Iblis bilan uchrashuv

0

Momom olamdan o'tgach, yuragim negadir bo'shab qolganday tuyildi. Ayni damda, go'yo butun borlig'imni yo'qotganday his qilyapman o'zimni. Uning men uchun qanchalar qadrliligini endigina anglaganday bo'lyapman. Tirikligida momomni yaxshi ko'rmasam kerak, deb o'ylardim. U hamisha nimadandir norozi yurar, bu injiq tabiati esa meni holdan toydirardi. Yaratganning o'zi kechirsin-u, ba'zan momomdan juda-juda bezib qolardim. Hozir esa bunday o'ylaganimdan nihoyatda afsusdaman. Sog'inch hissi kuydirayotgan yuragim meni momomning xonasi tomon boshladi. Rayhon ifori ufurib turgan xonada u qayta jonlanganday bo'ldi. Ichkari saranjom-sarishta, toza-ozoda. Sukunat hukmron bo'lgan bu to'rt devor go'yo meni siqayotganday, momom yo'qligini takror va takror aytayotganday edi. Ko'zlarimga tirqirab yosh keldi. Momomning narsalarini birma-bir ko'zdan kechirdim. Devorlarda uning g'amgin nigohi ko'ringanday bo'ldi. Kursiga cho'kdim. Boshimni changallab turgandim, nogahon doim qulf turadigan javonning ochiqligiga ko'zim tushdi. Javon tomonga bir qadam qo'yishim bilan derazadan yopirilib kirgan shamol uning eshigini lang ochib yubordi. Tokchada turgan suratdagi yigitning o'tkir nigohi bilan nigohim to'qnashdi. U go'yo tirikday qarab turardi. Kelishgan yigitning nigohidan takabburligi yaqqol seziladi. Kim bo'ldi bu? Nega uning suratini ilgari ko'rmaganman? Nega momom bu javonni doim qulflab yurgan? Suratni qo'limga oldim. Notanish yigitning yuzida yovuz tabassum jilvalanganday, lablar orasidan bo'ri tishlar ko'ringanday bo'ldi. Qo'rqqanimdan suratni momomning to'shagi ustiga otib yubordim. Xonadan chiqib ketishga shaylandim, biroq javonning yuqori tokchasidagi fotoalbom e'tiborimni tortdi. Suratga tushishni yomon ko'radigan ayol shuncha suratni nega yiqqan ekan-a? Albomning yuzini chang bosganiga qaraganda, u anchadan buyon ochilmaganligi sezilardi. Albomni qo'limga oldim-u, sekin birinchi varag'ini ochdim. Sochlari qalin go'zal qizning surati e'tiborimni tortdi. Payvasta qoshlar, naqsh olmaday lo'ppi yuz, g'unchamisol lablar, nozik barmoqlar, adl qaddu qomatga uzoq tikilib, faqat jiddiy ko'zlarnigina tanidim. Bu momom edi. U yoshligida naqadar chiroyli qiz bo'lgan ekan, deb o'yladim va shundagina vaqt qanchalar shafqatsizligini fahmladim. Bukilgan qomat, terisi burishgan dag'al barmoqlar, ajin bosgan yuz, to'kilgan qoshlaru qorday oqargan sochlar — mushtipargina kampir qiyofasi ko'z o'ngimga kelib ketdi va uning nega suratga tushishni yomon ko'rishini fahmladim. Keyingi suratlarda momom men qarashlaridan qo'rqqan o'sha yigit bilan birga rasmga tushgan ekan. Ba'zi rasmlarda u homilador. Ba'zisida otamni ko'tarib turibdi. Yildan yilga momom hamrohining oldida tashqi ko'rinish jihatidan ulg'ayib boravergan. Avvalgi suratlarda ular go'yo uzukka ko'z qo'yganday mos bo'lsalar, keyingilarida momom ancha o'zini oldirganligi seziladi. Jiddiy nigohlarda endi ma'yuslik aks etganini sezish qiyin emas, ilgari momomning ko'zlaridagi mung meni hozirgichalik o'ylantirmagandi. Nega u bunchalar g'amgin? Uning yuragini qanday dard kemirgan ekan? Daryo bo'yida suratga tushgan olti yoshli bolakayning ortida bir ayol va erkak yonma-yon turishibdi. Bola bilan o'xshashlik tomonlarimizni hisobga olganda bu — mening dadam, undan ko'z uzmay turgan ayol momom, demak, o'tkir qarashli takabbur yigit bobom bo'lsa kerak, deb o'yladim. Mana shu odam bobom bo'lsa, u holda nega menga momom u haqda so'zlab bermagan ekan? O'ylab qarasam, momomdan ota-onam haqida so'rarkanman-u, lekin bobom haqida surishtirmabman ham. Bu yerda qandaydir sir yashiringani aniq. Men bu tilsimning tagiga, albatta, yetaman. Ota-onamning avtofalokatga uchrab, vafot etishganiga yetti yildan oshdi. Yorug' olamda momomdan bo'lak yaqinim yo'q edi. Bobom haqida kimdan so'rab bildim endi? O'ylab-o'ylab momom bilan suhbatlashgani tez-tez kirib turadigan Turdixol momo menga yordam berishiga ko'zim yetdi. Men fursatni g'animat bilib, uning uyiga qarab yugurdim.

