mashina urib yuborgan va u o'sha joyda jon bergan ekan. Demak, kecha tunda uyimga uning arvohi uzr so'rab kelgan ekan.

ShAHNOZ

(«7 Mo''jiza» xazinasidan)

loading...

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here