— Kel, bolam, o'zimning sho'rpeshonaginam-a, — u shunday deya ko'ziga yosh oldi-yu, meni bag'riga bosdi.

Hol-ahvol so'rashib bo'lgach, Turdixol momoga suratni ko'rsatdim. Uning qiyofasi o'zgardi, hatto qo'rqib ketganday tuyildi.

— Momo, momojon, sizga nima bo'ldi? Ayting, kim bu? Nega jimib qoldingiz? — so'radim iltijoli ohangda.

U ortiq jim turolmadi.

— Kimligini so'rab nima qilasan? Yuzini teskari qilsin uning? Bilmaganing ma'qul.

— Momojon, bu bobom, shundaymi? Nega buncha qo'rqasiz? U kim bo'lgan?

— Kim bo'lardi, shaytonga yuragini sotgan odam-da, rasmini yo'qot, ko'zim ko'rmasin. Momongning qonini so'rib kelgan bu iblis. Shu shaytonning malayini deb momong bechora bu yorug' dunyodan kun ko'rmay o'tdi. Mana shu yirtqichning kasofatiga ota-onang yosh o'lib ketdi. U jonini olgan qiz-yigitlarning xuni urdi, bolam.

Uzoq yillar dugonasi bilan yonma-yon yashagan kampir momomning azoblarini o'z ko'zi bilan ko'rgan, uning uqubatlarini o'zinikiday qabul qilgan. Shu sabab u so'zlayotganida ko'z yoshlarini tiyolmadi. Hikoyadan momom bobomga otasining qarshiligiga qaramay, turmushga chiqqanini bilib oldim. Biroq ko'p o'tmay uning hamma kabi oddiy odam emasligini fahmlagan. Baxtim deb ishonib, oila qurgani momomni qiynar, kaltaklar, tahqirlar, ruhan ezarkan. Shuning uchun bechora ovozini chiqarmay, achchiq qismatiga ko'nishga majbur bo'lgan. Nima bo'lgan taqdirda ham, o'zi pishirgan osh, aylanib-o'rgilib o'zi ichishga majbur. Ota uyiga qaytib borganida, uni qabul qilishmasdi, baribir. Yillar o'tavergani sayin momom sochlariga oq oralayotgani-yu, yuziga ajin tushib, qariyotganini fahmlagan. Biroq bobomning bir tuki ham o'zgarmagan. O'shanday yosh, kelishgan, xushro'y, xushbichim, bo'ydoru barvasta yigitligicha qolavergan. Momom buning sirini anglagani ojiz ekan.

Bobom oy to'lgan kuni tun yarmida g'oyib bo'lar va tong otgandagina paydo bo'larkan. Momom uning uyimiz ortidagi qabriston atrofida aylanib yurganini ko'rgan. Bir kuni ortidan yashirincha poylab borsa, u yarim tunda oyga qarab uch marta uvillabdi-da, birdan hayvonga o'xshab to'rt oyoqlab turib olibdi, so'ng bir-ikki g'ingshib, bahaybat bo'riga aylanibdi. Bu holni ko'rgan momomning yuragi orqaga tortib ketibdi. Yirtqichning ko'chada ketayotgan yosh yigitga hujum qilganini ko'rganda esdan og'ib qolay, debdi. Qo'rqib ketgan momom yo'lovchiga yordam berishga ojiz edi. Shundagina shaharda yirtqich bo'ri haqida tarqalgan mish-mishlarni eslabdi. Demak, yosh-yigit qizlarni g'ajib, ularning tanasini qabristonga tashlab ketayotgan o'sha noma'lum hayvon shu choqqacha u bilan bir uyda yashar ekan-da. Momom uyga qaytib, qochib ketishga qaror qiladi. Biroq qaerga? Ruhiga iblis o'rnashgan bu yirtqich ularni yerning tagidan bo'lsa ham topib oladi, kim biladi, balki, burda-burda qilib tashlar. Lekin u bilan ortiq yasholmasligi ham aniq edi. O'ylay-o'ylay oxiri yirtqichni o'ldirishga qaror qilibdi. Aks holda bo'rilar odatiga ko'ra, yirtqich uning o'zini qariyotgani uchun o'ldirishi aniq edi. «Bir boshga bir o'lim! Men olishaman!» Bu momomning azmu qarori edi. Oy to'lgan kecha navbatdagi o'ljasiga hujum qilgan paytda uning ortidan poylab borgan momom katta o'tkir pichoqni yirtqichning orqasiga sanchadi.

Bo'rini o'ldirgan momomni tongda chalajon ahvolda topishadi. Uning yuzini tanib bo'lmas ekan. Biroq u erining tanasini iblisdan xalos qilibdi. O'layotganda bobom undan barcha azoblari uchun kechirim so'ragan ekan.

O'tmishga tegishli achchiq hikoyani tinglab bo'lgach, bobomning qabriga yo'l oldim. Meni qaytarishga uringan Turdixol momoning barcha urinishlari besamar ketdi. Qabr qarovsiz ahvolda edi. Uning atrofini tikanaklardan tozalab, endi yuzimga fotiha tortib, o'rnimdan turmoqchi bo'lgandim, birdan oyog'im yerga kirib ketayotganini fahmladim. Oyog'imni har qancha bo'shatishga urinmay, yer meni o'z qa'riga tortib borayotganday tuyilardi. Baqiraman, desam ovozim chiqmaydi. Ortimdan sovuq qo'l tekkanini his qildim. O'girilib qarashga o'zimda kuch topsam, qarshimda tishlari uzun, bahaybat, dahshatli bir mavjudot turardi.

— Kelishingni bilardim. Shu choqqacha ortingdan bormaganimga sabab sening himoyaching, momong tirik edi. Bir marta bizning qonimizga bo'yalgan qo'l har ishga qodir. Ojiz ko'ringani bilan, aslida, kuchli bo'ladi ular. Endi hech qanday xavf yo'q. Qo'rqma, senga ziyon yetkazmayman. Chunki menga keraksan. Hali mavridi ham kelgani yo'q. Vaqt-soati yetganda seni yo'qlab boraman, shuni unutma! Ha! Ha! Ha! — uning bo'g'iq tovushidan yer larzaga kelayotganday edi.

Xunuk ovozdan etim jimirlab, yuragim yorilishiga oz qoldi. U ortiga o'girilib, ketar chog' shunday dedi:

— Darvoqe, bir gapni aytishni unutibman. Men — iblisman!

U g'oyib bo'ldi. Men esa joyimda qotib qoldim. Har safar oy to'lgan kechada iblisning paydo bo'lishidan qo'rqaman. Mavridi kelsa, men kimga aylanishim mumkinligini tasavvur qilyapman…

Obidning hikoyasini

BONU oqqa ko'chirdi.

loading...

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here